MUHABBAT OYATLARI

Islom musulmonlarni o’zaro mehr-muhabbatda hayot kechirishga targ’ib etgan dindir. Ayniqsa, oilada er va xotinlarning sevgi va muhabbat bilan, ahil-inoqlikda yashashlariga da’vat etadi. 

Bu borada Qur’oni karimda ham oyatlar talaygina. Ushbu maqolamizda er va xotinning o’zaro munosabatlari, bir-biriga g’amxo’rliklari va muhabbatlari haqida Kalomullohda kelgan oyatlardan ba’zilarini bayon qilamiz. Ular:

  •  “Uning alomatlaridan (yana biri) – sizlar taskin topishlaringiz uchun o’zlaringizdan juftlar yaratishi va o’rtalaringizda inoqlik va mehribonlik paydo qilishidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan qavm uchun alomatlar bordirRum surasi, 21-oyat.

  •  “O’z oralaringizdagi tul (erkak va ayol)larni hamda qul va cho’rilaringizdan yaroqlilarini uylantiringlar. Agar (ular) kambag’al bo’lsalar, Alloh ularni O’z fazli bilan boyitur. Alloh (fazlu karami) keng va biluvchi zotdir”. Nur surasi, 32-oyat.

  •  “U (Alloh) sizlarni bir jondan yaratib, undan uning juftini unga (uylanib) taskin topishi uchun paydo qilgan zotdir”. A’rof surasi, 189-oyat.

  •  “Alloh sizlar uchun o’zlaringizdan juftlar yaratib, juftlaringizdan sizlar uchun o’g’illar va nabiralar paydo qildi va sizlarni pok narsalardan rizqlantiradi. Bas, (ular) botil (butlar)ga imon keltirib, Allohning ne’matini inkor eturlarmi?!” Nahl surasi, 72-oyat.

  •  “Darhaqiqat, Sizdan ilgari ham (ko’p) payg’ambarlar yuborganmiz va ularga xotinlar va zurriyotlar berganmiz. Hech bir payg’ambar uchun Allohning iznisiz biror mo’jiza keltirish mumkin emas. Har bir vaqt uchun (munosib) kitob (hukm) bordir”. Ra’d surasi, 38-oyat.

  •  “Ana shulardan boshqa ayollarga zinokorona emas, (balki) mollaringiz (mahr) bilan uylanishingiz sizlarga halol qilindi. Ular bilan (nikoh orqali) yaqinlik qilishingiz bilanoq, belgilangan mahrlarini beringiz. (Mahr) belgilangandan keyin o’zaro kelishsangiz (xotin o’z mahridan kechsa), sizlar uchun gunoh yo’qdir. Albatta, Alloh ilm va hikmat egasidir”. Niso surasi, 24-oyat.

  •  “Ular bilan totuv turmush kechiringlar. Agar ularni yomon ko’rsalaringiz, (bilib qo’yingki,) balki sizlar yomon ko’rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko’pgina yaxshilik paydo qilar”. Niso surasi, 19-oyat.

  •  Ular sizlar uchun libos, sizlar ular uchun libosdirsizlar. Baqara surasi, 187-oyat.

  •  “Ey, imon keltirganlar, o’zlaringizni va oila a’zolaringizni yoqilg’isi odamlar va toshlar bo’lmish do’zaxdan saqlangizki, unda dag’al va qattiqqo’l, Alloh buyurgan narsaga itoatsizlik qilmaydigan, faqat buyurilgan ishni qiladigan farishtalar (tururlar)”. Tahrim surasi, 6-oyat.

  •  “Ayollar uchun (belgilangan huquqlar) o’z me’yorida erkaklar (huquqi) bilan tengdir. Ayollarga nisbatan erkaklarda bir daraja (ziyodalik) bor. Alloh qudrat va hikmat egasidir”. Baqara surasi, 228-oyat.

 

Xurshida Abdullayeva tayyorladi

NAVOIY HIKMATLARI

Sen o’z xulqungni tuzgil, bo’lma el axloqidin xursand,

Kishiga chun kishi farzandi hargiz bo’lmadi farzand.

***

 

Yugurma rizq uchun, ne yetsa Haqdin, anglakim, komil

Ne kelturgil demish, ne g’aybdin kelganni qaytarmish.

 

***

 

Tengri razzoq keldi – ro’zi[1] uchun

Aylama o’zni xalq aro muhtoj.

 

***

 

Ey Navoiy, istasang bargu navo[2] bu bog’ aro,

Guldek o’l roki’[3] kecha, bulbul kibi bedor subh.

 

***

 

Ey ko’ngul, kuydur tama’ tuxmin, tamanno[4] mazra’in[5],

Bu ekinni chunki hargiz qilmadi dono pisand.

 

***

 

Qaysi johilg’a nadomat bo’lg’ay ul olimchakim,

Har ne bildi, qilmadi, har neki qildi, bilmadi.

 

***

 

Ey, Navoiy, er esang dunyo arus[6]in qil taloq,

Bir yo’li bo’lma zabun bu zoli makkor[7] oldida.

 

***

 

Husn aro ishvau noz el ko’nglin

Oncha olmaski, hayo birla adab.

 

***

 

Qani Xotam, qani Qorun, qani Jamshidu Afridun?

Bas ehson qil sanga gardundin adno e’tibor o’lgach.

 

***

 

Ilmi din kasb qilki, sud ermas,

Charx mushkillarini hal qilmoq.

Lekin ul ilm dog’i naf’ etmas,

Bilibon bo’lmasa amal qilmoq.

 

***

 

Ulug’lardin nasib istar esang, kasbi kamol etgil,

Nedinkim, anbiyog’a ilmliq inson erur voris.

 

***

 

Ikki yuzluk bo’lmakim, bu bog’ning ra’no guli

Gar qizarur bir yuzi, lekin yana bir sarg’arur.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 


[1] Ro’zi – rizq, nasiba

[2] Bargu navo – rizqu ro’z, tirikchilik vositalari

[3] Roki’ – ruku’ qiluvchi, bosh eguvchi

[4] Tamanno – orzu, maqsad, istak, xohish

[5] Mazra’ – ekin ekiladigan joy, ekinzor, maydon

[6] Arus – kelin, kelinchak

[7] Zoli makkor – keksa firibgar, ya’ni dunyo

 

ORZULAR MASJIDI

Qatar poytaxti Doha shahrida futuristik uslubdagi noyob me’moriy ko’rinishda qurilgan masjid ochildi. 

Musulmonlarning ushbu ibodatxonasi britan-ispan me’morchilik byurosi bo’lmish Mangera Yvars Architects loyihasi asosida qad rostladi. Ushbu masjid Education City Mosque ya’ni Ta’lim shahri masjidi deya nomlandi. Boisi, u universitet shaharchasida, Qatar Islomiy fanlar fakulteti yonida joylashgan.

Sahro o’rtasidagi fazoviy kemani yodga soluvchi ushbu masjid beshta ustunga tayangan. Bu esa Islomning besh rukniga qiyosdir go’yo. Uning 90 metrli ikkita minorasi bo’lib, ular Makka tarafga qaratilib biroz egilgan ko’rinishdadir. Masjid devorlariga Qur’oni karim oyatlari yozilgan. Ushbu masjid bir vaqtning o’zida 1800 nafar kishini o’z bag’riga sig’dira oladi. 

Shuni alohida ta’kidlash joizki, ushbu noyob masjidga tashrif buyurish uchun avvaldan tashriflar jurnaliga ro’yhatga yozilish kerak. Shu bilan birga bu yerga keluvchilar barcha foto texnikalarni topshirishlari lozim. Masjidning ichida faqatgina o’z smartfonlaringiz yordamida suratga tushirishingiz mumkin.

 

Xurshida Abdullayeva tayyorladi 

 

MUHAMMAD – ANGLIYADA HAM OMMABOP ISM

Muhammad ismi Qo’shma shtatlar, jumladan, Angliya va Uelsda eng ommabop ismlar qatoridan joy oldi. 

O’tgan yili tug’ilgan chaqaloqlarning aksariyatiga bu ism qo’yilgan. Shu sababdan ismlar reytingida bu islomiy ism 8-o’rinni egallagan.

Buyuk Britaniyaning statistik xizmati xabariga ko’ra, bu mamlakatda jami 3908 ta chaqaloqqa Muhammad ismi qo’yilgan.

Bundan tashqari mamlakat aholisi o’g’illariga ko’p qo’yadigan ism bu – Oliver bo’lib, bu ism 6600 ta reytingga ega. Shu qatorda – Garri, Jorj, Jek, Jeykob, Noy, Charli, Tomas, Oskar ana shunday ko’p qo’yilayotgan ismlardandir.

Qizaloqlar uchun esa – Oliviya, Ameliya, Emili, Ayla, Ava, Izabella, Lili, Jessika, Ella va Miya ismlari old o’rinlarda.

Eslatib o’tamiz, Muhammad ismi Isroilda eng ko’p tarqalgan ism hisoblanadi. Bu haqida Islam-today sahifasida keltirib o’tilgan.

Shu o’rinda islom tarixiga nazar tashlaymiz. Ansorlardan bir kishi o’g’il ko’rdi. Unga Muhammad deb ism qo’ymoqchi bo’ldi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning oldilariga kelib, bu haqda so’raganida, u zot: “Ansoriy yaxshi ishga qo’l uribdi. Ismimni qo’yinglar...”, deya marhamat qilganlar.

 Payg’ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning ismlari bo’lgan mazkur muborak ismning ma’nosi - “to’xtovsiz, tinimsiz, hamisha maqtaladigan” mazmunini anglatadi. Darhaqiqat, barcha payg’ambarlar maqtaladilar, ammo payg’ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) to’xtovsiz to qiyomatga qadar maqtalishlari ayni haqiqatdir.

 

Sharifa G’aniyeva tayyorladi