O‘ZBEKISTON XALQARO ISLOMSHUNOSLIK AKADEMIYASIDA “HOLIS TALQIN” RUKNI DOIRASIDAGI VIDEO-MATERIALLAR UCHUN RADDIYA MATNI
Mavzu: MOVAROUNNAHR HANAFIY FIQHI RIVOJIDA “SALOTI MAS’UDIY” ASARINING O‘RNI
Hozirgi davrda hanafiy
mazhabi ta’limotini o‘rganish hamda u bilan bog‘liq asarlarni ilmiy jihatdan
tadqiq etish turli ekstremistik oqimlar tutgan yo‘lining noto‘g‘riligini
isbotlashda va diniy barqarorlikni ta’minlashda muhim vazifalardan biri bo‘lib
qolmoqda. Shu jihatdan samarqandlik faqih Mas’ud ibn Mahmud ibn Yusuf
Samarqandiyning (XIII asr oxiri – XIV asr boshlari) hanafiy mazhabiga oid
“Saloti Mas’udiy” asari o‘zligimizni teran anglash uchun manba bo‘lib xizmat
qilgan.
Asarning uchinchi jildi
yakunida turli masalalar - المسائل المتفرقة al-masa’ilu-l-mutafarriqo
qismi keltirilgan. Unda ibodat va muomalot mavzulari doirasida kelajakda paydo
bo‘lishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy masalalarning shar’iy javoblari oqilona
berilgan. Bu esa manbaning ham tarixiy, ham keyingi davr uchun ahamiyatli
ekanini ifodalaydi.
Jumladan, mazkur bobda
bugungi kunda mazhabsizlikni targ‘ib qilayotgan ayrim toifa va shaxslarning
iddaolariga qarshi yechim berilgan. Bu borada “Saloti Mas’udiy” asarida “biror
kishi bilan bir voqea sodir bo‘lib, u masala haqidagi hukmni bilmasa, unga
ijtihod qilishga ruxsat beriladimi yoki yo‘qmi?”, degan savolga quyidagicha
javob berilgan:
“Agar shaxs “ahli
ijtihod”dan bo‘lsa, u ijtihod qilishi mumkin. Aksincha bo‘lsa, unga ruxsat
etilmaydi. “Ahli ijtihod” deb shunday shaxslarga aytiladiki, ular xato qilgan
taqdirda ham savob olish ehtimoli katta bo‘ladi, chunki ularning to‘g‘ri yechim
berishi ko‘proq bo‘ladi. Ba’zi ulamolarning ta’kidlashicha, ijtihod qilish
uchun ma’lum bir shart mavjud bo‘lib, u shundayki, ijtihod qiluvchi shaxs
“Mabsut” nomli kitobni yoddan bilgan bo‘lishi lozim. Bu kitob 500 varaqdan
ortiq bo‘lmagan asar hisoblanadi”. Shu o‘rinda “Mabsut”dan murod Shamsu-l-aimma Saraxsiy (400-483/1009-1090)ning furu’u-l-fiqhga
oid asari nazarda tutilgan.
Xulosa qilib aytganda,
“Saloti Mas’udiy” asari tarix davomida sunniy mazhablarga ergashish
zaruriyatini rad etgan holda, har bir inson mustaqil ravishda Qur’on va hadis
manbalaridan xulosa chiqarib, fatvo berish imkoniyatiga ega, degan g‘oyani
ilgari surgan ayrim “ilm ahli” deb atalgan shaxslarga qarshi asosli raddiya
bergan. Qur’on va sunnatdan mustaqil ravishda hukm chiqarish faqat islom
ilmlarini mukammal egallagan, mujtahid darajasiga yetgan olimlar vakolatiga
kirishini dalillagan.
Usmanova Xulkar
Mamatovna
“Islom tarixi va manbashunosligi
IRCICA” kafedrasi tadqiqotchisi

