YAXSHI DO’ST KERAKMI, KITOB O’QING!

Har birimiz hayotimiz davomida do’stlarga ehtiyoj sezamiz. Kim bilandir suhbatlashish, fikr almashish, ularning so’zlaridan ko’p ma’nolar olish bilan hayotimizga mazmun beramiz. 

Biroq, hayotda shunday do’st borki, u Amir Temurning ta’biri bilan aytganda: “Barcha bunyodkorlik, yaratuvchilik va aql-idrokning, ilmu donishning asosidir. Hayotni o’rgatuvchi murabbiydir”. Bu sadoqatli, ishonchli hamroh – Kitobdir.

Bugungi axborot asrining ilg’or texnologiyalarisiz kunlarimizni tasavvur qilolmamasak-da, tengdoshlarimiz orasida kitobga oshno bo’lgan yoshlarning borligi quvonarli holdir. Ko’cha ko’yda, transportlarda qo’llarida kitob tutgan insonlarni ko’rib quvonamiz.

Afsuski, ba’zan yoshlar orasida qimmatli vaqtini behuda ishlarga, xususan, haddan tashqari ko’p kompьyuter va qo’l telefoni o’yinlarini o’ynash, mazmunsiz filьmlarni ko’rishga sarflashlari to’g’ri emas. Buning o’rniga, o’qishdan tashqari o’tadigan vaqtini samarali ishlar uchun rejalashtirishi maqsadga muvofiqdir. Ayniqsa, kunning ma’lum qismlarini foydali kitob mutolaasi uchun ajratish muhim ahamiyatga ega. Chunki, “yoshlikda olingan ilm toshga o’yilgan naqsh” yanglig’ o’qigan kitobi yillar o’tsa-da hayotda albatta asqotadi.

Yurtimizda yoshlarning kitobxonlik madaniyatini oshirish uchun amalga oshirilayotgan islohotlar ham bejizga emas, binobarin, kelajak avlodning kamoloti ilm olish, bilimli bo’lish bilan belgilanadi. Bu borada, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2017 yilning 12 yanvar` kuni “Kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgan” farmoyish e’lon qildi. Bu esa o’z navbatida, yurtimizda kitobxonlik saviyasi oshishiga, yangidan-yangi sermazmun kitoblar chop etilishiga omil bo’luvchi muhim odimdir. Ana shunday imkoniyatlardan oqilona foydalanib, yangidan-yangi nashrdan chiqayotgan sermazmun asarlarni o’qib borish yoshlarning ongi o’sishi, tafakkuri teranlashib, o’zining mustaqil fikriga ega bo’lishiga imkon beradi.

Alisher Navoiy: “Kitobni muqovasiga qarab oladilar, ichiga qarab baho beradilar”, degan ekanlar. Darhaqiqat, kitoblarning asl ma’nosi mohiyatini uni o’qigandagina anglash, uqish mumkin.

Dilshodi Barno kitob o’qish jarayonida e’tibor berish muhim bo’lgan jihatlarni o’z misralarida keltirib o’tadi:

Bu zamonda hamdami roz o’lmaga o’qush kerak,

Har kitobni o’qigonda ma’nisin uqish kerak.

Andin o’rganib adab ilmin g’azal to’qish kerak,

Norasolikning jahonda tomirini qirqish kerak,

Ilmsiz afsunchilarga tiri parrondur kitob.

Azaldan xalqimiz kitobni aziz sanagan, kechalari kitobxonlik davralari uyushtirilgan, oila a’zolari yig’ilib kitoblar o’qilgan. Asarlar haqida muhokama va mulohazalar bildirilgan. Shunday oiladagi farzandlar ham kitobga mehrli bo’lib voyaga yetganlar. Biz ana shunday ajdodlarning avlodlarimiz, qalbimizdan, ongimizdan kitob o’qishni sevuvchi millatmiz. Buni hamisha unutmasligimiz lozim.

Bugungi kunda ham qaysi xonadonga kirmang, uyning to’rida, javonini bezab turgan kitoblarga ko’zingiz tushadi, oila kattalarining yoshlarni kitob o’qishga chorlovchi so’zlari ulg’ayib kelayotgan bolalar ongiga singadi, kitobga bo’lgan mehri ortadi. Ajdodlarimizdan qolgan bebaho fazilatimiz – kitobsevarligimizni boy bermaylik, kelajak avlodlarga ham bus butunligicha yetkazaylik.

Biz sizga “hamisha va faqat kitob o’qing”, deb pand nasihat qilmoqchi emasmiz. Biroq, hayotingiz kitob bilan sermazmun o’tadi, yaxshi kitob sizga to’g’ri yo’l ko’rsatadi, mutolaa sizni nafaqat ilmli qiladi, balki siz hech qachon his etmagan zavqni ham baxsh etadi, va albatta ajru-savoblarga noyil etadi, deya eslatmoqchimiz.

 

Sharifa G’ANIYEVA