Qur’oni karim oyatlarini tafsir qilishdagi asosiy manbalardan biri Rasululloh (s.a.v.)dan vorid bo‘lgan rivoyatlar hisoblanadi. Chunki Payg‘ambar (s.a.v.) Qur’on nozil bo‘lish jarayonida uni sahobalarga yetkazish bilan birga, uning ma’no va maqsadlarini tushuntirib berganlar.
Bugungi globallashgan davrda, turli nomlar ostida faoliyat yuritayotgan toifalar bo‘lib, ulardan biri “Qur’oniylar” jamoasi hisoblanadi. Ular bizga Qur’oni karim kifoya qiladi, hadislarning ko‘pi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, deb musulmonlarni sunnatdan yuz o‘girishga va Rasululloh (s.a.v.)ga ergashmaslikka chaqirmoqdalar. Buyuk ajdodimiz Abu Hafs Nasafiy hadislarni Qur’on oyatlarini bayon qiluvchi asosiy manbalardan biri sifatida e’tirof etgan. Alloma mazkur masalaning ahamiyatini hisobga olgan holda, “al-Akmalu-l-atval” asarining muqaddimasida “Kitobni sunnat bilan bayon qilish va bu borada vorid bo‘lgan dalillar haqidagi bob” nomli alohida bo‘lim ajratgan. Ushbu bo‘limda Rasululloh (s.a.v.)ning Qur’oni karimni bayon qilib beruvchi zot ekanligi, mo‘minlarning uchun u zotga ergashishi zarurligini asoslaydigan dalillar keltirgan. Xususan, u Alloh taoloning: “Sizga esa odamlarga nozil qilingan (ma’lumotlar)ni bayon (tafsir) qilib berishingiz uchun va tafakkur qilsinlar, deb bu zikrni (Qur’onni) nozil qildik” (Nahl surasi, 44-oyat) degan mazmundagi oyatni zikr qilgan. Bundan tashqari Rasululloh (s.a.v.)dan rivoyat qilingan: “Ogoh bo‘ling, menga Kitob (Qur’on) va uning o‘xshashi berildi”, mazmunidagi hadisni keltirib shunday degan: “Xattobiy aytadi: “U zotning “menga Kitob va uning o‘xshashi berildi”, degan hadisini ikki xil ta’vil qilish mumkin: Birinchisi, tilovat qilayotganimiz (Qur’on)ning mislicha tilovati yo‘q botiniy (Qur’on) ham vahiy qilingan, deganidir. Ikkinchisi, tilovat qilayotganimiz Kitob vahiy qilindi va uning mislicha uning bayoni ham berildi. Ya’ni, u zotga Kitobdagi narsani bayon qilib berish, umumlashtirish, xoslash, ziyoda qilish, unda zikr qilinmagan hukmlar chiqarish uchun izn berildi, deganidir. Demak, hadislarni ham Qur’onning tilovati kabi lozim tutish, ya’ni unga amal qilish vojib bo‘ladi”.
Demak, biz ajdodlarimiz qoldirgan boy ilmiy-ma’naviy merosni o‘rganish orqali islomning sof g‘oyalarini anglaymiz, ularni milliy qadriyatlarimiz bilan uyg‘un holda hayotimizga tatbiq etamiz. Aynan shu yondashuv jamiyat taraqqiyoti hamda ma’naviy yuksalishiga mustahkam zamin yaratadi.
Yangiboyev Adhambek Esanovich
“Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini
o‘rganish ICESCO” kafedrasi tadqiqotchisi

