INSONIYAT HAYOTI UCHUN XAVFLI OMIL

yni paytda dunyoning yuz milliondan ortiq aholisi to’yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekmoqda va ochlikdan halok bo’lish xavfi yuzaga kelmoqda. 

Afsuski, bu holat yildan-yilga yanada o’sib bormoqda. Bu haqida BMTning oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi, favqulodda holatlar Bo’linmasi direktori Dominik Birgon xabar beradi. – deb yozadi “Russkiy mir”.

BMT ma’lumotiga ko’ra, och insonlar sonining ko’payib borish sabablaridan biri Yaman, Somali, Janubiy Sudan va Nigeriya kabi davlatlarda hukm surayotgan ijtimoiy tanglikdir. Qolaversa, bu yerlardagi qurg’oqchilik bir necha yillardan beri davom etib kelayotgani katta muammolardandir. Misol uchun, Janubiy Sudanning ikki okrugida rasmiy ravishda ochlik e’lon qilingan. Ayniqsa, Yamanning hozirgi ahvolini jiddiy holatda, deb aytish mumkin. BMTning Butunjahon Oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi tashkiloti dalolatnomasiga muvofiq, Yamanda ochlikdan o’lish 17 milliondan ziyod  kishilarning hayotiga xavf solmoqda. Bu ko’rsatgich esa har to’qqiz oyda 20 %ga o’sib bormoqda.

Shunga o’xshash holat zaminning boshqa nuqtalarida, jumladan, Osiyoda, Janubiy Amerika, Afrika va Uzoq Sharqda ham kuzatilayotgani achinarlidir. Barcha yerda nobarqaror, janjalli vaziyat  ommaviy ochlik o’sishini yuzaga keltirmoqda. Rossiyadan tashqari, barcha davlatlarda g’alladan olinadigan hosil kamayib ketmoqda. Bu holat AQSh va Kanadada yiliga 38 % ni tashkil etadi, bu esa dunyodagi halokatli oziq-ovqat tanqisligiga sabab bo’ladi.

Ayni paytda AQShda 108 yil ichida hosil miqdorining eng kamaygan payti kuzatilmoqda. Bir qator mutaxassislarning ta’kidlashlariga qaraganda, aksariyat ochlik  holati sun’iy ravishda va reja asosida keltirib chiqarilmoqda.

islam-today.ru saytida keltirilgan ushbu ma’lumotlar har bir ongli insonni tafakkurga chorlashi tayin. Jannatmonand yurtimizdagi imkoniyatlar, to’kin-sochin dasturxonimiz, osoyishta kunlarimiz uchun har qancha shukronalar aytsak-da kamdir.

 

Sharifa G’aniyeva tayyorladi

HADISI SHARIF

 Faqih Abu Lays Samarqandiy aytadi: Anas ibn Molik roziyallohu anhu Payg‘ambarimizdan rivoyat qilib aytadiki: “Kim Alloh bilan uchrashmoqni yaxshi ko‘rsa, Alloh ham u bilan uchrashmoqni yaxshi ko‘rgay va kim Alloh taolo bilan uchrashmoqni yoqtirmasa, Alloh ham u bilan uchrashmoqni yomon ko‘radi”.

    Shunda: “Ey Rasululloh, biz hammamiz o‘limni yomon ko‘ramiz-ku”, deb aytdilar. “Bu yomon ko‘rishlik emasdir. Agar mo‘min kishi o‘lim to‘shagida yotgan bo‘lsa, Alloh taolo uning huzurida yaxshilardan bo‘lib qaytishligi haqida o‘sha bandaga xushxabar keladi va unga Alloh diydoridan yaxshiroq biror narsa bo‘lmaydi va Alloh ham uni uchratmoqni yaxshi ko‘radi. Agar fojir yoki kofir o‘lim to‘shagida yotgan bo‘lsa, Alloh taolo uchun yomonlardan bo‘lganligi, yomonlardan hisoblanganligi aytilib, qo‘rqitib, ogohlantirish keladi va u Alloh bilan bo‘ladigan uchrashuvni yomon ko‘radi. Alloh ham u bilan ko‘rishmoqni xohlamaydi”, dedilar Nabiy (s.a.v.).

ASHURO KUNI

Muharram oyining o’ninchi kuni Ashuro kuni deyiladi. Bu kunning o’ziga xos fazilati bor. Bu haqda ko’plab rivoyat va hadislar kelgan.

عَنْ حَاجِبِ بْنِ عُمَرَ عَنْ الْحَكَمِ بْنِ الأَعْرَجِ قَالَ: انْتَهَيْتُ إِلَى ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا وَهُوَ مُتَوَسِّدٌ رِدَاءَهُ فِي زَمْزَمَ فَقُلْتُ لَهُ: أَخْبِرْنِي عَنْ صَوْمِ عَاشُورَاءَ فَقَالَ: إِذَا رَأَيْتَ هِلاَلَ الْمُحَرَّمِ فَاعْدُدْ وَأَصْبِحْ يَوْمَ التَّاسِعِ صَائِمًا قُلْتُ: هَكَذَا كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَصُومُهُ قَالَ: نَعَمْ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ وَأَحْمَدُ وَابْنُ خُزَيْمَةَ وَابْنُ حِبَّانَ وَالطَّبَرَانِيُّ.

 

Hojib ibn Umar Hakam ibn A’rojdan rivoyat qiladi: “Men Ibn Abbos roziyallohu anhuning oldiga borsam u Zamzam oldida ridosi ustida yonboshlab yotgan ekan. Men: “Ashuro ro’zasi haqida xabar ber”, dedim. Shunda u: “Agar Muharram oyi hilolini ko’rsang, hisobini qilib, to’qqizinchi kuni ro’za tut”, dedi. Men: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday ro’za tutarmidilar?” deb so’ragandim, u: “Ha”, deb javob berdi” (Muslim, Abu Dovud, Termiziy, Ahmad, Ibn Xuzayma, Ibn Hibbon va Tabaroniy rivoyati).

 

Ashuro kunining fazilati u kunda tutiladigan ro’za bilan chambarchas bog’liq. Yahudiylar Ashuro kunini ulug’lab, bu kunda ro’za tutardilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bundan xabar topganlaridan keyin o’zlari ro’za tutdilar va ummatlarini ham ro’za tutishga buyurdilar. Hatto Ashuro kuni ro’zasi o’tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo’lishini xabar qildilar.

HAJ SAFARI UCHUN TANLANADIGAN POYABZAL HAQIDA TAVSIYALAR

Bu yil muborak Haj safariga borish baxtiga muyassar bo’lib, safar arafasida turganlar uchun muhim ma’lumotlarni taqdim qilishda davom etamiz.

Haj ziyorati har bir musulmon kishi hayotida juda muhim ahamiyatga ega. Zero, bunda Payg’ambarimiz alayhissalom yashagan, Qur’oni karim nozil bo’lgan joylarni o’z ko’zimiz bilan ko’rib, ana shu yerlarda zimmamizdagi farzni ado etamiz. Shu sabab ham, Madinayu Munavvara va Makkayu Mukarramada o’tadigan har lahza juda qimmatli hisoblanadi. Shuning uchun, Haj safariga yo’l olishdan avval barcha ishlarni hal qilib olish lozim, toki sizni u yerda hech nima chalg’itmasin. Bu oyoq kiyimlarga ham daxldor. Ushbu maqolamizda Haj safari uchun qanday poyabzal olish yaxshiroq ekanligi, ularni tanlashda nimalarga ahamiyat berish darkorligi haqidagi tavsiyalar bilan o’rtoqlashamiz:

  1. Shuni ta’kidlab o’tish kerakki, ayollar uchun hajda, ehrom vaqtida oyoq kiyimlar uchun hech qanday shar’iy talablar yo’q. Erkaklarda esa, ehromda to’piq, tovon va barmoqlar ochiq bo’lishi kerak. Ehromda qoidalarni buzmaslik uchun oldindan tayyorgarlik ko’rish maqsadga muvofiq bo’lib, ana shunga mos oyoq kiyimni o’sha yerdan sotib olmaslik yoinki, oyoq kiyimni shunday qilib kesmaslik uchun bu haqida oldindan o’ylash lozim.

  2. Safarga yo’lga chiqishdan ikki-uch kun avval sotib olib, hali kiyishga ham ulgurmagan oyoq kiyimni o’zingiz bilan olmang, chunki bu sizga ko’plab noqulayliklar tug’diradi. Masalan, oyoqda qadoq hosil qilishi mumkin. Bu esa ibodat vaqtida qiyinchiliklarga sabab bo’ladi. Agar hozir mos oyoq kiyimingiz bo’lmasa, uni avvalroq sotib olib, kiyib ulgurganingiz ma’qul.

  3. Shuni yodda tutingki, ko’p yurishingizga to’g’ri keladi. Jamarot (shaytonga tosh otish joyi)da bir va bir necha km yurishga to’g’ri keladi. Shu sababdan, o’zingiz bilan qulay va yumshoq, sinalgan oyoq kiyimlaringizni oling.

  4. Baletka, mokasina singari tekis taglik oyoq kiyimlarda biroz qiynalishingiz mumkin, chunki ularda tez charchab qolasiz. Uncha baland bo’lmagan taglikli oyoq kiyim tanlashga harakat qiling. Masalan, ochiq turdagi sport oyoq kiyimlari yoki matoli kedalar bo’lishi mumkin, ularda bir muncha qulayroq.

  5. O’zingiz bilan bir necha turdagi oyoq kiyimlar oling. Masjidgacha borishda hamda Mino va Arofatda ibodatlarni bajarishda kiyadigan oyoq kiyimdan tashqari, o’zingiz bilan mehmonxona va Mino vodiysi uchun shippak olganingiz ma’qul,  unda tahorat olish, dush qabul qilish qulayroqdir.

  6. Oyoq kiyimingizni masjidda qoldirmang, keyin uni topish uchun ko’p vaqt yo’qotasiz. Oldindan oyoq kiyim uchun mo’ljallangan qopchalardan oling.

Ushbu ma’lumotlar sizga foydali bo’ladi hamda muborak safaringiz mobaynida asqotadi deb umid qilamiz.

 

Nigina Botirova tayyorladi