Mavzu: SALJUQIYLAR DAVRIDA ANIQ VA TABIIY FANLAR SOHASIDA AMALGA OSHIRILGAN OLAMSHUMUL KASHFIYOTLAR
Bugunimiz o‘tmishga aylanayotgani kabi o‘tmishda ham xuddi hozirgi davr singari kun, oy, yillar silsilasida ajdodlarimiz umrguzaronlik qilishgan. Har qaysi davrning o‘z buyuk shaxslari bo‘lganki, ular olamshumul kashfiyotlari bilan insoniyat tarixida iz qoldirishgan. Hayotdagi qaysi sohani olib qaramaylik, uning ilk asoslari qaysidir zamonda yaratilgan bo‘lib, asrlar osha takomillashgan va bugungi darajasiga yetgan. Buni biz Saljuqiylar sulolasi davrida ilm-fan sohasida amalga oshirilgan ixtiro va kashfiyotlar misolida ko‘rishimiz mumkin.
Saljuqiylar sulolasi davrida faoliyat olib borgan olimlarning aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha kashfiyotlarga qo‘shgan hissasi islom sivilizatsiyasi tarixida alohida ajralib turadi. Xususan, astronom va matematik Umar Xayyom arifmetik uchburchak va Binom formulasini g‘arb olimlari B.Paskal va I.Nyutondan 6 asr muqaddam fanga kiritgan. Bundan tashqari, Umar Xayyom mashhur astronomlar Abul-Muzaffar Isfizoriy, Ibn Najib Vositiylar bilan birga olib borgan ilmiy izlanishlaridan so‘ng hozirda butun dunyoda amalda bo‘lgan Grigoriy kalendaridan ham aniqroq hisob-kitoblarga asoslangan “Tarixi Jaloliy” nomli taqvimni ishlab chiqqan.
Yana bir astronom va matematik olim Abul-Muzaffar Isfizoriy esa zargarlik buyumlari tarkibidagi oltin va kumushning asl yoki qalbakiligini, boshqa metall aralashmalarning miqdorini aniqlaydigan gidrostatik tarozini ixtiro qilgan. Mazkur gidrostatik tarozi yana bir ulug‘ matematik olim Abdurahmon Xaziniy tomonidan yanada takomillashtirilgan. Shu bilan birga, Abdurahmon Xaziniy I.Nyutonga nisbat berilgan butun olam tortishish qonunini ilmiy jihatdan asoslab bergan hamda R.Bekondan 1 asr oldin konsentratsiyalashuv, ya’ni suvning katta qismi Yer shari markaziga to‘planishi nazariyasini ilgari surgan. Mashhur tabib Abulbarakot Bag‘dodiy ilon zahri vositasida moxov kasalligini muolaja qilish hamda katarakta (ko‘z ko‘rmay qolishi) kasalligini davolash yo‘lini topgan.
Xulosa qilib aytish mumkinki, bugungi kunda g‘arb olimlariga nisbat beriladigan ilm-fan sohasidagi ko‘plab ixtiro va kashfiyotlar, aslida, o‘rta asrlarda musulmon sharqi mutafakkirlari tomonidan amalga oshirilgan hamda bu davr tarixda Sharq Renessansi nomini olgan. Musulmon sharqida ilm-fan sohasida erishilgan yutuqlar keyinchalik Yevropa Renessansiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. G‘arb olimlari Sharq allomalari ilmiy merosini o‘zlashtirib, uni yanada takomillashtirishgan yangi bosqichga olib chiqishgan.
Rajapov Pirnazar
Sardor oʻgʻli
“Islom tarixi va manbashunosligi
IRCICA” kafedrasi tadqiqotchisi

