Mavzu: SULTON SANJAR MAQBARASI - SHARQ MEʼMORCHILIGINING BEBAHO DURDONASI
Xurosondagi Saljuqiylar davri maqbaralarining eng mashhuri Sulton Sanjar maqbarasidir. Ushbu muhtasham maqbara “Dorul-oxirat”, “Davlatxona” nomlarini olgan. Marv shahridagi Sultonqal’aning markazida joylashgan mazkur inshoot saroy shoiri Anvariy taklifi bilan Sulton Sanjar tomonidan qurdirilgan. Maqbara qurilishi boshlangan sana noma’lum bo‘lib, 1157-yil qurilish tugallangan. Sovet davri arxeologi V.L.Vyatkin (1869-1932) maqbara ichidagi yozuvlardan me’morning Muhammad ibn Otsiz Saraxsiy ekanini aniqlagan. Me’mor Shimoliy Xurosonda qo‘llanilgan me’morchilik uslubini mazkur inshootda ham yaqqol namoyon qilgan. Binoning qurilish plani klassik turkman uyini eslatadi. Maqbaraning har bir tomoni kengligi tashqaridan 27 va ichkaridan 17 metr, devorlarning qalinligi 5 metrni tashkil qiladi. Imoratning balandligi arkali qismigacha 14, gumbazgacha 27 metr va umumiy balandligi esa 36 metrga yetadi. Maqbara gumbazining diametri 17 metr bo‘lib, gumbaz tepadan sakkiz qirrali yulduz shaklida ko‘rinadi.
XI asr o‘rtalarigacha Movarounnahr va Xurosonda bunday yirik gumbaz insho qilinmagan edi. Maqbara gumbazi tashqaridan ikkinchi gumbaz bilan qoplangan. Tashqi gumbaz koshinlar bilan bezatilgan. Ikkala gumbaz orasidagi bo‘shliqni inshoot og‘irligini yengillashtiruvchi ustun va arkalar, ichki gumbazni muhofaza qiluvchi bo‘sh hujralar tashkil qilgan. Inshootning tashqi tarafida 5.5 metr balandlikdagi yarmi gumbazga tutashganm, yarmi tashqariga bo‘rtib chiqqan arkali qismi muvozanat vazifasini bajarib, keng va baland gumbazning zilzilaga bardoshliligini ta’minlaydi. Maqbaraning tashqi gumbazi keyinchalik qulab tushgan. Ichki gumbaz g‘ishtlari burama shaklda terilganiga asoslanib, maqbaraning tashqi gumbaz g‘ishtlari ham burama qilib terilganini taxmin qilishimiz mumkin.
1217-1219-yillarda Marvda istiqomat qilgan Yoqut Hamaviy “Mo‘jam al-buldon” asarida Saljuqiylar saltanatining ulug‘vor obidasi Sulton Sanjar maqbarasini tasvirlab: maqbaraning moviy rangli gumbazi shaharga bir kunlik masofa uzoqlikdan ko‘rinib turishi, derazalari jome’ masjidiga qaragani hamda maqbara, maqbara xodimi va unda Qur’on tilovat qiluvchilarga vaqflar ajratilishini qayd qilgan. Yoqut Hamaviy ta’riflab o‘tgan maqbaraning moviy koshinli tashqi gumbazi mo‘g‘ul istilosidan so‘ng qulab tushgan. Bugungi kundagi gumbazida esa koshinlar mavjud emas.
1220-yil mo‘g‘ullar Marvni istilo qilganda xazina topish maqsadida qabrni ochib, maqbaraga o‘t qo‘yishgan. Natijada tarixiy obidaga katta shikast yetgan. Tarixchi Rashiduddin Fazlulloh (1247-1318) o‘zining “Tarixi muboraki G‘ozoniy” asarida maqbarani Elxoniylar davlati hukmdori Qozonxon (1295-1304) ta’mirlatganini qayd etgan. Sovet davri arxitektori B.N.Zasipkin (1891-1955) esa Sulton Sanjar maqbarasi mo‘g‘ul vayrongarchiligidan so‘ng omon qolganini imoratning mustahkam qurilgani bilan izohlagan. Marvdagi Sulton Sanjar maqbarasi 2002-2004-yillarda Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) tashkiloti tomonidan restavratsiya qilingan.
Xulosa qilib aytganda, Sulton Sanjar maqbarasi ikki qavat gumbazli qilib qurilgan yagona inshoot emas. Undan keyin ham bunday tipdagi imoratlar insho qilingan. Sulton Sanjar maqbarasi barpo etilishida qo‘llanilgan qurilish texnikasidan oradan bir yarim asr o‘tib Sultoniya shahrida Elxoniylar hukmdori O‘ljaytu Xudobanda maqbarasi gumbazi qurilishida hamda 300 yil o‘tib Yevropada Uyg‘onish davri me’mori Filippo Brunelleschi (1377-1446) tomonidan Florensiyadagi Santa Mariya sobori gumbazi insho etilishida foydalanilgan. Bundan Sulton Sanjar maqbarasi o‘zining har bir xususiyati bilan Saljuqiylar davri arxitekturasi yuksak darajada rivojlanganini namoyon qilgani ma’lum bo‘ladi.
Rajapov Pirnazar
Sardor oʻgʻli
“Islom tarixi va manbashunosligi
IRCICA” kafedrasi tadqiqotchisi

