NE’MATLAR KALITI

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Alloh taoloning ne’matlari haqida so’zlash shukrdir, ne’mat shukrini gapirmaslik kufrdir” (Imom Ahmad).

Alloh taolo marhamat qiladi: “Yana Rabbingiz e’lon qilgan (bu so’zlar) ni eslang: “Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir”» (Ibrohim, 7).

Shayx Sa’diy: “Bir nafasga ikki marta shukr aytish vojibdir”, deya ta’kidlaydi. Ne’matlarga shukr qilish, qadrlay bilish ularni davomiyligiga, ziyoda bo’lishiga olib keladi.

Manbalarda, banda kishini qilgan yaxshiligini bilmasa, ya’ni undan minnatdor bo’lmasa, Alloh taoloning ne’matlariga ham shukr qilolmaydi, deyiladi.

Bugun ne’matlar qadrini anglab yetishimiz uchun dunyoda bo’layotgan voqea-hodisalarga teran nazar tashlab, tafakkur qilishimiz kifoya. Ayrim davlatlarda kechayotgan siyosiy jarayonlar, turli buzg’unchi oqimlarning o’z maqsadlari yo’lidagi qonli urushlari, xunrezliklari oqibatida qanchadan-qancha tinch aholi aziyat chekmoqda.

Yaratganning o’zi bizga tinchlik-omonlik kabi tengsiz ne’matlarini ato etib turibdi. Ulug’ ne’matlarning shukri yelkamizga ulkan mas’uliyat yuklaydi.

Farovon o’tayotgan kunlarimiz qadriga yetib, turli nopok, buzg’unchi oqimlarning nayranglaridan hamisha ogoh yashashimiz zarur.

Shukr faqat lafz bilan bo’lmaydi.

Qaysi sohada ishlashidan qat’i nazar, yurtimizda yashayotgan har bir fuqaro tinchlikni saqlash, fitnalarning oldini olish borasida o’zini mas’ul, deb bilishi zarur. Shunda Alloh taolo bergan ulug’ ne’matlarga shukr qiluvchilardan bo’lamiz.

 

Islomiddin ZUHRIDDINOV,

Din ishlari bo’yicha qo’mitaning masjidlar bo’limi xodimi

Hidoyat jurnali, 2015 yil, 4-sonidan