ZIYO RADIOSI
Rasmiy diniy-marifiy Internet manzili
Qur’onni to’g’ri o’qish

Zayd ibn Sobitdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: "Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): "Alloh taolo Qur’onning O’zi nozil qilganidek o’qilishini yaxshi ko’radi", dedilar" (Ibn Huzayma rivoyati).

Alloh taolo bunday marhamat qiladi: "... va Qur’onni tartil bilan o’qing'" (Muzzammil, 4)

Hazrati Ali (roziyallohu anhu): "Tartil harflarni joyidan chiqarish va to’xtash o’rinlarini bilishdir", deganlar.

"Fatavoyi Qozixon"da arab harflarini yaxshi talaffuz qilolmaydigan kishi uni to’g’rilashi shart, bu ishda u uzrli bo’lishi mumkin emas, deyilgan. Demak, Qur’on harflarini yaxshi talaffuz qilolmaydiganlar uni tajvid qoidalariga mos o’qishga muttasil harakat qilishlari kerak.

Qur’onni tajvid qoidalariga muvofiq o’qish farzdir. Qur’on harflarini noto’g’ri talaffuz qilish oyat ma’nosini o’zgartirib yuboradi. Masalan, "Masad" surasidagi «hatob»ni «hatab» deb o’qilsa, ma’no o’zgaradi.

"Nasr" surasidagi "nasrulloh" kalimasi Allohning yordami ma’nosida. Agar undagi "sod" harfini "sin" qilib o’qilsa, burgut ma’nosini bildiradi. Yoki "xoliqun" yaratuvchi ma’nosida, uni biz "holiqun", deb o’qisak, so’zning ma’nosi sartarosh degani bo’ladi. Bunday xatolar sabab o’qilgan oyat ma’nosi o’zgarsa, namoz buzilishi yoki toat-ibodatlar nuqsonli bo’lib qolishi mumkin.

Shuningdek, Qur’on shifo, uni o’qigan insonning qalbi xotirjam bo’ladi. Hayotda uchraydigan qiyinchiliklarni yengib o’tishi oson kechadi. Qur’on o’qilgan uydan shayton, jinlar qochadi va Alloh taoloning rahmat va mag’firati yog’iladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Qur’oni karimni o’qigan inson uchun har bir harfiga o’ntadan savob borligini aytganlar.

Oyatlarni to’g’ri, tajvid bilan o’qigan bandani Qur’on qiyomatda shafoat qiladi. Hadisda aytilganidek, bandalarning amallariga o’ndan yetti yuz baravargacha ajr-savob beriladi. Demak. Qur’oni karimni qanchalik to’g’ri va chiroyli o’qisak, shuncha ko’p savobga erishamiz.

 

Zafar Ahmad Tahonaviy ning "I’laus Sunan" kitobi asosida

Ulug’bek MIRSODIQOV tayyorladi.

“Hidoyat” jurnalidan

 

 

1409
11.01.2018