EHTIROM AMALDA KO‘RINSIN

EHTIROM AMALDA KO‘RINSIN

Ulashish
TelegramFacebookX

EHTIROM AMALDA KO‘RINSIN

2020-yil. BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning o‘zbek tilidagi nutqi yangradi. Davlat tiliga ehtiromning jahon minbaridan turib ko‘rsatilgan ushbu go‘zal namunasi har birimiz uchun ibrat va saboqdir. O‘zbekiston Prezidentining ona tilimizga yuksak e’tibori qabul qilinayotgan amaliy qarorlarda ham yaqqol namoyon.

Davlat rahbarining 2019-yili “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi tarixiy farmoni qabul qilindi. 2020-yili o‘zbek tilini rivojlantirishning uzoq muddatli konsepsiyasi tasdiqlandi va 21-oktyabr rasman “O‘zbek tili bayrami kuni” sifatida rasmiy bayramlar qatoridan joy oldi. Natijada idoralarda til masalalari bo‘yicha maslahatchilar faoliyati yo‘lga qo‘yildi, atamalar ustida ishlash va til bo‘yicha malaka oshirish kabi muhim yo‘nalishlar shakllandi.

Yaqinda esa davlat tilining imkoniyatlarini raqamli dunyoda kengaytirishga xizmat qiladigan yana bir muhim qadam tashlandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning Google vitse-prezidenti Karan Bxatiya bilan O‘zbekistonda “YouTube” orqali milliy ijodkorlarning daromad olishi (monetizatsiya) imkoniyatlarini muhokama qilgani haqidagi xabar jamoatchilikda katta umid uyg‘otdi. Bu tashabbus zamirida ijodkorlar mehnatiga keng yo‘l ochish, milliy mahsulotlarni dunyo bozoriga olib chiqish hamda o‘zbek tilining virtual olamdagi ulushini oshirishdek ezgu maqsad mujassam.

Bugun til taqdiri faqat kitob javoni yoki sinfxona devori bilan chegaralanib qolmayapti, u qo‘limizdagi telefon ekranida ham hal bo‘lmoqda: internetda qaysi tilda qidiramiz, qaysi tilda javob olamiz va qaysi tilda ish topamiz? Ertaga farzandlarimiz o‘zlari o‘zlashtirgan zamonaviy bilimlarni qaysi tilda bayon etadi? Shu ma’noda, davlat tili kelajagiga oid savolning salmoqli qismi bugun mana shu kichik ekranlarga ko‘chib ulgurdi.

Har yili 21-oktyabr yaqinlashganda, ona tilimiz haqida chiroyli, balandparvoz gaplar ko‘p aytiladi. Albatta, aytilishi kerak, chunki davlat tili maqomiga osonlikcha erishilmagan. Bu tarixiy xotiraga ehtiromimiz cheksiz. Biroq bayram minbarida ulug‘langan tilimiz ertasi kuniyoq biror-bir idoraning elektron darvozasida yoki raqamli dasturida ko‘rinmay qolayotgani chatoq. Tantanalarda ona tilimizning boyligini maqtab, ish joyimizga qaytgach esa, unda bitta ravon xat yoza olmasak, ehtiromimiz quruq so‘zdan nariga o‘tmay qoladi. Unutmaslik kerakki, tilning asl qadri uning sha’niga aytilgan maqtovlar bilan emas, o‘sha tilning qanchalik keng muloqot doirasi borligi bilan o‘lchanadi.

O‘ylab ko‘ring: bugun idora arizasi, shartnoma, yo‘riqnoma va raqamli xizmatlar aholiga haqiqatan sof o‘zbek tilida yetib boryaptimi? Bu savolni o‘rtaga tashlash erishilgan yutuqlar qadrini aslo kamaytirmaydi, aksincha, ularning real hayotdagi ijrosi yuzasidan mas’uliyatimizni oshiradi, mudrayotgan idrokimizni ravshanlashtiradi. Keling, telefon ekraniga yana bir diqqat qarataylik.

Aytaylik, O‘zbekistondagi biror davlat yoki xususiy tashkilotning saytini ochdingiz. Foydalanuvchi sifatida hali o‘z xohishingizni bildirmagan bo‘lsangiz-da, sahifa sizni negadir boshqa tilda kutib oladi. O‘zbekcha variantini topish uchun esa ekran burchagidagi kichik tugmachani qidirishga majbur bo‘lasiz. Topgan taqdiringizda ham, ba’zan tarjima qilinmagan bo‘limlarga yoki eskirib ketgan xabarlarga duch kelasiz. Mana shu holatning o‘zi e’tibor qaratilishi va tuzatilishi zarur bo‘lgan muammodir. Albatta, bu kamchilik barcha saytlarga taalluqli emas. Lekin loaqal bitta davlat idorasining saytida uchrasa ham, uni isloh qilish lozim.

Aslida, milliy saytga birinchi bor kirgan har bir vatandoshimiz qarshisida, eng avvalo, to‘laqonli o‘zbekcha sahifa ochilishi lozim. Boshqa tilni afzal ko‘rgan foydalanuvchilarning tanlovi va xohishi ham saqlangan holda, albatta. Chunki davlat tilining yuksak maqomi raqamli dasturlarning eng mayda sozlamalarida ham sezilib turishi kerak. Bunda sayt buyurtmachisi, uni qabul qilib olgan tashkilot rahbari, axborot xizmati va texnik ijrochilarning har biri o‘z vazifasiga chuqur mas’uliyat bilan yondashsa, ish sifati ortadi. Shu bois, til bo‘yicha maslahatchilar faqatgina bayram tadbirlarini tashkil etish bilan cheklanmay, raqamli kontent ustida ishlashga ham yo‘naltirilishi lozim.

Yana bir muhim jihat. Bugun sun’iy intellektga savol bersak, u bizga o‘zbek tilida javob qaytarmoqda. Ammo bundan “raqamli olamda o‘zbek tili mukammal shakllandi”, degan tezkor xulosani chiqarib bo‘lmaydi. Chunki elektron qurilmaning tayyor yozma matn taqdim etishi boshqa, jonli o‘zbekcha ovozni to‘g‘ri tanishi va farqlashi mutlaqo boshqa masala. Inson nutqini matnga xatosiz aylantirish, matnni tabiiy ovoz bilan o‘qib berish, tasvirlarga to‘g‘ri subtitr joylashtirish yoki dasturlarning interfeysini o‘zbekchalashtirish – bularning har biri katta ilmiy va texnik mehnat talab qiladigan alohida yo‘nalishlardir.

To‘g‘ri, Gemini xizmatining tillar ro‘yxatida o‘zbek tili paydo bo‘ldi, Telegram uchun ham o‘zbekcha tarjima mavjud. Ammo asl muammo mana shu imkoniyatlarning sifatida, to‘liqligi va boshqa ko‘plab yirik xalqaro platformalarga ham yetib borishidadir. Ayni paytda Google AdSense tizimi o‘zbek tilini veb-saytlarning asosiy kontent tili sifatida hali ham tan olmagan. Bu borada jahonning yirik texnologiya kompaniyalari bilan kechikishlarsiz, jiddiy va tizimli muzokaralar olib borish ehtiyoji bor. Biroq bunday muloqotlarda umumiy norozilik yoki hissiyotlardan ko‘ra, aniq, ilmiy va texnik asoslangan talablar bilan chiqish ko‘proq samara beradi.

Qaysi platformada qaysi xizmatimiz yetishmayapti? O‘zbekcha so‘zni qaysi dastur noto‘g‘ri eshityapti? Qaysi tizim kirill alifbosini o‘qib, lotinda adashyapti? Avvalo, mana shunday muammolarning aniq ro‘yxatini tuzib olish zarur. Raqamli texnologiyalar vazirligi mutaxassislari, tilshunos olimlar, dasturchilar va universitetlar jamoasi hamkorlikda bunday kompaniyalarga tayyor yechim va loyihalarni taqdim eta olishi lozim. Biz ularga matnlar bazasini, muallif roziligi bilan yozilgan ovozli ma’lumotlarni, tekshirilgan atamalar va sinov savollarini berishimiz, tilimizning texnik imkoniyatlarini o‘z kuchimiz bilan kengaytirishimiz shart. Ana shundagina ona tilimiz nafaqat raqamlashadi, balki dunyoning eng taraqqiy etgan va madaniyatli tillari qatorida o‘z o‘rnini mustahkamlaydi.

Tilimizning raqamli kelajagini qurishda qonuniylik, mualliflik huquqi, shaxsiy ma’lumotlar daxlsizligi va bolalar xavfsizligi hamisha bosh mezon bo‘lib qolishi zarur. Buning uchun ochiq va qonuniy foydalanishga rasman ruxsat berilgan sifatli o‘zbekcha manbalarni tizimli ravishda ko‘paytirib borish lozim. Qolaversa, yaratilayotgan yangi dastur va tizimlarning natijasini faqat poytaxtdagi bir guruh mutaxassislar emas, balki yurtimizning turli hududlarida yashayotgan oddiy foydalanuvchilar ham o‘z kundalik hayotida sinab ko‘rishi, maqsadga muvofiq. To‘g‘ri, adabiy tilimiz umumiy raqamli muloqotni ta’minlaydi, ammo nutqni tanish texnologiyalarida jonli shevalar ham chetda qolib ketmasligi kerak. Zero, o‘z ona tilida, mahalliy shevasida gapirgan vatandoshimizning oddiygina savolini tushunmagan dasturni xalqqa “tayyor raqamli xizmat” sifatida taqdim etish mumkin emas.

Aslida, tilni asrash – uni hayotning mana shunday yangi, zamonaviy sohalariga faol olib kirishni anglatadi. Agar bola internetda texnika yoki texnologiya haqidagi savoliga o‘zbek tilida puxta javob topolmasa, tabiiyki, axborotni boshqa tilda izlaydi. Bundan, albatta, chet tilini yomon ko‘rish kerak, degan xulosa chiqmaydi. Chet tilini bilish – inson uchun fazilat. Ammo raqamli olamda o‘zbekcha bilim va kontent yetishmasligi tufayli ona tilimiz faqat uy-ro‘zg‘or darajasida qolib ketsa, eng katta ma’naviy boyligimizni yo‘qotamiz. Keyinchalik eng yangi ilmiy tushunchalarni o‘zbekcha tushuntirish yanada qiyinlashib boraveradi. Raqamli dunyodagi bu bo‘shliqni bugun to‘ldirmasak, ertaga uning bahosi bizga juda qimmatga tushishi tayin.

Aynan mana shu nuqtada, O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva tomonidan ko‘tarilgan xalqaro platformalar bilan hamkorlik masalasining ikkinchi katta ma’nosi ochiladi. Internet makonida o‘zbekcha kontentni ko‘paytirish uchun milliy ijodkorlarni faqat fidoyilikka chaqirishning o‘zi yetarli emas. Internetda biz ko‘radigan bittagina kichik videorolik ortida ssenariy muallifi, rejissyor, operator, muharrir, ovoz ustasi, montajchi va bir talay ijodkorlarning katta mehnati yotadi. Ularning hammasi doimiy ravishda bepul ishlamaydi-ku.

Qachonki, muallif o‘z intellektual mehnatidan qonuniy va munosib daromad topsa, unda yangi, yanada sifatli mahsulotlar yaratish ishtiyoqi va imkoniyati kengayadi. Demak, tilning virtual olamdagi mavqei unga yaratilgan iqtisodiy sharoitlarga ham bevosita bog‘liq.

Bolalar uchun mo‘ljallangan bilim, badiiy adabiyot, tarix, ilm-fan hamda huquqiy va tibbiy savodxonlikni oshirishga xizmat qiladigan ijobiy mahsulotlar uchun ochiq grantlar va tanlovlar tizimini yo‘lga qo‘yish ham davlat tili rivoji uchun juda muhim. Bunda matnlarni tahrirlash, tarjima qilish va subtitr tayyorlash kabi texnik xarajatlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rish imkoni ham yaratiladi.

Endi xayolan vaqtli matbuot tahririyatiga kirib ko‘raylik. Gazetaning yangi soni tayyor, deylik. Sahifalarda kechagi mehnat, bugungi dolzarb savollar va ertangi kun haqida teran mulohazalar aks etgan. Bosmaxonada qog‘ozga tushgan mana shu qutlug‘ so‘z endilikda internet kengliklarida ham o‘z o‘quvchisini topishi zamonaviy axborot makonining talabidir. Agar gazeta chiqqan kuni uning rasmiy saytida o‘sha son yangilanmasa, virtual dunyoda shunchaki bir kunlik son emas, balki butun bir muloqot tizimi boy beriladi. Yangilik va tahlilni kutib turgan zamonaviy o‘quvchi boshqa tezkor manbalarga o‘tib ketadi.

Holbuki, buning uchun, avvalo, o‘quvchi kiradigan raqamli eshiklarni ochib qo‘yish lozim. Bunday holatlarning oldini olish maqsadida gazetaning har bir yangi soni bosib chiqarilgan zahoti uning mukammal elektron nusxasi ham internetga joylanishi foydaliroq bo‘ladi.

Tahririyatlar faqat fidoyilik bilan yashay olmaydi. Bu borada elektron obuna, raqamli kutubxonalar orqali jamoaviy foydalanish tizimi, ochiq maqolalar va pullik arxiv xizmatlarini o‘zaro uyg‘unlashtirish mumkin. Milliy kutubxona bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, nashrlarning elektron sonlarini uzoq muddat xavfsiz saqlash tizimini yaratishga jiddiy e’tibor qaratish lozim.

Endi geografik xaritaga kengroq nazar tashlaylik. Amudaryoning narigi qirg‘og‘ida, qolaversa, uzoq va yaqin atrofda ham o‘zbek tilida so‘zlashadigan millionlab el mavjud. Xo‘sh, qo‘shni Afg‘onistondagi yoki boshqa xorijiy davlatlardagi o‘zbek o‘quvchilariga bizning gazeta, jurnal, badiiy kitoblar va zamonaviy darsliklarimiz qanday yetib boradi? Masalan, Afg‘onistonda arab yozuviga asoslangan o‘zbekcha imloda matn o‘qiydigan ulkan bir auditoriya bor. Umuman, bunday raqamli va imloviy to‘siqlar dunyoning turli hududlarida va qo‘shni davlatlarda yashayotgan ko‘plab tildoshlarimizga juda tanish.

Shu bois, ma’rifiy materiallarni qo‘shni xalqlar va xorijdagi vatandoshlar o‘qiydigan o‘sha tarixiy yozuvda (masalan, arab imlosida) ham sifatli taqdim etish tilimizning sofligini va ta’sir doirasini saqlashda muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga, matnlarning audio shaklini ham yaratib, tinglab o‘rganuvchilar uchun juda qulay imkoniyat yaratish mumkin.

Davlatimiz rahbari nufuzli xalqaro minbarlarda ona tilimizga ko‘rsatgan yuksak ehtiromni biz ham o‘z ish joyimizda, kundalik faoliyatimizda davom ettirishimiz ham qarz, ham farz. Ona tilimizga sadoqatimiz balandparvoz gaplarda emas, amaliy ishlarimizda ko‘rinsin.

Abdulhamid MUXTOROV

Oldingi materialVATAN KELAJAGIGA STRATEGIK SARMOYA KERAK (2-maqola)Keyingi materialVATAN KELAJAGIGA STRATEGIK SARMOYA KERAK