RAMAZONGA MAKTUB

Mohi sulton!

Sen oylarga sultonsan. Tashrifingdan poklangan ruhiyatimiz boshqa oylar uchun mador yig’adi. Ezgulikka o’nglangan odatlarimiz yil davomida saqlanib, an’ana tusini oladiki, yaxshiliklarimiz sen sabab buyuk ajrlarga noyil bo’ladi. 

Sendan o’rgangan fazilatlarimizni boshqa oylar uchun ham asrab qo’yamiz.

Mohi marg’ub

Hurmating bois bizga berilajak imkoniyatlarni sanab adog’iga yetishimiz mumkinmi? Atrofimizni o’rab turgan yaxshiliklar, biz erishajak savoblar yanada ziyoda bo’lishiga guvoh bo’lamiz. Hadislarning birida: “U oyda kim Allohga yaqinlashtiradigan ezgulik qilsa, undan boshqa oyda ado etgan bir farz darajasini topadi. Va bu oyda bir farzni ado etgan kishi boshqa oyda 70 farz ado etgan kabi bo’ladi” deya marhamat qilinadi. Ha, senda amalga oshirilgan savobli amallar evaziga savobu ajrlar orttirib beriladi. Qolaversa, har neki niyatlarimiz bo’lsa, Yaratganga yolvoramiz, sening sharofatingga umid bog’laymiz. Zotan, Payg’ambarimiz (s.a.v.) “Ro’zadorning duosi maqbuldir” deya marhamat qilgan ekanlar.

Mohi g’ufron

Sen sabab gunohlardan poklanamiz. Salmon Forsiy (r.a.)dan rivoyat qilingan hadisda: “Bu oy shunday oydirki, avvali rahmat, o’rtasi mag’firat, oxiri esa do’zaxdan ozod bo’lish o’n kunligidir” deyilgan ekan. Rasululloh (s.a.v) yana bir hadislarida: «Kim Ramazon ro’zasini imon-ishonch bilan va savobidan umid qilib tutsa, oldingi gunohlari mag’firat qilinadi», deya marhamat qilgan ekanlar. Demak, sening hurmating sabab solih amallarimiz, xayru ehsonlarimiz uchun gunohlarimiz kechirilar ekan.

Sabr oyi

Hayotimiz davomida har xil sinovlarga duchor bo’lamiz. Gohida besabrlik illatidan aziyat chekamiz. Arzimas yetishmovchilik tog’dek muammoga aylanadi go’yo. Ramazon ro’zasi kishini sabr bilan tarbiyalaydi. Dastlab ro’za tutgan inson jismida, ruhiyatida nafsga qarshi kurash boshlanadi. Toqat bilan yengilgan xohishlar evaziga ro’zadorning nafaqat zimmasidagi farzi ado etiladi, balki irodasi mustahkamlanib o’z ruhiyatiga hokimlik g’alabasiga erishadi.

Shifo oyi

Payg’ambarimiz (s.a.v.) sening hilolingni ko’rishlari bilan qiblaga yuzlanib: «Allohim, ushbu oyni biz uchun osoyishtalik, salomatlik, farovonlik davri etgin, dardlarga shifo, qalblarga ziyo bergin!..», deya muborak qo’llarini duoga ochar edilar.

Zamonaviy tibbiyot so’nggi yillarda ochlik bilan davolanish usulini keng yo’lga qo’ydi. Shunga asosan ro’za tutish orqali ko’plab kasalliklar davo topgani isbotlandi. Qolaversa, ro’za ayrim dardlar yuzaga kelishiga to’sqinlik qilishi ta’kidlandi. Eng muhim jihati, kishi ongining sokinlikka erishganidir. Turli g’arazlar, kin va hasadlardan poklangan ruhiyat barcha kasalliklardan holi turmush tarziga yo’l ochishi shubhasiz.

Qur’on oyi

Qur’oni karimning nozil bo’lishi senda boshlandi. Bu haqida Allohning muborak kalomida: “Ramazon oyi - ... Qur’on nozil qilingan oydir” deyiladi. Qolaversa, Payg’ambarimiz (s.a.v.) sen kelganingda Qur’oni karimning barchasini to’laligicha Jabroil (a.s.)ga o’qib berar ekanlar. Ushbu go’zal an’ananing davomi o’laroq, ayni kunlarda obod masjidlarimizda Qur’oni karim o’qilishi va jamoatning uni tinglashi ajib fazilat.

Oqibat fasli

Muborak tashrifing insonlar o’rtasida o’zaro muruvvat va oqibat tuyg’ularini uyg’otadi. Hurmat va e’tibordan qarindoshlar o’rtasida hamjihatlik mustahkamlanadi. Keksayu bemor qarindoshlar holidan xabar olinib, uzoq yaqinda yashoqchi qondoshlar iftorlik dasturxoni atrofiga chorlanadi. Gina kuduratli insonlar bir-birlariga quchoq ochadilar, o’zaro uzr so’rashadilar. Shukuhing kirib borgan har bir xonadon ana shunday ahillik bilan, yaqinlarga yaxshiliklar qilib fazilatli kunlarni o’tkazadilar.

Ma’rifat oyi

Qalblar sokin va xotirjam, ongu shuurda pok niyatlar o’rin olgan bir payt ma’rifatli bo’lish uchun ayni muddaodir. Shu bois sening beqiyos lahzalaringni bilim olishga sarf etish yanada fazilatlidir. Chunki, barakoting har narsada bo’lgani kabi o’rganilayotgan ilmga ham taalluqlidir. Zotan, Payg’ambarimiz (s.a.v.) muborak hadislarida: “Agar ummatlarim Ramazon oyining ular uchun qanchalik sharofatli va barokatli ekanini yaxshi bilganlarida edi, faqatgina shu bir oy emas, balki yilning qolgan hamma oylarida ham ro’za bo’lishini orzu qilar edilar”, deb marhamat qilganlar.

Rostgo’ylik payti

Rostgo’ylik – ezguliklar debochasidir. Bu borada Nabiy (s.a.v.) “Rost so’z o’z sohibini yaxshilik sari yetaklaydi. Yaxshilik esa uni behishtga yetaklaydi” deya marhamat qilgan ekanlar. Ezguliklar oyi bo’lmish senda rost so’zlash kishini xayrli amallar sari yetaklaydi. Bundan tashqari, ro’zaning mukammal bo’lishi uchun ro’zador yolg’on so’zlash, ig’vo va bo’hton qilish, noloyiq so’zlar bilan insonlar dilini og’ritish kabi illatlardan o’zini saqlashi muhim sanalanadi. Bu borada bir hadisi sharifda: “Kim yolg’on gapirishni va unga amal qilishni qo’ymasa, uning taomi va sharobini tark qilmog’iga Allohning ehtiyoji yo’q”, deyiladi.

Tinchlik oyi

Ha, sen tinchlik oyisan. Islom tarixidan ma’lumki, senda jangu jadallar to’xtatilgan, sharofating bilan davlatlar tinchlik sulhini tuzganlar. Yana bir muhim jihat, inson qalbidagi sokinlikdir. Senda turli illatlar, g’arazu hasad, arazu ginalardan poklangan, sohibi tomonidan ezgulikka yo’naltirilgan dillar osoyishtalikka yo’g’riladi. Payg’ambarimiz (s.a.v.) bejiz “Ro’za qalqondir” demaganlar. Zero, qalqon kamon o’qining ofatidan jangchini to’sib qolganidek, ro’za xatolarning yuzaga kelishi ortidan keluvchi behalovatlikdan qutqaradi. Natijada tinchlik oyida ruhiyat ham, qalblar ham hotirjamlikka cho’madi.

Shukrlar mavsumi

Alhamdulillah, muborak oy ichramiz. Qalbimiz shukronaga to’la. Yana bir Ramazonda yashab, uning fazilatlarini his qila olyapmiz, imkon boricha ezguliklar ado etyapmiz! Ko’nglimiz xotirjam, osoyishta tonglarni qarshi olyapmiz. Dunyo kishilarining sezilarli qismini o’yga solgan “qaerda tunasam ekan”, “nima yeyman?”, “ochlikdan bolalarimning holi ne kecharkin”, “qaerga berkinib yashasam ekan”... degan og’riqli savollarning bizga keragi yo’q. Ro’za sabab ana shunday insonlar kechmishini boshimizdan kechiramiz. Ochlik, tashnalikdan aziyat chekayotgan zamindoshlarimiz holatini o’z tanamizda sinab ko’ramiz. His qilamizki, biz uchun tongdan shom qorong’usigacha cheklangan imkoniyatlarimiz ayrim kishilarda davomli bo’lishi mumkin. Tun nima, tong nima sezmay faqat qorin to’ydirish yoki jon saqlash umidida yashayotgan yerdoshlarimiz kam deb o’ylaysizmi? Bu haqda tafakkur qilib, yurak yurakdan buyuk Mavloga shukr hissini tuyamiz. Alhamdulillah, dasturxonlarimiz to’kin, serquyosh zaminimiz o’z saxovatini bizga taqdim etmoqda. Yurtimizda inson nomi ulug’, keksalar qadrlanadi, yoshlarga holis yo’l ko’rsatiladi, ona bola salomatligi davlat siyosati darajasida... Demak, Sen shukrlar mavsumisan.

Ramazon! Seni ta’riflab nihoyalash mumkinmi?

Biz bugun senga atalgan tavsiflarning dengizdan tomchisinigina eslatib o’tdik. Biroq ro’yxatimizni hali uzoq davom etishimiz mumkin. Muhimi sen mohi mahbubsan! Oylar ichra seviklisisan. Arazlashgan ko’ngillar hurmating bois yarashadi, yaqinlar munosabati mustahkamlanadi, dillar dillardan suv ichadi, hamjihatlik, ahil inoqlik ortadi. Har bir kuningdan imkonlarga boy lahzalar o’rin olgan. Tillar dillarni shirin so’zlar bilan alqaydi. Sening mahbub bo’lishing boisini-da ta’riflarga sig’dirmoq mahol... Biz seni yaxshi ko’ramiz.

Sharifaxon  G’anieva

“MADINA” MUZEYIGA TASHRIF BUYURING!

Avvallari Madina va Damashq shaharlarini 1320 km uzunlikdagi temiryo’l bog’laganini bilasizmi? Uni 1900-yildan boshlab, 8 yil davomida barpo etishgan.

Afsuski, 1921-yili Birinchi jahon urushi oqibatida bu yo’l orqali qatnov to’xtatilgan. Uning “Hijoz” temiryo’l vokzali esa yillar o’tib, 1998-yilda Islom tarixi va madaniyati muzeyiga aylantirilgan. Mazkur muzey Madinai munavvaradagi Masjid an-Nabaviydan bir kilometr uzoqlikdagi Anbariya rayonida joylashgan.

Muzeyda 16 ta zal bor. Ularda Madinaning Islomdan avvalgi davr, Islom davri va Saudiyaning alohida davrlaridagi madaniyati va o’tmish merosi aks etgan. Muzeyning eng qimmatbaho va nodir eksponatlaridan biri bu Sa’d ibn Abuvaqqos (roziyallohu anhu)ning kamonlaridir. Islom tarixidan ma’lumki, bu zot Nabiy alayhissalomning eng yaxshi kamonkashlaridan biri bo’lgan.

“Madina” muzeyida Sosoniylar davlati, Vizantiya Imperiyasi va turli vaqtlardagi Islom davlatlari davrlaridagi qadimiy shartnomalar namoyish etilgan alohida bo’lim ham mavjud. Bundan tashqari muzeyda har xil islomiy qo’lyozmalar, turli dori-darmonlar, ayollarning go’zallik buyumlari, sopol va shisha idishlar, telefonlar mavjud. Shu bilan birga, muzey toshlarga ajratilgan alohida bo’limi bilan ham mashhur. Madina aholisi hayotlarining har bir sohasida toshlardan foydalanishgan. Masalan, idishlar, haykallar yasashgan, voqea-hodisalarni hujjatlashtirish va asarlarni saqlash uchun ham toshlardan foydalanishgan.

Ha, bu ana shunday ajoyib muzey. Agar Madinaga tashrif buyursangiz, ushbu muzeyni ham ziyorat qilishni unutmang!

 

Internet materiallari asosida tayyorlandi

UYDAN QOCHISH

To’rt yarim yoshdagi o’g’limizning sho’xliklari uchun unga ko’p tanbeh berardik. Bir kuni unga tanbehlarimiz kor qilmagach, erim chidolmasdan burchakda oyoqda turish jazosini berdi. O’g’lim indamay qabul qildi.

Lekin unchalik xursand emasdi. Bir qancha vaqt o’tib, o’g’lim:

  • Men uydan qochib ketaman, - dedi.

Uning qaroridan taajjublandim va juda jahlim chiqdi.

  • Shunaqami?-deb baqirdim. Ammo uning yuziga boqqanimda farishtadek beg’ubor bolajonim ma’sumgina boqib turar hamda xafa edi...

Yuragim ezildi. Xuddi shu so’zlarni bolaligimda men ham aytganimni, o’shanda o’zimni juda yolg’iz his etganimni va hech kim meni yaxshi ko’rmasligi haqidagi o’ylaganimni esladim. Aslida, bu so’zlar bilan o’g’lim juda ko’p narsalarni aytardi menga. Ichdan ingragan ovoz eshitildi menga: “Menga befarq bo’lmang, iltimos. E’tibor bering, men ham kerakliman. Mendan mehringizni ayamang va yaxshi ko’rishingizni isbotlang”.

- Mayli uydan qochishing mumkin, - deya pichirladim yoniga borib. Kiyimlarini yig’ishtirayotib: “Ha, pijamalaring ham kerak bo’ladi, palьtoying ham...”, dedim. Hamma kiyimlarini sumkaga soldim va sumkani ko’cha eshigining yoniga qo’ydim.

- Xo’p, uydan qochishni xohlayotganingga aminmisan?

- Ha, ammo siz qayoqqa ketyapsiz?

- Agar sen uydan qochayotgan bo’lsang, oying ham sen bilan ketadi. Chunki sening yolg’iz qolishingni xohlamayman. Seni judayam yaxshi ko’raman, o’g’lim.

Gaplasharkanmiz beixtiyor quchoqlashayotgandik.

  • Nega men bilan ketmoqchisiz?

Miltillab turgan ko’zlariga qarab javob berdim:

- Chunki seni yaxshi ko’raman, sen ketsang, mening hayotim ostin-ustun bo’ladi. Shuning uchun ham sen ketsang, men ham ketaman.

- Dadam ham ketadilarmi?

- Yo’q, dadang ukalaring bilan qolishi kerak. Biz bu yerda bo’lmaganimizda, ishlashi va ukalaringga qarab qolishi zarur.

-Mushugimiz ham biz bilan ketadimi?

-Yo’q, u ham shu yerda qoladi.

O’g’lim biroz o’ylanib:

- Oyijon, biz ham qolishimiz mumkinmi? - dedi.

- Ha, qola olamiz.

- Oyijon...

- Ha, o’g’lim?

- Sizni yaxshi ko’raman.

- Men ham seni yaxshi ko’raman, bolajonim. Qani kelaqol, makkajo’xori qovuramiz. Menga yordam berasanmi?

- Albatta!..

O’shanda onalikning muhim vazifalaridan biri – bolaning ishonchini va hurmatini qozonishga yordam berish kerak ekanligini tushundim. Uni bag’rimga bosishim kerakligini va mendan chinakamiga mehr kutayotganini bilardim. Ona bo’lib bolalarimni yaxshi ko’rishni va ularning men uchun juda bebaho ne’mat, Allohimning lutfi ekanini ko’rsatish fursatini yo’qotmasligim kerakligini o’rgandim.

 

“Ibratli hikoyalar” kitobidan

ISLOMIY OYLAR NIMANI ANGLATADI?

Ko’pchiligimiz islomiy oylar haqida bilmaymiz. Lekin ularning ma’nolarini, nima sababdan bunday nomlanganini bilishga qiziqamiz.

Musulmonlar taqvimi bo’yicha hisoblash Hijrat – ya’ni, Payg’ambarimiz (s.a.v.)ning Makkadan Madinaga ko’chib o’tgan 622 yilda tashkil etilgan. Uning Qamariy deb nomlanishiga sabab – uning kunlari oy ko’rinishiga qarab belgilanishidir. Yangi oy (hilol) ko’ringan kundan to yanagi yangi oy chiqquniga qadar 12 soat 44 daqiqa 3,8 sekund muddat o’tadi. Shu jihatan oy gohida 30, gohida 29 kun bo’ladi. Shuning uchun ma’lum bir mavsumga to’g’ri kelmaydi, har yili har xil grigoriy (ya’ni odatda biz hisoblaydigan, avgust, sentyabrь kabi) oylarda  keladi. Hijriy yilning boshlanishi ham melodiy yilning turli oylariga to’g’ri keladi.

Demak, islomiy oylar hijriy-qamariy bo’lib, ularni birma-bir ko’rib chiqamiz:

Muharram – islomiy oylarning birinchisi hisoblanadi. “Muharram” so’zining mazmuni – “ta’qiqlangan”, “ma’n etilgan” kabi ma’nolarni anglatadi.  Bunday atalishining sababi, yilning bu davrida urushlar ta’qiqlaganidadir. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimning Tavba surasi, 36 oyatida shunday marhamat qiladi:

“Alloh nazdida oylar soni, Allohning osmonlar va Yerni yaratgandagi Kitobiga ko’ra, o’n ikkitadir. Bulardan to’rttasida urush harom, bu haq hukmdir...”. Oyati karimada ta’kidlanishicha, Alloh taolo osmonlaru Yerni yaratgan kunda Kitobiga bitib qo’yganiga ko’ra, yildagi oylar soni o’n ikkita qilib belgilangan. Bulardan to’rttasi: zulqa’da, zulhijja, muharram, rajab oylari  harom  oylar, ya’ni o’sha oyda urush qilish, qon to’kish harom qilingan oylar edi.

Muharram oyining o’ninchi kunidan Ashuro kunlari boshlanadi. Ular Payg’ambarlar, Yer va Osmon yaratilishi, farishtalar hamda Odam (a.s.) bilan bog’liq, islom olami uchun muhim kunlar sanaladi. Kimki Ashuro kunlarida ro’za tutsa, ko’pgina ajr va mukofotlar olishi ta’kidlanadi. Payg’ambar (s.a.v.) bir hadislarida: “Ramazon oyi ro’zasidan keyingi Allohning oyi bo’lgan Muharram oyida tutilgan ro’zaning savobi ulug’dir” deya marhamat qilganlar. 

Safar – islomiy taqvim bo’yicha ikkinchi oydir. “Safar” so’zining mazmuni “safar, sayohat” ma’nosidadir. Nima uchun bunday nomlanganini, bu oyda arablar o’z uylarini tashlab ketishlari bilan bog’laydilar. Ular jangu jadallar yoki nihoyatda issiq bo’lganligi sababidan yashash joylarini tashlab ketganlar. Shu e’tibordan safar deb nomlangan.

Rabi ul-avval – islom taqvimidagi uchinchi oy. “Rabi” so’zi bahor ma’nosini anglatadi. Rabi ul-avval oyining 12-sanasida Payg’ambarimiz (s.a.v.) tug’ilganlar. Bu grigoriyan taqvimga ko’ra 571 yilning 24 apreliga to’g’ri keladi.

Rabius sani yoki Rabiul-oxir. Taqvimning to’rtinchi oyi. “Sani” arabchada “ikki” degani, “axir” – oxirgi, “rabi” – bahor deganidir. Nomidan anglash mumkinki, o’sha paytda bu oy bahorning ikkinchi oyiga yoki oxirlariga to’g’ri kelgan.

Jumodul-avval – beshinchi oy. “Jumod” degani muzlash, qotib qolish degani. 5-6 oyning bunday nomlanishiga sabab, aynan ushbu ikki oyda suvlar muzlagan va qish kelgan vaqtga to’g’ri kelgan.

Jumodul-axir yoki Jumodus-saniy. Oltinchi oy. Qish oxiri mazmunini anglatadi.

Rajab. Yettinchi oy. Bu so’z “ulug’lash” degan ma’noni bildiradi. Arablar bu oyni ulug’ sanab, urushni to’xtatgani uchun shunday nomlangan. Chunki, Rajabdan keyin Sha’bon, keyin esa Ramazon oyi keladi. Muqaddas oyga tayyorgarlik maqsadida bu oy ulug’lanadi.

Sha’bon – islomiy taqvimning  to’qqizinchi oyi. Ushbu so’z arabcha “tashaba”, ya’ni “bo’linish” mazmunini anglatadi. Bu oyda arablar bo’linib, suv izlaganlar, yoki alohida bo’lib yurganlar. U – uch muqaddas oyning ikkinchisi hisoblanadi. Bu oy haqida Payg’ambarimiz (s.a.v.) ko’plab hadislar kelgan.  Sha’bon oyining 14-dan 15-ga o’tar kechasi islom olamidagi eng fazilatli tunlardan biri Baroat kechasi dir.

Ramazon — taqvimdagi to’qqizinchi oy. Bu so’zning ma’nosi “issiq” deganidir. Aynan ushbu oy boshqa oylarga nisbatan juda issiq bo’lgani uchun shu nomni olgan. Bu oy musulmonlar uchun eng muqaddas oy sanaladi. Bu oyda Qur’oni karim nozil bo’lgan. Bu haqida oyatda shunday marhamat qilinadi:

“Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to’g’ri yo’l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir”.

Hadislada shunday deyiladi:

“Kim Ramazon ro’zasini iymon ila savob umidida tutsa, uning avvalgi gunohlari mag’firat qilinur”

Shuningdek, bu oyda ming oydan afzal – Qadr kechasi mavjud.

Shavvol — taqvimning o’ninchi oyi. Arabcha “tashavvala”, ya’ni “tugab, to’xtab qolish” degan ma’nodadir. Bunday nomlanishiga sabab – ushbu oyda tuyalar homilador bo’lib suti to’xtab qolgan. Qolaversa, bu oyning birinchi kuni ulug’ ayyom Ramazon hayiti kuni sanaladi. Bu oyda olti kun ro’za tutish fazilatli sanaladi.

Zul-qa’da — 11-oy. Mazmuni – “o’tirib qolish” degan ma’noni anglatadi. Ushbu oyda urush harom qilingan oy bo’lgani uchun barcha harakatlardan to’xtab, uyda o’tirishgan. Shuning uchun shu nom bilan atalgan.

Zul-hijja — islomiy taqvimning oxirgi 12-oyi. “Hajli” degan ma’noni anglatadi. Islomdan oldin arablar aynan mana shu oyda haj ziyoratiga safarga chiqqanlari uchun shu nom bilan atalgan. Bu oy fazilatli sanalib, unda namoz, ro’za, zikr, sadaqa, haj kabi ulug’ ibodatlar ado etiladi. Zul-hijjaning dastlabki kunidan to’qqizinchi kuniga qadar turli ibodatlar bilan mashg’ul bo’lishga harakat qilinadi.

Bu oy haqida ko’plab hadislar keltirilgan. Jumladan, Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): «Ibodat qilinadigan biror kun zulhijjaning o’n kunidan Alloh taologa mahbub emas. Undagi har bir kunning ro’zasi bir yilga barobardir. Undagi har bir kechada turish qadr kechasida turishga barobardir», deganlar (Termiziy va Ibn Moja rivoyatlari).

Ta’kidlash joizki, Zul-hijja oyining o’ninchi kuni islom olamidagi eng ulug’ bayram – “Iyd al-Adxo”, ya’ni Qurbon hayiti nishonlanadi. Bu kunda musulmonlar Alloh taologa atab jonliq so’yadilar, qurbonlik qiladilar. Uning go’shtini yaqinlarga, muhtojlarga ulashadilar. Hayitni xursandchilik bilan nishonlaydilar.

Biz ayni paytda mana shu Zul-hijja oyining fazilatli kunlarida turibmiz. O’tayotgan kunlar bizni buyuk Ayyom sari yaqinlashtirmoqda. “Iyd al-Adxo” - Qurbon hayiti barchaga muborak bo’lsin!

 

Sharifa G’aniyeva tayyorladi