Hadis ilmining muborak maskani yohud Prezident tashabbusi bilan tiklangan meros

Hadis ilmining muborak maskani yohud Prezident tashabbusi bilan tiklangan meros

Ulashish
TelegramFacebookX

Qadr topgan qadamjolar:

Yangi Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan obod etilgan muqaddas ziyoratgohlar va maʼrifat maskanlari.

Hadis ilmining muborak maskani yohud Prezident tashabbusi bilan tiklangan meros (2016–2017 yillar).

Surxon vohasining kengliklari bagʻrida, Sherobod tumanidagi qadimiy Bugʻ qishlogʻida bir tabarruk manzil bor. Bu yerga qadam qoʻygan inson, avvalo, sukutni his qiladi. Ammo bu oddiy sukut emas. Uning zamirida oʻn ikki asrlik tarix, ilm yoʻlida kechgan mashaqqatli umr va millionlab insonlar qalbiga yoʻl topgan hadislarning maʼnaviy sadosi mujassam. Bu buyuk muhaddis, islom olamida yuksak ehtirom bilan tilga olinadigan Imom Abu Iso Muhammad at-Termiziy mangu qoʻnim topgan muqaddas maskandir.

Ziyoratgohning bugungi obod va salobatli qiyofasi oʻz-oʻzidan paydo boʻlgan emas. Uning zamirida Prezident Shavkat Mirziyoyevning buyuk ajdodlar merosini xalqqa qaytarish, tarixiy xotirani tiklash va muqaddas qadamjolarni allomalarning jahon tamaddunidagi mavqeiga munosib maskanlarga aylantirish borasidagi qatʼiy siyosiy irodasi mujassam. Imom Termiziy ziyoratgohining 2016–2017 yillarda yangidan obod qilinishi ushbu keng qamrovli maʼnaviy-maʼrifiy siyosatning dastlabki va eng yorqin amaliy natijalaridan biri boʻldi.

Qadimda Samarqand va Buxoroni Balx kabi yirik ilm markazlari bilan bogʻlagan Termiz nafaqat savdo yoʻllari, balki gʻoyalar, kitoblar va ilmiy anʼanalar tutashgan shahar edi. Ana shu muhit koʻplab muhaddis, faqih va mutafakkirlarni kamolga yetkazdi. Ular orasida Imom Abu Iso Muhammad at-Termiziyning nomi alohida ulugʻvorlik bilan yangraydi.

Allomaning toʻliq ismi – Abu Iso Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn Zahhok as-Sulamiy al-Bugʻiy at-Termiziy. “Termiziy” nisbasi uning Termiz zaminiga mansubligini, “Bugʻiy” nisbasi esa Termiz yaqinidagi Bugʻ qishlogʻi bilan bogʻliqligini anglatadi. Manbalarda uning bobosi Marvdan Termizga koʻchib kelgani qayd etiladi. Umrining oxirida koʻzi ojiz boʻlib qolgani sababli alloma “ad-Darir” – “koʻzi ojiz” nomi bilan ham zikr qilingan.

Imom Termiziy 824 yili Termiz yaqinidagi Bugʻ qishlogʻida tavallud topdi. Dastlabki taʼlimni ona yurtida olgan zukko oʻgʻlonning hadis ilmiga qiziqishi erta uygʻondi. Kuchli xotira, oʻtkir zehn va eshitganini aniq saqlab qolish qobiliyati uni tengdoshlaridan ajratib turar edi. Biroq tabiiy isteʼdodning oʻzi bilan kifoyalanmagan alloma ilm talabida uzoq va mashaqqatli safarlarga otlandi.

U Movarounnahr, Xuroson, Iroq va Hijozning yirik ilm markazlarida boʻlib, Samarqand, Buxoro, Marv, Nishopur, Ray, Bagʻdod, Kufa, Basra, Makka va Madina ulamolaridan taʼlim oldi. Umrining qariyb oʻn besh yilini ilm talabida safarlarda oʻtkazib, hadislarni bevosita roviylardan eshitdi, yozib oldi, qiyosladi va tekshirdi. U qayerda boʻlmasin, har bir rivoyatga ilmiy omonat sifatida munosabatda boʻldi.

Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Qutayba ibn Said, Mahmud ibn Gʻaylon, Muhammad ibn Bashshor va Ali ibn Hujr kabi zabardast muhaddislar uning ustozlari edi. Ayniqsa, Imom Buxoriy bilan kechgan ilmiy muloqotlar Imom Termiziyning hadis matni, sanadi, roviylar ishonchliligi va rivoyatlardagi nozik illatlarni anglash mahoratini yanada yuksaltirdi.

“Sen mendan bahra topganingdan koʻra, men sendan koʻproq bahra topdim”. Imom Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy, Buyuk muhaddis, Imom Termiziyning ustozi

Ustozning shogirdiga bergan bu bahosi Imom Termiziyning oddiy roviy emas, ilmiy muloqotda oʻz soʻzi, kuzatuvi va tahlili bilan ustozini ham taʼsirlantira olgan yetuk muhaddis boʻlganini koʻrsatadi. Imom Termiziyning buyukligi hadislarni koʻp toʻplaganidagina emas, ularni aniq mezonlar asosida saralagani, rivoyat darajalarini koʻrsatgani va turli fiqhiy qarashlarni bir asar doirasida qiyosiy bayon etganida namoyon boʻladi.

Allomaning “Al-Jomiʼ” asari “Sunani Termiziy” nomi bilan ham mashhur boʻlib, ahli sunna eʼtirof etgan olti moʻtabar hadis toʻplamidan biridir. Asarning qimmati faqat minglab hadislarni jamlaganida emas. Muallif rivoyatlarning sahih, hasan yoki zaif ekanini, roviylar holati va hadisdan kelib chiqadigan fiqhiy xulosalarni ham bayon qilib, hadisshunoslik bilan islom huquqshunosligi oʻrtasida mustahkam ilmiy koʻprik yaratdi.

“Imom Termiziy hadislar toʻplami bilan mashhur, bu asar sunniylar tomonidan umumeʼtirof etilgan olti kitobdan biridir”. Jeyms Robson, Britaniyalik hadis tadqiqotchisi, Manchester universitetining arab tili boʻyicha professori

“Ash-Shamoil an-nabaviyya” esa Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning tashqi koʻrinishlari, odob-axloqlari, turmush tarzlari va insoniy fazilatlarini yorituvchi toʻrt yuzga yaqin hadisni qamrab olgan benazir manbadir. Uning ravon uslubi va inson qalbiga yaqin mazmuni asarni asrlar davomida ulamolar, tadqiqotchilar va oddiy kitobxonlar uchun sevimli qoʻllanma va ishonchli manbaga aylantirdi. Unga koʻplab sharhlar yozildi, asar dunyoning turli tillariga tarjima qilindi.

Allomaning qalamiga mansub yoki uning nomi bilan bogʻliq asarlar qatorida “Al-Ilal al-kabir”, “Al-Ilal as-sagʻir”, “Kitob az-zuhd”, “Kitob al-asmo va-l-kuno” va tarixga oid risolalar ham tilga olinadi. Bu meros allomaning asosiy ilmiy yoʻnalishi hadis, uning roviylari, illatlari, axloqiy va fiqhiy mazmuni boʻlganini koʻrsatadi.

Ilm safarlaridan soʻng yurtiga qaytgan alloma ijod, taʼlim va shogirdlar tarbiyasi bilan mashgʻul boʻldi. Makhul ibn al-Fazl, Hammod ibn Shokir, Abd ibn Muhammad Nasafiy, Haysam ibn Kulayb Shoshiy va Ahmad ibn Yusuf Nasafiy kabi muhaddislar uning ilmiy maktabini davom ettirdilar. Imom Termiziy 892 yili Bugʻ qishlogʻida vafot etdi va shu yerga dafn qilindi. Ammo uning ilmga sadoqat bilan kechgan umri “Al-Jomiʼ” va “Ash-Shamoil an-nabaviyya” sahifalarida yashashda davom etdi.

XI–XII asrlarda alloma qabri ustida maqbara barpo etildi. Asrlar davomida turli davrlarning meʼmoriy izlarini oʻzida mujassam etgan bu inshoot ziyorat va ehtirom manzili boʻlib keldi. Maqbara 1990, 1996 hamda 2000–2001 yillarda ham taʼmirlangan. Biroq vaqt oʻtishi, ziyoratchilar oqimining ortishi va zamonaviy infratuzilmaga boʻlgan ehtiyoj bu yerda alohida binolarni taʼmirlashdan koʻra kengroq, yaxlit va uzoqni koʻzlagan qamrovli yondashuvni talab etar edi.

2016–2017 yillar Imom Termiziy ziyoratgohi tarixida tub burilish yasadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu qadamjoni allomaning islom olamidagi yuksak maqomiga munosib tarzda qayta obod qilish tashabbusini ilgari surdi. Davlat rahbari uchun bu ish faqat maqbarani taʼmirlashdan iborat emas edi. Tarixiy obidani asrash, ziyoratchilar uchun munosib sharoit yaratish, hudud infratuzilmasini yaxshilash, Imom Termiziy merosini ilmiy oʻrganish va uni jahonga targʻib etish yagona maqsadning oʻzaro bogʻliq qismlariga aylandi.

Prezidentning bu boradagi munosib hissasi, avvalo, tarixiy xotiraga davlat siyosati darajasida munosabat bildirilganida koʻrinadi. Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mahalliy ahamiyatdagi ziyorat manzili umummilliy maʼnaviy xotira, xalqaro ziyorat turizmi va ilmiy-maʼrifiy muloqot maskani sifatida qayta shakllandi. Bu yondashuvda ajdodga ehtirom shunchaki oʻtmishni yodga olish emas, balki uning ilmiy jasoratini bugungi avlod tarbiyasiga xizmat qildirish vositasiga aylandi.

Qisqa muddat ichida ziyoratgohda keng koʻlamli qurilish, taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Imom Termiziy maqbarasi qayta taʼmirlanib, maqbara yonida qoʻshimcha ziyorat joyi barpo etildi. 450 nafar namozxonga moʻljallangan masjid, zamonaviy tahoratxona va oshxona qurildi. Beshta sharqona ayvon hamda milliy meʼmorchilik anʼanalari asosida ishlangan uchta darvoza majmuaga alohida fayz va salobat bagʻishladi.

Asosiy bunyodkorlik ishlari 2017 yili yakunlandi. Bu inshootlarning har biri amaliy ehtiyojdan kelib chiqqan edi. Masjid ziyoratchilarning ibodatini xotirjam ado etishiga, tahoratxona poklik va qulaylikni taʼminlashga, oshxona uzoq yoʻl bosib kelgan mehmonlarga xizmat koʻrsatishga moʻljallandi. Ayvonlar Surxon vohasining issiq iqlimida ziyoratchilarga salqin va osoyishta dam olish imkonini berdi. Darvozalar esa majmuaning shunchaki kirish qismi emas, balki dunyoviy shovqindan maʼnaviy sukut va tafakkur makoniga oʻtish ramziga aylandi.

Shu tariqa ilgari asosan maqbara atrofida shakllangan ziyorat manzili yaxlit meʼmoriy va maʼnaviy majmua qiyofasini oldi. Eng muhimi, obodonlashtirish jarayonida tarixiy merosni zamonaviy qulayliklar bilan uygʻunlashtirishga erishildi. Yangi binolar qadimiy maqbaraning salobatini soyada qoldirmadi, aksincha, uning atrofidagi muhitni tartibga solib, alloma xotirasiga munosib yaxlit fazo yaratdi.

“Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻz xalqining madaniy ildizlariga yangi hayot bagʻishladi va uni ulkan shiddat bilan qoʻllab-quvvatlamoqda”. Yahyo Serjio Pallavichini, Yevropa musulmon yetakchilari kengashi raisi, Italiya Islom diniy jamoasi – COREIS vitse-prezidenti

Bu xalqaro eʼtirof Imom Termiziy ziyoratgohida amalga oshirilgan ishlar mazmunini aniq ifodalaydi. Gap faqat bir meʼmoriy obidani qayta taʼmirlash haqida emas, balki xalqning oʻz ildizlari bilan uzviy aloqasini tiklash, buyuk allomalar merosini jonli maʼrifat manbaiga aylantirish haqida bormoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning tarixiy xizmati ham aynan shunda: u obidani asrash bilan merosni oʻrganishni, ziyorat bilan tafakkurni, milliy iftixor bilan xalqaro muloqotni bir butun jarayonga aylantirdi.

Ziyoratgohni obod qilishning maʼnosi faqat yangi binolar qurish bilan oʻlchanmaydi. Tarixiy qadamjoni tiklash millat xotirasining uzilgan rishtalarini qayta bogʻlash demakdir. Qadamjo obod etilsa, tarix yana xalq hayotiga qaytadi, allomaning nomi kitob sahifalaridan chiqib, yosh avlod uchun tirik ibratga aylanadi. Bu yerga kelgan yigit-qizlar Imom Termiziyning maqbarasini ziyorat qilish bilangina cheklanmay, uning ilm yoʻlida qanday mashaqqatlarni yengib oʻtgani, hadislarni saralashda qanday halollik va masʼuliyat koʻrsatgani haqida oʻylaydi.

Ushbu siyosatning mantiqiy davomi sifatida 2017 yil 14 fevralda Prezidentning “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Bu bilan alloma merosini ulugʻlashning ikki muhim tayanchi shakllandi: Sheroboddagi ziyoratgoh – xotira, ehtirom va ziyorat maskani boʻlsa, Termiz shahridagi xalqaro markaz – tadqiqot, tarjima va targʻibot dargohiga aylandi. Bir tomonda allomaning mangu oromgohi obod etildi, ikkinchi tomonda uning asarlarini ilmiy asosda oʻrganish uchun mustahkam institutsional zamin yaratildi.

Prezidentning munosib hissasi aynan shu yerda yanada yaqqol namoyon boʻladi: meʼmoriy obodlik ilmiy muassasa bilan mustahkamlandi. Agar ziyoratgoh alloma xotirasiga ehtiromni ifodalasa, xalqaro markaz uning tafakkurini bugungi va kelajak avlodlarga yetkazadigan doimiy ilmiy maktab vazifasini bajara boshladi. “Sunani Termiziy” va “Ash-Shamoil an-nabaviyya” asarlarini tadqiq va tarjima qilish, qoʻlyozmalarni oʻrganish, xalqaro anjumanlar oʻtkazish va xorijiy ilmiy muassasalar bilan hamkorlikni kengaytirishga yoʻl ochildi.

“Imom Termiziy hadisshunoslik maktabi va keyingi avlodlar orasida ezgu nom sohibidir”. Ahmad Bensagʻir, Jazoirning Lagʻuat shahridagi Islom ilmlari va sivilizatsiyasini tadqiq qilish markazi direktori, professor

“Allomalar asarlarini oʻrganishning oʻzi yetarli emas, ular yashagan zaminning geografiyasi va tarixini ham oʻz yurtida kashf etish muhim”. Abdurrazzoq Idris Bergia, Italiya Islom diniy jamoasi – COREIS bosh kotibi

Xorijiy olim va diniy arboblarning bu eʼtiroflari ziyoratgohning xalqaro ahamiyatini ochib beradi. Imom Termiziy merosini anglash uchun uning kitoblarini oʻqish bilan birga, alloma tugʻilgan va mangu qoʻnim topgan zaminni koʻrish, Termizning tarixiy muhitini his qilish ham muhim. Shu maʼnoda Sheroboddagi obod majmua kitob bilan makonni, ilmiy maʼlumot bilan jonli taassurotni birlashtiruvchi maʼnaviy dargohdir.

Bugun Imom Termiziy majmuasi Surxondaryoning eng muhim ziyorat manzillaridan biriga aylangan. U mahalliy ziyoratchilarnigina emas, buyuk muhaddis merosiga qiziqqan xorijiy mehmonlarni ham oʻziga chorlaydi. Majmuada yaratilgan sharoitlar ziyorat turizmini rivojlantirish, hududning xalqaro nufuzini oshirish va xizmat koʻrsatish sohalarini kengaytirishga xizmat qilmoqda. Ammo bu maskanning eng katta qiymati iqtisodiy koʻrsatkichlarda emas. Uning asl qudrati insonni ilm, halollik, kamtarlik va maʼnaviy poklik haqida oʻylashga undashidadir.

Sheroboddagi ushbu obod maskanga qarab, bir haqiqatni anglash mumkin: tarixni asrash – oʻtmishga qaytish emas, balki kelajakka mustahkam maʼnaviy poydevor bilan borish. Imom Termiziy ziyoratgohida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari ham bir maqbaraning qayta taʼmirlanishi bilan cheklanmadi. U xalqimizning buyuk ajdodlariga boʻlgan ehtiromini, ilm va maʼrifatga tayangan taraqqiyot yoʻlini hamda milliy merosni jahonga munosib tarzda namoyon etish irodasini ifoda etdi.

Shu maʼnoda Imom Termiziy ziyoratgohi – obod qilingan tarixiy qadamjogina emas. U asrlarni asrlarga bogʻlagan maʼnaviy koʻprik, hadis ilmining soʻnmas ziyosi va Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Yangi Oʻzbekistonda ajdodlar merosiga koʻrsatilayotgan yuksak ehtiromning yorqin timsolidir. 

Muallif Abduhamid Muxtorov

Oldingi materialHUNAR VA HIDOYAT MASKANIKeyingi materialYANGI O'ZBEKISTON - MA'RIFATLI JAMIYAT