ABU HAFS NASAFIYNING ER VA XOTINNING O‘ZARO HUQUQLARI BORASIDAGI QARASHLARI

ABU HAFS NASAFIYNING ER VA XOTINNING O‘ZARO HUQUQLARI BORASIDAGI QARASHLARI

Ulashish
TelegramFacebookX

Islom ta’limotida er va ayol o‘rtasidagi munosabatlar raqobat emas, balki o‘zaro totuvlik va hamjihatlik asosida shakllanishi ta’kidlanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: “Ular sizlar uchun libos, sizlar ular uchun libosdirsiz” (Baqara surasi, 187-oyat).

Mazkur oyatda er-xotin bir-biriga libos kabi yaqin, himoya qiluvchi, kamchiliklarini yashirib, fazilatlarini ko‘rsatuvchi hamda o‘zaro mehr, hurmat va sadoqat orqali totuv yashashlariga targ‘ib bor.

Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ham ayollarga nisbatan katta ehtirom bilan munosabatda bo‘lganlar va “Sizlarning eng yaxshilaringiz o‘z ahli (oilasi)ga yaxshi munosabatda bo‘lganlaringizdir. Men sizlarning ichingizda ahli uchun eng yaxshirog‘ingizman”, deya ta’kidlaganlar.

Jamiyatda oila parokandaligining sabablaridan biri ham aynan er-xotinning o‘zaro huquqlarini bilmasligi yoki ularga amal qilmasligidir.  Buyuk ajdodimiz Abu Hafs Nasafiy “al-Akmalu-l-akmal” asarida shunday yozgan: “Alloh taoloning Ayollar uchun (belgilangan huquqlar) o‘z me’yorida erkaklar (huquqi) bilan tengdir, degan kalomi ulardan har birining boshqasi zimmasida haqlari borligini anglatadi. Er-xotinlikdan ko‘zlangan maqsad bir-birlarining haqlariga rioya qilgandagina hosil bo‘ladi. Er rahbar bo‘lib, ayolining huquqlariga rioya qilishi, haq va manfaatlarini himoya qilishi kerak. Xotin esa ma’mur bo‘lib, eriga itoat etsa, maqsadga muvofiqdir”.

Abu Hafs Nasafiy ushbu oyatni tafsir qilish asnosida er va ayolning o‘zaro huquq va burchlarini yodga solib, ular o‘rtasidagi munosabat adolat va muvozanatga asoslanishi lozimligini ta’kidlaydi. Shuningdek, oilaning mustahkam va bardavom bo‘lishi er va xotinning o‘z zimmasidagi vazifalarni sidqidildan ado etishiga bevosita bog‘liq ekanini uqtiradi.

Demak, ajdodlar me’rosini o‘rganish, ular yozib qoldirgan bebaho asarlarni tadqiq va tatbiq qilish yosh avlodning bilimli, zakovatli va axloqli bo‘lib tarbiya topishida katta ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, o‘zlikni anglash, jamiyatda sog‘lom e’tiqodni shakllantirish, turli xil muammolarning oldini olish hamda oila mustahkamligini ta’minlash uchun ham qadriyatlarga sodiq holda yozilgan asarlarning o‘rni beqiyosdir.

Yangiboyev Adhambek Esanovich

“Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini

o‘rganish ICESCO” kafedrasi tadqiqotchisi

Oldingi material“AL-AKMALU-L-ATVAL” ASARIDA HADISLAR QUR’ON OYATLARINI TO‘G‘RI ANGLASH VOSITASI EKANIKeyingi materialHOJI BO‘LISH OSON, HOJI BO‘LIB QOLISH QIYIN