ZIYO RADIOSI
Rasmiy diniy-marifiy Internet manzili
“Hayot kushandasi” ko’rsatuvi

Alloh taolo insonni aziz va mukarram etib yaratgan, shahnini, hayotini barcha narsadan yuqori qo’yib, bularga zarar yetkazuvchi jami vositalardan qaytargan. 

Shu bois, hazrati inson uni muhofaza etishi, nafsining turli qutqulariga aldanib qolmasligi muhimdir. Bugun butun dunyoning, butun insoniyatning og’riqli nuqtasiga aylangan giyohvandlik balosi Yaratganning mana shu ko’rsatmasiga ayni zid bo’lgan illatdir. “Ziyo media markazi” ijodkorlari tomonidan tayyorlangan “Hayot kushandasi” deb nomlangan navbatdagi ko’rsatuv mana shu mavzuga bag’ishlangan. Ushbu ko’rsatuv 1-dekabr juma kuni soat 20:00 da “O’zbekiston” telekanali orqali efirga uzatiladi.

Unda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla Turmatov, Toshkent islom universiteti katta o’qituvchisi Abdulatif Alloqulov, “Dolzarb mavzu” ruknida esa Toshkent shahar “Hazrati Umar” jome masjidi imom-xatibi Husanboy Shermatovlar ishtirok etadilar. Shu bilan birga Toshkent islom universitetining faol talabalari giyohvandlik balosining zararlari, oqibatlari, muborak dinimiz va ajdodlarimiz merosida bu xususda kelgan ko’rsatmalar hamda yoshlarni uning changalidan asrash borasidagi fikr va mulohazalari bilan qatnashadilar.

Bugun yurtimizda yoshlarning har tomonlama kamol topishlari uchun keng ko’lamdagi ishlar amalga oshirilayotgan, ularga butun bir millatning kelajagi, mamlakatning taqdiri sifatida qaralib, qator imkoniyatlar yaratib berilayotgan davrda, bu oliy maqsadlarga zararli illatlar, giyohvandlik singari balolar to’sqinlik qilmasligi uchun kurashish har birimizning vazifamizdir. Demak, ana shu vazifalarimizni bir qadar yodimizga soluvchi “Hayot kushandasi” nomli ko’rsatuvni e’tiboringizga havola etamiz!

 

 

835
01.12.2017