ZIYO RADIOSI
Rasmiy diniy-marifiy Internet manzili
Diqqat, “Ziyo” media markazidan xushxabar! Imom Buxoriy hadislari o’rgatiladi.

Mamlakatimiz Prezidenti Sh.Mirziyoyev o’zlarining ko’plab ma’ruza va chiqishlarida buyuk ajdodlarimiz, butun islom olamida hurmat-la e’tirof etiladigan Imom Buxoriy, Imom Termiziydek ulug’ zotlarning asarlarini o’rganish, ulardagi o’lmas g’oyalardan xalqimizni, yoshlarimizni keng va chuqurroq xabardor etish borasida qator ko’rsatmalar berib kelmoqdalar.

Zero, bu zotlarning asarlari, eng sahih hadis to’plamlari butun musulmon ummati tomonidan Qur’oni karimdan keyingi eng mo’tabar manba deb tan olingan bo’lib, mana, necha asrlardan buyon barchani imon va ma’rifatga chorlab kelmoqda. “Ziyo” media markazining ijodiy jamoasi mana shularni inobatga olgan holda, xalqimizni bu buyuk shaxslarning asarlaridagi hadislar bilan chuqur tanishtirib borish maqsadida yangi loyihani boshlash arafasida turibdi. “Imom Buxoriy saboqlari” deb nomlangan mazkur dasturda hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy bobomizning “Al-adab al-mufrad” ya’ni “Odoblar xazinasi” nomli asarlaridagi hadislar sharhi bilan yurtimizning taniqli ulamolari, muhaddis olimlar yaqindan tanishtirib o’tadilar. Har bir ko’rsatuvda asardagi 1 ta yangi hadis o’rganilib, hadisning umumiy mazmuni, undan olinadigan foydalar sodda va ravon tilda bayon etiladi. Shu bilan birga, talabalarning mavzu yuzasidan fikrlari, hadisdan olgan ibratlari taqdim etiladi. Shu o’rinda ta’kidlash kerakki, ko’rsatuvning birinchi sabog’i “Ota-onaga yaxshilik qilish” mavzusidagi hadisi sharifga bag’ishlangan.

Ko’rsatuv “O’zbekiston” telekanali orqali haftaning har dushanba kuni kechki dasturlarda efirga uzatiladi. Azaldan ilm va ma’rifatga oshno bo’lgan xalqimizni ushbu dasturimizni kuzatib borishga chorlab qolamiz hamda uning har bir yurtdoshimizga manzur bo’lishiga umid qilamiz.     

 

1527
15.01.2018