O‘ZBEKISTON XALQARO ISLOMSHUNOSLIK AKADEMIYASIDA “HOLIS TALQIN” RUKNI DOIRASIDAGI VIDEO-MATERIALLAR UCHUN RADDIYA MATNI
Mavzu: “SALOTI MAS’UDIY”NING “OMMAVIY MADANIYAT” MUAMMOLARI YECHIMIDAGI O‘RNI
XXI asrda axborot
oqimining tezligi va internet orqali madaniy ta’sirning chegara bilmasligi
sababli dunyo miqyosida turli g‘oyalar, dunyoqarashlar va qadriyatlar
tizimi tez sur’atda tarqalmoqda. Ayrim hollarda ular salbiy yo‘nalishlarda
namoyon bo‘lib, “ommaviy madaniyat”ning turli ko‘rinishlari orqali aks etmoqda. Ayniqsa,
bugungi kunda axloqiy buzuqlikni “madaniyat” deb baholash, asl ma’naviy
qadriyatlarni kamsitish yoki ularga nisbatan befarqlik bilan munosabatda
bo‘lish hissiyotini uyg‘otish yoshlar ongiga salbiy ta’sir
ko‘rsatmoqda.
“Saloti Mas’udiy”da
keltirilgan oila, nikoh, taloq, idda, emizish bilan bog‘liq masalalar va
ularning yechimlari esa bugungi kunda dolzarb ahamiyatga ega yuqoridagi kabi
muammolarga javob topishda alohida o‘rin tutadi. Muallif mazkur mavzularni
inson naslining pokligi, oila muqaddasligi va jamiyat ma’naviy barqarorligini
ta’minlovchi muhim omillar sifatida talqin qilgan.
Mas’ud Samarqandiy “Saloti
Mas’udiy” asarida oila masalasiga alohida urg‘u bergan: “Va sizlarga
sokinlik topishingiz uchun o‘zingizdan juftlar yaratganligi va oralaringizda
sevgi va marhamatni solib qo‘ygani (ham) Uning oyat-belgilaridandir” (“Rum” surasi, 21-oyat). Bu oyat orqali asarda oila inson hayotidagi eng
muhim ma’naviy tayanchlardan biri sifatida talqin qilingan. Shuningdek,
er-xotin o‘rtasidagi mehr-muhabbat, o‘zaro hurmat va rahm-shafqat jamiyat
barqarorligi hamda farzand tarbiyasining asosiy omili ekani ta’kidlangan.
Asarda quyidagi
hadislar keltirilgan: “Nikohlanglar, farzand
ko‘paytiringlar, chunki qiyomat kuni men ummatlar ichida sizning ko‘pligingiz
bilan faxrlanaman”.
“Nikoh mening sunnatimdir.
Kim mening sunnatimdan yuz o‘girsa, u mendan emas”. Bu hadislar orqali
halol nikoh orqali oila qurib yashashga qattiq targ‘ib qilingan, zino va
axloqiy buzuqlik holatlarining oldini olishga harakat qilingan.
“Uylangan holda uxlayotgan
kishi, ro‘za tutib, kechasi namoz o‘qigan bo‘ydoq kishidan yaxshiroqdir”.
Mazkur hadis orqali nikohning insonni turli ma’naviy va axloqiy
xatarlardan muhofaza qiluvchi omil sifatidagi fazilati baholangan.
Muallifning fikricha, oila inson hayotida poklik, mas’uliyat va barqarorlikni
ta’minlaydigan muhim tarbiyaviy muhit hisoblanadi.
Xulosa qilib aytganda,“Saloti Mas’udiy” asarida bayon qilingan oila
muqaddasligi, halol nikoh, mehr-muhabbat va mas’uliyat tamoyillariga oid
qarashlar bugungi globallashuv va “ommaviy madaniyat” ta’siri kuchaygan davrda
ham muhim ma’naviy ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, yoshlarni axloqiy buzilish, ma’naviy befarqlik
hamda turli salbiy illatlardan asrashda muhim tarbiyaviy manba bo‘lib xizmat
qiladi.
Usmanova Xulkar
Mamatovna
“Islom tarixi va manbashunosligi
IRCICA” kafedrasi tadqiqotchisi

