BIR HIKMAT SHARHI

Dunyoda hikmatli so’zlar juda ko’p, lekin ular ko’pligi bilan emas, balki hikmatli so’zlarni inson o’z hayotiga tatbiq qila olgani, uning mohiyatini teran anglagani bilan ahamiyatlidir. 

Shunday go’zal hikmatlar va nasihatlardan biri Imom Shofe’iy rahmatullohi alayhning uchta aziz xislat haqida aytgan hikmatli so’zlaridir. E’tiboringizga ularni birma-bir bayon qilamiz:

1. Xoli qolganda Alloh taolodan qo’rqish;

2. Moli kamligida ham infoq-ehson qilish;

3. Mukofot ham, jazo ham kutiladigan kishi huzurida haq so’zni aytish.

Ko’pincha bu uch xislatdan biri bilan ziynatlangan kishida qolgan xislatlar ham jamlanadi, chunki yaxshilik yaxshilikni chaqiradi.

1. Xoli qolganda Allohdan qo’rqqan inson odamlar orasida ham  Allohdan qo’rqishi tayin. Bundan kelib chiqadiki, odamlar o’z navbatida uch toifaga bo’linadi: Birinchisi – xoli qolganda ham, odamlar orasida ham Allohdan qo’rquvchi. Ikkinchisi – gunoh-ma’siyatni oshkora, insonlar huzurida ekanida ulardan hayo qilib tark qiladiganlari.

Uchinchisi – garchi xoli qolganda ba’zan undan ma’siyat sodir bo’lsa-da, odamlar ichida ma’siyatni doimo oshkora va pinhona qiladiganlari. Bu uch toifa ichida eng yaxshisi birinchi toifadagi kishidir. CHunki u tashida ham, sirtida ham Allohdan qo’rqadi, ya’ni yolg’iz qolganda ham, insonlar davrasida bo’lganda ham Alloh taolodan qo’rqib, Undan hayo qiladi. Ikkinchi toifadagi kishilar gunoh ishlarni insonlar orasida ulardan hayo qilib tark qiladilar, yolg’iz qolganlarida esa shaytonning vasvasasi-yu, nafsi-havosiga mag’lub bo’lib, gunoh ishlarni sodir etadilar. Bu toifadagi kishilarning hali qalbida hayo hissi bor.

Demak, ularda yaxshilik uchquni bor. Agar ular shaytonning vasvasasi-yu, nafslari istaklarini rad etib, ezgu amallarni ko’paytirib, go’zal axloqlar bilan ziynatlanib borsalar, birinchi toifa sohiblari safiga qo’shiladilar. Bu uch toifa ichida eng yomoni  uchinchi toifadagi kishilardir. Ular gunohlarni tap tortmay qiladilar. Yolg’iz qolganda Xoliqdan qo’rqmaydilar, insonlar huzurida ulardan hayo ham qilmaydilar, ustiga ustak qilgan razilliklari bilan faxrlanib maqtanadilar ham.

2. Moli kamligida ham infoq-ehson qilish nafs uchun og’ir. Sababi o’zi ham u molga muhtoj, ammo bunga e’tibor bermay, insonlarni o’zidan ustun qo’yib, infoq qilish bilan u baxillik, mol-dunyoga hirs qo’yish, xudbinlik kabi  balolardan qutiladi, insonlar muhabbatini qozonadi, ko’nglida xotirjamlik hissini tuyadi, Alloh qolgan moliga baraka ato etadi va Oxiratda ulug’ ajrlar bilan uni xursand qiladi.

3. To’g’ri yo’lda bardavom bo’lish, nohaqlik va yolg’on aralashgan o’rinlarda haqni so’zlash ham insonni aziz qilidagan, martabasini ko’taradigan xislatlardan hisoblanadi.

“Boshingga qilich kelsa ham rost so’zla” degan naql xalqimizning to’g’ri so’zlikka qanchalar e’tibor berishiga dalolat qiladi. Kishi haq so’zni o’ziga yetadigan aziyatlardan qo’rqib, yoki dunyo matohlariga ega bo’lish, yoxud undan mahrum bo’lib qolishdan cho’chigani tufayli emas, balki odamiylikdek ulug’ martabaga dog’ tushirmaslik va sodiqlikdek buyuk sifat egasi bo’lish uchun gapiradi.

 

A’zamjon Toshpo’latov

Toshkent islom instituti, 3-kurs talabasi

Quran.uz