ZIYO RADIOSI
Rasmiy diniy-marifiy Internet manzili
Alkogolning yana bir zarari aniqlandi

Mo’min kishi xamr, ya’ni tanovul qilganda aqliga ta’sir etadigan, uning fahmini to’sadigan, aniqrog’i mast qiluvchi narsani iste’mol qilishi ta’qiqlanadi. 

U harom ekaniga dinimiz manbalaridan dalil keltirishimiz mumkin. Payg’ambarimiz (s.a.v.) bir hadislarida: “Har bir mast qiluvchi haromdir”, deyiladi. Ushbu hadisdan alkogolning harom qilinganini bilib olishimiz mumkin. E’tiboringizni yana bir jihatga qaratmoqchimiz. Nabiy (s.a.v.)dan shunday rivoyat qilinadi: “Ko’pi mast qilgan narsaning ozi ham haromdir”. Ushbu hadisda bugungi kunda ko’pchilikni o’ylantirgan, ya’ni, “pivo”ga o’xshagan, ozini ichsa mast qilmaydigan ichimliklarni ichsa bo’laveradimi, kabi masalaga uzil-kesil javob berilgan – ular ham harom hisoblanadi, ichish ta’qiqlanadi.

Aslida, islom dinida hech narsa bejiz halol yoki harom deyilmagan. Shuningdek, alkogollarning ham insonlarga zararli jihati bo’lgani uchun ham harom hisoblanadi. Bu haqiqatni mutaxassislar ko’p marta isbotlashgan, spirtli ichimliklarning inson organizmiga bir qator zararlarini e’lon qilishgan.

Yaqinda amalga oshirilgan tekshiruvlar alkogolning insonga yana bir xatari borligini aniqladi. Islam-today sahifasida kelgan yangilikda Texas universiteti olimlari olib borgan tadqiqot aynan spirtli ichimliklar borasida ekani ta’kidlanadi. Natijalar shuni ko’rsatdiki, alkogol inson miyasiga zarar yetkazib, asab tolalarini o’ldiribgina qolmasdan, yangi tolalar paydo bo’lishiga ham to’sqinlik qilar ekan. 

Eng so’nggi zamonaviy texnologiyalar asosida olib borilgan tekshiruvga ko’ra, spirtli ichimliklar miyaning turli nuqtalarida o’z nazoratini o’rnatadi.  Qayd etilishicha, dinimizda harom qilingan hamr inson miyasining asosiy tomiridagi subventrikulyar qismiga jiddiy ta’sir ko’rsatadi. Bu zona esa insonning butun umri davomida yangi neyronlar ishlab chiqishini ta’minlaydi.

Islom dini bundan o’n besh asr muqaddam qaytargan mast qiluvchi ichimliklar, ming afsuski, bugun ham ne-ne aqli rasolarning ongini egallamoqda, qanchadan qancha oilalarga notinchlik urug’ini ekmoqda. Ana shunday shayton suvi iste’molini ixtiyor etgan ayrim insonlar so’nggi tadqiqotlarning natijasiga e’tibor qaratib, o’z salomatliklarini va tinchliklarini saqlash yo’lini tutsalar, yomon bo’lmas edi.

 

Sharifa G’ANIYEVA tayyorladi

 

 

568
15.11.2017