RAMAZON – SABR VA MATONAT OYI

Muborak oyni intiq kutgan ajib bir palladamiz. Bu mohi sharifni qanday o’tkazish borasida rejalar ham tuzib qo’yganmiz. Ayniqsa, har birimiz bu oydan sabrli bo’lishni o’rganamiz. 

Ro’za tutganimizda erta tongdan to shomga qadar mamnuniyat bilan bardoshli bo’lishni o’zimizga odat bilamiz. Iftor chog’i esa ana shu sabrimizning mukofotini olamiz. Nafaqat jismimiz balki dillarimiz, ruhiyatimiz ham ajib bir poklanishdan mamnun bo’ladi.

Ramazon kirib kelishiga oz fursatlar qoldi. Zimmamizdagi imkoniyatlardan foydalanish mas’uliyatini dildan his qilamiz. SHu asnoda siz uchun eslatma tarzda, sabr va matonat borasida allomalarimizning qimmatli fikrlarini taqdim etamiz. Ulug’larning hikmatli so’zlarini juda ko’p sharhlashimiz mumkin. Biroq, ularning har biri bir ummon misolidirki, mazmun va mohiyati chuqur va kengdir.

Allomalarimizning sabr va matonat haqidagi hikmatli so’zlaridan namunalar keltiramiz:

 

  • Sabr shunday bir kuchli narsadurki, shahvatni iffatga, g’azabni shijoatga, shiddatni hilmga, kattalikni tavozu’ga, yomonlikni yaxshilikg’a aylantirmakg’a quvvati yetar.

Abdulla Avloniy

 

  • Sabr bilan ko’p bog’lig’ ish ochilur, ishda oshuqqon ko’p toyilur, ko’p toyilg’on ko’p yiqilur. Ishda oshuqmoq yosh o’g’lon ishidur, sabr bila ish qilguvchi tajribalig’ ulug’ yoshlig’ kishi ishidur.

Alisher Navoiy

 

  • SHoshqaloqlik  bu adashgan odamlarning ishi, sabrlilik esa ezgu odamlarning ishidir.

Yusuf xos Hojib

 

 

  • Hilmni o’z tavringa yor aylagil,

Sabru tahammulni shior aylagil.

                                     Xoja

 

 

  • Dunyo-yu oxirat yaxshiligini qanoatda, yomonligini tama’da ko’rdim.

Najmiddin Kubro

 

 

  • Nafs uyiga sabr ila imorat angla,

 Besabrlig’ aning sharorat angla,

Ish sabr sori anga ishorat angla,

Sabrni zafar sori bashorat angla.

 Alisher Navoiy

 

 

  • Sabr ila barcha eshiqdur kushod,
    Sabr ila eranlar topdi murod.

Muhammad SHarif Gulxaniy

 

 

  • Qushlardan o’rgan: ular polapon chiqadigan tuxumlarni sabr bardosh va ehtiyotkorlik ila ochadilar.                                                                               

 Amir Temur

 

 

  • «Axloq» kitobida keltirilishicha, har kim hodisalar yomg’iri ostida o’zini sabr qalqoni  bilan himoya etsa, maqsad o’qi tezdagina murod nishoniga borib tegadi. CHunki sabr shodlik kalitidir. Bu kalitsiz hech qanday maqsad eshigi ochilmaydi.

Xoja Samandar Termiziy

 

 

  • Nafsini sabr ila rom qilgan kishi har ishda oshiqmay, ohista harakat qilur.

Abdulla Avloniy

 

 

  • Sabrli bo’l, murodg’a yetasan.

Moturidiy

 

 

  • Bilingki, banda yaxshilarning darajasiga aziyatlar va mashaqqatlarga sabr qilish bilan erishadi.

Abu Lays Samarqandiy

 

 

  • Qaysi nomurod ilig sabr etagiga urdikim, murod topmadi, qaysi giriftor ko’ngul sabr bandig’a qo’ydikim, kushod topmadi.

Alisher Navoiy

 

 

  • Agar mehnat-mashaqqat yo qayg’u-alam duch kelsa, sabr bilan qarshi olsang, ketidan qayta shodlik keladi.

Yusuf xos Hojib

 

 

  • Qancha ish bo’lsa bugun kechga ketar,

Sabr qilsang g’o’radan halvo bitar.

                                                                                Rojiy Ho’qandiy

 

 

  • Barcha ishda ham shoshilma, sabr-chidamli bo’l, o’zingni tuta bil, sabr-chidamli odam ulug’ martabaga erishadi.

Yusuf xos Hojib

 

 

  • Etar chu rizqing, agar xoraduru gar yoqut,

O’zungga yuklama anduh tog’in, istab qut.

Alisher Navoiy

 

 

  • Ish boshlashda hovliqmasdan diqqat-la boq,

CHaqmoq toshni shoshib chaqsang o’char chiroq.

Mahmud Koshg’ariy

 

 

  • Ishning fursatini kutish, shoshilmaslik kerak, hamma ish vakt-soati kelganda bitadi.

Yusuf xos Hojib

 

 

Umid qilamizki, bu yilgi Ramazon oyida ham sabrdan ko’plab saboq olamiz. Sabr va bardosh faqatgina Ramazon oyida emas, doimo har birimizga hamroh bo’lishini Yaratgandan so’raymiz.

 

 

Sharifa G’ANIEVA 

MUSULMON KISHINING VAQT OLDIDAGI VAZIFALARI

Musulmon kishining vaqt oldida tushunib, ado etmog`i shart bo’lgan quyidagi muhim vazifalari bor:

 

1.     Vaktdan imkon kadar unumli foydalanish

Bebaho mol-davlatni behad asrab-avaylaydigan inson aslida bebaho bo’lgan vaqtiga bundan-da e’tiborliroq bo’lmog’i, uni faqat xayrli o’rinlarda, xayrli maqsadlarga ishlatishi lozim. Salafi solihlar vaqtlariga juda e’tiborli edilar. CHunki ular vakt qadrini yaxshi anglardilar. Ulug’ imomlar har bir vaqtni foydali ilm, yaxshi amal, nafsga qarshi kurash yoki boshqalarga foyda yetkazish bilan o’tkazar edilar. Hasan Basriy aytadilar: “SHunday zotlar bor ediki, sizlar dirham-dinorlaringizga haris bo’lganingizdan ko’ra ular vaqtlariga qattiqroq haris edilar”.

2.      Vaqtni tartibga solish

Diniy va dunyoviy ishlar batartib ado etilsa, ular bir-biriga halal bermaydi. Muhim va nomuhim amallar o’z o’rnini topadi.

Solihlardan bir aytadi: “Bandaning vaqtlari to’rt turli bo’ladi, beshinchisi yo’qdir: ne’matda kechgan vaqt, kulfatda o’tgan vaqt, itoat bilan o’tgan vaqt, ma’siyatlar qilib o’tkazilgan vaqt.

Vaqtning hamma holatida ham zimmangda Allohning ibodatidan ulush bordir. Kimning vaqti toatda o’tgan bo’lsa, uning yo’li Alloh tarafidan unga berilgan marhamatga, ya’ni, Alloh uni hidoyatlab, ibodatga muvaffaq qilib qo’yganiga shohid bo’lishdir. Kimning vaqti ne’matda o’tgan bo’lsa, uning yo’li shukr qilishdir. Kimning vaqti ma’siyatda o’tgan bo’lsa, uning yo’li tavba va istig’fordir. Kimning vaqti kulfat (sinov) da o’tgan bo’lsa, uning yo’li rozilik va sabrdir”.

3.    Bo’sh vaqtni g’animat bilish

Bo’sh vaqtning ulug’ ne’mat ekanidan ko’plar g’ofil o’tadi. Oqibatda insonlar ne’mat shukrini ado etmaydilar. “Ikki ne’mat borki, ko’plar ulardan (foydalanishdan) mahrumdir. Ular sog’lik va bo’sh vaqtdir” (Buxoriy rivoyati).

Rasululloh (s.a.v.), “Besh narsani besh narsadan oldin g’animat bilgin...” deb boshlanuvchi hadislarida bo’sh vaqtni g’animat bilishga undab, shunday deganlar: “Mashg’ul bo’lib qolishingdan oldin bo’sh vaqtingni g’animat bilgin” (Hokim rivoyati). Solihlardan biri aytadi: “Bo’sh vaqt ulkan ne’matdir. Agar banda havoyi nafsga va shahvatlarga berilib, bu ne’matga shukr qilmasa, Alloh uning qalbidagi o’sha (xotirjamlik) ne’matini barbod qilib tashlaydi va u topadigan soflikni olib qo’yadi”. Oqil inson bo’sh vaqtini yaxshi ishlar bilan o’tkazadi. Aks holda, u jazolanib, bo’sh vaqt ne’matidan mahrum bo’ladi.

 

Vaqtni tejashga yordam beruvchi sabablar

 

1. O’ziga-o’zi hisob berish. Bu samarali uslub solihlar odati, taqvodor zotlar yulidir. Aziz birodar, o’zingizni o’zingiz hisob-kitob qiling. Kunni qaerda, nima ishlar bilan o’tkazdingiz? SHu kuni yaxshiligingiz ortdimi yoki yomonligingiz? SHu bir kuningizning javobini bera olasizmi?

2. Nafsni faoliyatga o’rgatish. Kimki o’zini oliy ishlarni qilish va bekorchi ishlardan uzoqlashishga o’rgatsa, o’z vaqtini g’animat bilgan bo’ladi. CHunki faol inson bekorchi ishlar bilan qanoatlanmaydi. Kishining himmati qancha baland bo’lsa, qiladigan amallari ham shuncha ulug’ bo’ladi.

3. Vaqtlarini muhofaza qiladigan kishilar bilan suhbatda bo’lish. Albatta, solih, zotlar bilan suhbat qilish vaqtni g’animat bilishga o’rgatadi. O’tganlardan bir gap bor: “Agar bir qavmning orasida bo’lsang, yaxshilariga yondoshgin, yomonlaridan yiroq yur. Aks holda, ular bi­lan birga halok bo’lasan. Sen kishidan o’zi haqida emas, balki uning hamsuhbati haqida so’ragin. CHunki, har kim o’z yaqiniga ergashadi”.

4. Ulamolar hayotidan ibratlanish. Buyuklar hayotini o’rganish juda foydalidir. CHunki ular vaqtning qadrini yaxshi bilishar edi. Ular umrning har lahzasini g’ani­mat bilish va uni Allohga itoatda o’tkazishda eng chiroyli namunadirlar.

5. Vaqtdan unumli foydalanishda turlicha yo’l tutish. Inson bir ish hadeb takrorlanaversa, zerikib qoladi. Demak, turli amallar bilan oz-ozdan shug’ullanib turish vaqtdan imkon qadar ko’proq foydalanishda yordam beradi.

6. Vaqt qaytmas bo’lib ketadi. Vaqtni ortga qaytarishning iloji yo’q va kelayotgan kunni o’tib ketgan kunning o’rniga evaz qilish ham mumkin emas. Hasan Basriy shunday degan edi: “Odam bolasining har bir kuni quyidagi so’zlarni aytib o’tadi: “Ey odam bolasi, men yangi kunman va qiladigan amalingga guvohman. Agar o’tib ketsam, qaytib kelmayman. Xohlagan ishingni qil, uning samarasini qariganingda topasan va xohlagan ishingni kechiktirgin, u senga hargiz qaytib kelmaydi”.

7. O’limni eslash. Inson dunyoni ortda qoldirib oxiratga yuzlangan vaqtda, xatolarini tuzatish va yo’qotgan narsalarini butlash uchun, garchi ozgina bo’lsa ham, muhlat berilishini orzu qilib qoladi. Tushungan inson vaqtini Alloh taolo roziligi yo’lida sarflashga intiladi.

8. Yomon hamsuhbatdan yiroq bo’lish. Albatta, dangasalar va vaqtlarini behuda o’tkazuvchilar bilan aralashib yurish insonni buzadi va vaqtning behuda o’tishiga sabab bo’ladi. Abdulloh ibn Mas’ud, roziyallohu anhu, aytganlar: “Kishining hamsuhbatiga e’tibor beringlar. CHun­ki har kim o’ziga o’xshash inson bilan do’stlashadi”.

 

Najmiddin MIRMAHMUD  tarjimasi

 

“Hidoyat” jurnali. 2003 yil, 6-sonidan olindi

SHUKR VA TINCHLIK

– Oxirgi paytlarda ishim yurishmay qoldi...

– Mashinamni ustaga olib borgan edim, falon so`m so`radi, yashash qiyinlashib ketyapti...

– Chet elga borib ishlab kelmasam bo`lmaydi...

Ba’zan shunday nolish ohangidagi gaplar quloqqa chalinib qolyapti. Qizig`i, bunday gaplar choyxona, ziyofat, to`y yoki shunga o’xshash tadbirlarda, ya’ni noz-ne’matlar to’la dasturxon atrofida aytilmoqda.

Egani taomi, kiygani kiyimi, yotgani boshpanasi bor, xonadoni tinch insonning tili shukr qilishdan tolmasligi lozim aslida. Biroq, negadir shukr qilishga qotib qolgan bu tillar nolishga kelganda chunonam sayrab ketadiki... Eng achinarlisi, mana shunday “shikoyatgo`y” davralarda: “Hoy, shukr qilsang-chi?!” deydiganlar doim ham topilavermaydi. Mo’minlikka da’voimiz katta, ammo bandalikning birinchi talabi bo’lgan shukrga kelganda, mudom iddao qilinadi. Axir, shukr qilishga buyurilmaganmizmi?! Ota-bobolarimiz shukr va sabrda hammaga o’rnak bo’lishmaganmi?! Dunyoda notinchliklar bo’lib turgan bir paytda yurtimizdagi tinchlik shukr aytmoqqa yetarli sabab emasmi?!

Shukr, avvalo, Allohga hamd aytib, itoat bilan bu ne’matini bardavom qilishini so’rab, bunga sababchi bo’layotgan insonlar haqiga duo qilmoq ila ado etiladi. Zero, Rasuli Akram (sollallohu alayhi va sallam): “Odamlarga rahmat aytmagan Allohga ham shukr qilmabdi”, (Abu Dovud va Termiziy rivoyati) deb marhamat qilganlar. Vatanimiz tinchligini asrash, farzandlarimizga ozod va obod yurt qoldirishdek savobli ishda barchamiz faol bo’lishimiz ham mazkur ne’matlarga amaliy shukronamiz sanaladi.

Abdulloh ibn Mihson (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: “Kim joni omonda, bir kunga yetarli taomi bo’lgani holda tong ottirgan bo’lsa, unda dunyo yaxshiliklarining barchasi jam bo’libdi” (Termiziy rivoyati).

Albatta, ish joyi tanlash huquqi har kim uchun kafolatlangan, biroq hozirda ayrim xorijga ketganlarning odam savdosi qurboniga aylanib qolayotgani, xoru zor bo’lib, biron narsa orttirib qaytish o’rniga boridan ham ayrilib kelayotgani ham bor gap. Eng yomoni, pul topish istagida xorijga ketganlarning ba’zilari chet eldagi yasama “din da’vatchilari”ning qarmog’iga ilinib, soxta “hijrat” va “jihod” da’vatlariga uchayotgani bu masalaga jiddiy e’tibor qaratish lozimligini taqozo qilmoqda. Tinch va osoyishta zaminda istiqomat qilayotgan insonlarni din nomidan fitna makonlariga chorlayotgan, bu qabohatlarini “hijrat” deb atayotgan jallodlar hech kimga foyda keltirayotgani yo’q. SHunday ekan, xalqimizni, ayniqsa, yoshlarimizni mana shunday buzg’unchi, jirkanch g’oyalardan muhofaza qilish, ularga oqu qorani tanitishimiz kundan-kunga dolzarblik kasb etmoqda.

Hozirda turli buzg’unchi kuchlarning eng samarali quroliga aylangan ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarining aksariyati yoshlardir. Har bir ota-ona farzandining kim bilan vaqtini o’tkazayotgani, uning virtual olamdagi do’stlari kimlar ekani hamda farzandining yurish-turishi va harakatlarida sezilayotgan o’zgarishlarga beparvo bo’lmasligi lozim. Ushbu mulohazalarni o’qigan ba’zilarning xayoliga “Bu haqda gapni ko`paytirib yuborishdi, hamma joyda – shu mavzu!” degan fikr kelishi mumkin. Unutmaslik kerakki, bu mavzu zamirida Vatan, xalq, millat kelajagi, muqaddas dinimiz muhofazasi yotibdi. Shunday ekan, har birimiz osoyishtalik qadriga yetish va uni avaylab-asrashga o’z hissamizni qo’shishga harakat qilaylik.

 

Jahongir JO`RAEV

 

“Islom nuri” gazetasi 2015 yil7-sonidan

XOJA ALI ROMITANIY

«Silsilai sharif»da o’n uchinchi halqaning piri murshidi bo’lgan mashhur avliyo, qutbi zamon Xoja Ali Romitaniy Buxoro viloyati Romitan tumanining Qo’rg’on qishlog’ida tug’ilgan. 

XOJA ALI ROMITANIY
(vafoti 1316/1321)

 

Xoja Mahmud Anjir Fag’naviyning muridi bo’lib, Xojai Azizon nomi bilan shuhrat tutgan. To’quvchilik qilib kun ko’rgani uchun Buxoro ahli uni Xojai Nassoj (to’quvchi Xoja Ali) deb ataganlar. Kasbi to’quvchi bo’lgani uchun ham «Iymon nima?» — deb so’raganlarida: “Uzmoq  va ulamoq”, — deb javob bergan ekan, ya’ni bu dunyodan uzilmoq va Haqqa ulanmoq. Xoja Ali to’quvchilarning piri hisoblanadi. Maqomoti oliy, karomatlari behad bo’lgan bu zotning dovrug’i Rum (Turkiya)gacha borib, Mavlono Jaloliddin Rumiy bir baytida agarda hol ilmi[1] qol ilmidan[2] afzal bo’lmaganida buxoroliklar Xoja Nassojga ergasharmidilar deb ulug’lagan:

 

Garna ilmi hol favqi qol budi, kay shudi

Banda a’yoni Buxoro Xojai Nassojro[3].

 

Xorazmda bir muddat yashab, xonaqoh ochgan va murid tarbiyalab, xojagon tariqatini bu hududda yoygan.

Xoja Bahouddin Naqshband «Biz hazrati Azizonning farzandimiz» deb, o’zini uning vorisi, izdoshi hisoblagan va muridlari bilan suhbatlarda hamisha Xoja Alining hikmat va karomatlaridan gapirib yurgan. U yana: «Hazrat Azizondan ikki xil zikr bizga meros bo’lib qoldi: biri — zikri jahriya (baland ovoz chiqarib zikr qilish), ikkinchisi — zikri xufiya (ovoz chiqarmay zikr qilish). Xufiya zikr kuchli va afzal bo’lgani uchun biz uni qabul qildik», — degan.

Xoja Ali Romitaniyning: «Agar yer yuzida Xoja Abdulxoliq G’ijduvoniy farzandlaridan biri bo’lganida Mansur sira dor ostiga bormas edi», — degan gapi mashhur. CHunki xojagon-naqshbandiya tariqati Qur’on va sunnatga asoslangan bo’lib, uning ta’limoti bilan qurollangan so’fiy xatarli maqomlardan eson-omon o’tar, binobarin, mashhur sufiy Mansur Halloj ham dorga osilmas edi.

Bizgacha ulug’ pirning «Manoqibi Xoja Ali Azizon Romitaniy» asari yetib kelgan. Unda Romitaniyning tasavvuf ahlining axloq-odobi, xojagon tariqati qonun-qoidalari bilan bog’liq qarashlari, pand-nasihatlari jamlangan. Xojagon tariqatining 10 sharti bayon qilingan. «Risolai hazrati Azizon» nomli kichik hajmli asar xam unga nisbat beriladi[4]. Asar G. Navro’zova va I. Qosimovlar tomonidan tarjima qilinib, nashr etilgan. Uning «Mahbub ul-orifin» («Oriflar mahbubi») degan kitobi ham bo’lgan.

Ikki o’g’li bo’lgan: Xoja Muhammad (Xoja Xurd) va Xoja Ibrohim. Xoja Muhammad o’z davrining allomasi bo’lgan. Lekin Xoja Ali irshod xatini ikkinchi o’g’liga bergan.

To’rt xalifasi mashhur: Xoja Muhammad Kulohdo’z, Xoja Muhammad Halloj, Xoja Muhammad Bovardiy, Xoja Muhammad Samosiy.

Xoja Alining 130 yil umr ko’rgani rivoyat qilinadi.

Qabri Ko’hna Urganchda (Turkmaniston Respublikasining Toshhovuz viloyati)da bo’lib, ustiga mahobatli maqbara tiklangan. Bu tabarruk ziyoratgoh «Uch yuz oltmish pir» ziyoratgohi deb ataladi. Tug’ilgan yurtida — Romitan tumanining Qo’rg’on qishlog’ida ham Xoja Alining ziyoratgohi mavjud. Qabri ustiga maqbara qurilgan, yangi masjid, mehmonxona, hovuz, darvozaxona bunyod etilgan[5].

 

Ruboiylari:

1

O’ltirsang birov bilanu dil bo’lmasa jam,

Bir dam seni tark aylamasa tashvishu g’am,

Bunday kishining suhbatidan qoch, yo’qsa,

Afv etmas azizlar[6] ruhi seni sira ham.

 

2

Sen Haqqa yetay desang, Romitanga kel!

Jon yorga tutay desang, Romitanga kel!

Boshingni oyoq qilib, Azizon ruhini

Yodu shod etay desang, Romitanga kel!

 

3

Haq zikri bilan dilga bo’lar dard oshno,

Haq zikrini qilgan kishi bo’lgay tanho.

Haq zikri agarchi o’t, sovutgay dilni

Har ikki jahon muhabbatidan ammo[7].

 

4

Olloh bu tanu jonni yaratgan fursat,

Har a’zo uchun tayinladi bir xizmat.

Etmasdi og’iz zindoni ichra mahbus

Gar ko’rmasa tilda bir qusuru illat.

 

5

Jon — tan qafasi ichra qamalgan bir qush,

Bu qushni avaylash, ehtiyot aylash xush.

Bu qushni tutolmaysan uchib ketsa agar,

Bog’la oyog’idan borida aqlu hush.

 

6

Bechora dilim yuzingga oshiq edi ko’p,

Ko’yingda kezibdi kecha to tonggacha xo’p.

O’ynaydi otib gohi uyoq, gohi bu yoq,

Zulfing seni chavgonu dilim bo’ldimi to’p?

 

7

Har bir nafasingga bor qiyomatda hisob

Ko’p qilma gunoh — do’zaxda chekkaysan azob.

Otga minaru qancha piyoda erta,

Otliq bo’ladi piyodayu holi xarob.

 

8

Men ichgan mayning ruh paymonasidir,

Mast etgan yorning aql devonasidir.

Dilga o’t urib, ko’kka ohim yetkazgan,

Ul husni shamining oftob parvonasidir[8].

 

“Donishmandlar tuhfasi” kitobidan olindi

 

 


[1] Hol ilmi – insondagi so’z bilan tushuntirib bo’lmaydigan g’aroyib ruhiy kechinmalar, favqulodda fe’l-atvor, xislatlarning namoyon bo’lishi; botiniy ilmlar, keng ma’noda tasavvuf ilmi.

[2] Qol ilmi – til bilan ifodalasa bo’ladigan ilmlar, ya’ni zohiriy ilmlar. SHariat ilmi ham shunga kiradi.

[3] Bu haqda qarang: Alisher Navoiy. Nasoyim ul-muhabbat. 256-bet.

[4] Bu haqda qarang: O’zbekiston milliy entsiklopediyasi. 7-jild. 358-bet.

[5] Bu ma’lumotlar haqida qarang: Faxruddin Ali Safiy. Rashahot (Obi hayot tomchilari).  Nashrga tayyorlovchilar: M.Hasaniy, B.Umrzoqov.  Toshkent, 2003. 51 – 59-betlar; Sadriddin Salim Buxoriy. Ikki yuz yetmish yetti pir. 136 – 147-betlar.

[6] Asliyatda bu so’z ikki ma’noda kelgan: azizon – azizlar, Azizon – Xoja Ali Romitaniyning laqabi.

[7] Bu ruboiy Najmiddin Kubro va Abduxoliq G’ijduvoniylarga ham nisbat beriladi.

[8] Bu ruboiy Abusaid Abulxayrga ham nisbat beriladi.