ZIYO RADIOSI
Rasmiy diniy-marifiy Internet manzili
Londonda ziyorat turizmiga bag’ishlangan uchrashuv bo’lib o’tdi

(Lord Muhammad Iltaf SHayx: “Ulug’bek hayot bo’lganida o’zbeklar birinchi bo’lib oyga safar qilardi”)

Davlatimiz Rahbari shu yilning 16 fevral kuni Buxoro viloyatiga tashrifi davomida Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasini ziyorat qilib, o’tgan qisqa fursatda yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada katta islohotlar, ijobiy o’zgarishlar ro’y bergani, O’zbekiston Islom akademiyasi, Mir Arab oliy madrasasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O’zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi tashkil etilgani, galdagi vazifa – ushbu tuzilmalar bilan xalqaro markazlar o’rtasida ilmiy aloqalarni yo’lga qo’yish, xalqaro konferentsiyalar o’tkazish, buyuk ajdodlarimiz merosini dunyo bo’ylab keng targ’ib etish bo’yicha topshiriqlar bergan edilar.

Ana shu maqsadda, Buyuk Britaniyaga safar qilgan mamlakatimizning yetakchi islomshunos va sharqshunos olimlaridan iborat delegatsiya Britaniya ilmiy doiralari, ta’lim va madaniyat muassasalari vakillari, ziyolilar, diniy soha namoyandalari bilan uchrashuv va muzokaralar o’tkazmoqda.

Jumladan, joriy yilning 1 mart sanasida O’zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasida bo’lib o’tgan tadbirda ushbu mamlakatning yirik siyosat arbobi, Parlamentning Lordlar palatasi vakili lord Muhammad Iltaf SHayx boshchiligida ko’hna qit’adagi naqshbandiylik tariqati vakillari, ulamolar, turistik kompaniya mutasaddilari qatnashdi. Uchrashuvda O’zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada ro’y berayotgan ijobiy o’zgarishlar, ziyorat turizmini qo’llab-quvvatlash va rivojlantirish bo’yicha ko’rilayotgan chora-tadbirlar, xususan, halol standartning joriy etilgani, yurtimizdagi tabarruk manzillarda sayyohlar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar xususida ma’lumot berildi. “O’zbekiston – islom madaniyati javohiri” mavzusidagi taqdimot va filьm namoyishi bo’lib o’tdi.

Lord Muhammad Iltaf SHayx O’zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy yo’nalishlardagi islohotlar mamlakatimiz xalqaro nufuzining yanada yuksalishiga, turli sohalarda O’zbekistonning do’stlari va ishonchli hamkorlari soni ortishiga xizmat qilayotganini qayd etdi.

“O’zbekiston islom madaniyati, fani rivojiga ulkan hissa qo’shgan. Agar Ulug’bek hozir hayot bo’lganida o’zbeklar birinchi bo’lib oyga safar qilgan bo’lardi. Al-Xorazmiy bo’lmaganida zamonaviy texnologiyalar ham bo’lmas edi. Ibn Sino asarlari asosida hozir Yevropa tibbiyotni o’rganmoqda. Biz radikallashuvga O’zbekiston madaniyati bilan qarshi kurashishimiz kerak. Sizlar Imom Buxoriy hadislarini ingliz tiliga tarjima qilib, sharhlab bering. Biz bu kitoblar bilan jaholatga qarshi kurashamiz”, - deydi lord Muhammad Iltaf SHayx.

Aytish joizki, Britaniyada buyuk ajdodlarimiz Abduxoliq G’ijduvoniy asos solgan va Bahouddin Naqshband takomiliga yetkazgan xojagon-naqshbandiya tariqati vakillari iqtiqomat qiladi. Ularning 70 dan ziyod jamoalari Britaniyaning turli shaharlarida keng tarqalgan.

“O’zbekistonda Bahouddin Naqshband hazratlari va tasavvuf allomalari ilmiy merosiga qaratilayotgan yuksak e’tibor haqida eshitib, ochig’i, ko’nglimiz tog’dek ko’tarildi”, - deydi Britaniyadagi naqshbandiya tariqati yetakchilaridan biri shayx Zimer Solihiy: “Biz uchun Buxorodan olis bo’lgan Londonda turib, inson kamoloti va ruhiy tarbiyasining beqiyos manbasi bo’lgan Naqshbandiya ta’limotiga amal qilish o’ta muhim. O’zbekistondagi yetti pir qadamjolarini ziyorat qilish, G’ijduvoniy va Naqshband hazratlarining tavallud sanalariga bag’ishlangan xalqaro konferentsiyalarda ishtirok etish orzusidaman. Bu yurt jahonga ruhiy tarbiya ustozlarini taqdim etgan zamin sifatida hamisha qadrli bo’lib qoladi”.

Uchrashuv qatnashchilarining fikricha, O’zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan o’tkazilajak yetti pirga bag’ishlangan xalqaro seminar va konferentsiyalar shunisi bilan ham ahamiyatliki, u naqshbandiya ta’limoti ulamolari, tadqiqotchilarini bir yerga jamlash hamda ular o’rtasida doimiy muloqot va hamkorlikni yo’lga qo’yish imkonini beradi. Bu esa avvallari kuzatilmagan hodisadir.

SHuningdek, uchrashuvda Britaniyada ziyorat turizmi bilan shug’ullanuvchi kompaniya vakillari qatnashib, O’zbekistonga maxsus sayohatlarni tashkil etish istiqbollari haqida muloqot qildilar.

“Buxoro, Samarqand, Xiva, Termiz kabi tarixiy shaharlarga sayohatlar uyushtirish britaniyaliklar uchun juda ham qiziq. To’g’ri, avvallari ham turistlarimiz O’zbekistonga sayohat qilishgan. Lekin bu kam sonli ziyoratchilarimiz bilan cheklanar va doimiy asosda kechmas edi. Bizning maqsadimiz, britaniyaliklar uchun jozibali marshrutlarni belgilashdir. Britaniyalik musulmonlar Islomning muqaddas shaharlari – Makka, Madinadan keyin Samarqand va Buxoroni ziyorat qilishni albatta istashadi”, - deydi “El-Sawi” kompaniyasi rahbari X. Al-Saviy.

Londonlik imom Muhammad Said: “Men juda ko’p musulmon yurtlarida, tarixiy shaharlarda bo’lganman. Hech qanday mubolag’asiz aytmoqchiman, O’zbekiston haqidagi filmni tomosha qilib, yurtingizga mahliyo bo’ldim. O’zbekiston Prezidentining BMT minbaridan turib bildirgan tashabbuslarini eshitdik. Bu – hozirgi murakkab davr uchun g’oyat muhim takliflar. Ekstremizm, radikalizmga qarshi kurashda isloming asl manbalari – Imom Buxoriy hadislari, Nasafiy tafsirlariga murojaat qilish kerak. O’ylaymanki, islom madaniyatini tushunmoqchi bo’lganlarni O’zbekistonga olib borish zarur. Ular islomning haqiqiy mohiyatini shu yerda ko’radilar. Meni O’zbekistonda nashr etilgan Imom Buxoriy hadislari to’plami – “Oltin silsila” kitobi juda ham qiziqtirdi. Bugungi kunda nafaqat Yevropada, balki boshqa mintaqalarda ham hadislarni turlicha tarjima qilish va sharhlash harakatlari kuzatilayotganini hisobga olsak, bu ishni amalga oshirishga islomning mo’’tadil, asl g’oyalari tarqalgan yurt, Imom Buxoriyning chin vorislari birinchi galda haqli deb hisoblayman”.

Muloqotlar samimiy va do’stona ruhda kechdi. Ishtirokchilar bu kabi uchrashuvlarni muntazam o’tkazish, Britaniya jamoatchiligi uchun O’zbekiston haqida maxsus ko’rgazmalar tashkil etish taklifini bildirdilar.

 

O’zbekiston delegatsiyasining Buyuk Britaniyaga safari davom etmoqda.

 

 

 

1227
03.03.2018