HAJGA KETAYOTGAN AYOLLARGA KIYIM BORASIDA TAVSIYALAR

Mana, bir umr kutilgan kunlar yetib keldi. Siz, inshaalloh, zimmangizdagi burchni ado etish – muborak haj ziyoratini amalga oshirish baxtiga muyassar bo’lasiz. 

Mazkur ziyorat mobaynida ibodatlarga to’liq mashg’ul bo’lish, boshqa narsalarga chalg’imaslik uchun tayyorgarlikni hoziroq boshlamoq lozim. Bunda ahamiyat qaratish lozim bo’lgan jihatlardan biri o’zingiz bilan qanday kiyimlar olib olish masalasidir. Biz sizlarga bu borada ayrim tavsiyalarni berib o’tishni lozim topdik.

  1. Shariatga muvofiqlik. Ayollar uchun maxsus haj libosi yo’q. Ehromga kirguncha kundalik hayotda kiyish talab etiladigan liboslar kiyiladi. Ayollarning liboslari keng, yopishib turmaydigan, tana shaklini bildirmaydigan, ichni ko’rsatmaydigan, erkaklarnikidan farqli bo’lmog’i lozim. Bu oyoqqa ham taalluqli bo’lib, ichi ko’rinmaydigan paypoqlarni kiyish kerak. O’zingiz bilan imkoni boricha bir nechta uzun va kengroq ko’ylak, ro’mol, keng yubka va uzun kofta olib oling. Ehromga kirgandan so’ng kiyimga xushbo’y vositalar surish, uni hidli poroshokda yuvish mumkin emas. Yuz va qo’l panjasini bekitish ham mumkin emas. Aks holda jarima to’lashga to’g’ri keladi.

  2. Libos rangi. Hajda buning ham ahamiyati yo’q. Issiq paytda, albatta, yorqin rangdagi kiyim kiyish yaxshidir. Arafa kunida ko’pchilik oq rangli kiyim kiyishni xush ko’radi. Aslida oq rangni unchalik tavsiya qilinmaydi. Boisi bu rangdagi libos va ro’molda tana ko’rinishi ehtimoli bor. Bu katta xatodir. Zero,  ibodatlar to’liq bo’lmay qolishi ham mumkin.

  3. Libosning matosi. Bunda ham ma’lum talab yo’q. Asosiysi – qulaylik. Ammo, tabiiy matolarni tanlagan ma’qul – paxta, trikotaj, shtapel, lyon (zig’irpoya tolasidan mato) singari. Sintetik matolarning aksariyati havo o’tkazmaydi. Bunday kiyimda ko’p terlash kuzatiladi.

  4. Issiq kiyimlar. Sizni havo harorati 50 gradusgacha issiq bo’ladigan makonga ketayotganingiz chalg’itib qo’ymasin. Masjidlarda konditsionerlar to’liq quvvatda ishlaydi, shu bois o’zingiz bilan issiqroq kiyimlar olib olishingiz maqsadga muvofiq. Ko’pchilik quyosh tig’ida Ka’ba atrofida tavofni bajarib, terlaydi, so’ng Safo va Marva tepaligi oralig’ida sovuq marmarda sa’yni amalga oshiradi. Bu ba’zida kasallanishga sabab bo’ladi. Shu bois, sog’lig’ingizga e’tibor bering, o’zingiz bilan issiq paypoq olib oling. Bundan tashqari, Mino va Muzdalifada ham kechqurunlari salqin bo’ladi.

 

Xurshida Abdullayeva tayyorladi

DINIY-MA’RIFIY SOHADAGI ISLOHOTLAR DUNYONING YETAKCHI EKSPERTLARI NIGOHIDA

Yaqinda AQSHning J.Xopkins universiteti huzuridagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti prezidenti Frederik Starr hamda Institut direktori Svante Kornell tomonidan «O’zbekiston: musulmon dunyosidagi islohotlar uchun yangi model» nomli maqola e’lon qilindi.

Maqolada O’zbekistonda davlat va jamiyat hayotining turli jabhalarida olib borilayotgan islohotlar, amalga oshirilayotgan tub o’zgarishlarga ijobiy baho berilgan. Mualliflar O’zbekistondagi bu yangilanishlar mamlakat Prezidentining shaxsiy tashabbusi asosida amalga oshirilayotganini alohida qayd etganlar.

Tadqiqotchilar O’zbekiston Rahbariyatining diniy sohadagi siyosatiga yuqori baho beradilar. Jumladan, maqolada jinoiy faoliyati uchun javobgarlikka tortilgan, qilgan ishidan pushaymon bo’lib, tuzalish yo’lini tanlagan 16 mingdan ortiq fuqarolarning «maxsus hisob»dan chiqarilishi, xorijda yurgan shu toifadagi shaxslarni mamlakatga qaytarish bo’yicha olib borilayotgan ishlar alohida qayd etilgan.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, O’zbekiston Prezidenti SH.Mirziyoev davrida O’zbekistonning boy diniy-ma’naviy tarixga da’vogarligi amaliy harakatlarda namoyon bo’lmoqda. Uning davrida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va O’zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi tashkil etildi.

«O’zining boy o’tmishga ega ekanini e’tirof etish bilan bir qatorda, O’zbekiston ana shu tarixni ilmiy asosda o’rganish va hayotga tadbiq qilishga harakat qilayotgani butun musulmon dunyosi uchun avvallari uchramagan, yangi yo’nalishni taqdim etmoqda», – deyiladi maqolada.

Mualliflarning ta’kidlashicha: «Mintaqa, islomning e’tiqodiy markazi sifatida qaraladigan Yaqin SHarqdan qolishmagan holda, tarixiy, diniy va intellektual asoslariga ko’ra, musulmon dunyosining markazi bo’lishga haqli».

O’zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari musulmon dunyosining eng ilg’or ilmiy kashfiyotlari, bebaho diniy manbalari arablar tomonidan emas, balki aynan markaziy osiyoliklar tomonidan amalga oshirilgan, degan fikrni ilgari suradilar.

Jahonning yetakchi ekspertlari va ilmiy doiralari tomonidan O’zbekistondagi  diniy-ma’rifiy islohotlarga bildirilayotgan munosabat, hech shubhasiz, mamlakatimizda ushbu sohada amalga oshirilayotgan islohotlar xalqaro maydonda e’tirof etilayotganining amaliy ifodasidir.

 

Shoazim Minavarov,

O’zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi direktori

 

BAYRAMLAR TURLI TANTANALAR ODOBI

Barcha xalqlarda qadimdan o’tgan ulug’ kishilarni, mashhur kunlarni, voqealarni yoki boshqa munosabatlarni eslash, qadrlash uchun bayram qilish, bu bayramlarda odamlarning xursandchilik qilishlari odat tusiga kirgan. 

Ko’pchilik bunday kunlarda keragicha yeb-ichish, o’ynab-kulish, aroqxo’rlik uyushtirish, turli fisqu fujur ishlarni xohlagancha qilishga qulay imkoniyat topishgan. Turli xalqlarda, turli zamonlarda bayramlar turlicha bo’lib, o’zgarib turgan. Bayramlarni belgilash va ularni nishonlash har bir halq, millat va dinning o’z ta’limoti, dunyoqarashi va mafkurasiga qarab turlicha kelgan.

Islomda bayramlarga o’ziga xos ahamiyat berilgan. Bayramlarni belgilash va ularni o’tkazish aynan Islom ta’limotlari asosida  joriy qilingan. Bayramlarni nishonlash va ularda qilinadigan amallar ham umumiy Islom ta’limotlari asosida yo’lga qo’yilgan.

Shodu hurramlik va xursandchilik kunlari bo’lmish bayramlar bir necha turli bo’lib, ulardan ba’zilari shar’iy matnlarda, asosan hadisi shariflarda bayram deya e’lon qilingan va ularda ma’lum diniy amallar bajarish joriy qilingan.

Musulmonlarning asl diniy bayramlaridan biri Qurbon bayrami (hayiti) bo’lib, u zulhijja oyining o’ninchi kuni nishonlanadi va shundan keyingi “tashriq kunlari” nomini olgan uch kun ham qo’shiladi.

Musulmonlarning ikkinchi bayrami shavvol oyining birinchi kuni nishonlanadigan Fitr bayrami (hayiti) bo’lib, bu bayram Ramazon oyi ro’zasini tutish tugagani munosabati  ila o’tkaziladi.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida, ularning o’yin-kulgu qiladigan ikki kunlari bor edi.

“Bu ikki kun qanday  kun?” deb so’radilar.

“Johiliyatda o’ynaydigan kunimiz edi”, deyishadi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

“Albatta, Alloh sizlarga u ikkisi o’rniga ulardan ko’ra yaxshi Azho va Fitr kunlarini berdi”, dedilar”.

“Sunan” egalari rivoyat  qilganlar.

Islomdan oldin Madina ahlining ikki bayrami bor edi. Bu bayramlarning birinchisi shamsiy sananing birinchi kuni hisoblanar edi. Bahorda kecha bilan kunduz tenglashgani, issiq ham, sovuq ham o’rtacha bo’lgani uchun qadimgi hakimlar bu kunni bayram deb ixtiyor qilishgan edi.

Islom kelib, bu ikki bayram o’rniga Islom bayramini joriy qildi. Shar’iy bayramlar o’ynab-kulib, xursandchilik qilgan, ahli ayoliga, tanish bilishlariga kengchilik yaratganlar savob oladigan bo’lishdi. Ulardan biri, avval aytilganidek, Ramazoni sharif ro’zasini tamomlash munosabati bilan nishonlanadigan Fitr bayrami, ikkinchisi esa Baytullohda haj ibodatini tamomlash munosabati bilan o’tkaziladigan Qurbon bayramidir.

Musulmonlar uchun bu ikki bayram yeb-ichiladigan, shodon kayfiyatda nishonlanadigan, o’ynab-kuladigan kunlardir. Har bir millat o’z bayramiga ega bo’lgani kabi, musulmon ummati ham o’z bayramlariga shu tariqa ega bo’lgan. Yil mobaynidagi ushbu ikki bayramga haftalik bayram sifatida juma kuni ham qo’shiladi.

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:

“U Zotning huzurida kunlarning sayyidi va ulug’i juma kunidir. U Alloh azza va jallaning huzurida Fitr kunidan ham, Azho kunidan ham ulug’dir”.

Buxoriy Tarixda, Ahmad va Ibn Moja rivoyat qilganlar.

Juma kuni haftalik bayramgina emas, u kunlarning sayyidi, ya’ni ulug’i, faqir – miskinlarning haj kuni hamdir. Bu kun sharafidan qilingan amallarga savoblar ko’paytirib beriladi.

Barcha xalqlarda asosiy diniy bayramlar bilan bir qatorda tarixiy hodisalarga bog’liq bayramlar ham bo’ladi. Bunday bayramlar “majoziy bayramlar” deb ataladi. Davrlar o’tishi bilan musulmonlarga ham bunday majoziy bayramlar shakllanib borgan. Misol uchun, har hijriy sanani eslash, bayram qilish va odamlar bir-birlarini tabriklashi odat tusiga kirgan. Shunga o’xshash, Qadr kechasi, Isro va Me’roj kechasi, Mavlid bayrami kabi munosabatlar musulmon xalqlarida o’ziga xos ravishda nishonlanadigan bo’lib qolgan.

Diniy bayramlarni nishonlash sunnatlari

Tilimizda “bayram” (hayit) so’zi arab tilida “iyd” so’zi bilan ifoda qilinadi va “qaytish” ma’nosini bildiradi. Bayramlar qayta-qayta kelgani uchun “iyd” deb nomlangan. Eng muhimi, mo’min-musulmonlarga ikki iyd kunlari Alloh taoloning ko’plab xayru barakasi qayta-qayta keladi.

Ro’za bayramiga xos ishlar

Fitr kuni taom yeyish, misvok va g’usl qilish, xushbo’ylik surtish va eng yaxshi kiyimlarini kiyish va fitr sadaqasini berish mandubdir.

Yuqoridagi jumlada Fitr (Ramazon) bayramiga chiqishdan oldin qilinadigan amallar haqida so’z bormoqda.Ular quyidagilardan iborat:

1.Taom yeyish.

“Nabiy sollallohi alayhi vasallam Fitr kuni bir necha hurmo yemay turib, chiqmas edilar. Toq yer edilar”.

(Buxoriy va Termiziy rivoyat qilganlar).

Boshqa bir rivoyatda: “Fitr  kuni taom yemasdan oldin chiqmas edilar. Azho kuni namozni o’qib bo’lmaguncha yemas edilar”.

2.Fitr sadaqasini berish.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam fitr zakotini ro’zador uchun behuda gap-so’z va harakatlardan poklanish va miskinlar uchun taomlanish bo’lsin, deb farz qildilar. Kim uni namozdan oldin ado qilsa, u maqbul zakot bo’lur. Kim uni namozdan keyin ado qilsa, sadaqalardan biri bo’lur”.

Abu Dovud, Ibn Moja va Hokim rivoyat qilganlar. Hokim sahih, degan.

Fitr sadaqasini iyddan bir necha kun oldin bersa ham bo’ladi.

“Ijtimoiy odoblar” kitobidan

TAN VA RUH SHIFOSI

Ko’p kasalliklar, jumladan, erta qarishga asosiy sabab moddalar almashinuvi jarayonida jismda zahar va chiqindalar to’planib qolishidir. 

 

Ochlik esa tanadagi barcha hujayralarni yangilaydi va yoshartiradi. Chirigan zarrachalar birinchi bo’lib tanani tark etadi. Bunga misol qilib tirnoq, sochni keltirish mumkin. Ochlik vaqtida bu jarayon ancha tezlashadi va hayotiy kuch endi tanadagi kerak bo’lmagan, chiqindi holatiga kelib qolgan to’qimalarni chiqarib yuborishga sarflanadi. Ma’lumotlarga qaraganda, ro’zador inson bir kunda 360 gramm to’qima, yog’, o’smalar, balg’am va boshqa chiqindilardan halos bo’ladi. Ovqat hazm qilish jarayonida hamma ichki a’zolar to’liq ishlay boshlaydi. 9-10 metrlik ichakdan o’tayotgan ovqatni hazm qilishda jigar, taloq, buyrak, teri va ko’plab bezlar ishtirok etadi. Qon tomirlariga shimilgan kerakli fegment, uglevod, oqsil va vitaminlar qatori zaharli moddalar ham qo’shilib o’tadi. Ma’lumki, qon har 24 soniyada butun tanani aylanib chiqadi. Demak, hujayralarga kerakli ozuqa moddalar bilan zaharlovchi, yemiruvchi moddalar ham o’tib turadi. Tanadan zaharli moddalarni chiqarish uchun to’rt ajratuvchi: ichaklar, o’pka, buyrak va teri bor. Har qanday holatda ham zaharli moddalar tanadan to’liq holda chiqib ketmaydi. Ammo bosh miya va asab tizimi ochlik yordamida sezilarli darajada davo topadi. Ko’p odamlarda fikrlash qobilyati kuchayadi. Asab to’qimalaridagi zararli zarralar chiqarib yuboriladi va miya hujayralari tozalangan qon bilan ko’p miqdorda energiya ishlab chiqaradi. Barcha aqliy qobiliyatlar, xotira, ichki hissiyot ochlik yordamida kuchayadi.

Ro’za tutish yordamida insonda ko’rish, eshitish, hid va ta’m bilish xususiyatlari yaxshilinadi. Fikri tiniqlashgan odam uchun endi salbiy hislar yot bo’lib ko’rinadi. Ochlik paytida qizil qon tanachalari 1 kub ml. qonda 2.5 millionga oshadi, gemoglabin miqdori 50 foizdan 85 foizgacha ko’tariladi va sifati yaxshilanadi, oq qon tanachalari miqdori me’yorlashadi. Ro’za vavqtida uzoq vaqt och yurgan insonning mushaklari biroz kichrayadi. Mushaklarning qisqarishi salomatlikka zarar yetkazmaydi. Yurak mushaklarri bor yo’g’i 3 foizga qisqaradi, barcha a’zolar ishi yengillashadi, oshqozon va ichaklar dam oladi. Ro’za paytidagi ba’zi noqulayliklar bo’lishi tanadagi zaharli qoldiqlar bilan bog’liq. Hayotiy quvvat ushbu zaharlarni ajratish a’zolari orqali yuvib tashlashi bilan inson o’zini yaxshi his qila boshlaydi. Ro’za tutganda og’iz bemaza bo’lishi, og’izdan yoqimsiz hid kelishi kuzatiladi, tomir urishi tezlashadi yoki sekinlashadi. Bosh aylanishi, so’lak to’planishi, tomoq qurishi va hatto biroz shamollash ham kuzatilishi mumkin. Bularning birortasidan tashvishlanish kerak emas, chunki bular ichki a’zolardagi tozalanish jarayonlaridir.

Sezgi a’zolarini nazorat qilish uchun xitoyliklar ba’zi chora tadbirlarni qo’llashni taklif qilganlar: quvvat buyrakda jamlanishi uchun quloqni barcha yomon so’zlardan, baqir-chaqiriqdan saqlash, jigarda quvvat saqlanishi uchun ko’zni barcha yoqimsiz va yomon narsalarga qarashdan tiyish, yurakda quvvat jamlanishi uchun yomon hidlardan saqlanish va nihoyat taloqda quvvat yig’ilishi uchun his-hayajondan saqlanishi lozim bo’ladi.

 

Fazliddin Nosirov,

Hidoyat jurnalidan