HOJI BO‘LISH OSON, HOJI BO‘LIB QOLISH QIYIN

Ulashish
TelegramFacebookX

HOJI BO‘LISH OSON, HOJI BO‘LIB QOLISH QIYIN

(Makkada o‘zbekistonlik ziyoratchilarga qilingan ma’ruzadan)

 

Bismillahir rohmanir rohim. Muhtaram aziz jamoati musulmonlar, hurmatli vatandoshlar, aka-ukalar, hoji otalar — Alloh taolo barchamizning ibodatlarimizni qabul qilsin.

Allohga shukur, azizlar, qaranglar, katta bir masjidda turib hoji ota desak masjidning yarimidan ko‘pi bizga qaraydi. Haj va umra qiluvchilar soni juda oshdi.

Kattalarimiz yaxshi biladilar: bir vaqtlar hajga borish juda qiyin edi. Odamlar hatto haj haqida o‘ylashga ham qiynalishar edi. Uzoqqa bormang, 30 yil oldingi vaqtlar haqida gapiryabman. O‘sha paytlarda ko‘p insonlar hajga borolmay, ko‘z yosh bilan bu dunyodan o‘tib ketganlar.

Avvallari hatto shunday holatlar bo‘lgan: hajga boruvchilar juda kam edi. Sobiq ittfoq davrida bizning yurtimizdan 10–12 kishi, ba’zan 3–5 kishi borar edi, xolos. Ulamolar, muftiylar va katta ustozlar ham juda mashaqqat bilan, uzoq yo‘llar orqali — avval Qohira orqali, misrliklarga ajratilgan yo‘llanmalar hisobidan, haj safariga chiqishardi. Bu juda og‘ir safar edi.

Qaytib kelganlar ham oddiy sovg‘a sifatida bir tasbeh yoki kichik bir esdalik olib kelishar edi. O‘sha tasbehlarning ichida Ka’baning rasmi tushirilgan kichik belgilar bo‘lardi. Odamlar ularni ko‘zlariga surtib, yig‘lab, Allohning uyini ziyorat qilgan insonlarga havas qilishardi.

Hatto shunday davrlar bo‘lgan: agar kimdir hajdan qaytsa, olib kelgan zamzam suvi ham juda oz miqdorda bo‘lardi. Uni katta idishlarga kamgina qo‘shib aralashtirib, tabarruk qilib olib ketganlar. O‘sha suvni ham ichmaganlar: uyga olib borib, farzandlariga men olamdan o’tsam shu suv bilan yuvinglar deb vasiyat qilganlar ham bo‘lgan.

Azizlar, bugun-chi? Bugungi kunda ahvol qanday? Yaqin yillarda hajga boruvchilar soni keskin ko‘paydi. Hozir har yili o‘n besh minglab yurtdoshimiz haj ibodatini ado etmoqda. Ilgari odamlar hojini ko‘rsa, ko‘zida yosh bilan: “Ey Alloh, bu inson Ka’batullohni ziyorat qilib keldi”, deb havas qilishardi. Hozir esa bu holat kengaydi, imkoniyatlar ko‘paydi.

Umra ibodati ham avvallari juda qiyin edi. Hozir esa keng imkoniyatlar yaratilgan, ko‘plab kompaniyalar ishlamoqda, yo‘llar ochilgan. Hatto hozir umra safarlari bo‘yicha dunyoda yetakchi davlatlar qatorida turibmiz. Ma’lumotlarga ko‘ra, bir yilda yurtimizdan 800 mingdan ortiq inson umra ziyoratiga kelibdi.

Azizlar, Allohning bu ne’matlariga shukr qilish kerak.

Umra va haj safarlarida uchrab turadigan ba’zi holatlar ham borki, bu haqda ko‘p gapirildi, lekin yana bir bor eslatmoqchiman.

Hozir ijtimoiy tarmoqlarda ba’zi odamlar ibodatini ko‘rsatish, rasmga olish va boshqalarga namoyish qilish bilan mashg‘ul bo‘lib qolishmoqda. Bu esa ibodatning ruhiga zarar yetkazadi. Aslida har bir amalimizda ixlos va taqvoni saqlashimiz zarur.

Kimdir velosipedda ketayotganini ko‘rsatdi, yana kimdir mashinada, yana boshqasi hatto onasini aravachaga o‘tirg‘izib olib ketayotganini namoyish qildi.

Azizlar, bir narsani yaxshi tushunib olishimiz kerak: haj — bu buyuk ibodat. Avvalo, bu ibodat faqat ixlos bilan, Alloh taolo uchun ado etilishi kerak. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:

“Kim Robbisiga yo‘liqishni umid qilsa, u holda solih amal qilsin va Robbisiga qilgan ibodatida hech kimni sherik qilmasin”. Ya’ni amal sof bo‘lsin, faqat Alloh uchun bo‘lsin. Shuning uchun haj va umra ibodatlarini “falonchi bordi, men ham borishim kerak” yoki “falonchi bordi, men bormasam bo‘lmaydi” degan niyat bilan qilish to‘g‘ri emas. Bu ibodat Alloh tomonidan belgilangan hukmga ko‘ra ado etiladi.

Alloh taolo Qur’oni karimda yana shunday deydi: “Alloh hech bir jonni uning toqatidan ortiq narsa bilan yuklamaydi”. Agar insonning moddiy imkoniyati bo‘lmasa, sog‘ligi yaxshi bo‘lmasa, unga haj farz bo‘lmaydi. Bunday holatda bu ibodatni bajarish majburiy emas. Lekin bu imkoniyat yo‘qligiga qaramay, “baribir, boraman” deb o‘zini qiynash ham shariatda maqsad qilinmagan.

Shuni ham bilib olish kerakki, piyoda, velosipedda yoki mashinada borish o‘z-o‘zidan savobni ko‘paytiradi degan qat’iy qoida yo‘q. Bu borada aniq bir afzallik belgilanmagan.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham, sahobalar ham o‘sha davrning eng qulay transporti bo‘lgan tuya va otlarda haj va boshqa safarlarga chiqqanlar. Piyoda yurish esa o‘z-o‘zidan savobni oshiradi degan alohida hukm yo‘q.

Hatto mazhab kitoblarimizda ham bu masala bayon qilingan. O‘sha davrlarda hozirgidek zamonaviy transport vositalari bo‘lmagan. Odamlar asosan tuya va otlarda safar qilganlar, ba’zi hollarda esa piyoda ham yurganlar.

Lekin ko‘plab ulamolar shuni ta’kidlaganlar: agar safar juda mashaqqatli bo‘lib, insonning xulqiga salbiy ta’sir qilsa, ortiqcha qiynalish maqsad qilinmaydi. “Al-Majma’ al-Anhur” kitobida ham shunga o‘xshash fikrlar keltirilgan: “Ulovda haj qilish piyoda haj qilishdan afzalroqdir”, deb aytilgan.

Demak, asosiy mezon mashaqqat emas, balki to‘g‘ri niyat va imkoniyatdir. Shuning uchun hozirgi zamonda ulamolar shuni aytmoqdalar: agar insonda transport imkoniyati bo‘lsa, ortiqcha qiynalib, “men, albatta, piyoda boraman” deyish shart emas.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda shunday voqea keltiriladi: bir kishi ikki kishining qo‘liga osilib olgan holda charchab, piyoda hajga ketayotgan edi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam uni ko‘rib: “Bu nima hol?” deb so‘radilar. Atrofdagilar: “U kishi piyoda hajga borishni o‘ziga nazr qilgan”, deb javob berishdi.

Shunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam uning bu ishini maqsadga muvofiq emas deb ko‘rsatganlar, ya’ni ibodatni o‘zini qiynash bilan emas, to‘g‘ri va oson yo‘l bilan ado etish kerakligini bildirganlar.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar: “Albatta, Alloh taolo bu insonni o‘zini azoblashdan behojat qildi. U o‘zini qiynash bilan Allohga yaqin bo‘lmaydi. Unga buyuringlar, u minib borsin”, dedilar. Ya’ni Alloh taolo bandani qiynashni emas, ixlos va to‘g‘ri amalni xohlaydi. Imom Abu Shayba rahimahulloh bu hadisni rivoyat qilganlar.

Demak, shariatimizda o‘zini qiynash bilan ibodat qilish maqsad emas. Alloh taolo bandani mashaqqatga solishni istamaydi. Azizlar, bugungi kunda ba’zi odamlar o‘zlarini ko‘rsatish uchun turli ishlar qilishadi: “men falon joydan piyoda bordim”, “fistonchiga yordam berdim”, “falon joyda xayriya qildim” deb ijtimoiy tarmoqlarda namoyish qilishadi. Holbuki, bu ibodatlarning asl maqsadi — savob va Alloh roziligini topishdir, odamlar oldida ko‘rinish emas. Bizning yurtimizda ham Allohga shukur, haj va umra safarlari uchun katta imkoniyatlar yaratilgan. Hozir bu manzillarga tez va qulay borib-kelish mumkin. Bu ham Allohning katta ne’matidir. Bugun 21-asr, biz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam davrida emas, balki zamonaviy imkoniyatlar davrida yashayapmiz. Har bir inson o‘ziga qulay vositalardan foydalanmoqda. Haj va umra qiluvchilar ko‘paygani tabiiy ravishda boshqalarda ham havas uyg‘otadi. Lekin musulmon kishi bu ibodatni faqat Alloh roziligi uchun bajarishi kerak. Men yana bir bor aytaman: hech kimni Baytullohga borishdan to‘xtatish niyatimiz yo‘q. Aksincha, kim Allohdan so‘rasa, Alloh taolo uni Baytullohga yetkazsin, deb duo qilamiz. Chunki bu har bir mo‘minning orzusidir. Lekin ibodatdan ko‘zlangan maqsad — savob olish. Asl maqsad savob bo‘lsa, inson doimo savobli amallarni tanlashi kerak. Ba’zilar velosipedda yoki boshqa yo‘llar bilan o‘zini ko‘rsatib, yordam berib ketishni maqsad qilishadi. Ammo bundan ham afzal va ko‘proq savobli ishlar bor. Ularni qilish kerak. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bir hadislari “Al-Mu’jam al-Kabir”, Ibn Abud-Dunyo “Qazaa al-Havaij” va Bayhaqiy rivoyatlarida keltirilgan. Ulamolar bu hadisni hasan yoki hasan lig‘ayrihi deb baholaganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Kim bir musulmon birodarining ehtiyojini qondirish uchun yo‘lga chiqsa, ya’ni unga yordam berish uchun qadam tashlasa, u kishi mening masjidimda bir oy e’tikof o‘tirgandan ham afzaldir”. Azizlar, qaranglar, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday buyuk savobni bayon qilmoqdalar. Bir oy masjidda ibodat qilib o‘tirishdan ko‘ra, birodarining ehtiyojini qondirishga yordam berish afzalroq ekan. Shuning uchun qo‘shnilarimizga, qarindoshlarimizga yordam beraylik. Kasal bo‘lsa ko‘mak beraylik, ehtiyoji bo‘lsa qo‘llab-quvvatlaylik, imkonimiz yetgan barcha yaxshilikni qilaylik. Agar Alloh uchun qilinsa, bunday amallar ulkan savobga sabab bo‘ladi. Shuning uchun Allohga shukr qilib, o‘zimizni ortiqcha ko‘rsatish, riyoga olib boradigan kabi ishlardan saqlanishimiz kerak. Har bir amalning asl maqsadi — savob va Alloh roziligi. Shuning uchun ehtiyot bo‘lishimiz, niyatlarimizni to‘g‘rilashimiz kerak. Alloh taolo va’da qilgan: “Agar Menga shukr qilsangiz, sizlarga ne’matlarimni ziyoda qilaman”. Demakki, shukr qilaylik, Allohning bergan ne’matlariga rozi bo‘laylik. Alloh bizga tinchlik, ofiyat bersin. Haj va umra ibodatlarini ado etishni barcha mo‘min-musulmonga nasib qilsin. Bu ibodatlarni yengillik va imkoniyatlar bilan, oilamiz, yaqinlarimiz va atrofimizdagi insonlar bilan birga, ixlos ila ado etishni Alloh taolo barchamizga nasib etsin. Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuh.

 

Shayx Nuriddin hoji Xoliqnazar,

O‘zbekiston musul,omlari idorasi raisi, muftiy

Keyingi material“AL-MUSTASFO” ASARIDAGI IJTIMOIY MASALALAR YECHIMI