ZIYO RADIOSI
Rasmiy diniy-marifiy Internet manzili
Naqshbandiy pandlari

Allomalarimizning purma’no hikmatlari, bebaho o’gitlari biz avlodlar uchun ulkan hayot maktabidir. Ular yozib qoldirgan ma’noli misralarni mutolaa qilganimizda ongimiz oziqlanadi, qalbimiz huzurlanadi. 

Hayotga bo’lgan muhabbatimiz ortadi, shijoat va g’ayratimiz oshadi.

Xoja Bahouddin Naqshbandning o’gitlari ana shunday mag’zi to’la, mazmunan boy ibratli pandlardan iboratdir. Manbalarda kelishicha, Naqshband butun umr ilm istab, ilm o’rganish, jaholatdan uzoq turishni nasihat qilgan ekanlar. Ayniqsa, Payg’ambar (s.a.v.)ning “Qayerda bo’lmang, ilm talabidan uzoqlashmanglar va agar obu otash ichra g’arq bo’lsangiz ham, g’avvos bo’lib kechib o’tinglar va ilm o’rganinglar”, degan mazmundagi hadislarini shogirdlariga juda ko’p takrorlagan ekanlar.

Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan Buxoroda Naqshband hazratlarining qadamjolari obod etildi.

Alloma ajdodimizning pandlaridan keltiramiz. Ushbu  o’gitlarni diqqat bilan o’qiganingizda, naqadar mazmunga boy ekanini anglaysiz. 

 

Shamga o’xshagin, toki hammaga ravshanlik bag’ishla, o’zing esa qorong’ida bo’l… Hoyu havas va nafs ahllari tutgan ishlar asosining barchasi zalolat (adashuv)dan iboratdir…

 

Qalblarning buyukligi aslida bir. Lekin ulardagi ma’rifatning buyukligi farqli…

 

Orifning qalbidek keng va katta bo’lgan boshqa narsa yo’qdir. Yer va osmonlar Orifning qalbiga nisbatan bir nuqta kabidir.

 

“Dast ba koru dil ba Yor, tan dar bozoru dil ba Yor” – qo’ling ishda, ko’ngil Allohda bo’lsin, tan bozorda bo’lsa ham ko’ngil Yorda bo’lsin”.

 

Bizning yo’limiz suhbatdir. Xilvatda shuhrat, shuhratda esa ofat bordir. Xayr jamoat bilandir.

 

Jam’iyatda xayriyat bo’ladi, jam’iyat esa suhbatda bo’ladi. Agar bu yo’l toliblaridan bir guruhi bir-birovlari bilan hamsuhbat bo’lsalar, bu suhbatda xayru baraka ko’p bo’ladi.

 

Ishlarda niyatni to’g’ri qilish eng muhim narsadir

 

Umid borki, bu ishga doimo amal qilinsa, oxiri haqiqiy iymon bilan yakunlanadi…

 

Adab bu – xulqni chiroyli qilish, so’zni va fe’lni soz qilishdir.

 

Ilm yo’lida agar meni bosib o’tish lozim bo’lsa-yu bu ishni qilmasangiz, sizdan rozi emasman.

 

Ilm bahriga kirmay, sohilda qolgan inson,

Dengiz ichi — farog’at, sohil — baxtsizlik, inon.

Dengizning mavjlariga mahliyo bo’lma mutloq,

Bir nafas g’ofil bo’lmay, dengizdan olgin bahron.

 

“Elning yukini yengillashtiring, elga yuk bo’lmang”.

 

Sharifa G’aniyeva

 

 

 

163
11.10.2017