ZIYO RADIOSI
Rasmiy diniy-marifiy Internet manzili
Haj safaridan millionlab musulmonlar uchun munosib tuhfa

Islom arkonlaridan biri bo’lgan haj bir vaqtning o’zida ham buyuk ibodat, ham turli yurtlardan kelgan musulmonlarni, xususan, ulamolar va ziyolilarni jamlovchi katta anjumandir. 

Shu kunlarda minglab yurtdoshlarimiz Makkai Mukarrama va Madinai Munavvara shaharlarida ibodat bilan mashg’ul ekanlar, haj ziyorati uchun kelgan Vatanimiz ahli ilmlari ushbu fursatdan foydalanib, ilmiy-ma’rifiy sohalarda xalqimiz kelajagi uchun foydali loyihalar ustida izlanishlar olib bormoqda, turli yurtlardan kelgan ulamolar bilan ilmiy uchrashuvlar o’tkazib, tajriba almashmoqda.

 

Ilmiy-ma’rifiy loyihalardan biri o’laroq, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo’yicha qo’mita Madina islom universiteti talabalari bilan birgalikda Makka va Madina shaharlaridagi kutubxonalar va muzeylarda saqlanayotgan Movarounnahr ulamolari asarlari va qo’lyozmalaridan nusxalar ko’chirib, bu buyuk ilmiy merosni yurtimizga qaytarish dasturini ishlab chiqdi. Ushbu dastur Prezidentimizning ajdodlarimiz ilmiy merosini o’rganish tashabbusi natijalaridan biridir. Loyihani amalga oshirishda Madina islom universiteti O’zbekiston talabalari mas’uli Mahmud Usmonov bilan doimiy hamkorlikni yo’lga qo’ydi.

 

Shuningdek, O’zbekiston Musulmonlari idorasi raisi Usmonxon Alimov va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo’yicha qo’mita raisi o’rinbosari Nuriymon Abulhasan turli islom davlatlaridan kelgan ulamolar bilan bir qator uchrashuvlar o’tkazdi. Xususan, Madina shahridagi Toyba universiteti professori, hanafiy olim, faqih va muhaqqiq Said Bekdosh bilan 30 iyul kuni o’tkazilgan ilmiy uchrashuv juda samarali bo’ldi. Ushbu uchrashuvda shayx Said Bekdosh qadimiy qo’lyozmalarni jamlab, ilmiy tadqiqot asosida zamovaniy shaklda nashr etish uchun tayyorlagan hanafiy mazhabining qadimiy,buyuk va mo’tabar kitoblarini O’zbekistonda ilk marta chop etishga kelishib olindi. Kelishuvga ko’ra, yurtimizda yashab o’tgan buyuk ulamolardan bo’lmish imom Marg’inoniyning «Hidoya» nomli asari shu yil yurtimizda nashr etiladi.

 

«Hidoya» kitobi islom fiqhida, xususan, hanafiy mazhabida yozilgan mo’’tabar va mukammal asarlardan biridir. Asar muallifi imom Burhoniddin Marg’inoniy milodiy XII asrning zabardast faqihi va imomi bo’gan. «Hidoya» asrlar davomida islom huquqshunosligi bo’yicha eng mashhur manba sifatida foydalanib kelingan bo’lib, hozirgacha jahonning eng nufuzli oliygohlari fiqh fakulьtetlarida ushbu kitob talabalar so’nggi bosqichda o’qiydigan asosiy qo’llanma sanaladi.

 

Mazkur muborak kitobni islom olamida birinchi marta yuksak ilmiy tadqiqot asosida nashrga tayyorlagan professor, shariat fanlari doktori Said Bektosh o’nlab kitoblar muallifi, ellik tomdan ortiq qadimiy asarlarni ilmiy tadqiq qilib, chop ettirgan olim va hanafiy mazhabining yetuk faqihlaridandir.

 

Shubhasiz, «Hidoya»dek buyuk asarning o’ta sifatli holatda, oltmishga yaqin, ba’zilari qariyb sakkiz yuz yillik qadimiy qo’lyozmalar va 120 ga yaqin sharhlar asosida nashrga tayyorlangan nusxasi yurtimizda chop etilishi, avvalo, Prezidentimiz aytganidek, buyuk ajdodlarimiz yurtimizda yashab o’tgan ulamolar ilmiy merosilarini o’rganish yo’lidagi eng katta qadam, qolaversa, nafaqat O’zbekiston, balki O’rta Osiyo, Qozog’iston, Turkiya, Pokiston, Hindiston, Bolqon davlatlari, Tatariston va ko’plab arab diyorlarida yashovchi millionlab musulmonlar uchun munosib tuhfa bo’ladi.

 

 

554
05.08.2018