ZIYO RADIOSI
Rasmiy diniy-marifiy Internet manzili
Siz islom ummati faxrlanadigan olimlar avlodisiz!

Fan, ta’lim va madaniyat masalalari bo’yicha Islom tashkiloti – ISESCO bosh direktori Abdulaziz bin Usmon at-Tuvayjuriyning Toshkent islom universitetida “Islom tsivilizatsiyasini o’rganish ISESCO” kafedrasi ochilishi marosimidagi nutqi

Bismillahir rohmanir rohim.

Qadrli birodarim – Toshkent islom universiteti rektori, doktor Ravshan Vohidovich Abdullaev, Universitetning qadrli ustozlari, Tashqi ishlar vazirligi vakili, aziz talaba yigit va qizlar hamda ushbu tabarruk dargohga yig’ilganlar. Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakatuh.

Toshkent shahrida bo’lishim asnosida ushbu universitetga tashrif buyurish menga sharaf bag’ishlaydi. Toshkentning tarixi boy, asrlar osha ulkan tsivilizatsiyaga ega bo’lgan. Ushbu mamlakatdan yirik olimlar yetishib chiqqan va ular ulkan asarlar yozib qoldirishgan. Bu diyordan Islom olamining yetuk olimlari sanaladigan, shu bilan birga butun insoniyatga taaluqli barcha ilmlarda yetuk bo’lgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Beruniy, Xorazmiy kabi allomalar yetishib chiqqan.

Biz olimlardan islom dini va madaniyatini o’rgandik. Bu ilmlar islom sivilizatsiyasi asosini tashkil etadi. U payt biz bir kichik davlat edik. Samarqand, Buxoro, Toshkent buyuk shaxslar yurti. Ular bor kuchini ilm olish va tarqatishga sarf etganlar. Siz butun islom ummati faxrlanadigan buyuk olimlar avlodisiz. Ular foydali va manfaatli bo’lgan ilmni ixlos bilan tarqatishdi. Payg’ambarimizdan (s.a.v.) rivoyat qilinadi: “Inson vafot etsa undan barcha narsa to’xtab qoladi. Faqatgina 3 narsa davom etadi: sadaqai joriya, foydasi tegadigan ilm va solih farzand”.

Biz aytib o’tayotgan olimlar shu 3 narsani ham meros qoldirishdi. 3 narsaning biri, ya’ni solih farzand sizsizlar. Siz shu islom hazorasining o’ziga xosligi bo’lgan bag’rikenglik, ezgulik, yaxshilik g’oyalarini mamlakatingizda tarqatasizlar va saxiylik, omonatga xiyonat qilmaslik kabi xislatlarni kelajak avlodlarga o’rgatasizlar.

Islom ba’zi ekstremistlar aytganidek taassub, terrorizm dini emas, balki u rahmat va mo’’tadillik dinidir. Ekstremistlar o’zini musulmon deb atashiga qaramasdan islom haqiqatini tushunishmaydi va islomni dushmanlari hisoblanishadi. Islom rahmat dinidir, zero, Alloh Rasululloh (s.a.v.) olamlarga rahmat qilib yubordi. “Biz sizni olamlarga rahmat qilib yubordik”. Islom ekstremizm, terrorizm, adovat emas balki rahmat, ezgulik, yaxshilik va insonlarni hamkorlikka chaqirish demakdir.

Islom insonga barcha yaxshiliklarni buguni va kelajagi uchun olib keladigan dindir. Bu din insonlar bir-birini tushunib yashashi, tinchlik va omonlikni targ’ib qiladi. Bashariyatni xurofot, bid’atlardan qutqaradi. Inson uchun nimaiki yaxshilik bo’lsa shunga chaqiradi. Chunki Alloh mana shunga buyuradi.

Agar biz insoniyatga yomonlik qilsak, dinimizga yomonlik qilgan bo’lamiz. Islom dini hidoyat, nur, ziyo dinidir. Shuning uchun ham ekstremizm mutlaq bizning dinimizga to’gri kelmaydi.

Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) o’z hayotlari bilan komil inson namunasi bo’lganlar. U zot (sallallohu alayhi vasallam) zulm qiluvchi va yomonlik keltiruvchi bo’lmaganlar. U zot (sallallohu alayhi vasallam) faqatgina yaxshilikni tarqatuvchi bo’lganlar.  SHuning uchun ham Alloh taolo Qur’onda uni maqtagan:

وَإِنَّكَ لَعَلَىٰ خُلُقٍ عَظِيمٍ

“Albatta Siz buyuk xulq sohibisiz” (Qalam surasi, 4-oyat)

Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) esa ushbu xulqning namunasi bo’lganlar. Biz ham shunday xulqqa munosib bo’lishimiz kerak.

لَّقَدْ كَانَ لَكُمْ فِى رَسُولِ ٱللَّهِ أُسْوَةٌ حَسَنَةٌ لِّمَن كَانَ يَرْجُو ٱللَّهَ وَٱلْيَوْمَ ٱلآخِرَ وَذَكَرَ ٱللَّهَ كَثِيراً

“Sizlar uchun Rasulullohda chiroyli namuna bor” (Ahzob surasi, 21-oyat)

Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam)ning siyratlariga ergashish, buyurganlariga itoat etib, qaytargan narsalaridan qaytish hamda musulmonlarning eng yaxshisi bo’lishimiz bizdan talab qilinadi.  Shunday ekan, Payg’ambar (sallallohu alayhi vasallam)ni o’zimizga namuna qilib olishimiz lozim bo’ladi.

Biz bugun ochgan “Islom tsivilizatsiyasini o’rganish ISESCO” kafedrasi aynan mazkur maqsadlar, jumladan islom tsivilizatsiyasini o’rnini ochib berishga yo’naltirilgan. Shuningek, biz yuqorida aytib o’tgan olimlarning merosini targ’ib qilish kafedramizning asosiy maqsadlaridan biridir. Ushbu olimlar hadis, tafsir, falsafa, tib ilmlarida ulkan iz qoldirganlar. Ularning hammasi ilmda katta meros qoldirib, islom ma’rifatini butun dunyoga, xossatan G’arbga ham yoydilar. Bugungi G’arb madaniyati ularning merosi asosida bunyod bo’lgan. G’arbdagi bir qator sharqshunos olimlar islom madaniyatini G’arb madaniyatiga katta ta’sir ko’rsatganini e’tirof etadi. Barcha madaniyatlarning asli sanalgan G’arb uyg’onish davri islom ulamolari ta’sirida bo’lgan. Bunday olimlarning eng ulug’lari ham ushbu diyordan yetishib chiqqanlar. Xususan, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Toshkent va O’zbekistonning boshqa shaharlaridan yetishib chiqqanlarini alohida aytib o’tish lozim.

Shuningdek, kafedra turli tsivilizatsiyalar o’rtasida muloqotlar madaniyatiga harakat qiladi. Biz muloqot qiladigan ummatmiz. Bizda na haddan oshish va na pastga sho’ng’ish bo’lmaydi. Biz bag’rikeng ummatmiz.

لاَّ يَنْهَاكُمُ ٱللَّهُ عَنِ ٱلَّذِينَ لَمْ يُقَاتِلُوكُمْ فِى ٱلدِّينِ وَلَمْ يُخْرِجُوكُمْ مِّن دِيَارِكُمْ أَن تَبَرُّوهُمْ وَتُقْسِطُوۤاْ إِلَيْهِمْ إِنَّ ٱللَّهَ يُحِبُّ ٱلْمُقْسِطِينَ

“Alloh sizlarni sizlar bilan din borasida urushmagan va sizlarni o’z yurtlaringizdan quvib chiqarmaganlarga yaxshilik qilishingiz va ularga adolat qilishingizdan qaytarmas”. (Mumtahana surasi, 8-oyat)

Islom ummati insoniyatning barchasi bilan kelishib yashaydi. Biz boshqa xalqlarning ichki ishlariga aralashmaymiz. Alloh taolo aytadi:

لَكُمْ دِينُكُمْ وَلِىَ دِينِ

“Sizlarga o’zlaringizning diningiz va menga o’zimning dinim”. (Kafirun surasi, 6-oyat)

Ular o’zlariga nimani ravo ko’rsalar shunday munosabat bildiramiz va ularga nisbatan haddan oshmaymiz:

وَقَاتِلُواْ فِى سَبِيلِ ٱللَّهِ ٱلَّذِينَ يُقَاتِلُونَكُمْ وَلاَ تَعْتَدُوۤاْ إِنَّ ٱللَّهَ لاَ يُحِبُّ ٱلْمُعْتَدِينَ

“Sizlar bilan urushayotganlar bilan Alloh yo`lida urushingiz va haddan oshmang. Alloh haddan oshuvchilarni aslo yaxshi ko’rmas”. (Baqara surasi, 190-oyat)

Islom tinchlik dini va musulmon ummati ham tinchlikparvar ummatdir. Ba’zi mutaassiblar islom dinini urush va majburlash dini deb hisoblashadi. Bu to’g’ri emas. Urushish haqida Alloh taolo aytadi:

كُتِبَ عَلَيْكُمُ ٱلْقِتَالُ وَهُوَ كُرْهٌ لَّكُمْ

“Sizlarga urush yozildi vaholanki u sizlarga yoqmas”. (Baqara surasi, 216-oyati)

Chunki, musulmonlar (o’z davrida) Arabiston yarim orolidagi qurayshlik va turli qabilalar tomonidan nishonga olinib, hujumlarga uchragan edi. Bu holatda ular o’z jonlari va ahli oilalarini himoya qilishlari uchun urush amalga oshirilgan edi. Bu ishlar dushmanchilikni to’xtatish uchun bo’lgan edi.

Islomning asosiy g’oyasi tinchlik, u shunga da’vat qiladi. Urushlar esa, ba’zi bir holatlarda bo’lgan xolos. O’zgalar bilan urushib bo’lmaydi, faqat tajovuz bo’lgandagina ruxsat etiladi. Lekin, odatiy hayotda, boshqalar bilan muomala qilganimizda biz musulmonlar faqat tinchlik tarafdori bo’lamiz. Chunki, islom dini g’uluvga ketish dini emas. Men aytganimdek, islom dini rahmat, tinchlik, mag’firat va mo’’tadillik dinidir. Bunda na g’uluvga ketish va na bid’atlar bor. G’uluvga ketish va mutaassiblik islomdan emas.

وَكَذٰلِكَ جَعَلْنَاكُمْ أُمَّةً وَسَطاً لِّتَكُونُواْ شُهَدَآءَ عَلَى ٱلنَّاسِ وَيَكُونَ ٱلرَّسُولُ عَلَيْكُمْ شَهِيداً

“Biz sizlarni shuningdek o’rta ummat qildik. Toki sizlar barcha odamlarga guvoh bo’lishlaringiz uchun”. (“Baqara surasi, 143-oyat)

Biz orqali boshqa insonlarga (qiyomatda) ularning dinlari borasida hukm chiqariladi.

Agar Zamaxshariydek alloma haqida gapiradigan bo’lsak biz unga alohida e’tibor qaratishimizni ta’kidlab o’tmoqchiman. Chunki biz tilimizni Zamaxshariydan o’rgandik. Axfash, Kisoiylardan ham arab tilini o’rgandik. Biz ular bilan faxrlanishimiz kerak. Ularga o’xshash bo’lishga intilamiz. Qur’oni karim va hadislarni to’g’ri talqin qilish, to’g’ri anglash va boshqalarga yetkazishda ularga o’xshashga intilishimiz darkor.

Imom Buxoriy hadislar sanadini sahih bo’lishi uchun turli yurtlarni kezib chiqdi. U sanadida noqislik va har qanday illat bo’lgan hadislarni qabul qilmadi. Shu sabab u zot rivoyat qilgan hadislarning roviylar silsilasi uzluksiz va sahih edi. Shundan kelib chiqib, uning kitobini “al-Jome’ as-sahih” (“Ishonchli to’plam”) deb nomlashdi. U Allohning Kitobidan keyingi o’rinda turadigan eng ishonchli kitob sanaladi.

Men sizlarga, universitet rahbariyati, Tashqi ishlar vazirligi vakillari, universitet ustozlari, “ISESCO” kafedrasi jamoasi va mudiri, universitet jamoasi va talabariga Allohning izni bilan omad va muvaffaqqiyatlar tilab qolaman.

Mamlakatingizga rivojlanish va taraqqiyot, xalqingizga esa yaxshilik tarqatuvchi xalq bo’lishini, butun dunyoga tinchlik, omonlik so’rayman.

Sizlar, bu yerda ishtirok etayotgan yigit va qizlar, O’zbekistonning kelajagisizlar. Davlatingizni yorqin kelajagi bo’lishga intilinglar. Alloh sizlarni yaxshiliklarga muvaffaq aylasin.

Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuhu.

 

 

 

 

177
11.11.2017