“VALI SANGO” ILDIZI

“VALI SANGO” ILDIZI

Ulashish
TelegramFacebookX

“VALI SANGO” ILDIZI

Toshkent va Jakarta orasidagi masofa 6497 kilometr. Poytaxt Jakarta va maqomi bizdagi viloyatga mos keluvchi Surabayya orasidagi masofa esa salkam 800 kilometrni tashkil etadi. Bunchalik yiroq yoʻlda Oʻzbekiston va Indoneziya tarixining bir-biriga naqadar yaqin ekanini isbotlovchi manzil bor. U yerga borishning eng toʻgʻri yoʻli uchoq. Sukkarno aeroportida boshlanib, bir yarim soatdan ortiq davom etgan parvozdan soʻng sizni Surabayya dimlik boʻyicha Jakartadagidan sal tuzukroq havosi bilan qarshilaydi. Koʻzlaganimiz manzil butun Indoneziyaga Islom dinini yoygan ajdodlarimiz qadamjolari boʻlgani sabab Gresikka yoʻl olamiz. Aslida masofa unchalik ham olis emas, bor-yoʻgʻi 40 kilometr atrofida. Biroq Indoneziyadagi ulovlarning koʻpligi, harakatning oʻziga xos shiddatiyu buning ortidan yuzaga keladigan tiqinlar tufayli shugina masofa bir yarim soatdan oshiq vaqt talab qiladi. Va nihoyat, butun Indoneziya boʻyicha faqat shu yerda uchratganimiz “Gresikka xush kelibsiz” maʼnosidagi koʻrsatkich-arkka yetdik. Bu arkni yoʻlchiroqlardan deyarli xoli, butun tartib tasodifiy odamlar tomonidan taʼminlanadigan Gresikning asosiy bezaklaridan biri deyish mumkin.

Yoʻlimiz Gresik-Jaratan portidan oʻtar ekan. Bu yerda yarmi gʻarq boʻlgan koʻhnagina yogʻoch kema boʻyicha na mezbonlarimiz, na bandargoh xodimlari izoh bera olishmadi. Bobolarimiz Islom nurini taratish uchun bu yerlarga ayni shunday kemalarda kelgandir degan tusmol bilan yoʻlda davom etdik. 

Yana, chamasi, yarim soatlar yurgach, mazkur safarimizning sababi – Malik Ibrohim Samarqandiy maqomi (maqbara majmuasi)ga yetib keldik. Majmua shundoqqina mahallaning ichida, shu yerdagi hovlilarning biriday joylashgan ekan. Manzil nihoyatda gavjum, koʻcha ziyoratchilar, ularning ulovlari bilan toʻla.

Dastlab, bizni masjidga boshlab kirishdi. Ishlab turgan masjidning mezana tomonida yaqinda boʻlib oʻtgan tadbirning eʼloni osigʻliq. Unda asosiy tashkilotchi va maʼruzachi ayolning rasmi bor. Biroq bu namozxonlarni aslo bezovta qilayotgani yoʻq. Chogʻroqqina hovli aslida qabriston deyish mumkin boʻlgan darajada. Mavlono Malik Ibrohim, oila aʼzolari, yaqinlari va boshqalar qabri ana shu hovlida. Kirishda oʻng qoʻlda, sathdan pastda Malik Ibrohim, ayoli Fotima va oʻgʻlining qabri joylashgan. Panjara bilan oʻralgan bu joy atrofida ziyoratchilar bilan toʻla. Diniy xizmatchi boshchiligida salovatlar va mahalliy tildagi aytimlar bilan shovqinli yod olish marosimi uzilmas ekan.

Tavfiq Харрис (Tavfiq Xarris) – “Maqomi mavlono Malik Ibrohim” majmuasi masʼul xodimi Mavlono Malik Ibrohim Islom dinini Indoneziyada tarqatishdagi asosiy shaxsdir. Oʻn beshinchi asrdan eʼtiboran oʻz daʼvatlari bilan Indoneziya aholisini hidoyat yoʻliga boshlagan. U kishi “Vali sango” – “Toʻqqiz avliyo” silsilasining asoschisidir. Qizigʻi, bu silsila Mavlono malik Ibrohim Samarqandiy, u kishining ukasi Mavlono Is’hoq hamda shu ikki aka-ukaning oʻgʻillari, yaʼni bir oila aʼzolaridan iborat. Menimcha, valiylarning bunday silsilasi boshqa joylarda yoʻq. Mavlono tariqatda Naqshbandiylikni yoygan. Eʼtiqoddan tashqari yurtimiz taraqqiyotining yangi, shiddatli bosqichiga ham tayanch turtki bergan “Vali sango” silsilasi. Shu tufayli ham ularning xotirasi juda oliy darajada qadrlanadi. Mazkur majmua bizning milliy anʼanalarni hisobga olgan holda bunyod etilganiga qaramay, sizlarning bunyodkorligingiz izlari ham yaqqol namoyon boʻlib turadi. Shu maʼnoda Indoneziya va Oʻzbekiston tarixini uzviy bogʻliqlikda koʻrishimiz mumkin.

Hovlining toʻrida Malik Ibrohimning ukasi Mavlono Is’hoqning qabri joylashgan. Bu oʻlkaga islomning yoyilishida u zotning ham xizmatlari nihoyatda ulkan. Ayniqsa, aynan Mavlono Is’hoqning oʻgʻli Sunan Giri mahalliy aholi tomonidan alohida qadrlanar ekan. Buni Vali Sango silsilasiga kiruvchi Sunan Giri maqbarasining joylashuvi, u yerdagi ziyorat udumlari ham dalillaydi. Avvalo, maqbaraning joylashuvi haqida: ziyoratgoh tik tepalik choʻqqisida bunyod etilgan. Aytishlaricha, ziyoratchilar zahmat chekib, maqbaraga yetishlari kerak emish.

Doktor Javohir – “Sunan Giri” majmuasi rahbari Sunan Giri hazratlari Indoneziyaga islom dinini olib kelgan Malik Ibrohim Samarqandiyning ukasi Mavlono Is’hoqning oʻgʻli boʻlib, kelib chiqishi Oʻzbekistonga borib taqaladi. Sunan Giri nafaqat din namoyandasi, balki bizdagi zamonaviy hunarmandchilikning asoschisi hamdir. Hozir bizda mavjud barcha hunarmandchilikning kelib chiqishida u zotning shaxsan oʻrni bor. Shuningdek, boshqaruv tizimi, harbiy tartibot kabi muhim jabhalar ham aynan Sunan Giri tomonidan ishlab chiqilib, joriy etilgan. Shu maʼnoda u kishi alohida ehtirom etiladi. Maqbara joylashgan joy, bu joylashuvning sababi ham ayni qarashni qoʻllab-quvvatlaydi. Koʻrdingiz, majmuamiz nihoyatda tik tepalik ustida. Ziyoratchilar ulovlarini pastda qoldirib, bu yergacha aʼyov kelishadi. Hududda hamma oyoq yalang yuradi. Buning hammasi Sunan Giri xotirasiga ehtirom sifatida yoʻlga qoʻyilgan.

Sunan Giriga alohida ehtiromning sabablarini bilib oldik. Demakki, Islom dini bu zaminda shunchaki eʼtiqod shakli emas, balki hayot tarziga aylantirilgan. Yaʼni Islom arkonlari shunchaki arkonlar majmuasi boʻlibgina qolmay, balki hayotga va milliy taraqqiyotga turtki sifatida amal qilgan. Qalb, hayot bilan uygʻun kechgan. Chin naqshbandiy taʼlimotga muvofiq “Koʻngil ishqda, qoʻl ishda”. 

Basir bin Basori – “Sunan Giri” majmuasi maʼmuri Sunan Giri ilm, hunar odami boʻlgan. Shundan ham, aslida islomning maʼrifatparvar mohiyatini anglasak boʻladi. Aynan shu yerda masjid ochib, ibodatlarga bosh boʻlgan, Qurʼon va hadis taʼlimi bilan, hunarlar oʻrgatish bilan shugʻullangan. Uning bu darajada ilm-tafakkurli, hunarli boʻlishi bejiz emas. Chunki u Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Margʻinoniy, Imom Termiziy, Bahovuddin Naqshband kabi islom olamining buyuk mutafakkirlari yurti boʻlmish Oʻzbekistondan, Samarqandiylar silsilasidan. Majmuamizda oʻsha kunlar shukuhini saqlash, bu yerning maʼrifiy mohiyatini tutib turish maqsadida Qurʼon va hadis darslari hamon davom ettirildi. Masjidimiz eshiklari doim ochiq. Ishonch bilan aytimanki, Sunan Giri ishi hamon bardavom. Men shu yerda ishlab, ulugʻ tarixga, Islom maʼrifatiga daxldor ekanimdan baxtiyorman. Faqat bir armonim bor: bagʻriga shuncha buyuk zotni sigʻdirgan muʼtabar Oʻzbekistonni, ulugʻlarimiz maqomotini bir ziyorat qilsam... 

Majmua obodligi faqat ziyoratchilar gavjumligi bilan emas. U bugun ham faol amalda. Majmua tarkibida yoshlarga Qurʼon va hadisdan taʼlim beruvchi maktab ishlab turibdi. Samarqandiylar silsilasi yana bir bobomiz – Imom Buxoriyning ham yuksak ehtiromiga yoʻl ochgan. Umuman olganda, eng koʻp musulmon aholisi yashaydigan Indoneziyada Islomiy qadamjolar, ulugʻlar koʻp emas – bor-yoʻgʻi 9 ta. Ular “Vali Sango” – “Toʻqqiz avliyo” silsilasi tarzida eʼzoz etiladi. Ularning hammasi Malik Ibrohim va Mavlono Is’hoq hamda ularning oʻgʻillari boʻlib, Samarqandiylardir. Olis Indoneziya aynan Samarqandiylar tufayli yurtimiz bilan yaqin. Bu yaqinlik, albatta, alohida oʻrganishni talab qiladi. Bu esa yanada yaqinlashish sari navbatdagi qadam boʻladi. 

 

Oldingi materialMOHITOBON Xoja Muhammad Orif Revgariy ziyoratgohi (2017–2020 yillar)Keyingi materialMAʼRIFAT SILSILASINING MUBORAK IBTIDOSI