ALLOMALAR ABU ISO TERMIZIY HAQIDA

Abu Iso Muhammad Termiziy Makkaga hajga borayotganida, yo’lda mashhur muhaddislar bilan muloqotda bo’ladi va ularning biridan 

hadislardan saboq berishini iltimos qiladi. U olim: “Qog’oz-qalam ol”, deydi. Aksiga olib shu payt Termiziy qalam topa olmagan va olim ro’parasida o’tirib eshitgan hadislarini yozib olayotgandek qog’oz ustida qo’lini harakatlantirgan. Olim esa turli-tuman hadislardan yetmishga yaqinini hikoya qilgan. Shu orada olim qog’ozga ko’zi tushib, unda hech qanday yozuv yo’qligini ko’rgach, Termiziyning bu ishidan jahli chiqqan. Termiziy shunda bamaylixotir: «Siz aytgan hadislaringizni yoddan aytib beraymi?»  deganu, hozirgina eshitgan hadislarning hammasini o’sha tartibda takror aytib bergan. Termiziyning kuchli xotirasidan olim hayratga tushib, qoyil qolganini bildirgan.

Shamsiddin Zahabiy

* * *

 

Imom Termiziy o’z kitoblari “Al-Jomi’” haqida shunday deganlar: “Men bu kitobni  tasnif qilganimdan keyin Hijoz, Iroq va Xuroson ulamolariga ko’rsatdim. Ular o’qib chiqib o’z roziliklarini mamnuniyat bilan izhor etdilar".

Bu hadis bobida tasnif etilgan “Kutubi sitta” (Olti ulug’ kitob)ning uchinchisidir. Bu kitob “Al-Jomi’ as-sahih” (Ishonchli to’plam) deyiladi, shuningdek, “Sunan” ham deb ataladi. Ammo birinchi nomi ko’proq qo’llanadi.

Mustafo Kotibiy Chalabiy ibn Abdulloh
 

* * *

Sen mendan foyda topganingdan ko’ra ham men sendan ko’proq foyda topdim.

Imom Buxoriy

 

* * *

Munoqashasiz (bahsu munozarasiz), chiroyli ta’riflarsiz ham,  u o’z asrining imomi bo’lib, turli kitoblar sohibidir.

Abu Sa’ad Abdulkarim Sam’oniy

 

* * *

Termiziy imom va hofiz edi. Bebaho asarlar tortiq qildi. “Al-Jomi’ al-kabir” (“Katta to’plam”, ya’ni “Sunani Termiziy”) bu asarlarning eng mukammalidir”.

Ibn  Asir

 

* * *

Hadis ilmida iqtido etiladigan (ya’ni izidan ergashsa bo’ladigan) imomlardan biridir.

Ibn Xallikon

* * *

Tengdoshlaridan, yaqinlaridan xotira va irodada sobitlik bobida bir mo’’jiza edi.

 Abdulhay ibn al-Imod al-Hanbaliy

 

* * *

Termiziy to’plagan har bir hadis haqida kerakli izohni berib, ko’ngillarni xotirjam qiladi.

Hofiz Abulfazl Maqdisiy

 * * *

Bilgilki, Imom Termiziy o’z kitoblarida hadisni sahih, hasan va g’aribga bo’lganlar.

Ibn Rajab Hanbaliy
  

 * * *

Imom Termiziyning  “Ash-Shamoil” kitoblari o’z bobida yagona asardir. Tartibi va o’z ichiga olgan mavzulari jihatidan yagona bo’lib, nodir kitoblar jumlasidan hisoblanur. Uning ovozasi mashriqu mag’ribga borib yetdi.

Shayx Ibrohim Bojuriy

 

Ilhom MA’RUPOV to’pladi.

Hidoyat.uz

YOLG’ON GUVOHLIK BERISH OG’IR JINOYAT

Dinimiz asoslari  - Qur’oni karim va hadisi shariflarda tilga ehtiyot bo’lish qayta-qayta ta’kidlangan. 

Yolg’on so’zlash, yolg’on guvohlik berish mo’min kishiga butkul yot ekani  ta’kidlangan. Zero, yolg’onchilar bu dunyoda e’tibordan qolsalar, oxiratda turli azoblarga yo’liqadilar.

    Alloh taolo turli oyatlarda shunday marhamat qiladi:

    “Alloh taolo haddan oshgan  yolg’onchini to’g’ri yo’lga boshlamas”.

    “Yolg’onchilar halok bo’lsin!”

    “So’ngra Alloh taoloning la’nati yolg’onchilarga bo’lsin deb iltijo qilaylik”.

     Payg’ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) yolg’on va yolg’onchilar haqida bunday deganlar:

    “Yolg’on buzuqlikka, buzuqlik do’zaxga boshlaydi. Kishi yolg’on gapiraverar ekan, Alloh taolo huzurida yolg’onchi deb yozib qo’yiladi”;

    “Eng ulkan yolg’on ko’zi ko’rmagan narsani  ko’rdim deb da’vo qilishdir”;

     “Noaniq so’zlar yolg’ondan holi emasdir”;

     “Eshitgan narsasini gapirish kishiga yetarli gunohdir”;

     “Gumondan saqlaning! Zero, gumon yolg’on so’zdir”.

      Qur’oni karim va sunnati nabaviyning haqligini e’tirof etgan har bir mo’min banda bularni yodda tutishi lozim.

      Yolg’on do’zaxga eltadi. Bu haqda hadisi shariflarda shunday deyiladi:   

      “Gaplarning yomoni yolg’onidir, yolg’onni hazillashib ham, jiddiy ham gapirib bo’lmaydi. Yolg’onchilik yovuzlikka boshlaydi, yovuzlik esa jahannamga”;

      “Rostgo’ylikda xavfu xatar ko’rsalaring ham, rost so’zlanglar. Shunda najot  topasizlar. Garchi foyda ko’rib turgan bo’lsalaring ham, yolg’ondan saqlaninglar. Chunki baribir yolg’onning oxiri voy”;

      “Yolg’on guvohlik beruvchining oyoqlari yerdan qo’zg’almay turib Alloh unga do’zaxni ravo qilib qo’yadi”.

       Yolg’on guvohlik beruvchi quyidagi gunohlarni qiladi:

       Birinchi: yolg’on va bo’xton gunohini oladi.

       Ikkinchi: kimga qarshi guvohlik bersa, uning moli, obro’yi va hayotiga zarar berishi bilan zulm qiladi.

       Uchinchi: kimning foydasiga yolg’on guvohlikka o’tsa, uning harom molga ega bo’lishiga sabab bo’adi. Harom molni olgan kishining joyi do’zaxdir. Yolg’on guvohligi bilan unga ham zulm yetgan bo’ladi.

       Payg’ambarimiz(alayhissalom) marhamat qiladilar:

       “Har bir musulmonning moli, qoni va obro’yi(ga tajovuz) ikkinchi musulmonga haromdir”.

        Payg’ambarimizning (alayhissalom) sahobai kiromlarga gunohi kabiralarni sanab, yolg’on so’z gapirish ham ular jumlasidan, deb bir necha bor takrorlaganlari uchun yolg’on gapirish qanchalik og’ir ekanini musulmonlar yaxshi bilib olishlari lozim.

 

“Hidoyat” jurnali  2004 yil, 3-sonidan olindi

RAMAZON OYIDA ICHKILIK?!!

Har yilgidek, Ramazon oyini mushtoq bo’lib kutdik, savoblar mavsumi, imkoniyatlar pallasi... 

Yetkizgani uchun Alloh taologa shukronalar aytdik. Har bir musulmon yurtdoshimiz qo’ldan kelganicha ibodatlarni xolis ado etishga kirishib ketdi. Qodir bo’lganlarning amalga oshirayotgan yaxshiliklari esa ko’nglimizni tog’dek ko’taradi. Shunday kunlarning birida iftorlik dasturxoniga ul-bul olish uchun bozorga yo’lim tushdi. To’g’risi, ayrim manzaralarni ko’rib... bir masalani hukmingizga havola qilishga jazm qildim.

Nuroniy yoshga yetgan, tuppa-tuzuk o’zbek otaxoni qo’llarida o’sha noming o’chgur “shayton suvi”ni qadog’i bilan ko’tarib olib, uyga shoshib ketmoqda. Bu ham yetmaganidek, telefonda butun bozorni boshiga ko’tarib, og’aynilarini tug’ilgan kuniga taklif qilmoqda. Ayni nabiralariga yaxshilikdan saboq berib, farzandlariga halollikda o’rnak bo’ladigan kayvoni yoshlarida, yana muborak oyda spirtli ichimliklar bilan dasturxon bezab, do’stu yorlarni uyga chaqirish avvalo dinimizga zid holat. Qolaversa, o’zbek axloqiga ham xos bo’lmagan illatdir.

Bolaligimizdan kattalar Ramazon kunlarida odamlarning oldida biror narsa yeyish, suv ichish katta odobsizlik ekanini tushuntirganlar. Biz shunday tushuncha bilan katta bo’lganmiz. Bugungi kunda esa ko’cha-ko’ylarda, ro’zai Ramazon kunlarida bemalol suv ichib, yegulik yeb yurganlarku mayli, spirtli ichimlik ichib yurganlariga nima deysiz? Mayli, ro’zadorlarni hurmat qilmasin, mayli “atrofdagilarning men bilan ishi bo’lmasin”, degan aqida bilan bu ishga qo’l urayotgan bo’lsin. Ammo, oylar sultonining hurmatini bilmaganlarni nima deyish mumkin?

 Shunday fikrlar bilan yurgan kunlarimda, yana bir holatning guvohi bo’ldim. Qashqadaryodan kelgan qo’shnilarimizning harholda salom-aligi joyida. Biroq, kunora uylarida “bazmi-jamshid”. Ayniqsa, bu ziyofatning Ramazon oyida ham davom etishi... achinarli judayam.

Biz qayoqqa qarab ketmoqdamiz? Ota-bobolarimizning ming yillik odob-axloq qadriyatlari, muqaddas oyni naqadar hurmat qilganlari, oilalarida xotirjamlikni, yaxshi tarbiyani asrash uchun har ishga tayyor bo’lganlari, Ramazonning qadrli kechalarini ma’rifiy suhbatlarga bag’ishlaganlari va shu kabi diniy va milliyligimiz uyg’unlashgan odatlarimizni ayrim yurtdoshlarimiz unutib qo’yayotgani og’riqli masaladir. To’g’ri, men ta’kidlab o’tgan voqealar barmoq bilan sanarli bo’lishi mumkin. Lekin, birgina kimsaning illatidan butun oila, mahalla, boringki, undan ham ko’proq odamlar aziyat chekadi.

Unutmasligimiz kerakki, bu eslatmalar birgina o’zimiz uchun emas, balki, o’sib kelayotgan yosh avlodning tarbiyasi uchun ham dolzarbdir. Kim aytadi, ertaga mahallasidagi kishilarni mast holatda ko’raverib ko’zi o’rgangan, “Ramazon oyida ham bunday noma’qulchiliklar mumkin ekanda”, deb ongiga singgan o’smir ertaga bu ishni takrorlamaydi, deb, hech kim bunga kafolat bera olmaydi. 

Dinimiz ta’limotida mast qiluvchi ichimliklar qoralanadi. Hadislarda ko’pini ichganda mast qiluvchi (ya’ni, bo’shashtiruvchi, lanjlashtiruvchi) har qanday narsaning ozi ham harom ekanligi ta’kidlanadi. Payg’ambarimiz (s.a.v.) bir hadisi muboraklarida: “Har bir kayf qildiruvchi narsa xamrdir, har bir xamr haromdir”, – deb ogohlantirganlar. Xamrdan murod aql faoliyatini to’suvchi narsa, ya’ni mast qiluvchi ichimlikdir. Boshqa bir hadisda esa shunday deyiladi: “Payg’ambar (sollallohu alayhi vasallam) har qanday mast qiluvchi, badanni bo’shashtiruvchi va susaytiruvchi narsalarni iste’mol qilishdan qaytardilar” (Ahmad va Abu Dovud rivoyati).

Ichkilikning zararlari va salbiy oqibatlari borasida allomalarimizning qimmatbaho fikrlari mavjud. Jumladan, ibn Sino shunday degan ekan: Muntazam ichish zararlidir, u jigar va miya faoliyatini buzadi, asabni bo’shashtirib, asab kasalligi va bevaqt o’limga olib keladi”.

Alisher Navoiy hazratlari esa mast bo’lgan odamni qopag’on itga qiyoslaydilar:

Ulki, ichib bodani paymonadin,

Mast chiqar ko’yga xumxonadin,

Elga qilib hamla yomon it kibi,

Qaysi yomon it, qopag’on it kibi.

Bodag’a ko’rguzsa kishi xiraliq,

Aql chirog’iga berur tiraliq.

Yusuf xos Hojibning ushbu fikrlari esa may ichish pastkashlikka olib keladi, illatlarning sababchisidir, deydi: “Har qanday uyat-andishali, xushfe’l, xulqi yaxshi kishilar ham may ichgudek bo’lsalar, yuztuban ketib pastkashlik qiladilar”.

Qancha-qancha qilinishi zarur bo’lgan ishlar may ichilgach qolib ketadi, qanchadan-qancha nojo’ya ishlar may ichgach sodir bo’ladi”.

“May bilim va aql-zakovatning ashaddiy dushmanidir, may urish-janjal va adovatning haqiqiy sababchisidir”.

Abdulla Qahhor ichkilikni “jon o’g’risi” deb ataydi:

“O’g’ri mol o’g’irlasa, ichkilik jon o’g’irlaydi, jamiyat a’zosini safdan chiqarib tashlaydi”.

Chindan ham, spirtli ichimlik insonga faqat va faqat zarar olib keladi. Kishini insoniylikdan chiqarib yuboradi. Ko’pgina notinchliklarga sabab bo’ladi, oilalarni parokanda, bolalarni sarson qiladi. Yoshlar tarbiyasiga o’zining yomon ta’sirini o’tkazadi.

Rahmatlar beriladigan, gunohlar kechiriladigan, do’zaxdan najot olib keladigan muborak kunlarda bu kabi harom narsalarni iste’mol qilish ongli mo’minning ishi emas. Binobarin, bu oyda har bir xatti-harakatini ibodat darajasiga olib chiqish, cheksiz savoblarga musharraf bo’lish imkonilari mavjud.

Ramazon – muqaddas. Uning har soatida rahmat mujassam, lahzasida savoblar yashirin. Bu imkoniyatlardan foydalanib qolish esa musulmonlik fazilatidir, insonlarning ulkan imkoniyatidir.

 

Sharifa G’ANIYEVA

Muslim.uz dan

MUHAMMAD BOBO SAMMOSIY

Bu zot Romitanning Sammos qishlog’ida tug’ilganlari ma’lum bo’lsa ham, qaysi yili tug’ilganlari noma’lum. 

Vafotlari esa hijriy 755 sana, milodiy 1354 sanada Sammosda bo’lgan.

Hazrati Muhammad Bobo Sammosiy rahmatullohi alayhi qoramtir rangli va yuzlaridan nur yog’ilib turadigan zot edilar. U kishining nigohlari ta’sirli va hissiyotlari kuchli edi.

Hazrati Muhammad Bobo Sammosiy rahmatullohi alayhi xoja Ali Romitaniy hazratlariga umrlarining oxirigacha ixlos bilan xizmat qilganlar. Hatto u kishi Xorazmga hijrat qilganlarida, birga hijrat qilganlar. Ana shu suhbat u kishiga ulkan foydalar keltirib, ustozning eng ishonchli kishilaridan biriga va ko’zga ko’ringan xalifalariga aylandilar.

Hazrati Muhammad Bobo Sammosiy rahmatullohi alayhi bog’laridagi daraxtlarga shaxsan o’zlari bog’bonlik qilar edilar. Ish paytida g’ayrat bilan ishlar edi­lar. Gohida xizmat asnosidagi zikr tufayli hol g’alaba qilib, qo’llaridagi asboblari tushib ham ketar edi.

Hazrati Muhammad Bobo Sammosiy rahmatullohi alayhi ko’p talabalarini o’zlari izlab topar edilar. Bir kuni u kishi kurash maydoni oldidan o’tib ketayotib, maydon o’rtasida kurash tushayotgan Amir Kulol ismli pahlavonni ko’rib qoldilar. Keyin u zot maydon o’rtasidan o’tib, polvonga nazar soldilar va uni ma’naviy maydonga tortdilar. Amir Kulol kurashni tashlab, hazratning xizmatlariga kirdilar.

Hazrati Muhammad Bobo Sammosiy rahmatullo­hi alayhining huzurlariga yangi tug’ilgan Bahouddin Naqshbandni olib kelganlarida, u kishini ko’rsata turib, Amir Kulol rahmatullohi alayhiga quyidagilarni aytganlari rivoyat qilinadi:

«Bu biznikidir. Buni ma’naviy farzandlikka qabul ayladik. Avval aytganimiz, tariqatimiz kelajagi bo’ladigan shaxs, inshaalloh, shudir. Bu qishloq bundan so’ng  Qasri Orifon bo’lajak. Ey Amir Kulol! Bu yo’rgak ichidagi o’g’lim Bahouddinni senga havola etaman. Buning zohir va botin tarbiyasida hech kamchilikka yo’l qo’ymagin!»

«Inshaalloh, aytaningizni qilish uchun qo’limdan kelgan barcha imkoniyatlarni ishga solaman», dedi Amir Kulol.

Hazrati Muhammad Bobo Sammosiy rahmatullohi alayhi to’rtta ulug’ xalifa yetishtirganlar: xoja Sufiy Suhariy, xoja Mahmud Sammosiy (o’z o’g’illari), xoja Donishmand va xoja Sayyid Amir Kulol.

Hazrati Muhammad Bobo Sammosiy rahmatullohi alayhi silsila omonatini Xojai Azizon Ali Romitaniy hazratlaridan olganlar.

 

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning

“Tasavvuf haqida tasavvur” kitoblaridan olindi