“SALOTI MAS’UDIY”DA “JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT” GʻOYALARINING AKS ETISHI

“SALOTI MAS’UDIY”DA “JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT” GʻOYALARINING AKS ETISHI

Ulashish
TelegramFacebookX

O‘ZBEKISTON XALQARO ISLOMSHUNOSLIK AKADEMIYASIDA “HOLIS TALQIN” RUKNI DOIRASIDAGI VIDEO-MATERIALLAR UCHUN RADDIYA MATNI

 

Mavzu: “SALOTI MAS’UDIY”DA “JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT” GʻOYALARINING AKS ETISHI

 

XIV asr boshida Mas’ud Samarqandiy tomonidan yozilgan “Saloti Mas’udiy” asari bugungi kunda nafaqat fiqhiy manba, balki ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan ilmiy meros sifatida ham baholanadi. Sababi unda ilmni ulug‘lash, olimlarni qadrlash, jaholatni xorlash hamda ilm orqali insonni kamolotga yetkazish g‘oyalari ham yoritilgan.
        Muallif asarining kirish qismida ilmning ulug‘ligini ta’kidlash uchun “Zumar” surasining 9-oyatini dalil sifatida keltirgan: “Bilganlar bilan bilmaganlar teng bo‘lurmi?” Mazkur oyat insonni ilm-ma’rifatga intilishga, johillikdan uzoq bo‘lishga va bilim orqali jamiyat taraqqiyotiga hissa qo‘shishga da’vat etgan.
        Mas’ud Samarqandiy muqaddimada bir nechta hadislar, hikmatli iboralarni keltirgan: “Xitoydan bo‘lsa ham, ilm izlang”. Mazkur targ‘ibot orqali ilm olish yo‘lida masofa va mashaqqatning ahamiyatsiz ekani, inson har qanday sharoitda ham ma’rifat izlashga intilishi lozimligi uqtirilgan.
        “Ilm izlash har bir muslim va muslimaga farzdir”. Ushbu hadis islom ta’limotida ilmning yuksak maqomga ega ekanini ifoda etgan. Unda ilm talab qilish faqat muayyan toifa emas, balki har bir musulmon erkak va ayolning burchi ekani ta’kidlangan.

 “Kim ilm izlab bir yo‘lga kirsa, Alloh unga jannatga olib boruvchi yo‘lni oson qilib qo‘yadi”. Ushbu hadis orqali muallif ilm olish ulug‘ fazilat ekanini ko‘rsatgan. Ya’ni, ilm yo‘lida harakat qilgan insonning oxirati obod bo‘lishi, Alloh unga jannat yo‘lini osonlashtirishi bayon qilingan. Bu orqali insonlar ilm-ma’rifatga intilish, foydali bilim egallash va uni amalda qo‘llashga targ‘ib etilgan.

“Ilm - qalblar imorati, amal - gunohlar kafforati”. Ushbu hikmatli iborada ilm va amalning inson ma’naviy hayotidagi o‘zaro uzviy bog‘liqligi ifoda etilgan. Ilm inson qalbini ma’rifat, hidoyat va hikmat bilan obod qilsa, solih amal esa uning ma’naviy poklanishiga va gunohlardan xalos bo‘lishiga xizmat qilishi izohlangan.
        Xulosa qilib aytganda, “Saloti Mas’udiy” asarining muqaddimasi Mas’ud Samarqandiyning ilmga bo‘lgan chuqur hurmati, ilmiy faoliyatni ibodat darajasiga ko‘tarish, ilm bilan inson qalbini poklash, ilm-ma’rifatni qo‘llab-quvvatlash, olimlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish hamda ular merosini asrab-avaylash kabi “jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyalarini ifoda etgan. Bu yo‘l bilan muallif asarining keyingi qismlarida keladigan fiqhiy va ma’naviy masalalarni ilm asosida hal etish zarurligini ilmiy asosda tayyorlab bergan.

 

Usmanova Xulkar Mamatovna
         “Islom tarixi va manbashunosligi
         IRCICA” kafedrasi tadqiqotchisi

Oldingi materialSULTON SANJAR MAQBARASI - SHARQ MEʼMORCHILIGINING BEBAHO DURDONASIKeyingi material“Saloti Mas’udiy”ning "Ommaviy madaniyat" muammolari yechimidagi o‘rni