ZIYO RADIOSI
Rasmiy diniy-marifiy Internet manzili
Odamlarga foydamiz tegsin

 Mahalla deganimizda, eng oldin qo’ni-qo’shnilar tushuniladi. Qo’shnilarga yaxshilik qilish o’zaro aloqalarni yanada mustahkamlashga, tinchlikni ta’minlashga sabab bo’ladi.

Alloh taolo marhamat qiladi: "Ota-onalarga yaxshilik qilinglar! Shuningdek, qarindoshlarga, yetimlarga, miskinlarga, qarindosh qo’shniyu begona qo’shniga yoningizdagi hamrohingizga, yo’lovchi (musofir)ga va qo’l ostingizdagi (qaram)larga ham (yaxshilik qilinglar)!.." (Niso, 36). Oyati karimada qo’shnilar ikki toifaga bo’lib zikr qilingan: qarindosh va qarindosh bo’lmagan qo’shnilar.

      Mo’min kishi dini, millati va nasabidan qat’i nazar, hammaga birday yaxshi muomalada bo’lishi kerak. Hadisi sharifda: "Kim Alloh taologa va oxirat kuniga imon keltirgan bo’lsa, qo’shnisiga ozor bermasin" (Muttafahun alayh), deyilgan.

       Yoshi ulug’ otaxonu onaxonlar mahallaning fayzidir. Ularni hurmat qilish, ziyoratiga borish, holidan xabar olish va nasihatu duolaridan bahramand bo’lish ham dinimiz ko’rsatmalaridan, go’zal insoniy sifatlardandir. Abu Muso Ash’ariydan (r.a.) rivoyat qilinadi: "Keksa musulmon kishini hurmat qilish Alloh taoloni ulug’lash demakdir"(Abu Dovud). Yana bir rivoyatda kelishicha, Rasululloh (s.a.v.): "Kichiklarimizga shafqat qilmagan va kattalarimizning sharaf va haqlarini bilmagan kishi bizdan emasdir", deganlar (Abu Dovud Termiziy).

       O’tgan azizlarimiz sunnatga va hadisi sharifga ixlos bilan amal qilishgan. Imomi A’zam (r.a.) o’ta parhezkor va taqvodor bo’lishi bilan birga xato qiluvchilarga nisbatan bag’rikeng zot edi. Bir qo’shnisi kechalari mast-alast bo’lib, bor ovozi bilan baqirar: "Zoe qildilar, qanday yigitni zoe qildilar", deb o’zicha qo’shiq aytib chiqar edi. Uning ovozi Abu Hanifaning oromini buzardi. Bir kecha o’sha qo’shnisining ovozi chiqmay qoldi. Tong otgach, Abu Hanifa uni surishtirib, mastligi bois qamalganini bildi. Voliyning oldiga borib, uni qamoqdan ozod qildi. Birga qaytib kelisharkan, Abu Hanifa (r.a) unga: "Ey yigit, seni zoe qildikmi?" dedi. "Yo’q, aksincha, meni qutqardingiz. Alloh ajr bersin!" dedi u va o’sha kundan boshlab ichkilikxo’rlikni tashladi.

     Insonning yaxshi va yomon kunida mahalla asqatadi. Xalqimizda: "Uzoqdagi qarindoshdan yaqindagi qo’shni yaxshi", degan naql bor. Shuning uchun mahalladagi barcha yig’inlarda ishtirok etish, ma’raka va marosimlarda qatnashish, bemorlarning holini so’rash, muhtojlardan xabar olib turish kabi ishlar kishining fazilatini oshiradi.

     Ulug’lardan birining oldiga bir kishi kelib: "Falon shahardagi falonchi kishi ulug’ odam ekan. Suv ustida yurar emish", dedi. "Suv ustida yuradigan odamga ajab- lanmang. Chunki o’rdak ham, baliq ham suvda suza oladi", deb javob berdi dono kishi. Boshqa bir odam kelib: "Falon shahardagi falonchi odam havoda uchar emish", dedi. U zot: "Havoda uchish ajablanarli emas, chunki qush ham havoda ucha oladi", deb javob berdi. Shunda odamlar hayron bo’lishib: "Suvda yurish va havoda uchish kabi karomatli ishlar ahamiyatsiz bo’lsa, inson qachon va qanday qilib kamolotga erishadi?" deb so’rashdi. U zot: "Zohiringda xalq (odamlar) bilan birga bo’lishing, botiningda Haq (Alloh) bilan birga bo’lishing, ularga yordam berishing haqiqiy kamolotdir", deb javob berdi.

Ikki odam bir vaqtda uyiga chaqirsa, uyi yaqinrog’inikiga borish, ehson va hadyalarni ham uyi yaqinlardan boshlash haqidagi hadislar ham mahalla ahllari o’rtasidagi munosabatga tegishlidir.

Poklikda baraka bo’ladi. Ko’cha-ko’yni va hovlilarni toza tutish mahallaning obodligiga hissa bo’lib qo’shiladi. Obod yurtda pok odamlar yashaydi, deb bejiz aytilmagan. Rasulullohning (s.a.v.): "Hech yaxshi amal qilmagan bir odam yo’ldan tikanli shohni olib tashlagani uchun Alloh taolo uning gunohlarini kechirib yubordi", deganlari rivoyat qilinadi (Abu Dovud). Abu Zarr (r.a.): "Yo Rasululloh, menga foydali bo’lgan biror amalni o’rgating", deganida, Rasululloh "Musulmonlarning yo’llaridan ularga ozor beruvchi narsalarni olib tashla", deb buyurganlar (Imom Muslim rivoyati).

Dinimiz bizlarni hamjihatlikka, poklikka, ozodalikka buyurar ekan, bu amr zamirida yuksak madaniyat bilan bir qatorda inson salomatligini saqlash maqsadi ham yotadi. Shunday ekan, barchamiz mahallalarimiz obodligi va tozaligi yo’lida yaxshi ishlarni ko’p qilishga intilaylik.

                                                                                

       Muhammadkarim IBOYEV

“Hidoyat” jurnalidan olindi.

 

 

1406
09.02.2018