ZIYO RADIOSI
Rasmiy diniy-marifiy Internet manzili
BAYRAMLAR TURLI TANTANALAR ODOBI

Barcha xalqlarda qadimdan o’tgan ulug’ kishilarni, mashhur kunlarni, voqealarni yoki boshqa munosabatlarni eslash, qadrlash uchun bayram qilish, bu bayramlarda odamlarning xursandchilik qilishlari odat tusiga kirgan. 

Ko’pchilik bunday kunlarda keragicha yeb-ichish, o’ynab-kulish, aroqxo’rlik uyushtirish, turli fisqu fujur ishlarni xohlagancha qilishga qulay imkoniyat topishgan. Turli xalqlarda, turli zamonlarda bayramlar turlicha bo’lib, o’zgarib turgan. Bayramlarni belgilash va ularni nishonlash har bir halq, millat va dinning o’z ta’limoti, dunyoqarashi va mafkurasiga qarab turlicha kelgan.

Islomda bayramlarga o’ziga xos ahamiyat berilgan. Bayramlarni belgilash va ularni o’tkazish aynan Islom ta’limotlari asosida  joriy qilingan. Bayramlarni nishonlash va ularda qilinadigan amallar ham umumiy Islom ta’limotlari asosida yo’lga qo’yilgan.

Shodu hurramlik va xursandchilik kunlari bo’lmish bayramlar bir necha turli bo’lib, ulardan ba’zilari shar’iy matnlarda, asosan hadisi shariflarda bayram deya e’lon qilingan va ularda ma’lum diniy amallar bajarish joriy qilingan.

Musulmonlarning asl diniy bayramlaridan biri Qurbon bayrami (hayiti) bo’lib, u zulhijja oyining o’ninchi kuni nishonlanadi va shundan keyingi “tashriq kunlari” nomini olgan uch kun ham qo’shiladi.

Musulmonlarning ikkinchi bayrami shavvol oyining birinchi kuni nishonlanadigan Fitr bayrami (hayiti) bo’lib, bu bayram Ramazon oyi ro’zasini tutish tugagani munosabati  ila o’tkaziladi.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida, ularning o’yin-kulgu qiladigan ikki kunlari bor edi.

“Bu ikki kun qanday  kun?” deb so’radilar.

“Johiliyatda o’ynaydigan kunimiz edi”, deyishadi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

“Albatta, Alloh sizlarga u ikkisi o’rniga ulardan ko’ra yaxshi Azho va Fitr kunlarini berdi”, dedilar”.

“Sunan” egalari rivoyat  qilganlar.

Islomdan oldin Madina ahlining ikki bayrami bor edi. Bu bayramlarning birinchisi shamsiy sananing birinchi kuni hisoblanar edi. Bahorda kecha bilan kunduz tenglashgani, issiq ham, sovuq ham o’rtacha bo’lgani uchun qadimgi hakimlar bu kunni bayram deb ixtiyor qilishgan edi.

Islom kelib, bu ikki bayram o’rniga Islom bayramini joriy qildi. Shar’iy bayramlar o’ynab-kulib, xursandchilik qilgan, ahli ayoliga, tanish bilishlariga kengchilik yaratganlar savob oladigan bo’lishdi. Ulardan biri, avval aytilganidek, Ramazoni sharif ro’zasini tamomlash munosabati bilan nishonlanadigan Fitr bayrami, ikkinchisi esa Baytullohda haj ibodatini tamomlash munosabati bilan o’tkaziladigan Qurbon bayramidir.

Musulmonlar uchun bu ikki bayram yeb-ichiladigan, shodon kayfiyatda nishonlanadigan, o’ynab-kuladigan kunlardir. Har bir millat o’z bayramiga ega bo’lgani kabi, musulmon ummati ham o’z bayramlariga shu tariqa ega bo’lgan. Yil mobaynidagi ushbu ikki bayramga haftalik bayram sifatida juma kuni ham qo’shiladi.

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:

“U Zotning huzurida kunlarning sayyidi va ulug’i juma kunidir. U Alloh azza va jallaning huzurida Fitr kunidan ham, Azho kunidan ham ulug’dir”.

Buxoriy Tarixda, Ahmad va Ibn Moja rivoyat qilganlar.

Juma kuni haftalik bayramgina emas, u kunlarning sayyidi, ya’ni ulug’i, faqir – miskinlarning haj kuni hamdir. Bu kun sharafidan qilingan amallarga savoblar ko’paytirib beriladi.

Barcha xalqlarda asosiy diniy bayramlar bilan bir qatorda tarixiy hodisalarga bog’liq bayramlar ham bo’ladi. Bunday bayramlar “majoziy bayramlar” deb ataladi. Davrlar o’tishi bilan musulmonlarga ham bunday majoziy bayramlar shakllanib borgan. Misol uchun, har hijriy sanani eslash, bayram qilish va odamlar bir-birlarini tabriklashi odat tusiga kirgan. Shunga o’xshash, Qadr kechasi, Isro va Me’roj kechasi, Mavlid bayrami kabi munosabatlar musulmon xalqlarida o’ziga xos ravishda nishonlanadigan bo’lib qolgan.

Diniy bayramlarni nishonlash sunnatlari

Tilimizda “bayram” (hayit) so’zi arab tilida “iyd” so’zi bilan ifoda qilinadi va “qaytish” ma’nosini bildiradi. Bayramlar qayta-qayta kelgani uchun “iyd” deb nomlangan. Eng muhimi, mo’min-musulmonlarga ikki iyd kunlari Alloh taoloning ko’plab xayru barakasi qayta-qayta keladi.

Ro’za bayramiga xos ishlar

Fitr kuni taom yeyish, misvok va g’usl qilish, xushbo’ylik surtish va eng yaxshi kiyimlarini kiyish va fitr sadaqasini berish mandubdir.

Yuqoridagi jumlada Fitr (Ramazon) bayramiga chiqishdan oldin qilinadigan amallar haqida so’z bormoqda.Ular quyidagilardan iborat:

1.Taom yeyish.

“Nabiy sollallohi alayhi vasallam Fitr kuni bir necha hurmo yemay turib, chiqmas edilar. Toq yer edilar”.

(Buxoriy va Termiziy rivoyat qilganlar).

Boshqa bir rivoyatda: “Fitr  kuni taom yemasdan oldin chiqmas edilar. Azho kuni namozni o’qib bo’lmaguncha yemas edilar”.

2.Fitr sadaqasini berish.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam fitr zakotini ro’zador uchun behuda gap-so’z va harakatlardan poklanish va miskinlar uchun taomlanish bo’lsin, deb farz qildilar. Kim uni namozdan oldin ado qilsa, u maqbul zakot bo’lur. Kim uni namozdan keyin ado qilsa, sadaqalardan biri bo’lur”.

Abu Dovud, Ibn Moja va Hokim rivoyat qilganlar. Hokim sahih, degan.

Fitr sadaqasini iyddan bir necha kun oldin bersa ham bo’ladi.

“Ijtimoiy odoblar” kitobidan

 

 

387
14.06.2018