ZIYO RADIOSI
Rasmiy diniy-marifiy Internet manzili
ALLOMALAR ABU ISO TERMIZIY HAQIDA

Abu Iso Muhammad Termiziy Makkaga hajga borayotganida, yo’lda mashhur muhaddislar bilan muloqotda bo’ladi va ularning biridan 

hadislardan saboq berishini iltimos qiladi. U olim: “Qog’oz-qalam ol”, deydi. Aksiga olib shu payt Termiziy qalam topa olmagan va olim ro’parasida o’tirib eshitgan hadislarini yozib olayotgandek qog’oz ustida qo’lini harakatlantirgan. Olim esa turli-tuman hadislardan yetmishga yaqinini hikoya qilgan. Shu orada olim qog’ozga ko’zi tushib, unda hech qanday yozuv yo’qligini ko’rgach, Termiziyning bu ishidan jahli chiqqan. Termiziy shunda bamaylixotir: «Siz aytgan hadislaringizni yoddan aytib beraymi?»  deganu, hozirgina eshitgan hadislarning hammasini o’sha tartibda takror aytib bergan. Termiziyning kuchli xotirasidan olim hayratga tushib, qoyil qolganini bildirgan.

Shamsiddin Zahabiy

* * *

 

Imom Termiziy o’z kitoblari “Al-Jomi’” haqida shunday deganlar: “Men bu kitobni  tasnif qilganimdan keyin Hijoz, Iroq va Xuroson ulamolariga ko’rsatdim. Ular o’qib chiqib o’z roziliklarini mamnuniyat bilan izhor etdilar".

Bu hadis bobida tasnif etilgan “Kutubi sitta” (Olti ulug’ kitob)ning uchinchisidir. Bu kitob “Al-Jomi’ as-sahih” (Ishonchli to’plam) deyiladi, shuningdek, “Sunan” ham deb ataladi. Ammo birinchi nomi ko’proq qo’llanadi.

Mustafo Kotibiy Chalabiy ibn Abdulloh
 

* * *

Sen mendan foyda topganingdan ko’ra ham men sendan ko’proq foyda topdim.

Imom Buxoriy


 

* * *

Munoqashasiz (bahsu munozarasiz), chiroyli ta’riflarsiz ham,  u o’z asrining imomi bo’lib, turli kitoblar sohibidir.

Abu Sa’ad Abdulkarim Sam’oniy

 

* * *

Termiziy imom va hofiz edi. Bebaho asarlar tortiq qildi. “Al-Jomi’ al-kabir” (“Katta to’plam”, ya’ni “Sunani Termiziy”) bu asarlarning eng mukammalidir”.

Ibn  Asir

 

* * *

Hadis ilmida iqtido etiladigan (ya’ni izidan ergashsa bo’ladigan) imomlardan biridir.

Ibn Xallikon

* * *

Tengdoshlaridan, yaqinlaridan xotira va irodada sobitlik bobida bir mo’’jiza edi.

 Abdulhay ibn al-Imod al-Hanbaliy



 

* * *

Termiziy to’plagan har bir hadis haqida kerakli izohni berib, ko’ngillarni xotirjam qiladi.

Hofiz Abulfazl Maqdisiy

 * * *

Bilgilki, Imom Termiziy o’z kitoblarida hadisni sahih, hasan va g’aribga bo’lganlar.

Ibn Rajab Hanbaliy
  

 * * *

Imom Termiziyning  “Ash-Shamoil” kitoblari o’z bobida yagona asardir. Tartibi va o’z ichiga olgan mavzulari jihatidan yagona bo’lib, nodir kitoblar jumlasidan hisoblanur. Uning ovozasi mashriqu mag’ribga borib yetdi.

Shayx Ibrohim Bojuriy


 

Ilhom MA’RUPOV to’pladi.

Hidoyat.uz

625
06.07.2017