ZIYO RADIOSI
Rasmiy diniy-marifiy Internet manzili
Hayot mohiyati

Har bir yuzaga kelgan yaxshi-yomonlikni tekshirib qarasang, turmush uchun xayriyatlidir.

ZAHIRIDDIN MUHAMMAD BOBUR

 

Biz haqiqatni hayotdan oldik. Hammadan ilgari shaxs o’zini tanisin, so’ngra boshqani!

ABDULLA QODIRIY

 

Hayot bo’lmasa, boshqa biror narsa ham bo’lmaydi.

FITRAT

 

Bu dunyoda seni ikki yo’l kutadi, bu ikki yo’ldan senga qaysi biri nasib etishi noma’lum.

YUSUF XOS HOJIB

 

Davlat kelib yana ketmaganda edi, yorug’ kunlar qorong’ulashmagan bo’lardi.

YUSUF XOS HOJIB

 

Hayot, taraqqiyot birgina iqtisodiy muammolardan iborat emas – odamzod qorni to’q, usti but bo’libgina mukammal baxtga erisha olmaydi. Inson uchun ruhiyat, ma’naviyat masalalari ham muhim.

OZOD SHARAFIDDINOV

 

Inson bolasi oyoqqa turib nimagaki birinchi marta duch kelsa va bu uning hayotida hal qiluvchi biron hodisaning debochasi bo’lsa umr bo’yi yoddan chiqmaydi.

SAID AHMAD

 

O’zing mangu emassan, oting mangudir, oting mangu bo’ldimi, o’zing mangudirsan.

YUSUF XOS HOJIB

 

Bizga bu falak gohi vafo, gohi sitam,

Goh shodlig-u, goh farog’at-u, gohi alam.

Hech dil g’amu shodlikdan emasdir xoli,

Dunyoni (ng) g’amu shodligi birga har dam.

UBAYDIY

Sanga bu olam g’animatdur,

Barcha ashyosi ne’matdur.

IS`HOQXON IBRAT

 

Tog’ faqat cho’qqilardan iborat emas.

OZOD SHAROFIDDINOV

 

Ey, elig, bu dunyo bir ekinzor kabidir, unga odam nimani eksa, o’shani o’radi.

YUSUF XOS HOJIB

 

Afsus, bebaho umr ravon o’tgusidir,

Bu bebaho umr kabi jahon o’tgusidir.

Etmak uchun lomakonga parvoz aylab,

Jon qushi jahonda begumon o’tgusidir.

UBAYDIY

 

Hayot birovga uzoq yo’lni yaqin qilsa, birovga yaqin yo’lni uzoq qiladi.

SAID AHMAD

 

Har qanday inson hayoti davomida turfa xil o’zgarishlarni boshidan kechirsa ham, bir quvonchlarga to’lib, bir baxtsizlik ichida yashasa ham, zohiran qaraganda, bir terining ichida necha marta ozib-semirsa ham, aslida uning tabiati dunyodagi eng kam o’zgaradigan narsadir.

OZOD SHAROFIDDINOV

Sening oldingda paydodur iki yo’l,

Biri o’ng qo’l sari borg’oy, biri so’l.

Kishi bilmas qiyomat dashtida oh,

Ketar banda iki yo’ldin qayu roh.

SO’FI OLLOYoR

 

Oldingda uzoq yo’lli safar turibdi, tadbirli kishilar bu yo’lga ozuqni ko’p va yetarli hozirlaydilar.

YUSUF XOS HOJIB

 

Bu dunyo bir rabotdir, sen esa karvon hisobi. Karvon rabotda qancha turardi, o’ylab ko’r!

YUSUF XOS HOJIB

 

Haqiqatan ham, naqadar chuqur va behisob sirli, naqadar qudratli, saxiy va ziddiyatli xilqat ekan bu olam!

VOHID ZOHIDOV

 

Dunyo tinchimasa, odam tinchimas ekan.

Odam tinchimasa, dunyo tinchimas ekan.

 SAID AHMAD

 

Inson bosib o’tgan yillar va yo’llar nima? Umring davomida senga ro’baro’ kelgan, hayotingda iz qoldirgan odamlar – do’stlar, qarindoshlar, ustozlar, safdoshlar.

OZOD SHAROFIDDINOV

 

Axir qarang-a, bu olamning ham yorqin quyoshi bor, ham qorong’i tuni. Unda ham ajib, hamisha moviy charog’on, ham bulutli, bo’ronli osmon bor. U g’oyat go’zal va yoqimli, ham tikanli va jafoli. Ham mehrli va ko’rkam, ham g’addor va ko’rimsiz. Ham shodlik va qahqaha bor unda, ham alamu anduh. Ham hayotbaxsh bahori bor uning, ham qahshatqich qishi. Odamlarida ham ajoyib insof, aql va adolat bor, ham qabohatu razolat ularning ma’lum qismiga yo’ldosh.

VOHID ZOHIDOV

 

Hayot kishining diydasini qattiq qiladi. Lekin tabiatning hikmati shundan iboratki, u inson bolasini har qanday quvonchga ham, iztirobga ham tayyor holda ro’baro’ qilishga oshiqadi.

ABDULLA ORIPOV

 

Bu dunyo foyda oladigan bir yer-savdo saroyidir. Bu yerda nimaiki topsang, kelajagingga mo’ljallab olib qo’ygin.

YUSUF XOS HOJIB

 

Biz hayotni har qancha maqtab ulug’lamaylik, uning jozibador tomonlarini aytib alqamaylik, uning o’ta shafqatsiz tomonlari, dosh berish qiyin bo’lgan sinovlari ham bor.

OZOD SHAROFIDDINOV

 

Har bir tirik kimsa vaqti kelib vafot etadi,  bas shunday ekan eng yaxshi savob va solih ishlarni qilish o’layotgan kishi uchun o’ta savobdir.

MAHMUD ZAMAXSHARIY

 

Ko’rdimki, umr va dunyodan ko’ra tez o’tib ketadigan, o’lim va oxiratdan ko’ra yaqinroq, orzudan ko’ra uzunroq, xotirjamlikdan ko’ra go’zalroq narsa yo’q ekan.

NAJMIDDIN KUBRO

 

Odamning umri avvalida qilgan ishlari umrining oxiridagi ishlariga ham dalolatdir.

MAHMUD ZAMAXSHARIY

 

Men ko’p joylarni kezdim va olam ahvoliga qaradim. Unda hayronlik kaftini iyagiga tirovchidan yoki pushaymonlik barmog’ini tishlab turuvchidan boshqani ko’rmadim.

ABU ALI IBN SINO

 

Ko’rdimki, vaqtini essiz, qaniydi, koshkilar bilan o’tkazgan kishining umri eng qisqa ekan.

NAJMIDDIN KUBRO

 

Garchand uzoq umr ko’rgan bo’lsalar-da, ko’p odamlar g’o’r va tajribasizdir.

MAHMUD ZAMAXSHARIY

 

Jonni amonat, umrni inoyat bil.

MOTURIDIY

 

Kishi taqdirdin bo’lmas chu qochib.

ALISHER NAVOIY

 

Dunyoning yugurikligini, vaqt va zamonni ortga qaytarib bo’lmasligini his etgan odamga turmushning kundalik g’alvalari ham, olamdagi benihoya ulkan hodisalar ham arzimas bo’lib tuyuladi.

ABDULLA ORIPOV

 

O’tgan hayotingni o’z mualliming bil.

MOTURIDIY

 

Agar olam tig’i o’z joyidan qo’zg’alsa, xudo xohlamasa biror tomirni ham qirqolmaydi.

ZAHIRIDDIN MUHAMMAD BOBUR

 

Dunyoga kelib ranju baloni ko’rub o’ttum,

Yuz ranju balo shiddatidin o’rgulub o’ttum.

Dunyoga ko’ngul bersa kishi bo’lg’usi rasvo,

Bu foniy jahon mulkiga shatto urub o’ttum.

MASHRAB

 

Dunyoni bukun davr ila davroni g’animat,

Kelturdi xaloyiqni ki mehmoni g’animat.

UVAYSIY

 

Bu dunyo ibratli ishlar-u, pand-nasihatlarga to’ladur, ayni vaqtda ko’z yoshlariga ham serob.

 MAHMUD ZAMAXSHARIY

 

Ey, dunyo, o’z farzandlaringga avvalida totli (shirin) ko’rinasan, so’ngra achchiqroq tuyulasan, ularga qarashasan – oxirida ulardan kechib, ayrilasan.

MAHMUD ZAMAXSHARIY

 

“Tafakkur durdonalari” kitobidan

 

 

 

205
09.11.2017