ZIYO RADIOSI
Rasmiy diniy-marifiy Internet manzili
Bu har bir musulmon ota-ona uchun zarur

Farzandlar Alloh taoloning O’z bandalariga ato etgan ne’matidir. Shu bilan birga, ular Yaratganning sinovi hamdir. 

Muborak hadislarning birida Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: “Hammangiz cho’ponsiz va har biringiz o’z suruv-podasiga mas’ulsiz. Boshliq bir cho’pon va qo’l ostidagilariga masul. Erkak oila ishlarining cho’poni va ularga masul. Ayol xo’jalikning uyida bir cho’ponidir va farzandlariga mas’ul. Xizmatchi (ishchi) xo’jayinining (ish berganning) molini cho’poni va ularga mas’ul. Hammangiz cho’ponsiz va har biringiz (o’z) suruvingizdan mas’uldirsiz”. Shunga ko’ra, farzand voyaga yetqazayotgan yoki bunga tayyorgarlik ko’rayotgan har bir kishi borki, uning oldida bir savol ko’ndalang turadi: “Allohni rozi qilish uchun farzandni qanday tarbiyalash kerak? Ularni baxtli qilish va ularda eng yaxshi sifatlarni kamol toptirish uchun nimalar qilish kerak?” Demak, ushbu maqolamizda bu borada bir qancha maslahatlarni tavsiya etamiz.

  1. O’zingizni tarbiyalang. Avvalambor, o’zingizda yaxshi sifatlarni kamolga yetkazing. Farzandingizga qancha odob-axloq o’rgatib, aqlu idrokli bo’lishga undamang, ular sizdan namuna olishadi. Ularga dinni o’rgating, yoshlikdan boshlab islom muhitida voyaga yetsinlar va diniy bilimni oila bag’ridayoq o’zlashtirsinlar. Bolalaringizni islomning go’zalligini ko’rishga o’rgatishingiz, asl mohiyatidan xabardor qilishingiz juda muhimdir.

  2. Turmush o’rtog’ingizni seving. Bir-biringiz bilan o’zaro uyg’un va iliq munosabat o’rnatishga harakat qiling. Ota-onalarning munosabatlari farzandlar uchun juda ahamiyatlidir, shundan kelib chiqib ularda oldindagi oilaviy hayot to’g’risida tushuncha shakllanadi va ularning bo’lajak munosabatlari ham yoshlikda o’sgan va ko’rgan muhiti misolida o’rnatiladi. Onalar turmush o’rtoqlarining yaxshi fazilatlarini maqtashlari va rag’batlantirishlari lozim, o’g’il bolalar hamisha ana shu xislatlarga intilishlari uchun er kishilarda bo’lishi lozim bo’lgan xususiyatlar haqida gapirishlari, ularni yaxshi tomonlarini ta’riflashlari kerak. Agar oilada qiz farzand voyaga yetayotgan bo’lsa, otalar o’z ayoli va qiziga nisbatan mehribon bo’lishi, ularga g’amxo’rlik qilishi lozim.

  3. Bolalarni gadjetlarga o’rgatmang. Zamonaviy texnologiyalar asrida, ko’pchilik ota-onalar o’z bolalarini chalg’itish va ovutish uchun farzandlari ko’p vaqtlarini kompyuter, planshet, telefon va televizor qarshisida o’tqazishlariga yo’l qo’yib berishadi. Bu holat aslo to’g’ri emas. Bundan tashqari, siz farzandingizning sog’lom va mo’tadil bolaligiga putur yetkazasiz, ular o’zlarini to’laqonli namoyish etishlariga to’sqinlik qiluvchi yaramas odatlarga kichikligidanoq o’rgatib qo’yasiz. Farzandingizning biror ko’rsatuv yoki multfilm ko’rishlari uchun ma’lum vaqt miqdorini belgilang, va albatta ularning mazmunini sinchiklab kuzating. Shu bilan birga, ular mashg’ul bo’layotgan bu narsalar milliy va islomiy qadriyatlarimizga zid kelmasligi darkor. Boshqa vaqtlarda esa, ularni turli ahamiyatli mashg’ulotlar bilan band eting.

  4. Farzandlaringizga mehru muhabbat, rahmu shafqat bilan munosabatda bo’ling. Payg’ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bolalarga mehribon bo’lganlar. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda aytiladiki: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o’z huzurlarida Aqra’ ibn Hobis Taymiy o’tirganda Hasan ibn Alini o’pdilar. Shunda Aqra’: “Mening o’nta bolam bor. Ulardan birortasini o’pganim yo’q”, dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga nazar soldilar-da, so’ng: “Rahm qilmaganga rahm qilinmas”, dedilar.

Farzandlar Alloh taolo sizga ishonib topshirgan omonatdir. Biz ota-onalar Rabbimiz bergan mana shu eng qimmatbaho omonatga mehr va muhabbat, daqiq etibor bilan munosabatda bo’lishimiz zarur. Jufti halolingizni seving, bu muhabbatni farzandlaringizga ham ko’chiring, ularni asrang, xatolarini kechiring va mehribon bo’ling!

 

Xurshida Abdullayeva tayyorladi                

 

 

 

 

244
09.11.2017