Birinchi maqola
O‘zim hali o‘qimagan bir kitob taqdimotida qatnashdim. Davrada kamida yuz kishi bor edi. Tadbir boshlanishi arafasida tashkilotchilardan biri yonimga kelib, sekin qulog‘imga shivirladi: «So‘zga sizni ham yozib qo‘yganmiz…»
Ana xolos! O‘zing o‘qimagan kitob haqida nima deysan?! Agar shu kabi «spektakllar» ichida soch-soqoling oqargan bo‘lsa, kitob nomini maqtaysan, muallifning na kitobga, na uning mazmun-mundarijasiga aloqasi bo‘lmagan xislatlarini eslaysan, mavzuga mos bo‘lsa-bo‘lmasa, bir-ikki donishmandning hikmatini aytasan, so‘ng «Bu asar kitobxonlar qalbidan munosib o‘rin olishiga shaxsan men hech qanday shubha qilmayman», degan siyqasi chiqqan xitob bilan minbardagi «tomsuvoq taqriz»ni tugatasan. Ammo men aytilgan bu «hunar»larning birortasini o‘zlashtirmagandim. Shuning uchun o‘ylab ham o‘tirmay, so‘z aytishdan voz kechdim.
Taqdimot gulduros qarsaklar ostida o‘tdi. Bir notiq «Asarni o‘qib uxlolmadim», dedi, ikkinchisi «O‘rnimdan turib ketdim», deb lof urdi. Boshqasi bu kitob o‘zi yashaydigan shaharga uch oy avval ikki ming nusxada kelganini, so‘nggi nusxasini ikki kun navbatda turib, zo‘rg‘a olganini aytdi. To‘rag‘a esa kitob bir hafta avval bosmadan chiqqanini ta’kidladi. Qo‘limdagi kitobning adadi haqidagi ma’lumotga qaradim – 200 nusxa. Eshitgan gaplarim chiqish ma’lumotiga to‘g‘ri kelmadi…
Bunday tadbirbozliklarga siz ham duch kelayotganingizga aslo shubham yo‘q. Chunki bugun kitob o‘quvchisiga yetganmi, o‘qilganmi, mutolaa targ‘iboti, gazeta va jurnallarga obuna, ularni yetkazish borasidagi savollardan ko‘ra, taqdimotning mahobati muhimroq bo‘lib qolganday go‘yo. Shaklbozlik mazmunni, tadbir natijani, piar amalni siqib chiqarayotir. Aks holda, ayting-chi, taqdimotlarda so‘z aytayotganlarning qanchasi o‘sha asarni chindan o‘qigan? Yaltiroq muqovada chiqayotgan jurnallarning adadi qancha, ular o‘quvchiga yetib boryaptimi? «Gazetalar sharhi»da maqtalgan maqolaning biror aks-sadosini eshityapsizmi? Umuman, biz mutolaa madaniyatini targ‘ib qilyapmizmi yo mutolaa targ‘iboti atrofida spektakl uyushtirishni odatga aylantiryapmizmi?
Tan olaylik, mutolaa muhiti o‘zgarib borayotgan bir davrda targ‘ib qilishning eski usullariga yopishib olsak, kitobxonga yetib borishning bugungi imkoniyatlarini boy beramiz.
Ahvolimiz
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2015-yili gazetalarning yillik jami adadi 224,1 million nusxa bo‘lgan. 2025-yilga kelib, 30,2 million nusxaga tushgan. Demak, o‘n yil ichida ularning adadi 86,5 foizga qisqargan.
Yoki aytaylik, 2015-yili 620 nomda gazeta nashr etilgan bo‘lsa, 2025-yili 219 tasi qolgan, aniqrog‘i, 64,7 foizga qisqargan. Jurnallar va boshqa vaqtli nashrlar soni 2015-yili 206 ta bo‘lgan, 2025-yilga kelib, 71 taga tushgan. Pasayish – 65,5 foiz. Ularning yillik jami adadi 2015-yilda 13,6 million nusxani, 2025-yilda esa 1,4 million nusxani tashkil etgan. Bu – 89,7 foizlik kamayish degani. Binobarin, davriy matbuotning nafaqat nomlari, balki bosma nusxalari ham keskin qisqarmoqda.
Kitob va risolalarda esa manzara boshqacha. 2015-yili 2239 nomda kitob va risola nashr etilgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib, bu ko‘rsatkich 12010 taga yetgan. Ya’ni o‘sish 5,4 barobar. Ammo umumiy adad kamaygan. 2015-yili kitob va risolalar jami 28,1 million nusxada, 2025-yilda esa 7,1 million nusxada chop etilgan. O‘n yildagi pasayish 74,7 foizga to‘g‘ri kelgan. Demak, kitob nomlari keskin ko‘paygan, ammo jami bosma nusxasi salkam to‘rt barobarga qisqargan.
Bu juda muhim ziddiyat: bozorda va nashriyot ro‘yxatlarida kitob turi ko‘paygan, lekin har bir asarning o‘quvchilarga yetib borish imkoniyati avvalgidek emas. Badiiy adabiyotda ham shu ahvol. 2015-yili 497 nomda adabiy-badiiy nashr chiqqan bo‘lsa, 2025-yili ularning soni 894 taga yetgan. Nomlar bo‘yicha o‘sish 79,9 foizni tashkil etgan. Ammo badiiy adabiyotning jami adadi 2015-yildagi 1,3 million nusxadan 2025-yilda 700 ming nusxaga tushgan. Pasayish – 46,2 foiz.
Xullas, SIAT hisobotiga ishonadigan bo‘lsak, manzara g‘alati: kitob nomlari ko‘payib, nusxalari kamayib boryapti. Davriy matbuotda esa nom ham, adad ham keskin qisqaryapti. Xo‘sh, bularning hammasini faqat «Talab yo‘q!» degan bir og‘iz gap bilan izohlash to‘g‘rimi?
So‘nggi bekatdan keyingi yo‘l
Bir haqiqatni ochiq tan olishimiz kerak: hozirga qadar mutolaa madaniyatida eng asosiy o‘rin tutgan bosma nashrlar erasi, majoziy ma’noda aytganda, so‘nggi bekatiga yaqinlashmoqda. Ayniqsa, kundalik gazeta va tez yangilanadigan axborot nashrlarida bu jarayon yaqqol sezilmoqda. Mutolaaning salmoqli qismi elektron shaklga ko‘chmoqda. Bu o‘zgarishni faqatgina kitobga mehr susayishi bilan izohlash masalaga bir tomonlama yondashish bo‘ladi.
Britaniyaning «The Independent» gazetasi 2016-yil 26-martda oxirgi bosma sonini chiqarib, elektron nashr shakliga o‘tdi. «The New York Times Company»ning 2025-yilgi hisobotiga ko‘ra, yil oxirida jami 12,78 million obunachining 12,21 millioni faqat raqamli mahsulotlarga obuna bo‘lgan. Bu – qariyb 95,5 foiz degani. Shu yili raqamli obunachilar soni 1,4 millionga ko‘paygan, uyga yetkaziladigan bosma nashr obunachilari esa taxminan 40 mingga kamaygan. Bular faqat gazeta maqolalarining emas, kompaniyaning xabarlar, sport, audio, pazandalik va o‘yinlar kabi turli raqamli mahsulotlarining umumiy obuna ko‘rsatkichi. Ammo nashriyot iqtisodiyotida qaysi yo‘nalish ustun bo‘lib borayotganini aniq ko‘rsatadi.
«The Guardian»ning yillik hisobotida esa 2026-yil 31-mart holatiga umumiy daromadning 78 foizi raqamli manbalardan kelgani qayd etilgan. Bir yil avval bu ulush 72 foiz edi. Elektron variantda o‘quvchilarning muntazam moliyaviy qo‘llab-quvvatlashi 1,4 million kishini qamrab olgan. Ikkala ko‘rsatkich ham o‘quvchi bilan munosabatni elektron muhitda qurish nashr uchun naqadar muhim bo‘lib qolganini ko‘rsatadi.
Keltirilgan misollardan «Endi qog‘ozga hech kim qaramaydi», degan xulosa chiqmaydi. Bosma kitob, bolalarning rasmli nashri, san’at albomi, maxsus jurnal va qog‘ozda o‘qishni ma’qul ko‘radigan kitobxonning ehtiyoji saqlanadi. Demakki, hamma nashr uchun bir xil tugash sanasini belgilab bo‘lmaydi. Gap bosma shaklning mutolaadagi avvalgi ustun mavqei o‘zgarib borayotgani haqida. Nashr siyosati shu o‘zgarishga moslashishi lozim. Shuning uchun bosma adadning kamayishi mutolaa kamayganini anglatmaydi. Qog‘ozdagi adad, qonuniy elektron foydalanish va matnni anglab o‘qish birgalikda baholangandagina, manzara ravshanlashadi.
Mohiyatan kitob o‘zgarmaydi
Shu o‘rinda «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2005-yil 26-avgustdagi sonida taniqli sotsiolog olim Abdusalom Umarov bilan e’lon qilingan suhbat esimga tushdi. «Mutolaaga o‘rgatish ertakdan boshlanadi» deb nomlangan mazkur suhbatda elektronlashish istiqboli haqidagi savolimizga olim shunday bashoratomuz javob bergan edi: «Kelajakda kutubxonalar qiyofasini zamonaviy axborot texnologiyalari belgilab beradi. Demak, hamma narsa kompyuter xotirasi-yu lazer disklarga joylansa, kitob o‘qilmay qolar ekan, degan fikr o‘zini oqlamaydi. Kitob abadiy saqlanadi. Ehtimol, u qog‘oz holida bo‘lmasligi mumkin. Masalan, bir vaqtlar mixxatda yozilgan sopol kitoblar bo‘lgan. Keyinchalik kitoblar toshga, teriga, papirusga, pergamentga yozilgan. Bular hammasi insonga mutolaa imkoniyatini bergan. Agar kitoblar qulay elektron disklarga ko‘chirilsa, yomon tomoni yo‘q. Balki keyinchalik kitobning boshqacha shakllari ham paydo bo‘lar, ammo mohiyatan, kitob o‘zgarmaydi. Elektron kitobning afzal tomonlaridan biri shuki, u qadimgi kitoblarni asrab qolish imkonini beradi».
Olimning javobidan chiqadigan xulosa shu: mutolaa madaniyatini muayyan materialga bog‘lab qo‘yish uning ma’nosini toraytiradi. «Kitobxonlik» deganda, biz keng ma’nodagi mutolaa madaniyatini, ya’ni insonning matnni o‘qib, anglab, solishtirib, undan mustaqil xulosa chiqarishini nazarda tutamiz. Bu jarayon kitob bilan birga, jiddiy maqola, gazeta, jurnal va ilmiy manbani ham qamrab oladi. Qog‘ozdan ekranga o‘tish mazkur madaniyatning davom etishi uchun yangi sharoit yaratishi mumkin. Masala shu sharoitdan qanday foydalanishimizda.
Ayni suhbatda olim harf tanishning o‘zi yetarli emasligi, mutolaaga ham o‘rgatish zarurligiga e’tibor qaratgan. Bolaning yoshiga mos yengil asarlardan boshlab, uni asta-sekin murakkab adabiyotga olib kirish haqida so‘z yuritgan. Bu mulohaza bugun yanada dolzarb: bolaning qo‘liga telefon bergan bilan unda mutolaa qobiliyati o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Demak, mutolaa targ‘iboti o‘zining yangi manzilini ham topishi kerak. Toki, har bir asar o‘quvchining ekraniga yetib borsin, uni tushunishga ko‘maklashadigan muhit ham yaratilsin.
Talab yo‘qmi?
«Odamlar kitob o‘qimay qo‘ygan, shu bois kitoblarning adadi kamayib ketyapti», deyish oson. Ammo bu fikr mutolaa madaniyati targ‘ibotida ortda qolayotganimizning asl sabablarini izohlamaydi.
Yoshlar ishlari agentligining 2025-yil 22-oktyabrdagi axborotiga ko‘ra, «Mutolaa» platformasida 3 milliondan ortiq foydalanuvchi o‘zbek va jahon adabiyotining 3 mingdan ortiq asariga 10 million marta murojaat qilgan. Axborotda 10 dan ortiq nashriyot bilan hamkorlikda elektron kitoblar savdosi boshlangani ham qayd etilgan. «Asaxiy» internet do‘konining sotuv ma’lumotlariga asoslangan 2025-yilgi reytingida Jeyms Klirning «Atom odatlar», Erve Le Tellening «Anomaliya», Jorj Oruellning «Molxona», Javlon Jovliyevning «Qo‘rqma» asarlari birinchi to‘rtlikda e’tirof etilgan. Albatta, bitta platforma yo do‘konga qarab, butun mamlakat kitobxon, deya olmaymiz. Lekin bu dalillar kitobga ehtiyoj yo‘qolmaganini, o‘quvchiga yetib borish yo‘llari esa o‘zgarayotganini ko‘rsatadi.
Muammo nimada?
Bu savolga javob muhtaram Prezidentimiz 2017-yil 12-yanvarda imzolagan «Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida»gi farmoyishda berilgan. Unda kitobni hududlarga arzon yetkazish, onlayn buyurtma va manzilga olib borish tizimi «sust rivojlangani» qayd etilgan. Shu bois mutasaddilar oldiga kitob tarqatishni kengaytirish, noshir va adiblarni moliyaviy rag‘batlantirish, kitob narxini shakllantirish hamda sotish tartibini takomillashtirish vazifalari qo‘yilgan. Keyingi rasmiy javob Oliy Majlis Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasining 2024-yil 30-apreldagi majlisida aytilgan. Unda kitobni iste’molchiga yetkazish qiyinligi noshirlarning moliyaviy barqarorligiga zarar yetkazayotgani, chekka hududlarda maxsus kitob do‘konlari yetishmasligi qayd etilgan.
SIAT berayotgan ma’lumotga ko‘ra, 2015-yili 30,1 million, 2025-yili 4,7 million nusxa gazeta-jurnal pochta orqali yuborilgan. Bu ma’lumot bosma nashrlarni tarqatish hajmi qisqarganini ko‘rsatadi. Ammo elektron o‘quvchilar hisobini qo‘shmay turib, bu raqamni mutolaa madaniyatining sustlashuviga to‘liq dalil, deb bo‘lmaydi.
Bosma mahsulot uchun obuna pulini to‘lagan kishi nashrni o‘z vaqtida olishga haqli. O‘zbekistonda kitob va davriy nashrlarni o‘quvchiga yetkazish tizimida jiddiy muammolar borligini Prezident farmoyishi, Senat ma’lumoti va statistika tasdiqlaydi. Eng tashvishlisi, yetkazish tizimida muammo borligini 2017-yili shaxsan Prezident qayd etganidan yetti yil o‘tib, 2024-yili bu masala Senatda yana ko‘tarilgan. Oradan yetti yil o‘tib ham bir xil muammo rasmiy hujjatlarda tilga olinayotgan ekan, gap tasodifiy uzilish haqida emas, tizimli yechim talab qilayotgan muammo haqida ketayotgani oydinlashadi.
Shu o‘rinda «Hoy og‘ayni, kitoblar yangi-yangi nomlarda nashr etilayotgan ekan. Bu boradagi ahvol avvalgiga nisbatan ming chandon yaxshi ekan. Buni o‘zing statistik dalillar bilan isbotlading. Nega endi kitobning soniga yopishib, dod solyapsan?» deb so‘rashingiz mumkin. Javob shunday: kitobni tayyorlashga ketgan doimiy xarajat ko‘p nusxaga taqsimlansa, har bir dona kitob narxi yanada arzonlashishi yosh bolaga ham ayon haqiqat. Nashr etilajak kitob adadi kam bo‘lsa, bir dona kitob narxi osmonga chiqib ketadi. Demak, adad bilan narxni bir-biridan ayro muhokama qilib bo‘lmaydi.
Prezidentimizning 2022-yilda qabul qilingan «Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida «Obuna» platformasi, yetkazishni kuzatish va ayrim nashrlarda obuna pulining 10, bolalar nashrlarida 20 foizini qaytarish belgilangan. Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator – UZINFOCOM esa elektron obuna (E-Obuna) ishga tushganini 2024-yil 2-avgustda xabar qilgan. Bu amalda qanchalik samara bergani borasida real tahlillarga ega emasmiz. Ammo puli to‘langan buyurtmaning o‘z vaqtida yetkazib berilishi ham bugungi kunda alohida muammoli masalalar qatorida qolayotganini inkor etib bo‘lmaydi. Afsuski, bu tizimda jiddiy nuqsonlar hamon bor.
Mana shu dalillardan keyin muammoning bosh ildizini xolis aytish lozim. Adashmasak, eng katta kamchilik mutolaa targ‘iboti ko‘pincha xo‘jako‘rsinga aylanib qolayotganida, targ‘ibot ortidan uni quvvatlaydigan amaliy tizim izchil ishlamayotganida.
Kitobxonlik haqida gapiramiz, taqdimot o‘tkazamiz, tanlov uyushtiramiz, qaror qabul qilamiz. Ammo kitob yozilgandan keyin uni kim nashr etadi, qanday narxda sotiladi, qaysi yo‘l bilan tuman va qishloqqacha yetib boradi, kutubxonadan o‘rin olgach, o‘quvchi undan foydalanadimi, elektron nusxaning haqi kimga va qanday to‘lanadi – bu savollarning barchasiga bitta ishlaydigan tizim javob bermayapti.
Demak, asosiy muammo kitob chiqmayotganida ham, kitobga talab yo‘qolganida ham emas, balki muallifdan o‘quvchigacha bo‘lgan zanjir halqalari uzilganida, aynan shu omil inobatga olinmayotganida. Mutolaani targ‘ib qilish amalda quvvatlanmasa, maqsad qanchalik ezgu bo‘lmasin, kitob o‘quvchining qo‘liga yetib bormaydi.
Bu bir kishining tashvishi emas
Bu gapni taniqli adib va jurnalistlarimiz ko‘pdan buyon aytib kelishadi. Ularning biri gazeta, jurnal va kitobning odamga beradigan ma’naviy ozuqasi haqida kuyinib gapirsa, boshqasi ajdodlar xotirasini asrash to‘g‘risida, yana biri esa bu ne’matlarning o‘quvchiga yetib bormayotgani xususida so‘z yuritadi.
Ustoz Ahmadjon Meliboyevning «Millatning ma’naviy-ruhiy dunyosini kitobga munosabat, kitobxonlik darajasiga qarab ham aniqlash mumkin» degan hikmatini, Husan Ermatovning internet rivoji gazetaning ijtimoiy vazifasini bekor qilmasligi borasidagi fikrlarini, Sirojiddin Raufning «Yuzta kitob o‘qigan odam yuz hayot va yuz taqdirni yashaydi» degan so‘zini, Qozoqboy Yo‘ldoshning «Millat o‘qimaslikka ko‘nikib bormoqda. Bu – dahshat», deb kuyinganini o‘qiganmiz.
Kitobxonlik haqidagi gaplarning amaliy ifodasini Abdusaid Ko‘chimov misolida ko‘rish mumkin. Ustoz Urgutdagi ota uyini kutubxonaga aylantirgan. 2025-yilda ochilgan va 10500 dan ortiq kitob jamlangan ushbu maskan Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona tarmog‘iga ham ulangan.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam esa mutolaa madaniyatini rivojlantirish zaruratini yanada qat’iyroq tarzda kun tartibiga qo‘ygan. U kishining fikricha, kitob sanoqli do‘konlardagina qolib ketmay, «mamlakatning barcha kentu qishlog‘iga yetkazib berilmog‘i zarur».
Yo‘nalishi, mazmuni va tag ma’nosi turlicha bo‘lgan bu dalillar bizni shunday bir xavotirdan ogoh etayotganday, go‘yo: agar mutolaa madaniyati jamiyat hayotidan o‘rin olmasa, ma’naviy qashshoqlik va ruhiy inqiroz muqarrardir.
Shunchaki madaniy kamchilikmi?
Biz mutolaasizlik deganda, hech kim kitob o‘qimaydigan jamiyatni nazarda tutayotganimiz yo‘q. Kitob, gazeta, tarix, qonun va dunyodan boxabarlik bir hovuch kishi doirasida qolib ketsa ham millat yutqazadi. Davlatga xazina va qo‘shindan tashqari, o‘z ahvolini-yu xavfni erta chamalaydigan, eshitganiga emas, ko‘rganiga, tekshirganiga ishonadigan vatandosh kerak.
Tariximizda ilm-hunar rivojiga loqayd qarab, jaholat va xurofot botqog‘iga qulog‘igacha botib, alaloqibat o‘z erkini boy bergan saltanatlar taqdiriga shu ko‘z bilan qaraylik. Markaziy Osiyo islom davri tarixi, matnshunoslik va sharqshunoslik sohasida jahon miqyosidagi eng yirik va nufuzli olimlardan biri – Yuriy Bregel bosqin arafasida Turkistondagi uch xonlik hukmdorlarining tashqi dunyodan bexabarligi, xavfni yetarli baholamagani va qarshilikka jiddiy urinmaganini yozadi. Bu misol o‘sha davrdagi xonliklar aholisi nechta kitob o‘qiganining hisobini emas, davlatdagi ilmsizlik muhitining bahosi nima bo‘lganini ko‘rsatadi. Bregel keltirgan tafsilotlar kishini shunday o‘ylashga majbur qiladi: raqibni bilish jangdan oldin boshlanarkan. Millatning axborotdan bexabar qolishini oddiy kamchilik deyish mumkinmi?
Tarixchi Adib Xolidning jadidlikka bag‘ishlangan «Chor Rossiyasi Markaziy Osiyosida matbaa, nashriyot va islohotlar» deb nomlangan tadqiqotida bosma nashrlar jamoat bahsi chegaralarini o‘zgartirgani ta’kidlangan. Unga ko‘ra, kitob va gazeta orqali bilimning tor doiradan tashqariga chiqishi yangi fikr almashuviga yo‘l ochgan. Bu kitobning faqat javonda yo maktabda emas, jamoat hayotida ham o‘rni borligidan darak beradi.
Davlatning chegarasi xaritada emas, xalq ongida. O‘sha chegara yemirilsa, tashqi devorning o‘zi yetarli bo‘lmay qolishi mumkin. Demakki, mutolaa madaniyati targ‘iboti borasida jiddiy o‘ylashimiz shart. Chunki davlatni aynan mutolaasizlik zaiflashtiradi. Bu xulosa tarixning hamma voqeasini bitta sababga bog‘lash emas, balki milliy ongning yemirilishi haqidagi ogohlantirishdir. Dunyodan bexabarlik, tarixni tayyor talqindan o‘rganish, qonunni anglamaslik insonni o‘zgalarga qaram qiladi.
Abdulhamid MUXTOROV

