ZIYO RADIOSI
Rasmiy diniy-marifiy Internet manzili
Oila mustahkamligi ota-onalarga ham bog’liq

Oila muqaddas maskan. Muborak dinimiz qodir bo’lganlarni nikohga targ’ib etadi. 

Uning a’zolarini tinch-totuvlikda, shariat talablariga rioya etgan holda, saodat izlab yashashga undaydi. Alloh taolo nikohni odamlar orasida eng muqaddas robita va halol aloqa deb e’lon qilgan bo’lsa, oilani buzish va taloqni O’zi eng yomon ko’rgan halol deb atagan.

Mo’tabar manbalarda aytilishicha, taloq qilishdan Allohning arshi larzaga keladi. Shu bois ham, Islom jamiyatida taloqqa eng nohush narsa sifatida qaraladi. Uning ortidan oila atalmish saodat maskani barbod bo’ladi, farzandlar yetimga aylanadi. Uning oqibatlarini yana ko’plab davom ettirish mumkin. Yaqinda bir guruh olimlar o’tqazgan tadqiqot natijasi uning yana bir zararli ko’rinishini isbotladi.

AQSHning Virjiniya shtati Universitetining psixologlari, genetika mutaxassislari va sotsiologlari oilaviy munosabatlar va nikohni saqlab qola olmaslik farzandlarga meros bo’lib o’tishini aniqladilar. Tadqiqot natijalariga ko’ra mutaxassislar shunga amin bo’ldilarki, nikohlarini saqlab qola olmagan ota-onalarning farzandlari ham katta ehtimol bilan ajrashib ketadilar. Olimlarning aniqlashicha, ajrashishga bo’lgan genetik moyillik ijtimoiy faktorlar va ota-onaning genetik xususiyatlari bilan izohlanadi.

Shu bilan birga, tadqiqot jiddiy va mustahkam aloqalar xuddi buning aksi singari nafaqat tashqi faktorlarga, balki asosan ota-onalarning va boshqa yaqin qarindoshlarning mustahkam nikohiga ham bog’liq ekanligi haqidagi  genetik va psixiatrlarning farazlarini tasdiqladi.

Shunday ekan, oila deb atalmish muqaddas qo’rg’onni bunyod etganlar uni mustahkamligi uchun kurashishi, arzimagan sabablar nikohini darz kettirishiga yo’l qo’ymasligi lozim. Axir, oldinda farzandlarning kelajagi, taqdiri turibdi.

 

Xurshida Abdullayeva tayyorladi

 

339
18.10.2017