YOT G‘OYALARGA QARSHI PSIXOLOGIK IMMUNITET: ILM, TANQIDIY FIKRLASH VA SOG‘LOM E’TIQOD
Axborot oqimi nihoyatda tezlashgan bugungi davrda inson faqat foydali ma’lumotlar bilan emas, balki uning hissiyoti va e’tiqodidan foydalanishga urinadigan g‘oyalar bilan ham to‘qnashadi. Destruktiv diniy guruhlar odatda o‘z yetakchisini mutlaq haqiqat sohibi sifatida ko‘rsatadi, “faqat biz haqmiz” degan fikrni singdiradi, tashqi dunyodan qo‘rqitadi va a’zolarini oila hamda jamiyatdan uzoqlashtirishga harakat qiladi.
Bunday ta’sir birdaniga yuz bermaydi. Avval insonning yolg‘izlik, tushunilmaslik, adolatsizlik yoki hayot mazmunini topishga bo‘lgan ehtiyoji aniqlanadi. Keyin unga alohida e’tibor va hamdardlik ko‘rsatiladi. Shaxs guruhni “meni tushunadigan yagona muhit” deb qabul qila boshlagach, uning mustaqil fikri asta-sekin guruh qarashlariga bo‘ysundiriladi. Qo‘rquv, aybdorlik hissi, sir saqlash talabi va “tanlanganlar safidamiz” degan tasavvur bu bog‘liqlikni yanada kuchaytiradi.
O‘tkazilgan empirik tahlillar sog‘lom ijtimoiy munosabatlar va yetuk aqliy salohiyat nafaqat mutaassiblikka berilish xavfini kamaytirishi, balki inson ruhiy salomatligini saqlashda ham muhim ekanini ko‘rsatdi. Shuning uchun psixologik immunitetning birinchi sharti — savol berishdir: bu xabarni kim tarqatmoqda, dalili nima, nima uchun meni shoshiltirmoqda, nega boshqa manbalarni o‘qishimga qarshi? Ikkinchi shart — diniy masalalarni noma’lum internet sahifalaridan emas, tan olingan va malakali mutaxassislardan o‘rganishdir.
Psixologik himoyani mustahkamlash uchun oila bilan iliq munosabat, foydali jamoaga mansublik, aniq hayotiy maqsad, o‘z-o‘ziga nisbatan adekvat/sog‘lom baho va hissiyotlarni boshqarish ko‘nikmasi ham zarur. Inson qanchalik yolg‘iz, maqsadsiz yoki ichki ziddiyatda bo‘lsa, unga “barcha muammolaringning yagona javobi bizda”, degan da’vo shunchalik jozibali tuyulishi mumkin.
Islom ta’limotida mo‘minlar o‘rtasini buzish emas, yarashtirish ulug‘langan: “Mo‘minlar hech shak-shubhasiz og‘a-inilardir. Bas, sizlar ikki og‘a-iningizning o‘rtasini o‘nglab qo‘yinglar!” (“Hujurot” surasi, 10-oyat). Demak, adovat, takfir, uzilish va zo‘ravonlikka undovchi da’vatlar diniy shior bilan bezatilgan bo‘lsa ham, ularni xolis ilm va sog‘lom tafakkur mezonida tekshirish lozim.
Xulosa qilib aytganda, yot g‘oyalarga qarshi eng kuchli qalqon — qo‘rquv emas, ma’rifatdir. Ilmli, savol bera oladigan, hissiyotini boshqaradigan va oila-jamiyat bilan mustahkam aloqaga ega shaxsni manipulyatsiya qilish deyarli imkonsizdir.
Qaxxorov Sarvarbek Sayfiddinovich
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
“Din psixologiyasi va pedagogikasi” kafedrasi tadqiqotchisi

