ZIYO RADIOSI
Rasmiy diniy-marifiy Internet manzili
Toshkent islom universiteti va “Nur Muborak" universiteti o’rtasida hamkorlik yo’lga qo’yildi

2018 yil 6 mart kuni O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universiteti va Olmaota shahridagi “Nur-Mubarak” Misr islom madaniyati universiteti o’rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi.

Toshkent islom universiteti tomonidan rektor Ravshan Abdullaev hamda “Nur-Mubarak” universiteti tomonidan rektor Juda Abdulg’ani Basyuni ushbu muhim hujjatga imzo qo’yib, tomonlar o’rtasida mustahkam va samarali aloqalar o’ranatilishiga ishonch bildirdilar. Imzolangan shartnomada o’quv va ilmiy sohadagi hamkorlik istiqbollari belgilab olindi. Jumladan, professor-o’qituvchi va talabalar almashinuvi, qo’shma ilmiy tadqiqotlar amalga oshirish, o’quv dasturlarini takomillashtirish, doktorant va magistrantlarga ilmiy rahbarlikda hamkorlik qilish, islom ta’limi sohasida o’zaro tajriba almashinuvini yo’lga qo’yish, konferentsiya va simpoziumlarga taklif etish, ilmiy nashrlar almashinuvini amalga oshirish kabi qator masalalar ushbu shartnomada o’z aksini topgan. Do’stona kechgan muzokaralar chog’ida Misr Arab Respublikasining “al-Azhar” universiteti professor-o’qituvchilarini Toshkent islom universitetining ta’lim jarayoniga jalb etish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, hanafiylik mazhabi doirasida fiqh, aqida, hadis, tafsir va boshqa islomiy ilmlar hamda arab tilini chuqurlashtirib ta’lim berish bo’yicha aniq kelishuvlarga erishildi. Toshkent islom universiteti rektori R.Abdullaev va prorektor I.Usmonov “Nur-Mubarak” universitetidagi ta’lim-tarbiya jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar: professor-o’qituvchi va talabalar bilan suhbatlashdilar, o’quv rejalar va dasturlar, mustaqil ta’lim, kafedralar va kutubxona faoliyati, ilmiy tadqiqot va nashrlar, auditoriyalar jihozlanishi, universitet oshxonasi va talabalar turar joyida yaratilgan sharoitlarni o’rgandilar. 

 

1939
08.03.2018