O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik
Islom tarixi va manbashunosligi
IRCICA kafedrasi 3- kurs tayanch
doktoranti F. Abzalova
YOSHLARNING MA’NAVIY YUKSALISHIDA “NUKAT UL-E’ROB” ASARINING O‘RNI
Mahmud Zamaxshariyning “Nukatu-l-e’rob” asari bir qarashda filologik tafsirday tuyulsa-da, unda ilgari surilgan g‘oyalar, fikrlar yoshlarni ma’naviy jihatdan yuksaltirish uchun xizmat qiladi. Unda alloma tomonidan tanlab olingan oyatlar ham buni tasdiqlaydi. Alloma grammatik qoidalar asosida matnni chuqur tahlil qilish orqali o‘quvchilarda tafakkur yordamida odob-axloq qoidalarini kasb etish mas’uliyatini yuklaydi. Shuningdek, grammatik qoidalarga tayanib, so‘zga e’tibor orqali muloqotda ehtiyotkorlik va samimiylik kabi axloqiy fazilatlarni vujudga keltiradi. Grammatik munozaralar (jadallar) talabalarda dalil keltirish, fikrlarni tartib bilan ifodalash va uni himoya qilish qobiliyatini oshirishni ko‘zda tutadi. Buning vositasida o‘quvchilarda mantiqiy fikrlash va dalillashni shakllantirish orqali mas’uliyat va adolat fazilatlarining shakllanishiga yordam beradi. Quyida Mahmud Zamaxshariy tomonidan mazmunan dolzarb bo‘lgan, mohiyatini to‘liq ochish uchun grammatik tahlilni talab etadigan oyatlar asosida yoshlar tarbiyasidagi muhim jihatlarni yorituvchi misollar keltiriladi. Masalan, alloma “Niso” surasining 124-oyati sharhida yaxshi amallar qilish zarurligini uqtiradi va bunday amallarning mukofoti Jannat ekanini eslatadi:
وَمَن يَعْمَلْ مِنَ الصَّالِحَاتِ مِن ذَكَرٍ أَوْ أُنثَىٰ وَهُوَ مُؤْمِنٌ فَأُولَٰئِكَ يَدْخُلُونَ الْجَنَّةَ وَلَا يُظْلَمُونَ نَقِيرًا
Kimki, u xoh erkak bo‘lsin, xoh ayol – mo‘minlik holida savobli ishlar qilsa, aynan ular jannatga kirurlar va ularga xurmo danagining ipicha ham zulm qilinmagay.
Mutafakkir insonning kimligi yoki mavqeidan qat’i nazar, avvalo yaxshi amalllar qilishi va yuksak odobga ega bo‘lishi kerakligini ta’kidlaydi. U shunday deydi: “Go‘zal axloq bilan bezanmagan kishini chiroyli kiyimlar ham go‘zal qila olmaydi. Gunohdan saqlanmagan insonning qalbi ham pok bo‘lmaydi”.
Zamaxshariy yana bir oyat tafsirida mo‘minlar o‘rtasida o‘zaro urush va adovatning man etilganini alohida ta’kidlab go‘yoki, yoshlarga nasihat qiladi. Unga ko‘ra, agar mo‘minlar orasida nizo va tushunmovchilik yuzaga kelsa, uni darhol isloh qilish zarur. Aks holda, bunday adovat jamiyatda katta talofatlar va yo‘qotishlarga olib keladi.
وَإِن طَآئِفَتَانِ مِنَ ٱلْمُؤْمِنِينَ ٱقْتَتَلُوا۟ فَأَصْلِحُوا۟ بَيْنَهُمَا
Agar mo'minlardan ikki toifa o'zaro urushib qolsalar, darhol ular o'rtasini isloh etinglar!
[Hujurot surasi 9-oyat]
Demak, agar eng kam son ikki tomon o‘rtasida ham yarashtirish vojib bo‘lsa, undan ko‘proq tomonlar ishtirok etgan nizolarni bartaraf etish yanada zarur va muhim hisoblanadi. Chunki nizoning ko‘lami kengaygani sari uning keltiradigan ijtimoiy zarar va talofatlari ham ortib boradi. Shu bois, oyat nafaqat ikki tomon o‘rtasidagi mojaroni hal qilishga, balki har qanday miqyosdagi ixtilofni tezda bartaraf etishga umumiy qoida sifatida dalolat qiladi.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, Zamaxshariy tomonidan oyatlarning tanlanishi va tahlil qilinishi o‘quvchini mustaqil fikrlashga, matn ustida tafakkur yuritishga va undan axloqiy xulosalar chiqarishga undaydi. Bu esa yoshlar ongida mas’uliyat, adolat, halollik, ehtiyotkorlik va muloqot madaniyati kabi muhim fazilatlarning shakllanishiga xizmat qiladi. Ayniqsa, asardagi grammatik munozaralar orqali dalillash, fikrni asoslash va himoya qilish ko‘nikmalarining rivojlantirilishi yoshlarning intellektual salohiyatini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

