ZIYO RADIOSI
Rasmiy diniy-marifiy Internet manzili
Ka’bani yuvish marosimi o’tkazildi

Har yili Haj mavsumidan so’ng Makkada yana bir muhim marosim o’tkaziladi. Bu Ka’bani tozalash an’anasidir. 

Islam-today.ru saytining xabar berishicha, bu yil ham odatga muvofiq ushbu an’ana o’tqazildi. Aytilishcha, unda Makka shahri amiri shahzoda Xolid al-Faysal ishtirok etdi. Marosimni amalga oshirish uchun muqaddas qadamjoning eshiklari ochilgan. Shahzoda Xolid, ikki muqaddas masjid ishlari bo’yicha prezident shayx Abdurrahmon as-Sudays va yana bir qator yuqori martabali amaldorlar Ka’bani ichini tozalash baxtiga muyassar bo’ldilar. Odatga ko’ra, Ka’ba Toifda maxsus yetishtiriladigan atirgullardan olingan gul suvi hamda o’simlik xushbo’ylari qo’shib tayyorlangan zam-zam suvi bilan yuvildi. Ushbu marosimdan so’ng, unda ishtirok etganlar birgalikda ibodat qildilar.

Aytish joizki, ushbu marosim Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga muvofiq har yili o’tqaziladi. Avvallari an’anaga ko’ra, Ka’ba yilda ikki marta – muharram va sha’bon oylarida tozalanar edi. Endi esa Saudiya hukumatining ziyoratchilarning xavfsizligini ta’minlash bilan bog’liq qaroriga muvofiq bu marosim yilda bir marta amalga oshirilmoqda.

 

Xurshida Abdullayeva tayyorladi

 

 

1225
05.10.2017