ZIYO RADIOSI
Rasmiy diniy-marifiy Internet manzili
Qur’ondagi 9 ta ilmiy fakt

“Toki ularga uning (Qur’onning) haq ekani aniq ma’lum o’lgunicha, albatta, biz, atrofdagi va o’z vujudlaridagi alomatlarimizni ko’rsatajakmiz. Axir, (ularga) Robbingizning barcha narsaga guvoh ekani kifoya emasmi?”

“Fussilat” surasi, 53-oyat

Qur’on Payg’ambar alayhissalomga VII asrda nozil qilingan. O’sha vaqtda ilm-fan hali rivojlanmagan edi. Odamlar quyosh yer atrofida aylanishi va yer filning ustida joylashganiga ishonishardi. Ana shunday bilimsizlik, jaholat davrida turli sohalardagi ilmiy faktlar haqida so’z boruvchi Qur’oni karim nozil qilindi. Ammo Qur’on – ilmiy kitob emas, balki u kelajak, Qiyomat kuni, o’tgan ajdodlarning qilgan ishlariga yarasha jazo yoki mukofot berilgani, insonning ichki dunyosi haqida ibrat va eslatmalar beruvchi muqaddas Kitobdir.

Ayrim kimsalar Qur’on matnlari ilmiy kashfiyotlar bilan birga o’zgarib borishi mumkinligini aytishi mumkin. Biroq bunday bo’lishi mumkin emas, chunki Qur’oni karim Payg’ambarimiz (s.a.v.) davrlarida yozib olingan edi. U zotning o’limidan bir qancha yil o’tib yozilgan nusxalaridan biri O’zbekiston muzeyida saqlanadi. Ushbu Qur’on matnlari bugungi kunda dunyo bo’ylab keng tarqalgan arablarning o’sha davrdagi Qur’on yozuvi bilan aynan bir xil. Biz quyida Qur’ondan yaqindagina kashf etilgan ilmlarning faqatgina Parvardigor qudrati ila paydo bo’lganini tasdiqlovchi ba’zi bir faktlarni keltiramiz.

1.Hayotning suvdan paydo bo’lganligi.

Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: “Kofir bo’lganlar osmonlar ham, yer ham (avvalda) yaxlit bo’lganini, bas, Biz ularni yorib yuborganimizni va barcha tirik mavjudotni suvdan (paydo) qilganimizni ko’rmadilarmi?! Endi ham imon keltirmaydilarmi?!” (“Anbiyo” surasi, 30-oyat). Suv – hayot manbai ekanini barchamiz yaxshi bilamiz. Biroq VII asrda Arabiston cho’lida kim ham buni bilardi? Organizmlar hujayralardan, hujayralar esa asosan suvdan tashkil topgan. Masalan, standart jonzotning 80% sitoplazmasi suvdan iborat ekanini biolog olimlar o’z asarlarida yozishadi. Bu fakt esa mikroskop kashf etilgandan so’nggina aniqlangan edi.

2. Temir .

Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: “Yana, Biz temirni tushirdik. Unda quvvat va odamlar uchun manfaatlar bordir” (“Fussilat” (“Temir”) surasi, 25-oyat)

Temir Yerning tabiiy materiali hisoblanmaydi. Olimlar million yillar ilgari yerga tarkibida temir bo’lgan va olis planetalardan keltirilgan meteoritlar hujum qilganini kashf etishdi. Oyatda, shuningdek, yerga temir tushirilgani haqida aytilmoqda. Bundan temir avvaliga yer materiali bo’lmagani, balki yerning uzoq chekkasidan yuborilgani haqida xulosa qilish mumkin.

3. Osmon himoyasi.

Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: “Osmonni saqlab turuvchi tom qilib qo’ydik. Ular (mushriklar) esa, ularning alomatlaridan yuz o’giruvchilardir” ( “Anbiyo” surasi, 32-oyat)

Osmon yer himoyasida asosiy rol o’ynaydi. U yerni zararli quyosh nurlaridan asraydi. Agar samo bo’lmaganda edi, quyosh radiatsiyasi yerdagi barcha narsani nobud qilgan bo’lar edi. U xuddi yerni o’rab turuvchi himoya ko’rpasi yoki choyshab vazifasini o’taydi. Chunki osmon chegarasidagi quyosh harorati 270 gradus Sel’sini tashkil etadi. Agar bu harorat yergacha yetib kelganida, hamma narsa bir onda muzlab qolgan bo’lardi. Bu osmonning ko’plab vazifalaridan biri xalos.

4. Tog’lar.

Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi: “Biz Yerni to’shak qilib qo’ymadikmi?! Tog’larni esa (Erni tutib turuvchi) qilib qo’ymadikmi?!” (“Naba’” surasi 6-7 oyatlar).

Qoziqlar – bu tog’lar tuzilishining aniq tasviridir. Geofizik Frenk Press “Yer” nomli kitobida aytishicha, tog’lar xuddi qoziqlar singari yerga qoqib qo’yilgan. Masalan, balandligi 9 km bo’lgan Everest yer osti bo’ylab 125 km ga cho’zilgan. Tog’larning ushbu xususiyati faqatgina 20 asrda yer qatlamlari tektonikasi nazariyasi orqali ma’lum bo’ldi.

5. Koinotning kengayishi.

Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi: “Osmonni Biz “qo’llar” bilan barpo etdik. Darhaqiqat, Biz qudratlidirmiz” (“Zoriyot” surasi 47-oyat).

Koinotning kengayishi haqidagi fakt faqatgina oxirgi yuz yillikda kashf etildi. Stiven Xoking “Vaqtning qisqa tarixi” nomli kitobida shunday yozadi: “Koinotning kengayishi to’g’risidagi ixtiro 20 asrning eng buyuk intelektual kashfiyotlaridan biri bo’ldi”.

6. Quyosh orbitasi.

Qur’oni karimda Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “U kecha va kunduzni, Quyosh va Oyni yaratgan zotdir. (Bu ikkisining) har biri falakda suzib yurar” (“Anbiyo” surasi 33-oyat).

Quyoshning harakatlanmasligi va planetalarning uning atrofida aylanishi haqidagi gipotezani XVI asrda Nikolay Kopernik taklif etgan edi. Ushbu gipoteza olimlar tomonidan XX asrgacha qo’llab-quvvatlangan. Bu gipotezani ma’qullaganlar Qur’on oyatini noto’g’ri deb hisoblashar edi. Biroq so’nggi yuz yillik izlanishlar ko’plab yangiliklarni kashf etdi, shu bilan birga quyoshning orbita bo’ylab aylanishini ham. Shunday qilib, Qur’oni karimda aytilgan haqiqat o’z isbotini topdi.

7. Okean.

Alloh taolo imonsizlikni dengiz to’lqiniga qiyos etgan: “Yoki (kofirlarning qilgan amallari) qavatma-qavat to’lqin va uning ustida (qora) bulut qoplab olgan sermavj dengizdagi zulmatlarga o’xshaydi. (Ular) ustma-ust zulmatlardir: qo’lini chiqarib (qarasa) uni ko’ra olmas. Kimgaki Alloh nur (imon) bermasa, bas, uning (uchun) hech qanday nur yo’qdir” (“Nur” surasi 40-oyat).

Olimlar to’lqin faqat okean yuzasidagina paydo bo’ladi, deb hisoblashardi. Biroq, okeanologlar okeanning yuza qismidan pastda ichki to’lqinlar bo’lishini ham kashf etishdi. Bu to’lqinlar inson ko’ziga ko’rinmaydi va ularni faqat maxsus asboblar yordamida aniqlash mumkin. Qur’oni karimda okean ostidagi to’lqinlar bilan qoplangan zulmat haqida, so’ng yana to’lqin va uning ostidagi bulutlar haqida so’z boradi. Bu oyat nafaqat yaqindagina kashf etilgan ichki to’lqinlar haqida, balki zulmat qa’ri haqida xabar beradi. Inson suv ostiga zarur asboblarsiz 70 m gacha tushishi mumkin va u yerda hali yorug’lik ko’rinib turadi. Ammo 1000 m chuqurlikka tushgach u yer faqat zulmatdan iborat ekanini bilishimiz mumkin.

8. Yolg’on va xatti-harakat.

Qur’oni karimda Alloh taolo marhamat qiladi: “Yo’q! Qasamki, agar u (bu yo’lidan) qaytmasa, albatta, Biz uning peshona sochidan tutamiz. O’sha yolg’onchi, adashgan (kimsaning) peshonasidan (tutib jahannamga olurmiz)” (“Alaq” surasi 15-16 oyatlar).

Ushbu oyat ko’pxudolik tarafdori bo’lgan va musulmonlarning islomga e’tiqod qilishlariga monelik qilgan Abu Jahlga nisbatan nozil qilingan. E’tiborli tomoni shundaki, oyatda Abu Jahl yolg’onchi deyilmagan, balki peshonasi eslatib o’tilgan. Olimlar yolg’on uchun insonning aynan peshonadagi prefrontal po’stloq qismi javob berishini kashf etishdi. Shuningdek, peshona qismi ongli xatti-harakatlar uchun javobgar ekan. Yolg’on ham, ongli xatti-harakat ham (“agar u bu yo’ldan qaytmasa”) miyaning peshona qismi bilan bog’liq bo’lishi eslatib o’tilgan.

9. Og’riq retseptorlari.

Uzoq yillar davomida og’riqni his qilish uchun miya javob beradi, deb hisoblanardi. Ammo keyin og’riq retseptorlari terining ustki qavatida joylashgani aniqlandi. Ularsiz inson og’riqni his qilmaydi. Qur’oni karimda Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Albatta, oyatlarimizni inkor etuvchilarni do’zaxda kuydirgaymiz. Azobni totsinlar deb, terilari kuyib bitishi bilan o’rniga boshqa (yangi) terilarni almashtirib turamiz. Albatta, Alloh qudratli va hikmatlidir” (“Niso” surasi 56-oyat). Ma’lumki, teri kuygandan keyin inson ortiq og’riqni his qila olmaydi. Shu sababdan ham Alloh taolo imon keltirmaganlik uchun jazo sifatida teri yangilanishi va og’riq yana davom etishidan ogohlantiryapti.

 

“Islam-Today” saytidan

Umida Qodirova tayyorladi

 

 

 

1754
22.01.2018