ZIYO RADIOSI
Rasmiy diniy-marifiy Internet manzili
Butun dunyo musulmonlari Imom Buxoriy hurmati haqqi o’zbeklar bilan hamkorlik qilishga tayyor

O’zbekiston va Frantsiya o’rtasidagi o’zaro hurmat va ishonchga asoslangan do’stona aloqalar ko’p asrlik tarixga ega. Buyuk sarkarda Sohibqiron Amir Temurning Karl VI ga yo’llagan maktubida “Biz sizning davlatingiz gullab-yashnashini do’stona tilab qolamiz”, degan samimiy istaklarni o’qish mumkin. 

Yetti asr muqaddam bitilgan ushbu noma ikki mamlakat o’rtasidagi do’stlik naqadar mustahkam asosga ega ekanini yaqqol namoyon etadi.

Kuni kecha O’zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O’zbekiston xalqaro islom akademiyasi vakillaridan iborat O’zbekiston delegatsiyasi Frantsiyaga tashrif buyurdi. Safardan ko’zlangan asosiy maqsad O’zbekiston prezidenti tashabbusi bilan yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan keng ko’lamli islohotlar, islom tamadduniga beqiyos hissa qo’shgan buyuk allomalarimiz, aziz avliyolarimizning boy ma’naviy merosini chuqur o’rganish, tabarruk qadamjolarini obod etish borasidagi ishlarni xalqaro hamjamiyatga yetkazish, manfaatli aloqalarni yo’lga qo’yish, o’zaro tajriba almashishdan iborat.

Frantsiya Islom fondida bo’lib o’tgan uchrashuv samimiy ruhda kechdi. Unda O’zbekistonning vijdon erkinligini ta’minlashdagi boy tajribasi, turli dinlarga e’tiqod qiluvchilarga o’z ibodatlarini ado etishlari uchun yaratilgan sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

“Globallashuv jarayonlari shiddat bilan rivojlanib borayotgan hozirgi sharoitda turli millat va din vakillarining bir-birini tushunishi, qo’llab-quvvatlashi, jamiyat taraqqiyoti yo’lida hamkorlik qilishi o’ta zarur”, - deydi Frantsiya Islom fondi prezidenti Jan Pьer SHevenman. - O’zbekiston prezidenti SHavkat Mirziyoev tomonidan olib borilayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlarni katta qiziqish bilan kuzatib borayapmiz. SHubhasiz, mamlakatingiz Markaziy Osiyo mintaqasida hal qiluvchi kuchga ega. Biz O’zbekiston bilan madaniy-ma’rifiy sohada hamkorlik qilishdan manfaatdormiz”.

Qayd etish kerakki, mazkur fond 66 millionlik Frantsiya aholisi ichida 7 milliondan ziyod musulmonlarning o’ziga xos o’rni va mavqeini saqlash, ularning jamiyatga har tomonlama integratsiyalashuvini ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli faoliyatni amalga oshiradi. Fond xodimlari O’zbekistondagi islom tadqiqotlari markazlari bilan hamkorlikda islom dinining tinchlikparvar mohiyatini o’rganish, birgalikda ilmiy loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanlarini bildirishdi.

E’tiborli jihati, Frantsiya Islom fondi 2021 yilda Frantsiya madaniyat ishlari vazirligi, Luvr muzeyi bilan hamkorlikda Parij shahrida “Buyuk ipak yo’li madaniyati” mavzusidagi xalqaro ko’rgazmani o’tkazishga hozirlik ko’rmoqda. Frantsiya tomoni ushbu ko’rgazma doirasida “O’zbekiston – islom tsivilizatsiyasi markazi” nomli mamlakatimizning qadimiy va boy tarixiga oid ekspozitsiyalarni tayyorlashda hamkorlikka umid bildirdi.

Tomonlar o’zaro hamkorlikni qo’llab-quvvatlash va rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirishdi.

 

967
10.05.2018