ZIYO RADIOSI
Rasmiy diniy-marifiy Internet manzili
Yolg’on guvohlik berish og’ir jinoyat

     Dinimiz asoslari  - Qur’oni karim va hadisi shariflarda tilga ehtiyot bo’lish qayta-qayta ta’kidlangan. 

Yolg’on so’zlash, yolg’on guvohlik berish mo’min kishiga butkul yot ekani  ta’kidlangan. Zero, yolg’onchilar bu dunyoda e’tibordan qolsalar, oxiratda turli azoblarga yo’liqadilar.

    Alloh taolo turli oyatlarda shunday marhamat qiladi:

    “Alloh taolo haddan oshgan  yolg’onchini to’g’ri yo’lga boshlamas”.

    “Yolg’onchilar halok bo’lsin!”

    “So’ngra Alloh taoloning la’nati yolg’onchilarga bo’lsin deb iltijo qilaylik”.

     Payg’ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) yolg’on va yolg’onchilar haqida bunday deganlar:

    “Yolg’on buzuqlikka, buzuqlik do’zaxga boshlaydi. Kishi yolg’on gapiraverar ekan, Alloh taolo huzurida yolg’onchi deb yozib qo’yiladi”;

    “Eng ulkan yolg’on ko’zi ko’rmagan narsani  ko’rdim deb da’vo qilishdir”;

     “Noaniq so’zlar yolg’ondan holi emasdir”;

     “Eshitgan narsasini gapirish kishiga yetarli gunohdir”;

     “Gumondan saqlaning! Zero, gumon yolg’on so’zdir”.

      Qur’oni karim va sunnati nabaviyning haqligini e’tirof etgan har bir mo’min banda bularni yodda tutishi lozim.

      Yolg’on do’zaxga eltadi. Bu haqda hadisi shariflarda shunday deyiladi:   

      “Gaplarning yomoni yolg’onidir, yolg’onni hazillashib ham, jiddiy ham gapirib bo’lmaydi. Yolg’onchilik yovuzlikka boshlaydi, yovuzlik esa jahannamga”;

      “Rostgo’ylikda xavfu xatar ko’rsalaring ham, rost so’zlanglar. Shunda najot  topasizlar. Garchi foyda ko’rib turgan bo’lsalaring ham, yolg’ondan saqlaninglar. Chunki baribir yolg’onning oxiri voy”;

      “Yolg’on guvohlik beruvchining oyoqlari yerdan qo’zg’almay turib Alloh unga do’zaxni ravo qilib qo’yadi”.

       Yolg’on guvohlik beruvchi quyidagi gunohlarni qiladi:

       Birinchi: yolg’on va bo’xton gunohini oladi.

       Ikkinchi: kimga qarshi guvohlik bersa, uning moli, obro’yi va hayotiga zarar berishi bilan zulm qiladi.

       Uchinchi: kimning foydasiga yolg’on guvohlikka o’tsa, uning harom molga ega bo’lishiga sabab bo’adi. Harom molni olgan kishining joyi do’zaxdir. Yolg’on guvohligi bilan unga ham zulm yetgan bo’ladi.

       Payg’ambarimiz(alayhissalom) marhamat qiladilar:

       “Har bir musulmonning moli, qoni va obro’yi(ga tajovuz) ikkinchi musulmonga haromdir”.

        Payg’ambarimizning (alayhissalom) sahobai kiromlarga gunohi kabiralarni sanab, yolg’on so’z gapirish ham ular jumlasidan, deb bir necha bor takrorlaganlari uchun yolg’on gapirish qanchalik og’ir ekanini musulmonlar yaxshi bilib olishlari lozim.

 

“Hidoyat” jurnali  2004 yil, 3-sonidan olindi

1047
06.06.2017