VATAN KELAJAGIGA STRATEGIK SARMOYA KERAK
Ikkinchi maqola
Boshqalar nima qilyapti?
Mutolaa madaniyatiga oid muammolar yechimini izlaganda, boshqalarning tajribasiga ham eʼtibor qaratish shart. Ular kitobni yozishdan tortib oʼquvchiga yetkazishgacha boʼlgan ishlarni qanday yoʼlga qoʼyishgan?
Masalan, Germaniya milliy pochta xizmati gazeta-jurnallar uchun Matbuot logistikasi xizmatini yuritadi. Nemislar gazetani oddiy joʼnatmaga qoʼshib yuborishmagan, unga alohida xizmat ajratishgan. Kompaniya maʼlumotiga koʼra, yiliga qariyb 1,2 milliard dona matbuot joʼnatmasi tarqatiladi. Federal siyosiy taʼlim markazining «Siyosiy maʼrifat uchun maʼlumotlar» (Informationen zur politischen Bildung) jurnaliga obuna bepul, pochta haqi ham olinmaydi. Yilda toʼrt bor chiqadigan bu nashr yuqori sinf oʼquvchilari, talabalar, media sohasi vakillari va siyosatga qiziqqan kishilarga moʼljallangan. Qarang, hatto kapitalistik tizim yoʼlidagi Germaniyada ham maʼrifiy jurnalni bepul yetkazish bozor iqtisodiyoti talabiga zid emas ekan. Biz davriy nashrni yetkazishga shunday jiddiylik bilan qaray olmaymizmi?
Norvegiya Madaniyat kengashi esa yangi kitoblarni xarid qilib, kutubxonalarga tarqatadi. Maqsad yaxshi adabiyot yaratilishi, nashr qilinishi va butun mamlakatda oʼqilishini taʼminlashdir. Har qanday kitobni emas, belgilangan shart va sifat mezonlariga mosini sotib olishadi, albatta. Norvegiya tajribasidan kelib chiqsak, bizga ham kitobni faqat chop etishdan koʼra, kutubxonagacha yetkazadigan xarid tizimi zarur.
Shvetsiyaning «Adabiyotni qoʼllab-quvvatlash granti» dasturidan yordam olgan noshir nashr etgan kitoblarining maʼlum qismini tarqatuvchiga topshirishi shart. Bu kitoblar toʼgʼridan-toʼgʼri Shvetsiyadagi 290 kommunaning markaziy xalq kutubxonalariga yuboriladi. Natijada kitoblardan mamlakatning eng chekka hududidagi oddiy aholi ham bepul foydalanish imkoniyatiga ega boʼladi. Qolgan nusxalar esa qonunchilikka asosan Skandinaviya mintaqasidagi oʼzaro madaniy aloqalarni mustahkamlash maqsadida Islandiya va Farer orollaridagi Shimoliy Yevropa uylariga, shuningdek, Grenlandiya hamda Aland orollaridagi Shimoliy Yevropa institutlariga mutlaqo bepul yuboriladi.
Buyuk Britaniyada jamoat kutubxonalarida kitob berish huquqi (Public Lending Right – PLR) tizimi mavjud. Bunda davlat tomonidan yozuvchilar va kitob rassomlariga maxsus pul mukofoti toʼlanadi. Kutubxonalardan odamlar kitoblarni bepul olib oʼqigani uchun davlat oʼsha kitob mualliflariga har yili mablagʼ ajratadi.
Bu tizimning maqsadi yozuvchilarni moddiy qoʼllab-quvvatlashdan iboratdir. Eng muhimi, oʼsha pullar davlat tomonidan toʼlanadi. Hozirgi kunda dunyoning koʼplab davlatlari, xususan, Yevropa mamlakatlari, Buyuk Britaniya va Kanadada shu tizim ishlayapti. Baʼzilarida pul kitobning kutubxonadan necha marta olib oʼqilganiga qarab toʼlansa, boshqalarida kutubxona javonlarida oʼsha kitobning nechta nusxasi borligiga qarab hisoblanadi. Tizim elektron va audiokitoblarni ham qamraydi, hisob kutubxonalardan olingan maʼlumotlarga tayanadi.
English PEN tashkilotining PEN Translates dasturi Britaniyadagi noshirlarga tarjima xarajatining 75 foizigacha, ayrim kichik noshirlarga 100 foizigacha yordam koʼrsatadi. Kanada kitob jamgʼarmasi mahalliy mualliflar kitoblarini nashr etish, reklama qilish va tarqatishga yordam beradi. Tahrir, dizayn, bosish, gonorar, qadoqlash va joʼnatish xarajatlari ham qoʼllab-quvvatlanadi.
Chunki noshir sifatli kitob chiqarishi uchun uning xarajatini yengillashtirish lozim.
Fransiyaning 1981-yilgi qonuniga muvofiq, kitob narxini noshir yoki importchi belgilaydi. Chakana sotuvchi, odatda, 5 foizgacha chegirma bera oladi. Madaniyat vazirligi buni kitobdan teng foydalanish, hududlarda doʼkonlar tarmogʼini saqlash, ijod va nashr xilma-xilligini qoʼllash bilan izohlaydi. Fransiya instituti tashkiloti 2024-yili xorijda nashr huquqlarini olishga koʼmaklashuvchi dastur orqali 53 mamlakatda 267 ta loyihaga 386 ming yevro ajratgan. Yaponiya jamgʼarmasi tashkiloti xorijiy noshirlar uchun Yaponiyaga oid kitoblarni tarjima qilish yoki nashr etish xarajatining bir qismini qoplaydi.
Tarjimon haqidan tashqari, qogʼoz, bosish va muqovalash ham hisobga olinadi.
Xalqaro tajriba misolida sanab oʼtilgan bu ishlarni bitta davlatda toʼliq ishlaydigan yagona tartib deb boʼlmaydi.
Ammo unda biz uchun kerakli saboq bor: kitobning nashri, xaridi, yetkazilishi yoki muallif mehnati davlat tomonidan qoʼllab-quvvatlanyapti.
Elektron mutolaani tashkil etishda ham amaliy tajribalar mavjud. Finlyandiyada Milliy kutubxona va ommaviy kutubxonalar hamkorligidagi E-library xizmati 2024-yil 29-aprelda ish boshlagan. Unga qoʼshilgan munitsipalitetlarda yashovchilar elektron kitob, audiokitob va raqamli davriy nashrlardan yagona ilova orqali foydalanish imkoniga ega. Bu xizmatni butun aholiga shartsiz ochilgan resurs deb talqin qilmaslik kerak, foydalanish yashash hududining tizimga qoʼshilganiga bogʼliq. Ammo uning bizga kerakli jihati aniq: hududlar ehtiyoji umumiy xizmatda jamlanadi, mahalliy kutubxona elektron muhitda ham kitobxonga xizmat qilaveradi.
Singapur Milliy kutubxonalar kengashi – NLB esa oʼz elektron fondidan NLB Mobile va Libby orqali kitob olib oʼqish yoki tinglash imkonini beradi. Rasmiy qoʼllanmada Libby orqali kitoblarni qurilmaga yuklab, internetsiz oʼqish tartibi ham koʼrsatilgan. Demak, elektron xizmatni doimiy internetga qaram qilib qoʼymasdan ham tashkil etish mumkin.
Bu tajribalardan biz uchun chiqadigan saboq shu: elektron kutubxona saytga joylangan fayllar yigʼindisiga emas, kitobxonning kundalik ehtiyojiga xizmat qiladigan tizimga aylanishi kerak. Asarni topish, qonuniy foydalanish, qulay oʼqish va kerak boʼlsa, kutubxonachi yordamini olish bir-biriga bogʼlansin.
Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 53-moddasiga asosan, mamlakat fuqarolariga ijod erkinligi va madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi, madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanish taʼminlanadi. 78-modda bolaning aqliy-madaniy kamolotiga, 79-modda yoshlarning intellektual va ijodiy rivojlanishiga sharoit yaratishni nazarda tutadi. Bu har qanday kitob, gazeta yo jurnalni har bir kishiga bepul tarqatish shart, degani emas. Ammo narx, masofa, yetkazish qiyinligi yoki elektron nusxadan foydalanishdagi toʼsiqlar odamlarni mutolaa madaniyatini oʼzlashtirishdan uzib qoʼyayotgan boʼlsa, shu toʼsiqni bartaraf etishning qonuniy va moliyaviy chorasi koʼrilishi lozim.
Elektron mutolaaga qanday sharoit kerak?
Nazarimizda, elektronlashishni mutolaa siyosatining markaziga olib kirish kerak. «Mutolaa» singari ishlab turgan platformalar, kutubxonalarning elektron fondlari va nashriyotlarning qonuniy savdo imkoniyatlari bor ekan, har bir idora yana bitta ilova yaratishga shoshilmasin. Milliy kutubxona, Yoshlar ishlari agentligi, taʼlim muassasalari va noshirlar mavjud resurslarni umumiy qidiruv katalogi orqali topiladigan qilib bogʼlashni muhokama qilishi maqsadga muvofiq. Kitobxon asar qaysi idora tasarrufidagi saytda turganini oldindan bilishga majbur boʼlmasin. U muallif ism-familiyasi yoki asar nomini kiritgan zahoti qonuniy oʼqish mumkin boʼlgan manziliga yetib borishini toʼliq taʼminlash lozim.
Bu yerda faylning sifati ham hal qiluvchi ahamiyatga ega. Mayda harfli, qiyshiq skanerlangan sahifani telefonga yuborib, «kitobni elektronlashtirdik» deyish oson (kutubxonalarimizdagi sifat esa hozircha shunday). Ammo oʼquvchi har bir satrni kattalashtirib, ekranni u yoqdan bu yoqqa surib oʼtirsa, mutolaadan bezishi mumkin.
Elektron nashr matni tahrir qilingan, qidirish imkoniga ega, harflari kattalashtiriladigan va ekranga moslashadigan boʼlishi lozim. U qoʼshni davlatlarda yashaydigan oʼzbeklar ham foydalana olishi uchun kirill va lotin yozuvlarida tayyorlanishi zarur.
Elektron kitob bepul yaratilmaydi.
Qogʼoz, bosish va joʼnatish sarfi kamaysa-da, uni yaratishda muallif, tarjimon, muharrir, musahhih, diktor hamda texnik xizmat talab etiladi. Shu bois har bir yangi nusxani yetkazish arzonlashishini asarni yaratish xarajati yoʼqolishi bilan adashtirmaslik zarur. Davlat sifatli elektron asardan aholining bepul yo imtiyozli foydalanishi uchun litsenziya sotib olishi mumkin. Bunda kitobxonga qulaylik yaratiladi, ijodkor va noshirning mehnatiga ham qonuniy haq toʼlanadi. Haq toʼlash mexanizmi bu ishning iqtisodiy tayanchidir.
Ushbu mulohazalar bilan bir qatorda, telefonga kitob yuklash imkonining oʼzi hammaga yetarlimi, degan savolga ham javob berib ketish shart. Qurilmasi yoʼq, interneti qimmat yo elektron xizmatdan foydalanishni bilmaydigan kishi uchun ekran ham yangi toʼsiqqa aylanadi. Hududiy kutubxonalar va maktablarda internetga ulangan oʼqish joylari, qurilmadan vaqtincha foydalanish, kutubxonachi yordami hamda litsenziya shartlari doirasida asarni internetsiz oʼqish uchun yuklab olish imkoniyati yaratilsa, «elektronlashish» yanada kengayadi. Kam taʼminlanganlar uchun bunday xizmatning sarfi byudjet buyurtmasiga alohida kiritilishi ayni muddaodir. Ota-ona yoki oʼqituvchining ishtirokini ham dasturga kiritish darkor. Taʼlim muassasalarida matnni anglash va manba ishonchliligini tekshirishga bagʼishlangan muntazam mashgʼulotlar boʼlsa, mutolaa muntazam davom etadi.
Elektron muhitning yana bir sharti – diqqat. Kitob ochilgan ekranda xabar, reklama va navbatdagi qisqa video ham oʼquvchini chalgʼitadi. Shuning uchun mutolaa ilovalarida chalgʼituvchi reklamasiz oʼqish, bildirishnomalarni cheklash, xatchoʼp qoʼyish va oʼqilgan joydan davom etish imkoniyatlari ustuvor boʼlishi darkor. Toki, oʼquvchi qahramonni anglasin, voqeani baholasin.
Gazeta va jurnal tahririyatlarining elektronlashishi uchun ham aniq koʼmak zarur. Nashrning mazmuni, arxivi, obunachi bilan aloqasi va toʼlov xizmati bir butun mahsulot sifatida ishlashi kerak. Gazeta sahifasi suratini messenjerga tashlash bilan barqaror elektron nashr yaratilmaydi. Noshirlar va jurnalistlar uyushmalari raqamli tahrir, arxivlash va qonuniy elektron obuna boʼyicha amaliy oʼquvlar tashkil etsalar, bu jarayon yanada kengayadi.
Elektron mutolaani rivojlantirishda sifatli matn, qonuniy haq toʼlash, qulay xizmat, teng foydalanish va oʼqishni oʼrgatish birgalikda ishlashi kerak. Shu halqalar bogʼlansa, elektronlashish kitobxonni yoʼqotish xavfiga javob beradigan amaliy imkoniyatga aylanadi.
Yana bir gap. Bugun bosma davriy matbuotning bir yillik narxi chindan osmonda. Oqibatda aksariyati obuna masalasida «kun koʼrmay» oʼtyapti. Agar bosma davriy nashrlar elektron obunani yoʼlga qoʼysa, oʼquvchi uchun «sariq chaqaga» oʼqish imkoni yaratiladi. Misol uchun, bitta elektron gazetaning yillik obunasi 120 000 soʼm boʼlishi mumkin. Tasavvur qilayapsizmi, 120 000 soʼm. 1 200 000 soʼm emas. Obunachilar soni millionga yetgan holda, tahririyatning obuna uchun jamlagan mablagʼi 120 000 000 000 soʼmni tashkil etadi. Bu obuna oʼn barobar arzonlashib, daromad oʼn barobar oshadi degani.
Ayni kunlarda maʼlum bir imtiyozlardan foydalangan holda obunani 35 000 – 40 000 nusxada ushlab turgan tahririyatlar ham bunchalik mablagʼ jamgʼarayotgani yoʼqdir. Tahririyatga ham, oʼquvchiga ham shu kerak emasmi?
Aniq takliflar
Bizningcha, avvalo, qaysi maktab yo kutubxonaga qanday kitob, qanday gazeta, qanday jurnal kerakligini aniqlash zarur. Keyin ular xarid qilinib, manzilga yetkaziladi. Muallif haqi ham, sarflangan pul hisobi ham unutilmasligi kerak.
Bu ishlarga kim javob berishi aniq boʼlmasa, yana hisobot yozish bilan ovora boʼlib yuraveramiz. Maktablar, oliy oʼquv yurtlari, Milliy kutubxona va hududiy kutubxonalar oʼquvchi yoshi, soʼralayotgan mavzular, mavjud nusxalar va foydalanishni hisobga olib buyurtma berishi lozim. Buyurtmada bosma nusxa, elektron litsenziya va audiokitobga ehtiyoj alohida koʼrsatilishi, qaysi shakl kitobxonga qulay va iqtisodiy jihatdan maqbul ekanini vakolatli idora elektron roʼyxatda jamlashi maqsadga muvofiq.
Kam soʼralgan, ammo tarixiy yo ilmiy qimmati bor asar, gazeta yo jurnalni ham faqat savdo reytingi bilan chetga surmaslik kerak. Tanlovda adib, olim, tarjimon, jurnalist va kutubxonachi qatnashgan kengashlar har yoʼnalishni oʼz mezoni bilan baholashi shart. Tarkib, ball, manfaatdorlik va shikoyat natijasi ochiq boʼlishi zarur. Toki, xarid shu ehtiyoj va bahoga tayansin. «Milliy kitob xaridi va elektron litsenziyalash jamgʼarmasi» tashkil etilib, barcha kutubxonaga bir xil kitob, gazeta yoki jurnal joʼnatish oʼrniga, manzilning talabini hisobga olish joiz.
Bosma mahsulot ombordan chiqishi bilan ish bitmaydi. Muassasa qabul qilgandan keyingina, u yetkazilgan hisoblanadi.
Demak, joʼnatmaning kuzatish raqami va qabulning elektron tasdigʼi shart. Gazeta-jurnalda ham muddat, kechikish, shikoyat va pul qaytarilishi alohida koʼzda tutilishi lozim. Elektron litsenziya xaridida huquq egasi bilan muddat, foydalanish usuli, bir paytdagi oʼquvchilar soni, internetsiz oʼqish imkoni va toʼlov tartibi aniq kelishilishi zarur.
Shartnomada muallif va tarjimonga aniq haq belgilansin. Noshirdan bosma nusxa sotib olish puli muallifga avtomatik oʼtmaydi, uning gonorari alohida shartnomaga bogʼliq. Elektron litsenziya va kutubxonada foydalanish uchun toʼlov tartibi va kechikish uchun masʼuliyat ham oldindan kelishilishi joiz.
Kutubxonadan kitob berilgani u oʼqib tugatilganini anglatmaydi. Elektron asar ochilishi ham mutolaa emas. Shuning uchun yetkazish, foydalanish va oʼquvchining taassurotini alohida baholaylik.
Ixtiyoriy, shaxssiz soʼrovlar ham yordam beradi. Maqsad – odamni kuzatish emas, xizmatning haqiqiy foydasini bilish.
Xaridlar, ekspert ballari, narxlar, manzillar, litsenziyalar va umumlashtirilgan foydalanish hisobi ochiq sahifada turishi, soxta murojaatlar bilan raqam koʼpaytirishga yoʼl qolmasligi lozim. Parlamentning bunga masʼul qoʼmitasi natijani eshitishi, moliyaviy nazorat mablagʼni tekshirishi maqsadga muvofiqdir.
Jamgʼarma degan nomning oʼzi yechim emas. Nazarimizda, davlat byudjetida maqsadli mablagʼ, qonuniy grantlar, teng tanlov, manfaatlar toʼqnashuvini oshkor qilish va mustaqil shikoyat tartibi belgilanishi darkor. Yangi idora tuzishdan avval bu ishni mavjud muassasa bajara oladimi, shuni ham hisobga olaylik. Aholiga bepul yo imtiyozli foydalanish imkoni yaratilsa ham, ijodkor mehnati haqsiz qolmasin. Hukumat dastlab turli sharoitdagi bir nechta hududda bir yillik sinovni yoʼlga qoʼysa, taklifning xarajati va foydasi koʼrinadi. Xarid, yetkazish, huquqlar va boshqaruv sarfi oldindan hisoblanishi, buyurtmachi, operator va tekshiruvchi belgilanishi lozim. Elektron qismda qishloq va shahar aholisining foydalanishi, qurilma va internetga ehtiyoji, muallifga haq toʼlash muddati hamda ixtiyoriy tadqiqotlardagi matnni anglash natijalari ham baholanishi maqsadga muvofiq.
Albatta, mutolaa madaniyati rivojiga amaliy koʼmak beradigan alohida qonun kerak. Ammo yana bir qonun qabul qilish bilan ish bitmaydi. Ayni vaqtda kutubxonalarni moliyalashtirish va foydalanishga oid qoidalar mavjud. Amaldagi qonunlarni bir-biriga bogʼlab oʼzgartirish kerakmi yo mutolaa va nashrlar infratuzilmasi haqida alohida qonun ishlab chiqqan maʼqulmi?
Nazarimizda, yangi qonunga oid tashabbus Oʼzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oʼzbekiston Jurnalistlar uyushmasi, Fanlar akademiyasi va uning institutlari, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, noshirlar, tarjimonlar, kutubxonachilar, savdo va eng faol elektron platformalarning vakillaridan ham chiqishi kerak. Ularning ishchi guruhi dalil, hisob-kitob va huquqiy takliflarni tayyorlagani maʼqul. Parlament qoʼmitalari va fraksiyalari, jumladan, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi bu muhokamada qatnashishi mumkin. Aslida, bu bir partiyaning masalasi emas, millatning mutolaa muhiti haqidagi umumiy tashvishi, demakki, barcha partiyalarga daxldordir.
Parlament berishi lozim boʼlgan savollar
Parlamentda ham «Katta eʼtibor berilyapti» degan gapning oʼzi bilan cheklanmaylik. Qancha kitob, gazeta yo jurnal chiqqanini soʼragandan keyin uning qayerga borganini, kim foydalanganini ham soʼraylik. Umuman, quyidagi savollarga javob olinishi kerak, chamamda:
Bir yilda bosilgan kitob va davriy nashrlarning qanchasi sotuv, kutubxona, obuna va boshqa qonuniy yoʼllar orqali oʼquvchiga yetib bormoqda? Hududlar oʼrtasidagi farq qancha? Davlat sotib olgan har yuzta kitobdan nechtasi manziliga yetgan, nechtasi kamida bir marta foydalanishga berilgan, nechtasi yil boʼyi soʼralmagan? Elektron va audiokitoblarga nechta litsenziya olingan, takror sanamaganda necha kishi foydalangan? Har foydalanish davlat yo platformaga qanchaga tushgan, muallif, tarjimon va boshqa huquq egalari qancha haq olgan? Qurilmasi yo interneti yoʼq kitobxon uchun qaysi xizmat yaratilgan? Bosma va elektron shaklda oʼqiydigan kishilarni ikki marta sanamasdan, umumiy mutolaa qamrovini qanday aniqlaymiz? Elektron resurs ochilishidan tashqari, matnni anglash va muntazam oʼqishda qanday oʼzgarish bor? Obuna qilingan gazeta-jurnallarning necha foizi vaqtida yetkazilgan? Qayerda kechikish koʼp va buning uchun kim javob beradi? Mutolaadan uzilish milliy xotira va mustaqil fikrga xavf tugʼdirsa, davlat, oila, maktab, kutubxona, noshir va ommaviy axborot vositalari qaysi aniq vazifani zimmasiga oladi? Xarid, yetkazish, elektron litsenziya, muallif haqi, davriy matbuot tarqatilishi va ochiq hisobni amaldagi qonunlarni oʼzgartirish bilan yoʼlga qoʼyamizmi yo bularni birlashtiruvchi yangi qonun kerakmi? Bu borada hukumat har yili parlament va jamoatchilikka qaysi natijalar yuzasidan hisobot beradi? Ish kutilganidek boʼlmasa, uni tuzatish uchun qaysi idora javobgar?..
Yuqoridagi savollarga umumiy maqtov bilan emas, raqam, manzil va aniq amalga oshirilgan ishlar bilan javob berilishi lozim.
Mutolaa qachon strategik sarmoyaga aylanadi?
Davlatimiz rahbari 2026-yil 22-mayda Milliy kitobxonlik harakatini boshlab, kitob oʼqiydigan odamning teran fikri jamiyatni oʼzgartirishi mumkinligini alohida taʼkidladi. Mutolaa madaniyatini shakllantirish millat kelajagi va mamlakat raqobatdoshligiga sabab boʼladi, deb hisoblashini ham aytdi. «Men ushbu dasturni shunchaki kitob oʼqish musobaqasi emas, balki jonajon Vatanimiz kelajagi uchun strategik investitsiya deb bilaman» degan soʼzlari esa ushbu maqolamizga sarlavha boʼldi. Biz bu tashabbusni qoʼllab-quvvatlaymiz. Endi uning har bir hududdagi amaliy natijasi ham koʼrinishi kerak. Toki elektronlashish bilan mutolaaga oʼrgatishning surʼati bir-biriga mos kelsin. Prezident kitobxonlikni Vatan kelajagi uchun strategik vazifa, deb belgilagan ekan, endi uning huquqiy va iqtisodiy choralarini puxta ishlash, jamoatchilik koʼz oʼngida bajarish zarur.
Bu takliflar shu maqsadlardan bir qalamkash chiqargan xulosalar, ochiq muhokama uchun mavzu sifatida qabul qilinadi, degan umiddaman.
Maqola boshidagi taqdimotni yana bir eslang. Zalda yuz kishi, minbarda maqtov, anjumanda alqov. Ammo oʼsha kitobni chindan necha nafar odam oʼqigan?
Bu savol davlat xaridiga ham, bosma va elektron obunaga ham, ularni yetkazib berish bilan shugʼullanuvchilarga ham daxldor. Vatan kelajagiga tikilgan sarmoyaning natijasi mana shu javoblarda koʼrinadi.
Aziz ziyolilar, endi navbat sizga. Bu yerda har birimizning soʼzimiz, amalimiz muhim. Unutmaylik, bosma nashrlar erasining soʼnggi bekatidan keyin ham mutolaa davom etaveradi. Shu yoʼlda kitobxonni asar, bilim va mustaqil fikrga boshlab borish esa barchamizning vazifamizdir.
Abdulhamid MUXTOROV

