ZIYO RADIOSI
Rasmiy diniy-marifiy Internet manzili
Makkada muqaddas joylar tasvirlangan buyumlarni sotish ta’qiqlandi

Saudiya Arabistoni Savdo va investitsiya vazirligi Makka shahrida Ka’ba, Maqomi Ibrohim, Masjid ul-Harom tasvirlangan suvenirlarni sotishga qarshi harakatlarni davom ettirmoqda.

Bundan esa ushbu maskanlarning muqaddasligini saqlab qolish maqsad qilingani ta’kidlanmoqda. Arabnews axborot manbasining xabar berishicha, avvalroq bu haqida Makkadagi do’konlar nazoratchilar tomonidan ogohlantirilgan. Shunga qaramasdan, ko’plab korxona egalari vazirlikning bu talabini e’tiborga olishmadi, natijada esa ulardan Makkadagi Haram masjididagi inshootlar tasvirlangan suvenir va antiqa buyumlar musodara qilingan.

Mutaxassislar ham bu borada ikki xil fikrda. Bir guruhi vazirlikning bu qarorini qo’llab-quvvatlab, “Ka’ba va muqaddas masjid tasvirlangan suvenirlarni sotish muqaddas maskanlarni tahqirlashdir”, deb hisoblashmoqda. Shu bilan birga, bu buyumlar nomunosib joylarga tushib qolishi ham ehtimoldan holi emas.

Yana bir guruh mutaxassislar esa, Umra va Haj ibodatlarini amalga oshirish uchun tashrif buyurgan ziyoratchilar butun dunyodagi sayyohlar kabi o’zlariga Makkani eslatib turuvchi turli buyumlarni sotib olishni istashlarini ta’kidlashmoqda.

 

Xurshida Abdullayeva tayyorladi

 

 

 

539
14.01.2018