ZIYO RADIOSI
Rasmiy diniy-marifiy Internet manzili
Faxriylarimiz e’zozda

Ma’lumki, O’zbekiston Prezidenti SHavkat Mirziyoevning «Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag’batlantirish to’g’risida»gi Farmoni hamda «Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazish chora-tadbirlari to’g’risida»gi Qarori e’lon qilingan edi. 

Ana shu farmon va qarorga asosan mamlakatamizda faxriylarimizga ko’plab moddiy va ma’naviy e’tibor va ehtirom ko’rsatildi. Hukumatimiz tomonidan berilayotgan e’tibor Makkai mukarrama shahrida ham davom etmoqda. Kecha erta tongdan  Makka shahri "al-Hidoya" mehmonxonasi juda chiroyli tarzda bezatildi. SHu kuni Ikkinchi jahon urushi faxriylarimizga bag’ishlab bayram tadbiri o’tkazildi. Boshlari uzra atirgullar sochildi, mushku anbarlar sepildi. Muborak zam zam suvi va shirinligu xurmolar bilan siylanishdi. Bayram tadbiriga tashrif buyurgan san’atkorlar tomonidan shukronalik ohanglari  va salavotlar kuylandi.

Tadbirda so’zga chiqqan urush faxriylari Yurtboshimiz boshchiligida hukumatimiz tomonidan keksalarga  katta g’amxo’rlik va beminnat yordamlar ko’rsatilayotgani, nuroniylarga hurmat-e’tibor berilayotganini alohida e’tirof etishdi.

SHuningdek, tadbirga tashrif buyurgan Saudiya Arabistoni Haj vazirligi rahbarlari, "al-Hidoya" xalqaro shirkati rahbari Solih Salim Bohviniy va boshqa mutasaddilar so’zga chiqib, xalqimizni  istiqlolimizning 26 yilligi bilan samimiy muborakbod etdilar  va faxriylarimizni el-yurt tinchligi yo’lida qilgan buyuk xizmatlarini yuksak e’tirof etishdi.

Tadbir so’ngida faxriylarimizga esdalik sovg’alari ulashildi. Muhtaram birinchi Prezidentimiz Islom Karimov va Ikkinchi jahon urushida qurbon bo’lgan ajdodlarimiz haqlariga Qur’oni karim tilovat qilinib, ularning ruhi yodga olindi. Vatan ravnaqi, yurt tinchligi va xalq farovonligi so’rab duoi xayrlar qilindi.

Uchrashuv barchada katta taassurot qoldirdi hamda samimiy va ko’tarinki ruhda o’tdi.

294
28.08.2017