TARIXNI KELAJAKKA BOGʻLAGAN MAʼRIFAT QASRI
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
(2017–2026 yillar)
Toshkentning koʻhna Hazrati Imom majmuasi bagʻrida, ming yillik ilmu irfon anʼanalari va Yangi Oʻzbekistonning ulugʻvor maqsadlari tutashgan bir maskan qad rostladi. Uning 65 metr balandlikka koʻtarilgan moviy gumbazi poytaxt osmonida oddiy meʼmoriy belgi emas, xalqimizning ilmiy tafakkuri, milliy xotirasi va kelajakka ishonchining ulkan timsoli boʻlib porlaydi. Bu – Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi.
Markazga kirgan inson bir bino ichiga emas, uch ming yildan ziyod tarixning jonli olamiga qadam qoʻyadi. Qadimgi Xorazm, Soʻgʻd va Baqtriya madaniyatidan tortib, Birinchi va Ikkinchi Sharq Renessansigacha, XX asrning ogʻir sinovlaridan Yangi Oʻzbekistondagi maʼnaviy uygʻonishgacha boʻlgan ulkan davr yagona ilmiy konsepsiyada mujassam. Qurʼoni karim zali, nodir qoʻlyozmalar, arxeologik topilmalar, sanʼat asarlari, tarixiy xaritalar, multimedia installyatsiyalari va zamonaviy laboratoriyalar oʻtmishni faqat namoyish etmaydi – uni soʻzlatadi, anglatadi va bugun bilan muloqotga kiritadi.

2017 yili Prezident Shavkat Mirziyoyev qalbida tugʻilgan bu buyuk gʻoya toʻqqiz yil davomida izchillik, sabr, ulkan mehnat va teran tafakkur bilan roʻyobga chiqdi. Davlat rahbari markazni tashkil etish tashabbusini ilgari surish bilan cheklanmadi. Uning nomi, meʼmoriy shakli, muzey konsepsiyasi, ekspozitsiya boʻlimlari, bitiklari, xalqaro hamkorlik tizimi va yoshlar tarbiyasidagi vazifasigacha shaxsan eʼtibor qaratdi. Qurilish maydoniga qayta-qayta kelib, har bir bosqichni koʻzdan kechirdi, loyihaga yangi mazmun va maqsad baxsh etdi.
2026 yil 17 martda Markaz rasman ish boshladi. Oradan ikki yarim oy oʻtar-oʻtmas, uni ziyorat qilgan mahalliy va xorijiy mehmonlar soni yarim millionga yetdi. U “Dunyodagi eng yirik Islom sivilizatsiyasi muzeyi” sifatida Ginness rekordlari sahifasidan oʻrin oldi. Eng muhimi, Shavkat Mirziyoyevning milliy gʻoyasi jahon sivilizatsiyalar muloqotiga xizmat qiluvchi global intellektual platformaga aylandi.
Gʻoyaning tugʻilishi: 2017 yil 21 aprel
Markaz tarixi 2017 yil 21 aprelda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Toshkent shahri Olmazor tumaniga tashrifi chogʻida boshlandi. Davlat rahbari Hazrati Imom majmuasida Islom madaniyati markazini tashkil etish taklifini bildirdi. Bu taklif zamirida xalqimizning buyuk ilmiy merosini bir joyda toʻplash, chuqur oʻrganish va butun dunyoga namoyon etishdek ulkan maqsad bor edi.
Oʻsha paytda Oʻzbekiston zaminida yetishib chiqqan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abul Muin Nasafiy, Burhoniddin Margʻinoniy, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino va Mirzo Ulugʻbek kabi allomalarning merosi turli ilmiy muassasa, kutubxona va muzeylarda tarqoq holda saqlanardi. Xorijiy mamlakatlardagi fondlarda esa yurtimiz tarixiga doir minglab qoʻlyozma, hujjat va osori-atiqalar mavjud edi. Ularni yagona konsepsiya asosida oʻrganadigan, asraydigan va xalqqa yetkazadigan fundamental markazga ehtiyoj katta edi.
2017 yil 23 iyunda Prezidentning “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Oʻzbekistondagi Islom madaniyati markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Qaror bilan tashabbus huquqiy va tashkiliy asosga ega boʻldi. Akademiya, kutubxona, arxiv, qoʻlyozmalar fondi, ilmiy tadqiqot va muzey faoliyatini birlashtiradigan yangi muassasaning vazifalari belgilab berildi.
Biroq Shavkat Mirziyoyevning tafakkurida bu loyiha faqat islom madaniyati tarixi bilan cheklanmasligi kerak edi. 2017 yil 1 sentyabrda Hazrati Imom majmuasida loyiha bilan tanishar ekan, davlat rahbari uni “Islom madaniyati markazi” emas, “Islom sivilizatsiyasi markazi” deb atashni taklif qildi. “Madaniyat”dan “sivilizatsiya”ga oʻtish nomdagi oddiy oʻzgarish emasdi. Bu markaz qamrovini sanʼat va maʼnaviyatdan ilm-fan, davlatchilik, shaharsozlik, taʼlim, texnologiya, hunarmandchilik va insoniyat taraqqiyotining barcha jabhalariga kengaytirdi.

“Bu markaz bizning islom dini targʻibotidagi yuzimiz boʻladi”.
Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Bu fikr Markazning bosh mezonini belgiladi. U dunyoga islomni tor va biryoqlama tasavvurlar orqali emas, ilm, tinchlik, insonparvarlik, taraqqiyot va bagʻrikenglik sivilizatsiyasi sifatida koʻrsatishi kerak edi. Oʻzbekiston esa bu ezgu sivilizatsiyaning chetida turgan oʻlka emas, uning buyuk markazlaridan biri ekanini ashyoviy va ilmiy dalillar bilan namoyon etishi lozim edi.
BMT minbaridan yangragan tarixiy xabar
2017 yil 19 sentyabrda Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilayotganini butun dunyoga eʼlon qildi. Davlat rahbari muqaddas dinimiz ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrashga, ilm-maʼrifat yoʻliga daʼvat etishini taʼkidladi. Islomni zoʻravonlik va qon toʻkish bilan tenglashtirishga qarshi qatʼiy maʼrifiy pozitsiya bildirdi.
Bu chiqish Markaz gʻoyasini milliy loyihadan xalqaro tashabbus darajasiga koʻtardi. Oʻzbekiston birinchi bor jahon minbaridan diniy radikalizm va islomofobiyaga qarshi faqat siyosiy bayonot bilan emas, ulkan ilmiy-maʼrifiy institut bunyod etish orqali javob berayotganini namoyon qildi. Bunday yondashuv “jaholatga qarshi maʼrifat” tamoyilining eng yirik amaliy ifodasi edi. Markazning Hazrati Imom hududida qurilishi ham chuqur ramziy maʼnoga ega. Bu yer Toshkentning asrlar davomidagi diniy va ilmiy markazi, Qaffol Shoshiy xotirasi, Baroqxon madrasasi, Tillashayx masjidi va qadimiy Usmon Mushafi bilan bogʻliq tabarruk makondir. Yangi bino oʻtmishni bosib ketishi emas, uning yonida XXI asr maʼrifat qasri sifatida qad rostlashi lozim edi.

2018 yil: Ramazon hayitida qoʻyilgan tamal toshi
Loyiha uchun Hazrati Imom majmuasi yonidan qariyb oʻn gektar yer ajratildi. Meʼmorlar, tarixchilar, ulamolar va muhandislar ishtirokida loyiha ishlab chiqildi. 2018 yil 15 iyun – Ramazon hayiti kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaz poydevoriga ramziy tamal toshi qoʻydi.
Bu sana xalqimiz maʼnaviy hayotida tarixiy kun boʻlib qoldi. Ramazon hayitida qoʻyilgan tamal toshi gʻisht va betondan bunyod boʻladigan inshootgagina emas, milliy xotirani tiklash, ajdodlar merosini qayta kashf etish va yangi avlodni ilmga chorlash gʻoyasiga qoʻyilgan poydevor edi. Davlat rahbari duo va ezgu niyat bilan boshlangan ishning mazmuni ham muqaddas, natijasi ham uzoq asrlarga xizmat qilishi kerakligini taʼkidladi.
Markaz qadimiy oʻzbek meʼmorchiligi anʼanalariga tayangan, ammo zamonaviy muhandislik va muzey texnologiyalarini oʻzida mujassam etgan inshoot sifatida loyihalashtirildi. Toʻrt tomondan ochilgan ulkan peshtoqlar, markaziy gumbaz, mutanosib ravoqlar va milliy naqshlar uni Hazrati Imom muhiti bilan uygʻunlashtirdi. Shu bilan birga, binoning koʻlami va ichki imkoniyatlari unga zamonaviy xalqaro markaz vazifasini bajarish imkonini berdi.

Meʼmoriy gʻoya: osmonga koʻtarilgan milliy tafakkur
Yakuniy qiyofasida Markaz Hazrati Imom majmuasi hududidagi oʻn gektar maydonni egalladi. Uch qavatli binoning uzunligi 161 metr, eni 118 metr, umumiy foydalanish maydoni 42 ming kvadrat metrdan ziyod. Toʻrt asosiy peshtoqning balandligi 34 metr, markaziy gumbaz esa 65 metrga koʻtarilgan.
Moviy gumbaz azaliy osmon va tafakkurning cheksizligini ifoda etadi. Toʻrt tomondagi peshtoqlar Markazning butun dunyoga ochiqligini, ilm va madaniyatlar muloqotiga tayyorligini anglatadi. Tashqi ravoq va portallarga ilm-maʼrifat, tinchlik, insoniylik, odob va ota-onaga hurmat mazmunidagi oyat va hadislar bitilgan. Shu tariqa meʼmoriy bezak koʻzni quvontirish bilan cheklanmay, insonga maʼnaviy yoʻl koʻrsatadi. Shavkat Mirziyoyev meʼmoriy yechimga ham bevosita gʻoya va takliflar berdi. U odatiy, takroriy shakllardan voz kechish, milliy anʼanaga tayangan yangi dizayn topish, ishlatiladigan har bir naqsh va bitikni ilmiy hamda diniy jihatdan asoslash talabini qoʻydi. Natijada Markaz tarixiy binolarning nusxasi emas, ularning maʼnaviy tilini XXI asrda davom ettirgan mustaqil meʼmoriy asarga aylandi.
2019 yil: har bir naqsh tarixga muhrlanadi
2019 yil 20 noyabrda Prezident Shavkat Mirziyoyev qurilish maydoniga kelib, amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Bu davrda uch qavatli binoning asosiy hajmi qad rostlagan, toʻrt tomonda 34 metrli peshtoqlar qurilgan, markaziy gumbaz uchun tayyorgarlik ketardi. Davlat rahbari Markazning tashqi salobati bilan bir qatorda ichki maʼnosiga ham eng yuksak talabni qoʻydi.

“Bu markaz asrlar davomida xalqimizga xizmat qiladi, uning har bir naqshi tarixga muhrlanadi”.
Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Davlat rahbari odamlar bu yerda ham oʻqib ilm oladigan, ham qalban his qiladigan muhit yaratish zarurligini aytdi. Markaz muzey emas, bilim va hissiyot uygʻunlashgan makon boʻlishi kerak edi. Eksponat yonida uning tarixi, tarix ortida inson taqdiri, inson taqdiri ortida esa millat va sivilizatsiya rivoji namoyon boʻlishi lozim edi. Oʻsha bosqichda birinchi qavatda muzey omborlari, qoʻlyozma va osori-atiqalarni saqlash hamda restavratsiya qilish xonalari, nashriyot va kitob doʻkonlari, ikkinchi qavatda Usmon Mushafi, Islom sanʼati muzeyi va konferensiya zali, uchinchi qavatda esa yirik qoʻlyozmalar fondi, kutubxona, axborot-resurs markazi va ilmiy kafedralar boʻlishi rejalashtirildi. Keyingi yillarda bu konsepsiya yanada boyib, imkoniyatlar kengayib bordi.
Sinovli yillarda ham toʻxtamagan bunyodkorlik
2020–2021 yillar butun dunyo uchun ogʻir sinovlar davri boʻldi. Pandemiya qurilish, xalqaro hamkorlik va ilmiy aloqalarni qiyinlashtirdi. Shunga qaramay, Islom sivilizatsiyasi markazida ishlar toʻxtamadi. Bu izchillik loyihaning davlat va millat uchun qanchalik muhim ekanini koʻrsatdi. 2021 yil 16 iyulda Markaz faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilandi. Markaz va Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qadimiy yozma manbalarni markazlashgan holda saqlash, tadqiq etish va ularning holatini monitoring qilish boʻyicha masʼul davlat muassasalariga aylandi. Qadimiy yozma manbalar davlat reyestrini shakllantirish, qoʻlyozmalarni raqamlashtirish va restavrator kadrlarni tayyorlash tizimiga asos solindi.
Bu qaror Markazning asl kuchini belgiladi. U faqat tayyor eksponatlar qoʻyiladigan muzey emas, qoʻlyozmani topadigan, saqlaydigan, oʻqiydigan, tarjima qiladigan, raqamlashtiradigan va ilmiy muomalaga kiritadigan fundamental muassasa boʻlishi kerak edi. Shu tariqa bino qurilishi bilan bir vaqtda milliy manbashunoslik va restavratsiya maktabi ham rivojlantirildi.
2022 yil: maʼnaviy qudrat timsoli
2022 yil 8 aprelda Prezident Shavkat Mirziyoyev Markazga yana tashrif buyurdi. Bu paytda qurilish toʻrt yildan buyon davom etayotgan, asosiy bino qad rostlab, pardozlash ishlari olib borilayotgan edi. Davlat rahbari qadimiy madrasalarimizdagi iliq ranglar va meʼmoriy belgilardan foydalanish, darvozalar tepasiga tinchlik, ilm va odobga chorlovchi oyatlarni bitish boʻyicha tavsiyalar berdi. Muzeyning asosiy qavatida toʻqqiz yoʻnalishli ekspozitsiya rejalashtirildi. Markazdagi Qurʼoni karim zali atrofida “Islomdan avvalgi davrda Markaziy Osiyo”, “Islomning Markaziy Osiyoga yoyilishi”, “Taʼlim”, “Ilm-fan”, “Meʼmorchilik va shaharsozlik”, “Sanʼat va badiiy hunarmandchilik”, “Anʼanalar” hamda “Uchinchi Renessans – Yangi Oʻzbekiston” boʻlimlari joylashishi belgilandi. Konferensiya zali sigʻimi 550 kishigacha kengaytirildi.

“Bu markaz xalqimizning maʼnaviy va maʼrifiy qudrati timsoli boʻlib qoladi”.
Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Bu baho Markazning iqtisodiy yoki meʼmoriy oʻlchovlardan baland turgan mohiyatini ifodalaydi. Mamlakat qudrati faqat zavodlar, yoʻllar va zamonaviy shaharlarda emas, oʻz tarixini bilishi, olimlarini qadrlashi, qoʻlyozmalarini asrashi va bilimni kelajakka yetkazishida ham namoyon boʻladi. Markaz ana shu maʼnaviy qudratning koʻz bilan koʻriladigan, qalb bilan his etiladigan timsoliga aylandi.
2023–2024 yillar: jahon ilm ahlini birlashtirgan jarayon
2023 yili Markazning xalqaro hamkorlik doirasi kengaydi. Misr Milliy kutubxonasi va arxivi bilan oʻzaro anglashuv hujjatlari imzolandi. YUNESKO, AYSESKO, IRSIKA, Oksford islom tadqiqotlari markazi va boshqa nufuzli tashkilotlar bilan qoʻlyozmalar, muzeyshunoslik va ilmiy tadqiqotlar boʻyicha hamkorlik rivojlandi. Markazning muzey ekspozitsiyasini yaratish oddiy dizaynerlik ishi emas edi. Unda tarixchi, arxeolog, sharqshunos, islomshunos, sanʼatshunos, xattot, meʼmor, rejissyor, rassom, axborot texnologiyalari mutaxassisi va xorijiy ekspertlar birgalikda ishladi. Har bir davr va har bir alloma haqidagi maʼlumot birlamchi manbalar, ashyoviy dalil va zamonaviy ilmiy xulosa asosida taqdim qilinishi talab etildi.
2024 yil avgustda Toshkent va Samarqandda “Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi Renessans asosi” mavzusida VIII xalqaro kongress oʻtkazildi. Unda 35 davlatdan ikki yuzga yaqin xorijiy olim ishtirok etib, Markaz konsepsiyasi, ekspozitsiyalari va ilmiy dasturlariga doir takliflar berdi. Shu tariqa Markaz faqat Oʻzbekiston mutaxassislarining emas, jahon ilm ahlining hamkorlikdagi mehnati bilan boyidi.

2025 yil: tarixni soʻzlatgan yakuniy bosqich
2025 yil 29 yanvarda Prezident Shavkat Mirziyoyev qurilishning yakuniy bosqichi bilan tanishdi. Markazning besh yirik tarixiy yoʻnalishi – “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans”, “Ikkinchi Renessans”, “Oʻzbekiston XX asrda” va “Yangi Oʻzbekiston – yangi Renessans” konsepsiyalari koʻrib chiqildi.
Birinchi Renessans ekspozitsiyasida Xorazmiy, Fargʻoniy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va boshqa allomalarning insoniyat taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi yoritildi. Ikkinchi Renessans boʻlimida Amir Temur va temuriylar davridagi ilm, meʼmorlik, adabiyot va davlatchilik yuksalishi namoyon etildi. XX asr boʻlimi maʼrifatparvar jadidlar, qatagʻon va milliy xotira sinovlarini aks ettirdi. Yangi Oʻzbekiston qismi esa tarixiy merosning bugungi uygʻonishini koʻrsatdi.
Majmuada Bibixonim, Xonzodabegim, Gavharshodbegim, Gulbadanbegim, Nodirabegim, Uvaysiy va Anbar Otin kabi ayollarning ilm-maʼrifat homiyligi va ijodiy faoliyatiga ham munosib oʻrin berildi. Bu ekspozitsiya yosh qizlarga tarixdagi faol, bilimli va bunyodkor ayollar timsolini koʻrsatadi.

Prezident 2025 yilning oʻzida Markazga bir necha bor kelib, ekspozitsiyalarning mazmuni, axborot texnologiyalari, yoritish, tashrif yoʻnalishlari va har bir boʻlimning tarbiyaviy taʼsirigacha eʼtibor qaratdi. Davlat rahbarining loyihani shaxsan kuzatib borishi Markazni oddiy qurilish obʼyektidan milliy tafakkur megaloyihasiga aylantirdi.
Qurʼoni karim zali – majmuaning maʼnaviy qalbi
Markazning eng sharafli qismi 65 metrli gumbaz ostidagi Qurʼoni karim zalidir. Bu yerda dunyodagi eng qadimiy oltita Qurʼon qoʻlyozmasidan biri sifatida eʼtirof etiladigan Usmon Mushafi munosib oʻrin olgan. Uning atrofida turli asr va sulolalar davrida koʻchirilgan nodir Qurʼon nusxalari, eski turkiy tarjimalar va xattotlik namunalari jamlangan.
Usmon Mushafi Oʻzbekiston tarixida muqaddas kitobga boʻlgan ehtirom, qoʻlyozma madaniyati va asrlar davomidagi muhofaza anʼanasining timsolidir. Uni Markazga joylashtirish oddiy eksponat koʻchirish emas, majmuaning maʼnaviy markazini belgilash edi. Gumbaz ostidagi nur, zalning sokinligi va qoʻlyozmaning salobati insonni tarixning uzluksizligi haqida teran oʻyga soladi.
Qurʼon zali islom sivilizatsiyasining ilk amri “Oʻqi!” ekanini eslatadi. Qurʼon atrofida rivojlangan xattotlik, tafsir, tilshunoslik, fiqh, kalom va boshqa ilmlar inson tafakkurini yuksaltirgan. Shu bois Markazda muqaddas kitob muzey yodgorligi emas, ilm va axloqqa chorlovchi tirik manba sifatida namoyon boʻladi.

Dunyo boʻylab sochilgan merosni Vatanga qaytarish
Markaz ekspozitsiyasini shakllantirish jarayonida xorijiy auksion uylari, yirik kolleksionerlar va art-dilerlar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. 2025 yilning oʻzida 1,5 mingdan ortiq eksponat, jumladan, sakkiz yuzga yaqin qadimiy qoʻlyozma, arxeologik topilma va tarixiy xarita ekspozitsiyaga joylashtirildi. Xorijdan 743 ta eksponatning asl nusxasi Oʻzbekistonga keltirildi.
Bu raqamlar ortida minglab izlanishlar, muzokaralar va ilmiy ekspertizalar turadi. Har bir qoʻlyozma yoki osori-atiqa Vatan tarixining uzoq oʻlkalarga sochilib ketgan bir boʻlagidir. Uni topish, haqiqiyligini tekshirish, xarid yoki hamkorlik asosida yurtga qaytarish milliy xotiraning yoʻqolgan sahifasini tiklashga teng. Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaz qurilishi boshlanganida dunyoning qayerida boʻlmasin, tariximizga tegishli bir varaq qoʻlyozma yoki bitta eksponat boʻlsa ham topib, yurtimizga olib kelish vazifasini qoʻygan edi. Bu orzu 2025–2026 yillarda ulkan amaliy natijaga aylandi. Markaz dunyo boʻylab tarqalgan Oʻzbekiston merosini aniqlash va oʻrganishning milliy shtab-kvartirasiga aylanmoqda.
Xalqaro eʼtirof – Prezident gʻoyasiga berilgan baho
Markaz hali rasman ochilmasidanoq koʻplab davlat rahbarlari, xalqaro tashkilotlar rahnamolari va taniqli olimlar unga tashrif buyurdi. Fransiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, AQSh, Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya, Germaniya, Italiya, Malayziya, Saudiya Arabistoni, Hindiston va boshqa mamlakatlar mutaxassislari loyihalash, muzey texnologiyalari va ilmiy konsepsiyani yaratishda qatnashdi.
“Bu markaz Prezident Shavkat Mirziyoyevning qarashlari, orzusi va uzoq muddatli strategik tafakkurining mujassam ifodasidir”.
Salim bin Muhammad al-Malik, ICESCO bosh direktori
Bu eʼtirof Markazning Shavkat Mirziyoyev shaxsiy tashabbusi va strategik qarashlari bilan nechogʻlik chambarchas bogʻliq ekanini jahon miqyosida tasdiqlaydi. Davlat rahbari bino qurishni emas, sivilizatsion javob yaratishni maqsad qildi: zamonaviy tahdidlarga ilm, tarix va madaniyatlar muloqoti orqali javob beradigan institutni barpo etdi.
“Men bunga oʻxshash markazni avval hech qayerda koʻrmaganman”.
Aleksandr Vuchich, Serbiya Respublikasi Prezidenti

Bu kabi eʼtiroflar Markazning faqat musulmon mamlakatlari uchun emas, butun insoniyat madaniy merosi uchun ahamiyatli ekanini koʻrsatadi. Chunki uning ekspozitsiyalari islom sivilizatsiyasini boshqa madaniyatlarga qarshi qoʻymaydi, aksincha, fan, savdo, tarjima, sanʼat va diplomatiya orqali sivilizatsiyalar bir-birini boyitganini namoyon etadi.
2026 yil 17 mart: orzuning tantanali roʻyobi
Muqaddas Ramazon oyida, 2026 yil 17 mart kuni Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rasman ochildi. Marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev Markazning toʻqqiz yillik bunyodkorlik tarixini, ekspozitsiyalarni shakllantirishda ishtirok etgan olim, muhandis, quruvchi, muzeyshunos, xorijiy ekspert va homiylarning xizmatini alohida eʼtirof etdi.
Markazda Oʻzbekiston musulmonlari idorasining yangi qarorgohi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Bolalar muzeyi, Imom Buxoriy innovatsion muzeyi, kutubxona, qoʻlyozmalar fondi, raqamlashtirish va restavratsiya laboratoriyalari, xalqaro tashkilotlar ofislari hamda zamonaviy konferensiya maydonlari faoliyat boshladi.
“Markaz yoshlarimiz orasidan yangi Xorazmiylar, Beruniy va Ulugʻbeklar, Fargʻoniy va Ibn Sino yetishib chiqishi uchun mustahkam maʼnaviy maydon boʻlishi kerak”.
Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Bu soʻzlar Markazning eng oliy vazifasini belgilaydi. U buyuk ajdodlarni namoyish etish bilan cheklanmaydi, yangi buyuk avlodni tarbiyalashi kerak. Yosh inson bu yerdan “bobolarim buyuk boʻlgan” degan faxr bilangina emas, “men ham ilm oʻrganib, insoniyatga foyda keltirishim shart” degan masʼuliyat bilan chiqishi lozim.
Rekordlardan ham yuksak natija
Markaz ish boshlaganidan soʻng jamoatchilikning ulkan qiziqishi namoyon boʻldi. 2026 yil 1 iyun holatiga koʻra, tashrif buyuruvchilar soni yarim millionga yetdi. Kuniga oʻrtacha olti ming kishi Markaz ekspozitsiyalarini tomosha qildi. 150 dan ortiq xorijiy delegatsiya va ikki mingdan ziyod chet ellik mehmon qabul qilindi.
Markazda ilmiy va innovatsion yoʻnalishda 810 ta loyiha amalga oshirilib, ularga ikki mingga yaqin mahalliy va xorijiy olim jalb qilindi. Ekspozitsiyalarga interaktiv qurilmalar, multimedia vositalari va robot-gidlar joriy etildi. Bu texnologiyalar tarixni tomoshabinga yaqinlashtiradi, ammo ilmiy haqiqat oʻrnini bosmaydi, aksincha, uni tushunarli va taʼsirchan shaklda yetkazadi.
Markaz “Dunyodagi eng yirik Islom sivilizatsiyasi muzeyi” sifatida Ginness rekordlari kitobiga kiritildi. Bu eʼtirof uning maydoni va ekspozitsiya koʻlamini tasdiqlaydi. Lekin Markazning haqiqiy buyukligi kvadrat metr yoki eksponat sonida emas. Uning ulugʻligi xalqning parokanda xotirasini birlashtirish, yoshlarga oʻzligini anglatish va dunyoga islomning maʼrifiy qiyofasini koʻrsatishidadir.
2026 yil iyul: milliy markazdan global minbarga
Markazning tantanali ochilishi uning tarixidagi eng yuksak nuqta emas, yangi faoliyat davrining boshlanishi boʻldi. 2026 yil 7–11 iyul kunlari “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bagʻrikenglik va maʼrifat yoʻli” mavzusida Birinchi xalqaro islom forumi boʻlib oʻtdi. Unda qirq mamlakatdan uch yuzdan ziyod maʼruzachi, vazirlar, xalqaro va diniy tashkilotlar rahbarlari, olim va ekspertlar ishtirok etdi.
Forum doirasida Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy merosiga bagʻishlangan xalqaro konferensiyalar tashkil etildi. Islom sivilizatsiyasi merosining yagona global raqamli reyestri, xalqaro ensiklopediya va raqamli kutubxona yaratish, yosh tadqiqotchilar forumi, xalqaro mukofot va muzeylar ittifoqini taʼsis etish kabi tashabbuslar ilgari surildi.
Bu voqea 2017 yili BMT minbaridan aytilgan gʻoyaning toʻliq mantiqiy roʻyobi edi. Toʻqqiz yil avval Toshkentda bunyod etilishi eʼlon qilingan Markaz endi dunyo olimlarini birlashtirib, islom sivilizatsiyasining bugungi va kelajak kun tartibini muhokama qilayotgan global minbarga aylandi.
Yosh avlod uchun milliy gʻurur va tafakkur maktabi
Markazning Bolalar muzeyida tarix yoshga mos interaktiv usullar orqali tushuntiriladi. Bola qadimiy asboblarning ishlash tamoyilini koʻradi, allomalar kashfiyotlarini tajriba orqali anglaydi, meʼmoriy va xattotlik sanʼati bilan tanishadi. Shu tariqa muzeydagi sayohat zerikarli maʼlumot emas, kashfiyotga aylanadi.
Oʻsmir va talabalar uchun Markaz keng ilm maydonidir. Qoʻlyozmalar fondi, kutubxona, ilmiy markaz va laboratoriyalar tarix, islomshunoslik, filologiya, sanʼatshunoslik, arxeologiya, axborot texnologiyalari va muzeyshunoslik sohalarida yangi tadqiqotlarga yoʻl ochadi. Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi yuqori kurs talabalarining bu yerda tahsil olishi, amaliyot oʻtashi nazariyani bevosita manba va eksponat bilan bogʻlaydi.
Markaz yosh avlodni yot gʻoyalardan taqiq bilan emas, bilim bilan asraydi. Oʻz tarixini chuqur bilgan, islom sivilizatsiyasining ilm va bagʻrikenglikka qoʻshgan hissasini anglagan yosh radikal talqinlarga berilmaydi. U dinni nafrat va ajratish emas, axloq, tafakkur va bunyodkorlik manbai sifatida qabul qiladi.
Milliy oʻzlik va Uchinchi Renessans
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi milliy oʻzlikni anglashga xizmat qiluvchi ulkan oynadir. Unda xalqimiz oʻzining qadimiy davlatchiligi, ilmiy maktablari, meʼmorligi, adabiyoti, hunarmandchiligi va maʼnaviy jasoratini yaxlit holda koʻradi. Xorazmiyning algoritmi, Fargʻoniyning astronomiyasi, Beruniyning qomusiy tafakkuri, Ibn Sinoning tibbiyoti, Imom Buxoriyning hadis ilmi va Mirzo Ulugʻbekning rasadxonasi bir sivilizatsion zanjirning halqalari sifatida namoyon boʻladi.
Bu yaxlit manzara xalqimizning jahon sivilizatsiyasidagi oʻrnini ilmiy dalillar bilan koʻrsatadi. Milliy gʻurur afsona yoki balandparvoz daʼvoga emas, qoʻlyozma, kashfiyot, meʼmoriy yodgorlik va tarixiy hujjatga tayanadi. Ana shunday sogʻlom gʻurur yangi avlodni Uchinchi Renessans bunyodkori boʻlishga undaydi.
Shavkat Mirziyoyev uchun Uchinchi Renessans oʻtmishdagi yutuqlarni takrorlash emas, ularning ruhi: ilmga muhabbat, erkin tafakkur, ochiq muloqot va inson manfaatiga xizmat qilishni zamonaviy sharoitda davom ettirishdir. Markaz ana shu gʻoyani tarix, taʼlim va innovatsiya orqali birlashtiradi.

Prezidentning tarixiy hissasi
Islom sivilizatsiyasi markazining har bir bosqichi Shavkat Mirziyoyev nomi bilan bevosita bogʻliq. U 2017 yili gʻoyani ilgari surdi, qaror qabul qildi, Markaz nomini va qamrovini kengaytirdi, BMT minbaridan dunyoga eʼlon qildi. 2018 yili tamal toshi qoʻydi. 2019–2025 yillarda qurilish va ekspozitsiyalarni shaxsan kuzatib, meʼmoriy shakldan muzey mazmunigacha aniq tavsiyalar berdi. 2026 yili esa uni xalq va jahonga taqdim etdi. Prezidentning hissasi faqat tashabbuskor yoki davlat rahbari sifatidagi qarorlarda emas.
U Markazning falsafasini yaratdi: tarixni muzeyda muzlatib qoʻymasdan, faol ilmiy isteʼmolga kiritish, buyuk ajdodlar bilan faxrlanishni ularga munosib boʻlish masʼuliyatiga aylantirish, islomni dunyoga tinchlik va taraqqiyot sivilizatsiyasi sifatida koʻrsatish, sochilib ketgan merosni Vatanga qaytarish, yosh avlod uchun yangi buyuklik maydonini barpo etish.
Shu maʼnoda Markaz Shavkat Mirziyoyevning maʼnaviy davlatchilik konsepsiyasiga qoʻyilgan ulkan meʼmoriy yodgorlikdir. U iqtisodiy taraqqiyot bilan maʼnaviy yuksalish bir-biridan ajralmasligini, zamonaviy davlat oʻz tarixiy xotirasi va milliy oʻzligini asragandagina barqaror rivojlanishini namoyon etadi.
Abadiyatga daxldor tafakkur markazi
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining 2017–2026 yillardagi tarixi – gʻoyaning irodaga, irodaning bunyodkorlikka, bunyodkorlikning esa jahon miqyosidagi maʼrifat institutiga aylanish tarixidir. Bu yoʻlda minglab muhandis, quruvchi, olim, ulamo, restavrator, muzeyshunos, rassom, dizayner va xorijiy ekspert mehnat qildi. Ammo ularni yagona maqsad atrofida birlashtirgan kuch Prezident Shavkat Mirziyoyevning buyuk orzusi va qatʼiy siyosiy irodasi boʻldi.
Bugun 65 metrli gumbaz ostida Usmon Mushafi, nodir qoʻlyozmalar va xalqimizning ming yillik ilm durdonalari munosib oʻrin olgan. Oʻn gektarlik hududda qadimiy tarix, eng zamonaviy texnologiya va kelajak orzusi birlashgan. Millionlab tashrifchi bu yerga kelib, oʻz tarixini qayta kashf etmoqda. Dunyo olimlari esa Markaz minbaridan tinchlik, bagʻrikenglik va maʼrifat haqida soʻzlamoqda.
Markaz xalqimizga bir ulugʻ haqiqatni eslatadi: biz faqat buyuk tarixning vorislari emas, uni davom ettirishga masʼul avlodmiz. Ajdodlarimiz dunyoga ilm, axloq va taraqqiyot bergan boʻlsa, bugungi yoshlar ham yangi kashfiyot, yangi gʻoya va yangi madaniy yuksalish bilan insoniyatga xizmat qilishi kerak.
Hazrati Imom osmonida porlagan moviy gumbaz ana shu masʼuliyatning buyuk ramzidir. U oʻtmishning soʻnmas nurini bugunga olib kelib, kelajak sari yoʻl koʻrsatadi. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi milliy tariximizni Yangi Oʻzbekiston bilan bogʻlaydigan, inson va xalq qadrini ulugʻlaydigan, asrlar davomida el-yurtimiz va jahon ahliga beminnat xizmat qiladigan abadiyatga daxldor aql-tafakkur qasri boʻlib qolaveradi.
Abdulhamid Muxtorov,
O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi

