Saljuqiylar davri meʼmorchiligida rabot va karvonsaroylarning o‘rni

Saljuqiylar davri meʼmorchiligida rabot va karvonsaroylarning o‘rni

Ulashish
TelegramFacebookX

Mavzu: SALJUQIYLAR DAVRI MEʼMORCHILIGIDA RABOT VA KARVONSAROYLARNING O‘RNI

O‘rta asrlar yozma manbalarining leksik-semantik tahlili shuni ko‘rsatadiki, “rabot” atamasi aksariyat hollarda mazmunan “karvonsaroy” institutining funksional ekvivalenti sifatida namoyon bo‘ladi. Islom sharqining keng geografik hududlarida ushbu tushuncha klassik “karvonsaroy” iborasiga nisbatan ancha faol va ustuvor ishlatilish intensivligiga ega bo‘lgan.

Shu bilan birga, “rabot” istilohi tarixiy-makon va zamon kontekstiga qarab, faqatgina iqtisodiy-logistik markazlarni ifodalab qolmay, balki tasavvuf madaniyatiga oid arxitektura va ijtimoiy tuzilmalar –  xonaqoh, zoviya, takya tushunchalarining sinonimik qatorini tashkil etgan. Uning transformatsiyalashuv ko‘lami manbalarda duvayra, buq’a, savmaa, dargoh va ostona kabi diniy-ma’rifiy hamda maishiy ob’yektlar nomlari bilan semantik jihatdan kontaminatsiyalashuvida (ulanib ketishida) yaqqol kuzatiladi.

Rabot kalimasi Qur’oni Karimda ham uchraydi. Jumladan, Anfol surasining 60-oyatida “min ribatil-xayli” shaklida kelgan rabot “g‘ayrimusulmonlarga qarshi jang qilishga shay bo‘lgan suvoriylarning otlarini bog‘laydigan joy” ma’nosida kelgan. Bundan rabotning tub mohiyatida islomdagi fath, ya’ni dinni yoyish vazifasi bilan bog‘liq harbiy-askariy ahamiyat kasb etgan muassasa yotishi anglashiladi. Xususan, Marokashdagi Rabot shahri insho etilishidan ham harbiy maqsadlar ko‘zlangan bo‘lib, ushbu shahar Ispaniyaga boruvchi musulmon fotihlar to‘planadigan markaz vazifasini bajargan. Keyinchalik rabotlar choparlar yo‘lda to‘xtab otlarini almashtiradigan joy, ya’ni karvonsaroy mazmuniga ham ega bo‘lgan.

Mashhur turkolog Fuad Ko‘prulu (1890-1966)ning ta’kidlashicha, Shimoliy Afrikadagi barbarlar orasida rabotdan valiy o‘z muridlari bilan birga yashaydigan joy mazmuni anglashilgan. Islom olamida harbiy fath ruhiyati zaiflashganidan so‘ng, tasavvuf tariqatlari yuzaga kelib, jamiyat hayotida muhim o‘rin tuta boshlagach, rabot darvishlar zikr va ibodat bilan mashg‘ul bo‘lgan joy, ya’ni zoviya, takya, xonaqoh ma’nosini ifoda etgan. Ya’ni rabot harbiy fathlar emas, balki ma’naviy fathlar olib boruvchi so‘fiylar jamlangan joyga aylangan.

Fors tilidagi manbalarda “karbonsaroy” shaklida ham uchraydigan karvonsaroylar ilgari butun islom diyorida keng tarqalgan rabotlarning davomi hisoblanadi. Xususan, Saljuqiylar davriga oid solnoma, bitik va vaqf hujjatlarida karvonsaroy, xon so‘zlari o‘rnida rabot so‘zi ham qo‘llanilgan. Umuman olganda, karvonsaroylar musulmon mamlakatlarining chegaralarida harbiy maqsadlarni ko‘zlab qurilgan mustahkam qo‘rg‘onlardir. Islom olamining turli hududlaridan g‘ayrimusulmon o‘lkalarga qarshi fathlar uyushtirish maqsadida kelgan g‘oziylar chegaralardagi ushbu maskanlarda qo‘nim topishgan. Yotoqxona, yemakxona, ombor, masjid, hammom va otxonalarni qamrab olgan mazkur rabotlar chegaralarda mudofaa tizimi sifatida davom etgan. Devorlardagi kuzatuv minoralaridan olov bilan ishora berish orqali uzoq chegara hududlar orasida tezkor aloqa o‘rnatilgan va dushmanga qarshi chora-tadbir ko‘rilgan. Rabot sarf-xarajatlari davlat yoki boy savdogarlar ajratgan vaqf hisobidan qoplanar edi. Arab geograflari Movarounnahrning o‘zida o‘n minng rabot mavjud bo‘lganini qayd etishgan.

Saljuqiylar davriga kelib rabot deyarli xonaqoh so‘zi o‘rnida ishlatila boshlagan. Xususan, Misr, Suriya va Falastin hududlarida rabot so‘zi darvishlar zoviyasi (xonaqoh, takya), ya’ni yo‘lovchilar, kimsasi yo‘q shaxslar va hojilar tunaydigan musofirxona mazmunida qo‘llana boshlangan. Ayni paytda Movarounnahr va Eron hududlarida esa rabot so‘zi karvonsaroy mohiyatiga ega bo‘lgan.

Xulosa qilib aytganda, Saljuqiylar sulolasi hukmronligi davrida rabot tushunchasi harbiy fathlar olib borish maqsadida musulmon fotihlar to‘planadigan joy mazmunini yo‘qotib, Saljuqiylar saltanatining sharqiy hududlarida karvonsaroy ma’nosiga ko‘chgan. Ya’ni karvonsaroy va rabot so‘zlaridan bir xil mazmun anglashilgan. Saltanatning g‘arbiy hududlarida esa rabot atamasi xonaqoh, zoviya, takya kabi so‘fiylar to‘planadigan joy ma’nosida qo‘llanila boshlangan.

Rajapov Pirnazar Sardor oʻgʻli
“Islom tarixi va manbashunosligi
IRCICA” kafedrasi tadqiqotchisi
  

Oldingi materialSaljuqiylar davrida aniq va tabiiy fanlar sohasida amalga oshirilgan olamshumul kashfiyotlarKeyingi materialSULTON SANJAR MAQBARASI - SHARQ MEʼMORCHILIGINING BEBAHO DURDONASI