ZIYO RADIOSI
Rasmiy diniy-marifiy Internet manzili
Endi Oksfordda o’zbeklar ham o’qiydi

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan mamlakatimizda islom ilm-fani va madaniyati rivojiga bemisl hissa qo’shgan buyuk alloma ajdodlarimiz merosini ilmiy asosda chuqur o’rganish, ularning ibratli hayot yo’li, inson ma’naviy olamini boyituvchi, ma’rifat va zakovatga chorlovchi bebaho merosini xalqimizga yetkazish, o’sib kelayotgan yoshlarimizni buyuk bobolari izidan boradigan munosib avlod etib tarbiyalash bo’yicha mazmuni va ahamiyati jihatidan g’oyat ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimizning qaysi hududini olmang, u Samarqand yoki Buxoro bo’ladimi, Qashqadaryo yoki Toshkentmi mana shu tabarruk zaminda tug’ilib, uning nomini dunyoga tanitgan buyuklarimizning xoki yotgan manzillar obod etilmoqda, xalqimiz, ayniqsa, xorijlik mehmonlarning qadami uzilmaydigan muborak maskanlarga aylantirilmoqda.

Ushbu xayrli tashabbuslarni nafaqat xalqimiz, balki xalqaro ilmiy doiralar, nufuzli tashkilotlar vakillari, ekspert va mutaxassislar ham e’tirof etmoqdalar. 2017 yilning dekabrida dunyoning yetakchi ilmiy muassasalaridan biri bo’lgan Oksford islom tadqiqotlari markazi direktori Farhan Nizomiy mamlakatimizga tashrif buyurib, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Islom tsivilizatsiyasi markazi va Toshkent islom universitetining Islomshunoslik ilmiy-tadqiqot markazi bilan hamkorlik aloqalari yo’lga qo’yilgan, istiqbolda qo’shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish taklifi bildirilgan edi.

Kuni kecha, 28 fevralь kuni yurtimizning yetakchi islomshunos olim va tadqiqotchilaridan iborat delegatsiya Buyuk Britaniyaga safar qildi. Delegatsiyaga O’zbekistonning Buyuk Britaniyadagi favqulodda va muxtor elchisi A.SHayxov hamrohlik qilmoqda.

Oksford islom tadqiqotlari markazi rahbariyati bilan bo’lib o’tgan muloqotda hamkorlik rejalari, amalga oshiriladigan ilmiy loyihalar muhokama etildi. Jumladan, o’zbekistonlik islomshunos tadqiqotchilar Oksfordda tahsil olib, ilmiy-tadqiqotlar o’tkazadi. Oksford islom tadqiqotlari markazi bilan hamkorlikda Imom Buxoriy, Burhoniddin Marg’inoniy, Abu Ali Buxoriy Zandavistiy singari yurtimiz allomalari asarlarining tarjimalari ingliz va o’zbek tillarida nashr etiladi. Buyuk Britaniya kutubxonalari va qo’lyozma fondlarida saqlanayotgan O’zbekistonga oid madaniy meros ob’ektlari, noyob qo’lyozmalarning nusxalari olinib, tadqiq etiladi.

“O’zbekistondagi islom ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlik qilish biz uchun katta sharaf”, deydi Farhan Nizomiy. “Biz Prezident SHavkat Mirziyoevning ma’rifiy islomni o’rganish va targ’ib etish haqidagi takliflarining ahamiyatini yuqori baholaymiz. Oksford islom tadqiqotlari markazi O’zbekistonda yangi tashkil etilgan markazlarning Yevropa va Amerikaga chiqishi uchun vositachi bo’lishga tayyor”.

SHuningdek, Buyuk Britaniyaning qadimiy Bodlean kutubxonasi, Seynt Jons kolleji, Fan tarixi muzeyi, Ashmolean muzeyida uchrashuvlar bo’lib o’tdi. E’tiborli jihati, Seynt Jons kollejida saqlanayotgan qadimiy qo’lyozma manbalar qatorida Imom Buxoriyning “Sahihi Buxoriy”, Mirzo Ulug’bekning “Ziji Ko’ragoniy” asarlarining nodir nusxalari saqlanmoqda. Kelajakda yurtimizdan Oksfordga borib o’qiydigan mutaxassislar ushbu manbalarning foto nusxalarini olish va uning ustida tadqiqot va tahlillar o’tkazish bilan shug’ullanadilar. SHuningdek, Oksforddagi Fan tarixi muzeyi direktori doktor Akkerman bilan muzey fondida saqlanayotgan nodir ekcponat – Mirzo Ulug’bek globusining nusxasini O’zbekistonga oid xorijda saqlanayotgan madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi bilan taklifiga asosan tayyorlash bo’yicha kelishuvga erishildi.

Bu kabi uchrashuv va muloqotlar, hech shubhasiz, O’zbekistondagi markazlarning xalqaro miqyosdagi nufuzi va obro’-e’tiborining yanada oshishi, mamlakatimizning islom madaniyatining beshigi degan sharafli maqomining e’tirof etilishiga sabab bo’lmoqda.

 

 

1298
01.03.2018