QUR’ONI KARIM SAYOHATI?...

Biz insonlarning sayohatlari haqida ko’p eshitganmiz. Biroq, kitoblarning sayohati haqidachi? 

Islam-today.ru nashri kitoblarning eng a’losi – Qur’oni Karimning sayohati haqida maqola e’lon qildi. Unda aytilishicha, Aleksey Leonov nomidagi Rossiya geografiya jamiyatining suvosti ilmiy tadqiqotlar otryadi a’zosi Rustam Gilmutdinovga Makkaga sayohat uchun berilgan muborak kitob Qozon shahriga qaytib keldi. Ushbu Qur’oni Karim 20-sentyabr kuni  “Qozon Kremli” nomli muzey-qo’riqxonaning Islom madaniyati muzeyiga tantanali tarzda topshiriladi.

Bu yilgi Haj mavsumi mobaynida ushbu Kalomulloh Makka va Madina kabi muqaddas shaharlarda, Masjidul Haram va Masjidul Nabaviy singari mo’tabar maskanlarda bo’lgan. Ushbu muqaddas maskanlar ziyorati mazkur Qur’oni Karim sayohatining davomi bo’ldi. Boisi, aynan shu kitob 2014-yili suvosti otryadi a’zolari bilan Rossiyaning Antarktidadagi “Bellinsgauzen” nomli qutbiy stantsiyasida bo’lgan edi. Shundan buyon ushbu Qur’oni karim musulmonlarning Janubiy qutbda bo’lgan birinchi va yagona muqaddas kitobi maqomini egallab turibdi.

Bu haqida suvosti otryadi a’zosi Rustam Gilmutdinovning o’zi shunday deydi: “Qur’on bu eng o’qishga sazovor bo’lgan kitob va uni o’qish hech qachon to’xtamasligi kerak. Aynan mazkur Qur’onning sayohati Yaratganning marhamatidir. Yaratganning  bu marhamati to’xtamasligini, ushbu Qur’onning sayohati kelajakda ham davom etishini niyat qilib qolamiz”.

Ushbu kitobning yana bir tarixiy ahamiyati shundaki, u musulmonlar tomonidan ilk bor chop etilgan “Qozon bosma” Qur’onning qayta chop etilgan nusxasidir. Suvosti otryadi a’zolarining rejasi ushbu mo’tabar kitobni eng ahamiyatli ekspeditsiyalarga birga olib borib, uning sayohatini davom ettirishdir. Nashrning qayd etishicha, 20-sentyabr kuni mazkur Qur’oni karimni muzeyga topshirish marosimida Aleksey Leonov nomidagi Rossiya geografiya jamiyatining suvosti ilmiy tadqiqotlar otryadi a’zolari hamda Diniy boshqarma vakillari ishtirok etishadi.

 

Xurshida Abdullayeva tayyorladi

HAYITNI NISHONLAMAGAN YUZ MINGLAB INSONLAR

Yurtimizga bayramlar yarashadi. Kuni kecha ikki ulug’ ayyomlarni ko’tarinki kayfiyatda, xursandchilik bilan nishonladik. 

Tinchligimiz va farovon hayotimiz uchun Yaratganga shukronalar aytdik, yoshi ulug’larimiz bilan duoga qo’l ochdik. Albatta, zimmamizda osoyishta kunlarning qadriga yetish barobarida, uni asrab-avaylash, yurtimiz ravnaqiga hissa qo’shish mas’uliyati bor. Binobarin, zaminning qay bir burchagida eng ulug’ ayyomni nishonlashga-da imkoni bo’lmagan zamindoshlar mavjudligini unutmasligimiz joiz. 
Islam.ru sahifasiga joylangan yangilikka e’tiboringizni qaratmoqchiman: G’azo sektoridagi 250 ming falastinlik aholi Islom olamining buyuk bayrami – Qurbon Hayitini nishonlay olmagan. Bu statistik raqam G’azo hududida joylashgan uysiz odamlarning ro’yhatga olingan holatidir. Falastin kasaba uyushmalari Birlashmasi boshlig’i Sami al-Amassining so’zlariga ko’ra, Isroil bosqini natijasida yuzaga kelgan harobalardan ayni paytda faqatgina uchta uy qayta tiklangan. Yuzlab korxona va tashkilotlar xomashyoning yetishmasligi va elektr energiyasi tanqisligi sababli yopilishga mahkum.
Albatta, dunyo ahvolidan xabardor bo’lish kishiga o’zi erishgan ne’matlar bilan qiyoslashni o’rgatadi. Jahonning nochor aholisi uchun qalbingiz tubidan yengillik va mushkullariga yechim tilaysiz... Qalbingizni esa shukrona tuyg’ular qamrab oladi. Xulosa o’zingizdan.

Sharifa G’ANIYEVA

YОLG’ONCHILARGA ALDANMANG

Inson hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, huquqlari daxlsizdir. Ular oliy qadriyat hisoblanadi. 

Bu huquqlarni himoya qilishga har bir insonning o’zi ham mas’ul. Shunga ko’ra, odam aql va ilm bilan ish tutishi, qaltis yo’llarga kirmasligi, sinalmagan odamlarga ishonib, hayotini xatarga qo’ymasligi kerak. To’g’ri tafakkur shunga undaydi. Achchiq tajriba shuni ko’rsatadi.

Ammo ba’zi yurtdoshlarimiz nopok kimsalarning yolg’on va’dalariga uchib, aldov to’riga tushib qolayotgani, borgan joylarida adolatsizlikka uchrab, huquqlari toptalayotgani kishini tashvishlantiradi. Yaqinda shunday yurtdoshlarimizdan biri masjidga keldi, suhbatlashdik. Haqiqiy ahvolni bilmay, oqibatini o’ylamay, faqat shirin xayol bilan chet elda ishlab kelishni orzu qilib yurganlarga saboq bo’lar, hushyorlikka undar degan maqsadda roziligi bilan hasratini qog’ozga tushirib, tahririyatga yubordim.

«Tengqur jo’ralarim bilan tong saharda yo’lga otlandik. Yashirin yo’llar bilan bir amallab qo’shni davlat chegarasidan o’tdik. Bizni chaqirtirgan odam shu yerda yaxshi ish borligini aytgan ekan. U bizga katta maydonni ko’rsatib, shu yerga ikki qavatli uy qurishimiz kerakligini tushuntirdi. Keyin ishboshi pasportlarimizni yig’ib oldi. Qurilishni boshladik. Ish juda og’ir edi.

Shu tarzda uzoq ishladik, qurilish bitay deb qoldi. Biroq maoshdan darak yo’q edi. Bir kuni hammamiz yig’ilib, ishboshining oldiga haqimizni so’rab bordik. U bo’lsa, bizni sotib olganini, hech qanday haq bermasligini aytdi.

Shundagina tovlamachi, nopok, vijdonsiz kimsalar qo’liga tushib qolganimizni angladik...

Gaplarimiz ishboshiga xush kelmadi va: "Pul, hujjating kerak bo’lsa, chidaysan, yo’qsa, katta ko’cha!" deb do’q urdi. Bu yerdan faqat qochib qutulish mumkinligini tushundik. Masalahatni bir joyga qo’yib bir kuni qochdik. Ammo cho’ntagimizdagi arzimas pul va hujjatsiz qayergacha borishimizni bilmasdik. Xayriyat, yaxshi insonlar ko’magida yurtimizning o’sha joydagi Vakolatxonasiga yetib oldik. U yerda bizga kerakli hujjatlarni tayyorlab, Vatanga qaytishimizga ko’mak berishdi.

Inson har doim o’z tug’ilgan yurtida aziz ekaniga, chetga faqat qonuniy yo’l bilan chiqish zarurligiga yana bir bor iqror bo’ldik».

Abdulloh ORIFZODA,

Mirzo Ulug’bvk tumani "Tepa" jome masjidi imom-xatibi,

Hidoyat jurnalidan olindi.

“QOLGAN ISHGA QOR YOG’AR...”

Siz ertaga muhim hisobotni topshirishingiz kerak, sizni ertaga hal qiluvchi suhbat kutmoqda, yoki bo’lmasa taqdiringizga aloqador muhim vazifani amalga oshirishingiz darkor. 

Biroq, siz bularga faol tayyorlanish uchun bor kuch-g’ayratingiz va vaqtingizni bag’ishlash o’rniga beshinchi piyola choyni xo’playsiz, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarni o’ninchi marotaba ochasiz, barcha yaqinlaringizga qo’ng’iroq qilib chiqasiz. Faol jarayonga kirishmaslik uchun qo’ldan kelgancha boshqa mayda ishlar bilan mashg’ul bo’lasiz va “Mana hozir, yana bir soatdan keyin boshlayman, qanday bo’lsa ham hammasi hal bo’ladi”, deya o’zingizni ovutasiz. Sizga ushbu holatlar tanishmi? Yoki bo’lmasa, hech qanday sabablarsiz vrach qabuliga borishni paysalga solasiz, to’lovlarni o’z vaqtida to’lamasdan, har xil bahonalar topasiz, hattoki odatiy uyni boshdan oyoq tozalash ham bir necha oylarga cho’zilib ketadimi? Agar bu vaziyatlar sizning hayotingizdan ham joy olgan bo’lsa, demak ushbu maqolamiz aynan siz uchundir.

Demak, oldingizda turgan muhim vazifasini bajarish o’rniga, siz mayda ishlarni bajarishga, aytaylik, yengil tamaddi qilish, gullarni sug’orish, o’yinlar, Internetda sayr qilishga tayyorsiz. Agar shunday bo’lsa, ehtiyot bo’ling: sizda prokrastinatsiya belgilari ko’rinmoqda. Shu o’rinda prokrastinatsiya nima degani o’zi, degan savol paydo bo’ladi. Bu so’z lotin tilidan olingan bo’lib, «crastinus»  –  ertaga, «pro» – qoldirish, ya’ni ertaga, keyinga qoldirish degan ma’noni anglatadi. Psixologlar esa uni salkam xastalik deb ham atashadi. Bu dangasalikning ko’rinishi bo’lib tuyulishi ham mumkin. Biroq, bu ikkisi bir narsa emas. Boisi, dangasa kishi hech narsa qilmayotganidan tashvishlanmaydi, biror ishni amalga oshirishga istak hissini ham tuymaydi. Biz aytayotgan prokrastinatsiyaga chalingan inson esa, zimmasidagi vazifasini bajarishni hamda faol bo’lishni istaydi, biroq buni amalga oshirolmaydi va o’zini oqlashga turli sabablar topadi.

Prokrastinatsiya, ya’ni sustkashlik, ortga surish bu surunkali kasallik emas, uni butkul davolash mumkin. Ammo, buning uchun siz fikrlash tarzingizni butunday o’zgartirishingizga to’g’ri keladi. Shu bilan birga, bu narsa sizga hayotingizda va ish faoliyatingizda halal berishini anglashingiz lozim.

 

Bundan qanday qutulish mumkin?

 

  1. Reja tuzishga odatlaning. Bunday ko’nikmasiz siz boshlanmagan va yakuniga yetmagan ishlar botqog’iga abadiy ko’milib qolaverasiz. Muntazam ro’yhat tuzib yuring. Uning dastlabki bandlaridan eng qiyin vazifalar joy olishi kerak. Yanada yuqori natija uchun esa tavsiya etamiz: o’zingiz uchun ma’lum vaqt muddatini belgilang, taymerni yoqing va harakatni boshlang!

  2. O’z oldingizga qat’iy qoida qo’ying: «Keyin – demak hech qachon». Agar ishingizni ortga surib, boshqa biror nomuhim narsa bilan shug’ullangingiz kelib qolsa, istagingizni jilovlang va vazifangizning hech bo’lmasa kichik qismini bo’lsa ham bajaring.

  3. Ushbu prokrastinatsiya, ya’ni, ishni ortga surish «kasalligi»ni yengish uchun o’zingizni tartib-intizomga o’rgating va kun tartibiga rioya qiling. Har bir narsani daqiqasi bilan yozib qo’ying va unga amal qilishga, chetga chiqmaslikka harakat qiling. Bundagi siz uchun asosiy band o’z vaqtida o’qilgan namozlardir.

  4. O’zingizga yaxshi baho bering, o’zingizga ishonmaslik, qat’iyatsizlikdan voz keching. O’tgan muvaffaqiyatsizliklar uchun o’zingizni ayblash kerak emas. O’z zaif tomonlaringizni tan oling, axir bular hammada ham bor. Biroq, sizda kuchli sifatlar ham yetarli, ularga tayaning va siz albatta muvaffaqiyatga erishasiz.

  5. Bir kunda avval qancha mo’ljallagan bo’lsangiz, shuncha ishni bajaring. Ishlar oralig’idagi tanaffusda hordiq chiqarishga ham ahamiyat qarating, shu bilan birga kechki vaqt barcha ishlaringizni tugatib bo’lganingizdan so’ng ham bunga amal qiling. Agar siz bir kunlik me’yorni to’liq bajarmagan bo’lsangiz, u holda bir qadam ortga qaytishga to’g’ri keladi. Masalan, vazifalaringizning uchdan ikki qisminigina amalga oshirdingiz. Keyingi kun o’z jadvalingizdagi rejalarni kuniga ikkita vazifaga etib kamaytirishingiz kerak bo’ladi.

  6. Ba’zida perfektionistlik, ya’ni, haddan oshiq mukammallik, yana ham aniqrog’i ideal natijaga erishish istagi oldimizga qo’ygan maqsadga yetishishga halal berishi mumkin. Agar siz hayotda perfektionist bo’lsangiz, dastavval vazifani oxiriga yetkazishga, keyingina mayda kamchiliklarga urg’u berishga o’zingizni o’rgating.

  7. Eng so’ngida esa, biz siz uchun muhim bir bandni tayyorladik. Prekrostinatsiya, ya’ni ortga surish, sustkashlik nafaqat ish faoliyatidagi, balki shaxsiy hayotdagi muvaffaqiyatsizliklarga ham sabab bo’lishi mumkin. Bu “kasallik” bizning ma’naviy-ruhiy mukammallikka erishishimizda ham jiddiy to’siq bo’lishi mumkin. Eslab ko’ring, biz Qur’oni karim o’qishni o’rganishni haligacha boshlamaganimizni oqlash uchun har kuni qanchalab bahonalar topamiz? Barcha namozlarni har kuni o’z vaqtida o’qish uchun necha marta o’zimizga so’z beramiz? Hasan Basriy hazratlari “Ey, Odam farzandi, sen kunlar yig’indisidan iboratsan. Bir kuning o’tgani, bir bo’laging o’tganidir”, deb aytgan ekan. Har gal hayotiy muhim bo’lgan vazifalaringizni ortga surmoqchi bo’lganingizda, mana shu hikmatni yodga olish maqsadga muvofiqdir.

 

 

Internet materiallari asosida

Xurshida Abdullayeva tayyorladi