ODAM DUO BILAN KO’KARADI

Mo’min mo’minning ko’zgusi, deyiladi hadisi sharifda.

Bugungi turmushimizni kuzatib, hayotimizga chiroy bo’lib tushmaydigan ba’zi ishlarimiz xususida o’ylanib qolaman.

Nega foydasi yo’q tashvishlarga ortiqcha vaqtimiz sarflangan holda, zarur ishar ortga surilib, esdan chiqarilmoqda? Natijada foydasiz amallar taomilga kiryapti, urf bo’lyapti. Ayniqsa, yoshlar, buni qonunday qabul qilib, oltinga teng fursatlarini boy beryaptilar. Ularni noto’g’ri yo’ldan qaytarish biz kattalarning, mo’min-musulmonlarning burchimizdir.

Shulardan biri tug’ilgan kunlarni dabdabali nishonlashdir. Buning tarixi qayerga borib taqaladi. Men bilmayman. O’tgan asrning o’rtalarigacha  biron-bir tanishim, uzoq-yaqin qarindoshimning o’z tug’ilgan kunini nishonlaganini eslolmayman. Hozir esa har bir xonadonda katta-kichik tug’ilgan kunini nishonlash payida bo’ladi. Ko’pchilik bu sanani alohida belgilab qo’yadi. So’ng esa bu “tarixiy” kunga zimdan, astoydil tayyorgarlik ko’ra boshlaydi. O’zi, oilasi davrasida mavqega yarasha, kamtarona o’tkazsa mayli. Yo’q, bir yuzaki havas qalbimizni asir qilgan.

Bizga nima bo’lyapti, deb bolaligimni eslayman. Ota-onam sovg’ani menga imoniyatlari yetgan paytda olib beraverar, lekin “bu tug’ilgan kuningga”,  deb alohida ta’kidlamas edilar. Uning o’rniga shu kuni oyat va hadislar asosida ibratli rivoyatlar va hikoyatlar so’ylab berishar, yaxshilikka da’vat qilishar edi. Men bundan olam-olam zavq olardim. Chindan ham bir yoshga ulg’aygandek bo’lar edim. Hamon qulog’im ostida otamning o’sha o’gitlari jaranglab turadi:

- Bolam, - derdilar otam ko’nglimni osmon qadar ko’tarib, - faqat tug’ilgan kuning uchun emas, Alloh bergan umrning har bir daqiqasi, har bir kunida muvaffaq etgan yutug’i, inoyati uchun quvon. Tani-joning butligining shukronasini ado qil. Taqdirda bitilgan ekan, inson olamga keladi. Lekin o’z-o’zidan o’sib ulg’aymaydi, kamolga yetmaydi. Buning uchun tunlarni tonglarga ulab, ko’z nurini, yurak qo’rini berganlar bor. Vaqtida ana o’shalarning holini so’roqlab, xizmatida bo’lmoq kerak. Odam duo bilan ko’karadi. Buni hech unutma...

Aqlimni taniganimdan buyon bu o’gitga amal qilmoqqa urindim. Qolaversa, shu tushunchada qat’iy turganim meni bir qancha qusurlardan asradi. Manmansirash, o’ziga bino qo’yish, yaqinlarini unutishdan yomoni yo’q-da. Men bu gaplarni o’zimni ko’rsatish, kimgadir o’git bermoq uchun emas, balki nevaram tengi bir qarindoshimning  tug’ilgan kuniga bormaganimdan oshkora o’pkalaganida noxush bo’lganimdan yoxud o’zim qatori nuroniy bir tanishim kuyovining tug’ilgan kuni bazmga qatnashib ham obro’yi to’kilib, ham gunohga botganiga guvoh bo’lib, o’z holimizga achinganimdan aytmoqdaman. Tug’ilgan kunni bunday “nishonlagan”dan ko’ra,  nishonlamagan ming karra afzal. Siz qanday fikrdasiz aziz birodar?

 

 

Toshqul SAFAROV,

Konimex tumani, Sho’rtepa qishlog’i

“Hidoyat” jurnali 2004 yil, 3-sonidan olindi

INTERNET- MA’RIFAT TARQATUVCHI BO’LSIN

Shukrki, tinch – osuda  yurtda, qulayliklari ko’p zamonda yashayapmiz. 

Hozir uydan chiqmasdan turib dunyoning istalgan nuqtasida yuz berayotgan voqea-hodisalardan xabardor bo’lish, istalgan joydan kerakli ma’lumotlarni olish, oldi-sotdi qilish va yana boshqa ko’plab ishlarni bajarish mumkin. Shuningdek, internetdan o’quv qo’llanmalari, kitoblar olish imkoniyati uning ahamiyatini yanada orttiradi.

   Har bir narsaning foyda va zarari aql tarozisiga solinganda, qaysi biri posangini bossa, o’sha tarafi olinadi. Internetning foydasi ko’pligiga shubha yo’q. biroq u insonga samarali faoliyat yuritishi uchun yaratilgan bir vosita, xolos. U hech kimning hech bir ishini bajarib bermaydi. Faqat osonlashtiradi. Demak, inson har bir ishni bajarishga o’zi harakat qilishi kerak. Masalan, internet biror kitobni birov uchun o’qib, mazmunini uning miyasiga joylab qo’ymaydi. U kitobni oson topishga yordamchi bo’ladi. Uni o’qib o’rganish esa insonning zahmati.

   “Hikmat izlaganiga hikmatdir dunyo” deganlaridek, o’zida behisob ma’lumotlarni jamlagan internetga hikmat axtarib yondashganlar undan ko’p foyda olayotir. Ayniqsa, yoshlar uning yordamida ilm o’rganayotir, uzoq makonlardagi nufuzli o’quv yurtlaridan masofali ta’lim olayotir, o’zining ilmiy salohiyatini yanada yuksaltirib, imkoniyatlarini dunyoga namoyon etib, mamlakatimiz sharafini yuksalishiga munosib hissa qo’shayotir.

   Ammo ana shu qulaylik ba’zi odamlarni uyga qamab qo’ydi. To’g’ri-da, bir joyga narsa olib borish kerak bo’lsa, yurasizmi, yo’l harajati va qimmatli vaqtingizni sarflab, internet orqali jo’natib qo’ya qolasiz-da. Ha, buning savobiga kim yetsin! Ammo kishi o’zi sezib-sezmay kamharakat bo’lib qolayotganiga nima deysiz? Eskalatorlar dastlab ishga tushgan kezlarda mutaxasisslar: “Endi yurak kasalliklari ko’payib ketadi”, degan ekan. U vaqtlarda-ku, harna, eskalatoorga qadar yurib borilgan. Endi esa uydan bir qadam chiqmay hamma ishini komp`yuterda bajaradigan odamlar bor va ularning safi kengayishda davom etaveradi.

   Bundan tashqari, taraqqiy topgan davlatlarda internet ta’sirida oila ham jiddiiy zarar ko’rayotir. Taassufki, uning oqavasi biz tomonlarga ham yetib keldi. Eru xotin bir uyda: bunisi boshqa xonada, unisi boshqa xonada “odnoklassniki” da o’tirib begona ayol bilan, unisi nomahram erkak bilan chaqchaqlashib o’tiribdi. Bir-biriga butkul begonalarga aylanib bo’lgan ular. Uyda faqat ikkita sovuq vujud, ikkita ruhsiz sharpa qolgan;  o’y-fikr, sevgi-muhabbat boshqa tomonga – sarob tarafga yo’nalgan.

   Aslida begona erkak – ayolning virtual aloqada sirlashib o’tirishining o’zi zinokorlik sari tashlangan qadamdir. Aydarbek Tulepovning “Internetdagi tahdidlardan himoya” kitobida Maftuna degan ayolning qay yo`sinda xiyonat ko’chasiga kirib ketganiga iqror bo’lgani yoritilgan. Ana shu voqeaning o’zi ushbu fikrni tasdiqlaydi.

   Internet insonlarning ko’z o’ngida dunyo yuzidan pardani ko’tardi. Natijada, ayrim kishilar shunchaki tomoshabinga – yalqov iste’molchiga aylanib qoldi. Ular saytma-sayt kezib, qiziqarli filmlar, videotasvirlar va boshqa be’mani narsalarni tomosha qilib kun o’tkazadigan bo’ldi. Ba’zilar esa o’yindan bosh ko’tarmay qoldi. Seriallar qahramonlarning hayotiga tomoshabin bo’lib kun o’tkazayotganlar, uzzukun birovlar belgilab bergan o’yinlarni o’ynab ko’z nuridan ayrilayotganlar o’zlarining hayotini qachon yashaydi! Ular eng qimmatli sarmoyasi – hayotini boy berayotganini bilmaydimi? …

   O’tkazayotgan tadqiqotlarda aksar yoshlar ko’p vaqtini internetda, kompyuter o’yinlarini o’ynab o’tkazayotgani aniqlanmoqda. Bunday yoshlar jismonan sog’lom, komil inson bo’lib ulg’ayarmikin? Boz ustiga, ularning ba’zilari buzg’unchi saytlarga kirib, qalloblarga, fitnachilarga aldanib, hatto terrorchilarga qo’shilib qolganini ham e’tirof etgan.

   Buzg’unchi sayt degani nima o’zi? Bu atamani eshitganda terrorchilik va axloqsizlikni targ’ib etuvchi saytlarni ko’z oldimizga keltiramiz. Ammo yanada kengroq mushohada yuritsak, boshqa turdagi buzg’unchi saytlar ham ko’p. Masalan, fikrimizcha, insonning vaqtini o’g’irlab, unga ilm-ma’rifat o’rgatmaydigan, uni komillik sari yetaklamaydigan, zaruriy axborotlar bilan ta’minlaydigan saytlarning hammasi shu hukmda.

   Axborot asri deb nom olgan yuzyillikda yashayotgan kishilik jamiyatida zarur axborotni kim tez qo’lga kiritsa va tarqatsa, o’shaning qo’li baland kelishi ayon. Shu bois biz ham internetdagi ko’ngilochar narsalarga chalg’ib qolmasdan ana shu axborot makoniga egalik qilishga jahd qilaylik, uning vositasida ilmimizni, ma’rifatimizni boyitaylik va bahramand etaylik. Ilikda bo’lsa chiqadi, deydilar – ku. Bizning iligimizda yovqur bahodirlar va mo’tabar olimlar qoni oqayotgani ayni haqiqat emasmi? Shunday yo’l tutaylikki, internet - ma’rifat tarqatuvchi bo’lsin!

   Yuqorida “Internetdagi tahdidlardan himoya” kitobi haqida so’z ochdik. Chunki ushbu asarni o’qish jarayonida u yoshlarimiz, umuman, internetdan foydalanuvchi har bir shaxsning global tarmoq haqidagi bilimlarini boyitadigan ajoyib kitob bo’libdi, degan xulosaga keldik. Ana shu asarning to’ldirilgan yangi nashri “Internet imkoniyatlari” , “Zamonaviy axborat vositalari” , “Internetdagi bloggerlar faoliyati”,  Ludomaniya. Virtual o’yinlarga mubtalo bo’lish sabablari”, “Milliy qonunchilikda axborot xurujidan himoya masalalari” degan boblar bilan boyitilib, qayta chop etildi. Bizningcha, ushbu kitob har bir internet foydalanuvchisining ish stolida bo’lishi kerak. Kitobxon e’tibor bilan uni o’qib tursa, o’zi uchun ko’p foydali billimlarga ega bo’ladi va unda axborot xurujlariga qarshi immunitet kuchayadi.

 

Damin JUMAQUL, Jurnalist

“Hidoyat” jurnali,

2016 yil 12-sonidan olindi

INTIQ KUTGANIMIZ – SHAHRI RAMAZON

Sha’bonning so’nggi kunlarida turibmiz. Hademay, Ramazon ham kirib keladi. Hash-pash deguncha esa... muborak oy ham yakuniga yetadi. 

Bizdan lozimi – tabarruk oyni qanday o’tkazishimiz, biz niyat qilgan mazmunli amallarimizga ulgurib qolishimizdir.

Ayni paytda Ramazon oyida amalga oshiradigan ishlarimizni rejalashtirish vaqtidamiz. Biroq ko’pincha bu harakatimiz zoe ketadi, Ramazon oxiriga yetganda “oylik hisobot”lar bilan tanishganda peshonamiz tirishadi, “hech narsaga ulgura olmabmanku”, deymiz.

Keling, shu holatning oldini olish maqsadida, ayrim jihatlarga e’tiboringizni qaratamiz. Bu maslahatlar sizga oz bo’lsa-da yordam bersa, boshimiz osmonga yetadi...

  • Maslahatimiz oy boshidan rejalaringizni bir varaq qog’ozga qoralab qo’ying, hattoki soatlarigacha;

  • Avvalo bu oyda har tomonlama poklanishni ixtiyor eting. Ayniqsa, nafsingiz tozaligiga, ruhiyatingiz pokligiga erishishga intiling;

  • Asosiy ishlaringizni kunning birinchi yarmigacha tugatishga harakat qiling. Hech qachon tugallanmagan ishni ertagacha qoldirmang, chunki ertaning ham o’z yumushlari bo’ladi;

  • Har qanday holatda ham yaxshilik qilishga intiling, bu kimgadir ko’mak bo’ladimi, og’irini yengil qilish bo’ladimi, qo’ldan kelgancha ezgulikka shoshiling. Binobarin, Payg’ambar alayhissalom: “Ushbu oyda qilingan har bir saxovat farz amal darajasiga, bir farz amal fazilati esa boshqa oylarda qilingan farzga nisbatan yetmish darajaning ko’prog’iga teng” ekanligini aytganlar. SHu boisdan ham, imkoniyatni qo’ldan boy bermasligimiz kerak;

  • Vaqtingizni behuda o’tkazmang. Biz vaqt haqida ko’p gapiramiz, biroq Ramazonning bahosi yo’q, imkonlarga boy, duolari ijobat, yaxshiliklar uchun savoblar orttirib beriladigan lahzalarini qaytarish amrimahol, topish mushkul. SHunday ekan, har soniyangizni qadrlang, yo’lda bo’lasizmi, biror narsa kutayapsizmi, bekor turmang. Foydali kitob o’qishingiz mumkin, yodlamoqchi bo’lganingizni takrorlab yurishingiz mumkin. Hech bo’lmaganda, kuningiz uchun rejalar tuzib olishingiz ham mumkin;

  • Yaqinlaringizni yo’qlab turishni unutmang. Ayniqsa, ota-onangiz, oila a’zolaringizdan hol-ahvol so’rang, lozim bo’lsa, ko’maklashing, xizmatlarini qilib, mamnun eting. Qolaversa, qarindoshlar va do’stu tanishlardan sim qoqib bo’lsa-da gaplashib, xabar oling;

  • Bemor ziyoratiga oshiqing. Qarindoshlardanmi yoki mahalladan kimdir betob bo’lsa, borib ko’rishni kanda qilmang;

  • Tilingizni faqat va faqat yaxshi so’zlarga o’rgating. Muborak oy sharofati bilan birorta nojo’ya gap gapirmaslikka harakat qiling;

  •  Sadaqa qilishga shoshiling. Bu degani faqatgina moddiy yordam emas. Balki, kimgadir yaxshilik qilib yoki shirin so’z bilan, boringki tabassum ulashib savoblarga erishing;

  • Yuqoridagi eslatmalarga asosan, Ramazon oyini sermazmun o’tkazsangiz, fazilatlaringiz yuzaga chiqishiga omil bo’ladi. Natijada esa yil davomida sizni yaxshiliklar tark etmaydi, inshoalloh.

 

Bu oyning fazilatlarini sanab adog’iga yetish mushkul. Biroq, har kimning o’z oliy maqsad va niyatlari mavjud. Biz faqatgina oddiy eslatmalar bilan sizga yordam bermoqni niyat qildik xolos.

So’zimiz yakunida olamlarga rahmat qilib yuborilgan Payg’ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning SHa’bonning so’nggi kunida aytgan muborak so’zlarini keltiramiz.

Salmon Forsiy (r.a.)dan rivoyat qilingan hadisi sharifda shunday deyiladi: “Rasululloh (s.a.v.) SHa’bonning so’nggi kuni bizga xitob qilib aytadilarki:

-Ey insonlar, sizlarni buyuk bir oy bag’riga olayotir. Unda ming oydan ham xayrli bo’lgan qadr kesachi bor. Alloh bu oyda ro’za tutishni farz qilgan. Tun ibodatini esa nafl sanagan. Kim bu oyda bir savob ish qilsa, u savobligidan tashqari, bir farzni ado etgan kimsa, singari bo’lar. Bu sabr oyidir. Sabrning mukofoti esa jannatdir. Bu lutf oyidir. Bu oyda mo’minning rizqi ortadi. Kim bu oyda ro’zadorlarga iftor qilib bersa, bir qulni ozod qilganchalik savob oladi. Gunohlari afv etiladi...

- Kim ishonib va savobidan umid qilib ro’za tutsa, Alloh uning o’tmishdagi va kelajakdagi gunohlarini afv etadi. Alloh buyuradiki: “Odamzotning har amali o’zi uchundir, lekin ro’za mustasno. U Men uchundir. Buning mukofotini Men o’zim beraman!”

Mening ummatimga avvalgilarga berilmagan besh xislat berildi:

1. Allohning nazdida ro’zadorning og’zidan chiqadigan xid mushkdan ham shirinroq bo’ladi.

2. Malaklar iftorgacha ro’zador uchun istig’for aytadilar.

3. Bu oyda shaytonlar jilovlanadi.

4. Alloh har kuni jannatni bezattiradi va “Solih bandalarim qalblaridan yomonlikni yo’q qilishi uchun shoshilinch harakat qilishyapti”, - deydi.

5. Alloh oyning so’nggi kechasida bandalarini afv etadi.

 

Sharifa G’ANIYEVA

“Ziyo” studiyasi muharriri

RO`ZA TUTISHNI NIYAT QILGANLARGA SHIFOKORLARNING 6 MASLAHATI

Muborak Ramazon oyi tashrif buyurishiga barmoq bilan sanarli kunlar qoldi. 

 

Bu shuy oyki, unda mkishining ruhiyatida o’zgacha shukuh hukmron bo’ladi. SHu bilan birga, kishi tanasida ham faol o’zgarishlar yuzaga keladi. Ma’lumki, Ramazon oyi ro’zasini tutish mo’minlarga farz qilingan. Ro’za tutishda esa ahamiyat qaratish lozim bo’lgan ayrim jihatlar mavjud. Ramazon oyi ostonasida shifokorlar ana shu jihatlar bo’yicha ayrim maslahatlarni beradilar. Jumladan:

  • Agar kishi biror bir kasallikdan aziyat chekayotgan va ro’za tutish uning ahvolini og’irlashtiradigan bo’lsa, bu holatda ro’za tutish mumkin yoki mumkin emasligi to’g’risida albatta shifokor bilan maslahatlashish zarur hisoblanadi.

  • Ro’za tutish mumkin bo’lmagan va bu haqida ro’zadan avval shifokor bilan maslahatlashish zarur bo’lgan kasalliklar qaysilar? SHuni unutmaslik kerakki, bemor kishilarga, ayniqsa yurak-tomir kasalliklariga chalingan insonlarga ro’za tutish tavsiya etilmasligi mumkin. Boisi, ko’p miqdordagi suv va mikroelementlar ter bilan chiqib ketib, suv-elektrolit balansi buzilishiga, qonning quyulishiga, kislorod tanqisligiga olib keladi. 16 soat mobaynida suv ichmaslik yomon oqibatga olib kelishi mumkin.

  • Iftor vaqtida og’izni meva va sabzavotlar, xurmo bilan ochish tavsiya qilinadi. SHu bilan birga, go’sht, baliq, sut maxsulotlarini iste’mol qilish va kunlik suv me’yorini to’ldirish kerak. Qo’shimcha ravishda esa, minerallarga boy vitaminlarni qabul qilish maqsadga muvofiq.

  • Agar shifokor tomonidan buyurilgan dori-darmonlar bo’lsa, ularni qabul qilish tartibini to’xtatmaslik tavsiya qilinadi.

  • Kunning issiq vaqtida og’ir jismoniy harakatlarni bajarmaslik, sport zallari, hammom, saunalarga bormaslik, bog’ ishlarini ham vaqtincha to’xtatish kerak. Sport bilan kechqurun shug’ullangan maqsadga muvofiqdir.

  • Issiq paytlarda tabiiy matolardan bo’lgan yorqin rangdagi liboslarni kiyish hamda quyoshda bosh kiyim yoki soyabonsiz yurmaslik tavsiya qilinadi.

Shifokorlarning bu maslahatlari muborak oy ostonasida turgan mo’min-musulmon yurtdoshlarimizga asqotadi degan umiddamiz.

 

Xurshida Abdullayeva tayyorladi